| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Madaniyat5 daqiqada oʻqiladi

Aziz Abduhakimov Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi Turizm masalalari vazirlarining V yigʻilishida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, Toshkent viloyatidagi Zangi ota va Qoʻngʻirot tumanidagi Hakim ota Boqirgʻoniy ziyoratgohlarini oʻz ichiga olgan “Oltin uchburchak” turini faollashtirish taklif etildi.

Aziz Abduhakimov Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi Turizm masalalari vazirlarining V yigʻilishida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov 23 iyun kuni videokonferensiya shaklida oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) Turizm vazirlarining V yigʻilishida ishtirok etdi. Turizm vazirlarining onlayn uchrashuvida shuningdek TTDHK bosh kotibi Bagdad Amreyev, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, Ozarboyjon turizm agentligi raisi Fuat Nagiyev hamda qolgan TTDHK mamlakatlarining turizm tashkilotlari rahbariyati qatnashdi.

Taʼkidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 14 senyabr kuni «Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunni imzolagan edi. 2019 yil 15 oktabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Baku shahrida boʻlib oʻtgan TTDHK sammitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlaqonli aʼzo sifatida qatnashgan va unda davlatimiz rahbari ishtirok etgan.

Ishtirokchilar hozirgi “COVID-19” pandemiyasi sharoitida turizm sohasining bugungi holati, Kengash mamlakatlarining turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga aʼzo davlatlar oʻrtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda bu davlatlarning sayyohlik yoʻnalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.

Aziz Abduhakimov konferensiya davomida ishtirokchilariga Oʻzbekistonda turizm sohasini qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlar va dasturlar haqida soʻzlab berdi. Jumladan, ularni Prezidentning joriy yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan batafsil tanishtirdi.

Bosh vazir oʻrinbosari Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan pandemiya sharoitida yashash va ishlash zarurati hamda koronavirusga qarshi kurash choralarining samaradorligi boʻyicha belgilangan vazifalarga ham alohida toʻxtaldi. Qayd etish joizki, Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar jami 6500 kishini tashkil qilsa, ularning 70 foizi sogʻaygan, shuningdek bu kasallik natijasidagi oʻlim holati ham dunyo miqyosida eng past koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi – 0,3 foiz. Bularning bari bugungi pandemiya sharoitida sayyohlar qabulini rejalashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Yigʻilish davomida Aziz Abduhakimov Xavfsiz turizm fondining yaratilishi hamda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimining ishlash mexanizmlari, jumladan tadbirkorlik subʼyektlari – tizim ishtirokchilariga oʻzlarining turistik infratuzilma obʼyektlarida bepul dezinfeksiya ishlarini oʻtkazish imkoni, shuningdek sayyoh koronavirus bilan kasallangan taqdirda 3 ming dollar miqdorida kompensatsiya shartlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Yuqorida qayd etilgan zamonaviy tizimni yaratishda Gʻarbda Avitsenna nomi bilan mashhur buxorolik vatandoshimiz, buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosidan foydalanishga oid dalillar uchrashuv ishtirokchilarida alohida qiziqish uygʻotdi. Aziz Abduhakimov aynan Ibn Sino ming yillar avval epidemiologiya va karantin rejimiga asos solganini taʼkidladi. Abu Ali ibn Sino sayyohlar uchun “Sayyohlar uchun tadbirlar” (“Fi tadbir al-musofirin”) nomli ilmiy asoslangan uslubiy qoʻllanmani ishlab chiqqan boʻlib, u bugungi kunda turizm bozorining barcha ishtirokchilari uchun sayyohlarni jalb qilish va ularning xavfsizligini taʼminlashda tobora dolzarb va foydali boʻlib bormoqda.

Aziz Abduhakimov shuningdek ishtirokchilarni 1 iyundan ichki turizmni yoʻlga qoʻyish maqsadida “yashil” va “sariq” hududlarning ochilishi hamda 15 iyundan kasallik darajasi turlicha boʻlgan mamlakatlar uchun vaziyatdan kelib chiqib, “yashil”, “sariq” va “qizil” reyslarga ajratgan holda aviaqatnovlarning tiklanishidan xabardor qildi.

Tadbir ishtirokchilari turizm sohasini tezkor tiklashga doir choralar hamda sohani rivojlantirishda qoʻllanayotgan yangi jihozlar, xususan, «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi hamda Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimining kengaytirilishi, shuningdek respublika boʻyicha turli turistik zonalarning rivojlanish mexanizmlarini yuqori baholashdi.

Taʼkidlash joizki, 2019 yilda tashrif buyurgan jami 6,7 mln sayyohning 52 foizi (yaʼni 3,8 mln kishi) Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ulushiga toʻgʻri keladi. Shundan kelib chiqib, Bosh vazir oʻrinbosari barcha ishtirokchilar bilan hamkorlikda amalga oshirish kerak boʻlgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, Aziz Abduhakimov Namangan shahridan videokonferensiyadagi ishtiroki davomida hayoti mobaynida koʻplab davlatlar (ularning orasida hozirgi Ozarboyjon, Turkiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari)ga safar qilgan shoir va tilshunos, namanganlik Ishoqxon Toʻra Ibratni ham yodga oldi. Shu oʻrinda u bu kabi turk olami buyuk olimlari izidan maxsus turlar tashkil qilishni taklif qildi. Ushbu marshrutlar aralash turlarning rivojiga turtki berishi mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, Toshkent viloyatidagi Zangi ota va Qoʻngʻirot tumanidagi Hakim ota Boqirgʻoniy ziyoratgohlarini oʻz ichiga olgan “Oltin uchburchak” turini faollashtirish taklif etildi. Bundan tashqari, chegara oldi hududlarida offshorlar turistik klasterlarini tashkil qilish taklif etilgan boʻlib, unda savdo-sotiq va boshqa alohida soliq shart-sharoitlari koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston tomondan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm salohiyati va boshqa yoʻnalishlar targʻiboti uchun xizmat qiluvchi alohida telekanal yaratish taklifi berildi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik ishtirokchi mamlakatlar orasida efir vaqtini taqsimlash orqali amalga oshiriladi.

“Biz turkiy tilli davlatlar madaniyati va anʼanalarini namoyish etuvchi turli festivallarni tashkil qilish hamda ularning oʻtkazilishini ishtirokchi mamlakatlarning madaniy tadbirlar yagona taqvimini shakllantirish orqali birgalikda targʻib qilishni taklif etamiz”, - dedi Abduhakimov va yigʻilish ishtirokchilariga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan “Maqom”, “Baxshi”, Xalq amaliy sanʼati festivali kabi yirik madaniy-ommaviy festivalar haqida maʼlumot berdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir oʻrinbosari turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga doir loyihani amalga oshirish zarurati haqida soʻz yuritdi:

“Biz albatta turistik kompaniyalarimizga mazkur yoki boshqa qoʻshma loyiha doirasida TTDHK mamlakatlaridagi hamkasblari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qilamiz. Shu oʻrinda turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga oid loyihalarni amalga oshirish, Kengash mamlakatlari turistik yoʻnalishlar yagona xaritasini yaratish, xalqlarimizning madaniyati, anʼanalari va ekskursiyalari boʻyicha batafsil hamda ishonchli maʼlumotlar tayyorlash, foto, video va VR texnologiyalarni qoʻllagan holda virtual turlar va ekskursiyalar, onlayn gidlar tashkil qilish zarurligini alohida taʼkidlashimiz lozim”.

Shu bilan birga, onlayn-konferensiya davomida Aziz Abduhakimov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlarning tarixiy va turistik shaharlari oʻrtasida aviareyslar soni va yoʻnalishlarini oshirish, ularning geografiyasini kengaytirishni taklif qildi. Xususan, Turkiya, Ozarboyjon, Vengriya va boshqa ishtirokchi mamlakatlarning tarixiy va turistik shaharlari oʻrtasida transport aloqalarining yangi yoʻnalishlari ushbu davlatlar iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir qiladi. Bundan tashqari, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida qadimiy Ipak yoʻli boʻylab zamonaviy karvonsaroylar qurishni taklif qildi.

TTDHK bosh kotibi mamlakatimizning boy tarixiy madaniy merosi va ulkan turistik salohiyatini qayd etib, Oʻzbekistonning ishtiroki koʻp tomonlama turistik loyihalarni rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirdi. Shu oʻrinda u Oʻzbekiston Respublikasiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning turistik shaharlari boʻylab tayyor turpaketlar tizimini koʻzda tutuvchi “Zamonaviy Ipak yoʻli” loyihasidagi ishtirok uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Tashkilot bosh kotibi Bagdad Amreyev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan bildirilgan barcha takliflar uchrashuv protokoliga kiritilishini qayd etdi.

Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qoʻllab-quvvatlashi bilan keyingi TTDHK turizm masalalari vazirlarining VI yigʻilishini 2021 yilda Qoʻqon shahrida oʻtkazishga doir kelishuvga erishildi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ