1 yanvardan ayrim turdagi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida muvofiqlik sertifikati talab etilmaydi
Oʻzbekiston bojxona hududiga olib kelingan tovarlarni realizatsiya qilinishidan oldin muvofiqlik sertifikatini olish majburiyati bevosita ushbu tovarlarni olib kirgan shaxsga yuklatiladi.

Prezidentning “Milliy sifat infratuzilmasini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portalida eʼlon qilindi.
Qaror loyihasi texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini xalqaro andozalarga moslashtirishni maqsad qilgan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:
a) quyidagi olib kirilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida muvofiqlik sertifikati talab etilmaydi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hamda vakolatli idoralarning tegishli ruxsatnoma hujjatlariga ega boʻlgan veterinariya va oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar, shuningdek, sanitariya-epidemiologik xulosaga mos keladigan tovarlar roʻyxatidagi oziq-ovqat mahsulotlari;
b) Oʻzbekiston bojxona hududiga olib kelingan tovarlarni realizatsiya qilinishidan oldin muvofiqlik sertifikatini olish majburiyati bevosita ushbu tovarlarni olib kirgan shaxsga yuklatiladi.
2023 yil 1 yanvargacha quyidagilar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi:
texnik reglament va standartlarning majburiy talablarini buzganlik holatlari yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxslar;
ishlab chiqarilgan mahsulot erkin savdoga chiqarilgandan keyingi davrda sifat va xavfsizlik nuqsonlari aniqlanib, ishlab chiqaruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda savdoga chiqarilgan mahsulotlarni qaytarib olish choralari koʻrilganda.
“Oʻzstandart” agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining standartlashtirishga doir normativ hujjatlar toifasiga kiruvchi tashkilot standartlarini ishlab chiqish jarayonini soddalashtirish haqidagi quyidagi takliflari maʼqullanadi:
tashkilot standartlarini ekspertizadan oʻtkazish davlat idoralari va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan haq olmasdan amalga oshirish hamda “Oʻzstandart” agentligi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini bekor qilish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oid tashkilot standartlarini hisobini yuritish maqsadida "Oʻzstandart” agentligi ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan elektron tarzda xabardor etilishi lozim;
tashkilot standartlarida belgilangan koʻrsatkichlar davlat (milliy) standarti talablaridan past boʻlgan hollarda ushbu tashkilot standartlariga asosan sertifikatlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzstandart” agentligining:
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining nomini “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya agentligi” etib qayta nomlash hamda qisqartirilgan nomini “Oʻzstandart” agentligi deb saqlab qolish;
Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutining nomini “Oʻzbekiston standartlar instituti” etib qayta nomlash;
Oʻzbekiston standartlar institutiga Oʻzbekiston davlat standartlarni roʻyxatdan oʻtkazishni yuklash;
“Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasini Standartlar institutiga qoʻshib yuborish;
“Oʻzstandart” agentligining markaziy apparati tuzilmasida mavjud shtat birliklar doirasida Sanoatni rivojlantirish texnik siyosatini amalga oshirish va eksportga koʻmaklashish boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanadi.
Qaror loyihasini muhokamasi 11 dekabrda yakunlanadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

