Oʻtgan 10 oyda ikkita soha boʻyicha 2 milliard dollardan koʻp import boʻlgan. Mana shu raqamning oʻzi nima qilishimiz kerakligini koʻrsatib turibdi – Shavkat Mirziyoyev
Elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida soʻnggi uch yilda eksport hajmi 1,7 baravar oshdi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 350 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Mazkur tarmoqlarda ishni zamonaviy asosda tashkil etib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar turini kengaytirish choralari koʻrilgani natijasida soʻnggi uch yilda eksport hajmi 1,7 baravar oshdi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 350 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Lekin hali kamchiliklar koʻpligi, elektrotexnika va farmatsevtika iqtisodiyotda “rivojlanish nuqtalari” boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
– Oʻtgan 10 oyda ikkita soha boʻyicha 2 milliard dollardan koʻp import boʻlgan. Mana shu raqamning oʻzi nima qilishimiz kerakligini koʻrsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda elektrotexnika sanoati tarmogʻida 55 ta loyiha rejalashtirilgan edi. Shundan 26 tasi yoʻlga qoʻyilgan, 29 tasining ijrosi kechikmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday qoloqlikning sabablarini soʻrab, ularni hal etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Elektrotexnika tarmogʻining drayver yoʻnalishlarini aniqlab olish kerakligi qayd etildi.
Bugungi kunda ishlab chiqarish murakkab boʻlmagan va xorijdan olib kelishdagi transport xarajatlari yuqori mahsulotlar importi 500 million dollardan ortadi.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga yil yakuniga qadar shunday mahsulotlar roʻyxatini shakllantirib, Toshkent shahri va Xorazmdagi sanoat zonalarida ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Mazkur tarmoqdagi eksportni shu yil yakuni bilan 310 million dollarga, kelgusi yil 370 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Bunda dunyoga mashhur onlayn savdo tarmoqlaridan ham foydalanish, xalqaro tenderlarda qatnashish yaxshi samara berishi aytildi. 2021 yilda xalqaro standartlarni joriy etish uchun laboratoriya va sertifikatlash markazini tashkil etish topshirigʻi berildi.
Yigʻilishda farmatsevtika tarmogʻidagi loyihalar ijrosi ham muhokama etildi.
Joriy yilga rejalashtirilgan 100 million dollarlik 37 ta investitsiya loyihasidan bugungi kungacha faqat bittasi foydalanishga topshirilgani keskin tanqid qilindi.
Kelgusi yilda 149 million dollarlik 37 ta loyiha boʻyicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Sohadagi yana bir kamchilik – oxirgi yillarda tashkil etilgan 16 ta yirik korxonaning 8 tasi toʻliq quvvatda ishlamayapti. Mutasaddilarga ularni birma-bir tahlil qilib, toʻliq quvvatga chiqishiga koʻmaklashish topshirildi.
Mahalliy korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori-darmon ishlab chiqarilsa-da, ular asosan murakkab boʻlmagan jenerik vositalardan iborat.
– Pandemiya hammamizning koʻzimizni ochdi, farmatsevtika nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik jihatidan ham strategik tarmoq ekanini koʻrsatdi. Birinchi boʻlib farmzonalar tashkil etganimiz bejiz emas. Biz juda koʻp narsaga dunyoqarashimizni oʻzgartirishimiz kerak, – dedi Prezident.
Shu bois xavfsizlik va samaradorlik darajasi yuqori boʻlgan dori vositalarini ishlab chiqarishga oʻtish kerakligi taʼkidlandi.
Misol uchun, kelgusi yilda Namanganda parenteral, Samarqandda gormonal va Toshkent viloyatida qon preparatlarini ishlab chiqarishga imkoniyat mavjud.
Dorivor oʻsimliklarni plantansiya usulida yetishtirish va sanoat qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish natijasida eksport hajmi joriy yilning oʻtgan 10 oyida 40 million dollarni tashkil etdi. Hududlarda dorivor oʻsimliklarni qayta ishlash boʻyicha qiymati 42 million dollar boʻlgan 14 ta klaster tashkil etildi.
Joriy yilda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari 16 ming gektarga, xomashyo tayyorlash hajmi 22 ming tonnaga yetkazilmoqda. Lekin bu yetarli emas.
Shu bois kelgusi yilda mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini kamida 2 baravarga oshirish maqsad qilib qoʻyildi.
Qandli diabet kasalligida shakar oʻrnini bosuvchi steviya oʻsimligini yetishtirish, baxmalgul, naʼmatak, topinambur, ola-oʻt, zaʼfaron kabi eksportbop dorivorlarni sanoatlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
207 ta korxonadan 157 tasida xalqaro standartlar joriy qilinmagani qayd etilib, bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Kelgusi yilda farmavsevtika mahsulotlari eksportini 55 million dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

