Sherzod Shermatov: Oliy taʼlim muassasasiga bironta ham oʻquvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaydi
OTMga bironta ham oʻquvchisi kirmagan maktablar soni oʻtgan yili 2 126 ta boʻlgan, bu yil 692 taga tushgan. Xalq taʼlimi vaziri maktab rahbarlarining lavozimiga loyiqligini jiddiy koʻrib chiqish boshlangani bunga sabab boʻlganini taʼkidlamoqda. Uning yozishicha, taʼminoti yaxshi boʻlmagan maktablarning koʻrsatkichi, moddiy taʼminoti yaxshi maktablarga qaraganda baland boʻlgan.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov bironta ham oʻquvchisi oliy taʼlim muassasasiga kira olmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygani haqida xabar qildi.
Vazirning taʼkidlashicha, 1,5 mln abituriyentning 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari boʻlgan boʻlsa, ular davlat granti kvotasining 50 foizini egallagan.
“Qolgan 77 foiz abituriyentni tashkil etgan litsey, kollej bitiruvchilari yoki avvalgi yilgi bitiruvchilar ham OTMga harakat qilgan, repetitorga borgan, lekin ularning umumiy natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada boʻldi”, deydi Shermatov.
Qayd etilishicha, oliy taʼlim muassasasiga bironta ham oʻquvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygan, yaʼni oʻtgan yili 2 126 ta boʻlgan, bu yil 692 taga tushgan. Bunga ham oʻtgan yildan bunday maktab rahbarlarining lavozimiga loyiqligini jiddiy koʻrib chiqish boshlangani katta turtki boʻlgani aytiladi.
“Endi buyogʻiga direktorlarimiz va maktab jamoasi faqat natijaga harakat qilishi kerak. Natija bu bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi. Ularning bir qismi oʻqishning keyingi bosqichiga oʻtsa, keyingi qismi oʻz ishini topib ketishidir. Oʻqishga ham kirolmasa, ish ham topa olmasa, keyinchalik yoshlarimiz hayotda qiynalib qolishadi. Shu sababli maktab davridagi vaqtini aynan shu natijaga yoʻnaltirishi, shu jumladan, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishi kerak.
Bir oy davomida Xorazm, Navoiy, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida boʻlib yaxshi koʻrsatkichga ega va umuman natija koʻrsatmagan maktablarni solishtirganda, asosiy farq aynan direktor va maktab jamoasining oʻz kasbiga boʻlgan fidoyiligi tufayli boʻlayotganiga amin boʻldik.
Solishtirganda koʻrinadiki, aksariyat yomon koʻrsatkichga ega maktablarning moddiy texnik holati yaxshi koʻrsatkichga ega boʻlgan maktabnikidan ancha yaxshi boʻlib chiqyapti. Eskichasiga faqat maktabning tashqi koʻrinishiga qarab direktorga baho berilganida, aksincha bular yaxshi boʻlib chiqardi va yaxshi natija koʻrsatgan direktorga esa maktabining koʻrinishi yaxshi boʻlmaganiga chora koʻrilishi mumkin edi...
Shuning uchun oʻz ishiga fidoyi boʻlgan pedagoglarimizga ushbu oʻzgarishlarga sabab boʻlganlari uchun minnatdorlik bildiramiz va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Aksincha, bu sohaga adashib kelib, avvalgidek paxta va boshqa ortiqcha ishlar bilan oʻralashib yurishga oʻrganib qolganlarga boshqa ish topishlarini tavsiya qilamiz”, deydi Sherzod Shermatov.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

