| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat2 daqiqada oʻqiladi117 marta oʻqildi

Tovar va xizmatlarni eksport qilgan korxonalarga qoʻshilgan qiymat soligʻi valyuta tushumini kutmasdan qaytarib beriladi

Xizmatlar boʻyicha yillik tushumi 1 milliard soʻmdan kam boʻlgan tadbirkorlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini chorak yakuni boʻyicha toʻlash tartibi davom ettiriladi. Ushbu chora 8 mingdan ziyod tadbirkor ixtiyorida bir chorakda 220 milliard soʻm aylanma mablagʻ qolishiga imkon beradi. Bu haqda bugun, 24 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Tovar va xizmatlarni eksport qilgan korxonalarga qoʻshilgan qiymat soligʻi valyuta tushumini kutmasdan qaytarib beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Xizmatlar iqtisodiyotning muhim qismi. Dunyoda servis sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 61 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizda bu koʻrsatkich 36 foizdir. Lekin 86 foiz qoʻshilgan qiymat shu sohada yaratiladi.

Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryoda aholi jon boshiga xizmatlar hajmi mamlakatimizdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2 barobar past.

Yigʻilishda bu sohada zaxiralar koʻpligi taʼkidlanib, hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish kelgusi yilgi ustuvor yoʻnalish etib belgilandi.

Moliya vazirligi 1 trillion soʻmni oilaviy tadbirkorlik uchun resurs sifatida banklarga joylashtiradi

Avvalo, yoʻl boʻyi infratuzilmasini yaxshilash orqali 700 milliard soʻmlik qoʻshimcha xizmatlar yaratish imkoni borligi taʼkidlandi. Jumladan, 150 dan ortiq tuman va shahardan oʻtadigan 10 ming kilometr yoʻlda 400 dan ziyod yirik servis obʼyektlari uchun ehtiyoj mavjud.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Toshkent–Andijon, Toshkent–Termiz hamda Samarqand–Nukus xalqaro yoʻllari yoqasida savdo va xizmat koʻrsatish obʼyektlari tashkil etish, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Investorlar ishtirokida istirohat bogʻlari hamda xiyobonlarning bir qismida yengil konstruksiyali savdo, umumiy ovqatlanish va koʻngilochar obʼyektlar tashkil etish, taʼlim, madaniyat, sport va sogʻliqni saqlash obʼyektlarining boʻsh turgan qismini tadbirkorlarga berish orqali ham koʻplab xizmatlarni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Tadbirkorlarni jalb qilgan holda sport obʼyektlari qurish uchun kelgusi yilda 500 milliard soʻm kredit ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda agrosanoat tarmogʻi izchil rivojlanib, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻlar va chorvachilik xoʻjaliklari uchun agronom, zootexnik, veterinar, oʻsimliklarni himoya qilish, urugʻchilik boʻyicha mutaxassislarga talab oshib bormoqda.

Shu bois sohada zamonaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, amaliy oʻquv kurslari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Transport sohasi xizmatlarda eng yuqori ulushga ega. Bu borada aholining eng koʻp noroziligiga sabab boʻlayotgan jamoat transporti boʻyicha Toshkent shahrida yangi tizim joriy etilmoqda.

Transport vazirligiga xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Nukus shahri, viloyatlar markazi va yirik shaharlarda ham jamoat transporti tizimini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Xizmat koʻrsatish sohasini qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Jumladan, xizmatlar boʻyicha yillik tushumi 1 milliard soʻmdan kam boʻlgan tadbirkorlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini chorak yakuni boʻyicha toʻlash tartibi davom ettirilishi maʼlum qilindi. Ushbu chora 8 mingdan ziyod tadbirkor ixtiyorida bir chorakda 220 milliard soʻm aylanma mablagʻ qolishiga imkon beradi.

Shuningdek, tovar va xizmatlarni eksport qilgan korxonalarga qoʻshilgan qiymat soligʻi valyuta tushumini kutmasdan qaytarib beriladi. Bu qulaylik natijasida tadbirkorlar ixtiyorida bir chorakda 200 milliard soʻm aylanma mablagʻ qoladi. Mutasaddi vazirliklarga shu boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Umuman, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi oʻz hududida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini tuzib, soʻzsiz amalga oshirishi kerakligi belgilandi. Bu borada namunaviy loyihalar ishlab chiqib, moliyalashtirishga koʻmaklashish uchun tijorat banklari hududlarga biriktirildi. Barcha tumanlar kesimida aniq vazifalarni oʻz ichiga olgan hukumat qarori qabul qilish vazifasi qoʻyildi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ