| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Madaniyat2 daqiqada oʻqiladi3 036 marta oʻqildi

Samarqandda «Samarkand Half Marathon» xayriya marafoni boʻlib oʻtdi

Mazkur tadbirda 20 ga yaqin mamlakat va respublikamiz viloyatlari va Toshkent shahridan 3 000ga yaqin marafonchilar ishtirok etdi.

Samarqandda «Samarkand Half Marathon» xayriya marafoni boʻlib oʻtdi

Mazkur tadbirda 20 ga yaqin mamlakat va respublikamiz viloyatlari va Toshkent shahridan 3 000ga yaqin marafonchilar ishtirok etdi.

Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida oʻtkazilgan marafonda ishtirokchilar Samarqanddagi 18 tarixiy obida bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Shuningdek, 3 kun davom etgan tadbirda tasviriy sanʼat asarlarining taktil (qoʻl bilan ushlab his qilish mumkin boʻlgan) koʻrgazmasi, “Beat films” kinofestivali va koʻzi ojiz insonlar uchun tiflosharhlash (koʻzi ojizlar uchun maʼlumotni qabul qilish imkonini beruvchi usul) yordamida spektal sahnalashtirildi.

Marafonning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov soʻzga chiqib, quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Sir emas, bugungi kunda jahon hamjamiyati aholining barcha qatlamini sogʻlom turmush tarziga faol jalb qilishni oʻzining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab olgan. Bu bejiz emas, negaki har jihatdan sogʻlom inson – uzoq va mazmunli umr kechiradi.

Aholini sogʻlom turmush tarziga faol jalb etishning eng ommalashgan usullaridan biri – bu qisqa va uzoq masofalarga ommaviy yugurish musobaqalari boʻlib, bunda ishtirokchilarni yoshi chegaralanmaydi.

Inklyuziya – bu butun dunyoda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya boʻlib, unga asosan, salomatligidan qatʼi nazar, har bir shaxsga jamiyatdagi moddiy va maʼnaviy boyliklardan bahramand boʻlish va oʻzini namoyon etish imkoniyati berilishi lozim. «Samarkand Half Marathon» loyihasining bosh maqsadi ham shu aslida.

Mazkur yarim marafonni oʻtkazish uchun bejizga Samarqand shahri tanlanmadi. Nomoddiy madaniy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu boyliklardan hamma ham bemalol foydalana olmayotgani ham ayni haqiqat. Samarqand yarim marafoni tashkilotchilari esa ushbu loyiha orqali dunyo hamjamiyatining eʼtiborini inklyuziya borasidagi muammolarga qaratishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

«Samarkand Half Marathon» loyihasi orqali millionlab insonlar mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga, aholi salomatligini mustahkamlashga berilayotgan eʼtibordan voqif boʻlishdi. Qanchadan-qancha insonlar xayriya marafonida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurishdi.

Samarqand shahrida ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu marafon mamlakat ijtimoiy hayotidagi yirik hodisa boʻlib, u yurtimizda madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradi. Bu shunchaki yugurish musobaqasi emas, balki zamonaviy madaniyat, musiqa va taʼlim dasturlarini oʻzida mujassam etgan ulkan festivaldir, – dedi u oʻz nutqida.

Qayd etish lozim, qizgʻin va murosasiz kechgan mazkur marafonning 10 km masofaga yugurish bahsida 1-oʻrinni qozogʻistonlik Dmitriy Ivanchikov, 2-oʻrinni Oʻzbekiston vakili Yevgeniy Fadeyev, 3-oʻrinni qozogʻistonlik Mixail Krasilov qoʻlga kiritdi. Ushbu masofada ayollar oʻrtasida kechgan bellashuvda1-oʻrinni qozogʻistonlik Tatyana Mirazrav, 2-oʻrinni Zarnigor Xudoyberdiyeva, 3-oʻrinni Marina Xmelevskaya egalladi. Qayd etish lozim, mazkur masofada 1-oʻrin sohibiga 6 million, 2-oʻrinni egallagan sportchiga 4 million va 3-oʻrinni band etgan sportchiga esa 3 million soʻm mukofot puli taqdim etildi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ