| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
O'zbekiston2 daqiqada oʻqiladi

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

Oʻzbekistonda 2021 yildan boshlab hududlar va davlat organlari rahbarlarining korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha shaxsiy javobgarligini baholash reyting natijalari eʼlon qilib boriladi.

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda davlat organlari, korxonalar va hududlar uchun korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reytingini (keyingi oʻrinlarda reyting) ishlab hisoblash metodologiyasini chiqdi.

Reyting mamlakatda korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni va islohotlarni obʼyektiv baholash maqsadida yuritilmoqda.

2021 yildan boshlab barcha rahbarlarning shaxsiy javobgarligi asosida baholash reyting natijalarini har yili eʼlon qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Reyting doirasida, xususan, respublikaning barcha hududlarda aholi, tadbirkorlar va davlat xizmatchilari oʻrtasida anonim soʻrov oʻtkaziladi.

Markaz eksperti Baxtishod Hamidov ishlab chiqilgan reytingning dolzarbligi va metodologiyasini quyidagicha izohladi:

- Oʻzbekiston uchun shu paytgacha korrupsiya muammolarini aniqlash boʻyicha koʻplab tadqiqotlar oʻtkazildi. Biroq, ushbu baholar asosan respublika darajasida taqdim etiladi. Sektorlar yoki hududlar kesimida oʻtkazilgan baholashlar bir martalik boʻlib, muammolarni oʻz vaqtida aniqlash imkonini bermaydi.

Islohotlar jarayoni ayrim sektorlarda va hududlarda korrupsiya darajasini aniqlashni talab qiladi, chunki korrupsiya koʻrilayotgan choralar samarasizligining asosiy omili hisoblanadi. Shuning uchun, keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishdan oldin, quyidagi muhim savollarga javob topish kerak: sektor/hudud kesimida korrupsiya muammosi qanchalik jiddiy?

Jahon amaliyotida ushbu savollarga aniqroq javob olish uchun korrupsiya darajasini baholashning koʻplab usullari qoʻllaniladi. Koʻp usullar korrupsiya muammosining yopiqligi va murakkabligi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, turli xil oʻlchov usullaridan foydalanish yanada keng koʻlamli natijalarga erishish imkonini beradi, chunki qamrovning kengligi muammolarni har tomonlama oʻrganishga yordam beradi.

Shu bilan birga, usullarning samarali kombinatsiyasi aniq sektorlarda va hududlarda islohotlar jarayonini toʻgʻri shakllantirish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashga yordam beradi.

Oʻtkir Nomozboyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi:

Bugungi kunda mamlakatda biznesga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot darajasini kamaytirish boʻyicha kompleks choralar koʻrilmoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Buning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushdi.

Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyotni yaqin 5 yilda 2 barobarga qisqartirish boʻyicha vazifalar belgilandi. Buning uchun, albatta, aniq chora-tadbirlar zarur. Ana shunday mexanizmlardan biri bu — rahbar kadrlarning korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha shaxsiy masʼuliyatini oshirish hisoblanadi.

Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan mustaqil jamoat tashkilotlarini jalb qilgan holda hududlar va barcha davlat organlaridagi yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muntazam oʻrganib boriladi. Yakunda biz qaysi davlat organi, korxona va hududdagi holat qandayligini keng jamoatchilikka eʼlon qilishimiz mumkin boʻladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ