Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past
Bu koʻrsatkichning oshishi nafaqat xoʻjaliklar va agro-korxonalar daromadi va eksportini oshiradi, balki ayni paytda paxta va bugʻdoy bilan band boʻlgan qoʻshimcha yer maydonlarini boshqa, koʻproq daromadli ekinlarga oʻtkazish imkonini beradi. Ekspert Xamidulla Normuradov qishloq xoʻjaligida unumdorlikni oshirish masalalarini muhokama qildi.

Shu yilning 10 aprelida Shavkat Mirziyoyev boshchiligida paxta va gʻallachilikda klaster tizimini rivojlantirish, bahorgi agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, hosildorlikni oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektorda pandemiya tufayli turizm, transport va logistika, umuman xizmat koʻrsatish sohalariga kuchli salbiy taʼsirni qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadbirlar bilan biroz yengillatish imkoniyatidan foydalanishimiz zarurliligi taʼkidlangan.
Jahon banki ham oʻz hisobotida 2020 yil Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsishning asosiy manbalari qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻlishini qayd etib, Oʻzbekistonning bu sohada katta imkoniyatlari mavjudligiga alohida eʼtibor qaratdi – Oʻzbekiston aholisining yarmi qishloq joylarida yashaydi, YAIMning uchdan biri qishloq xoʻjaligidan tashkil topadi.

Oʻzbekiston davlatga gʻallani majburiy sotish rejasini 25 foizga qisqartirdi
Bu oʻrinda, eng asosiy urgʻu hosildorlikni oshirishga qaratilgan boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past. Bu koʻrsatkichning oshishi nafaqat xoʻjaliklar va agro-korxonalar daromadi va eksportini oshiradi, balki ayni paytda paxta va bugʻdoy bilan band boʻlgan qoʻshimcha yer maydonlarini boshqa, koʻproq daromadli ekinlarga oʻtkazish imkonini beradi.
Toʻgʻri, hosildorlikni keskin oshirish bir qaror bilan yoki qisqa vaqtda amalga oshmaydi. Buning uchun bir necha yil davomida mashaqqatli mehnat, investitsiyalar talab etiladi. Muammo shundan iboratki, koʻp yillar davomida qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotlar eʼtiborsiz qoldirilgan, sohada mablagʻ va innovatsiya xozir ham tanqis hisoblanib kelmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti qiymatining atigi 0,02 foizini amaliy qishloq xoʻjaligi fani va taʼlim sohasiga sarfladi. Shu bilan birga, hozirgi kunda mahalliy fermerlarga axborot-maslahat xizmatlari, yangi texnologiyalardan foydalanishning tizimli yechimi mavjud emas.
Birinchidan, tadqiqot va rivojlanish (R&D) uchun yetarli mablagʻlar ajratilmayapti, “ilmiy institut - qishloq xoʻjaligi” orasida innovatsiyalarni ishlab chiqish va ayniqsa, tadbiq etish boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyilmagan. Sodda qilib aytganda, ilm-fan oʻz yoʻlida, qishloq xoʻjaligi ham oʻz yoʻlida amalga oshirilmoqda. Taqqoslash uchun qishloq xoʻjaligi muvaffaqiyatli boʻlgan oʻrta daromadli mamlakatlar yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti qiymatining 1 foizini qishloq xoʻjaligi fani va rivojlanishiga sarflaydi, koʻpgina yuqori daromadli mamlakatlarda esa bu koʻrsatkich 2,5 foizni tashkil etadi (PG Pardey, Agricultural R&D in the Developing World, 2018).
Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligini moliyalashtirishda davlat mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish zarur. Qishloq xoʻjaligining oʻsishi uchun davlat xarajatlari muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, Lotin Amerikasidagi oʻn mamlakatda olib borilgan tadqiqotga koʻra, 1985-2000 yillarda qishloq xoʻjaligiga investitsiya hajmi 10 foizga ortishi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini 0,6 foizga oʻsishi aniqlangan (López, 2005). Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda YAIMning 1,8-2,1 foizi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga sarflanmoqda. Taqqoslash uchun, oʻrta daromadli mamlakatlar YAIMning oʻrtacha 0,6%, shu jumladan, Qozogʻiston 0,9%, Xitoy 0,8%, Vyetnam 0,4%, Rossiya 0,3%, Ukraina 0,3% sarflaydi (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, 2019 y.).
Oʻzbekiston va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar qishloq xoʻjaligi maxsulotlari unumdorligining tahlili shuni koʻrsatmoqda-ki, Oʻzbekistonda davlat mablagʻlarining samaradorligi nisbatan past boʻlib qolmoqda.
Uchinchidan, qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlanganlik darajasi past darajada saqlanib qolmoqda. Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoatini 2020-2024 yillar davrida yanada rivojlantirish konsepsiyasiga asosan Respublikada 200 mingga yaqin qishloq xoʻjaligi texnikasi mavjud (shundan 2/3 qismi texnik eskirgan), qoʻshimcha 200 mingdan ortiq texnikaga ehtiyoj bor.
Buning asosiy sababi sifatida qishloq texnikasi narxi, fermerlar moliyaviy imkoniyati va texnikaning rentabelligi orasidagi nomutanosiblikni koʻrsatish mumkin. Ishlab chiqarilayotgan texnikaning 70-75% importga bogʻlikligi, ishlab chiqarish xarajatlarining yuqoriligi, yuqori malakali injener va boshqa mutaxassislar yetishmasligi sababli Belorus va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlashish tobora qiyinlashib bormoqda.

Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda
Masalani yechimi butun dunyoda bir xil – mahsulot tannarxini pasaytirish, lokalizatsiya darajasini oshirish, texnik xizmat tizimini kengaytirish va sifatini yaxshilash, injener va boshqa mutaxassislarning soniga emas sifatiga eʼtibor berish.
Bu yoʻnalishda 21 avgust kuni hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi boʻyicha yigʻilishda Prezident tomonidan quyidagi ishlar qilinishi belgilandi:
- milliy “brend” ostida maksimal darajada milliy ehtiyot qismlardan yasalgan, arzon, kichikroq, sodda qishloq texnikasini ishlab chiqarish. Buning uchun xorijiy yetakchi injiniring kompaniyalari, malakali konstruktorlar va olimlarni jalb qilish taklif etilgan.
- viloyatlarda toʻliq ish quvvati bilan ishlamayotgan 5ta texnika zavodida 120dan ortiq turdagi import oʻrnini bosuvchi ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyilishi lozim.
- ishlab chiqarishga xususiy tadbirkorlik subʼyektlari jalb qilinishi kerak, buning uchun joylardagi “Agroservis MTP”larning moddiy-texnika bazasidan unumli foydalanib, qishloq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.
- mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida subsidiya va kredit foizi stavkalarini qisman qoplash tartibini saqlab qolish taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligida unumdorlikni oshirish va qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish borasida quyidagilarni taklif etamiz:
qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda iqtisodiy samaradorlik boshqa barcha maqsadlardan ustun qoʻyilishi kerak. Xususan, yer maydonlari boʻsh qolsa ham, unumdorligi juda past, xarajatlarni qoplamaydigan holatlardan butunlay voz kechish; fermer va klasterlar faoliyatlaridagi erkinlikni yanada qoʻllab quvvatlash;

qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqot va rivojlanish uchun byudjetni 2025 yilga qadar bosqichma bosqich yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti qiymatining 0,5 foiziga yetkazish. Tadqiqot natijalarini yer maydonlarida sinash tizimini qayta yoʻlga qoʻyish, ijobiy natijalarga erishgan tadqiqotchilarni yirik pul mukofotlari bilan taqdirlash tizimini yaratish;
ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalar nomenklaturasini sodda, arzon va kichik turdagi texnika hisobiga kamida ikki martaga koʻpaytirish. Masalan, hozirgi kunda qishloq xoʻjaligi texnikasini rivojlantirish strategiyasi va yul xaritalarida faqatgina 4-5 turdagi qishloq xoʻjaligi texnikasi nazarda tutilgan. Lekin qishloq xoʻjaligida oʻnlab turdagi texnikaga talab bor. Misol tariqasida sut sogʻish uskunasi, sholi ekish va oʻrish yengil uskunalari, yengil turdagi somon presslash mashinalari, inkubatorda foydalanadigan uskunalar kabi nisbatan sodda va narxi yuqori boʻlmagan qishloq xoʻjaligi texnikalariga talab katta. Bularning barchasi hozirgi kunda import qilinib kelmoqda.
qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish; arzon, sodda, lokalizatsiya darajasi 75 foizdan yuqori boʻlgan milliy brenddagi qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish, ularni lizing va kredit asosida qishloq xoʻjaligi subʼyektlariga berishni taʼminlash taklif etiladi.
Dastur shartlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
- imtiyozli foiz stavkalari – Markaziy Bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori boʻlmagan miqdorida. Turli imtiyozlar iqtisodiy nomutanosibliklar keltirishi tufayli ulardan ketma-ket ravishda voz kechilmoqda. Subsidiyalar raqobat tizimiga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatadi, korrupsiya va moliyaviy qonunbuzarliklar uchun zamin yaratadi. Shu bilan birga, qisqa muddatda fermer xoʻjaliklari va klasterlar uchun kuchli stimul berib, sohaga «turtki» berish maqsadida cheklangan muddat va miqdorda imtiyozlar berish iqtisodiy jihatdan asosga ega. Masalan, foiz stavkasi va imtiyoz miqdorini fermer xoʻjaligi yoki klasterga tegishli boʻlgan yer maydoni, ruyxatdan oʻtgan ishchilar soni va moliyaviy holatiga ball berish orqali hisoblashni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.
- lizing uchun taʼminot talab etmaslik, lizing predmetini taʼminot sifatida qabul qilish. Sir emas, fermer xoʻjaliklari moddiy va moliyaviy holati tufayli taʼminot masalasini hal qilishda qiyinchiliklarga uchraydi. Bu borada davlat Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi, Fermer va dexqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi lizing kafolatidan foydalanish tartibini joriy qilish lozim.

Tarixiy hujjat imzolandi: Paxta boʻyicha majburiy davlat xaridlari bekor qilindi
- qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalarini ishlab chiqarish, xaridorlarga yetkazish va undan foydalanish borasida lizing kompaniyasi, yetkazib beruvchi, fermer xoʻjaliklari va klasterlar uchun mustaqil ravishda qaror qabul imkoniyatini yaratish kerak. Yakuniy xaridorlar mustaqil ravishda yetkazib beruvchi tashkilot va qishloq texnikasi turini, modelini tanlash xuquqiga, ishlab chiqaruvchi esa narxni bozordagi mavjud talab va taklif asosida belgilash xuquqiga ega boʻlishi lozim.
- lizing shartlari bank yoki lizing beruvchi tashkilot uchungina qulay emas, birinchi navbatda lizing oluvchi uchun iqtisodiy jihatdan «qiziqarli» va imkoniyatlariga mos holda ishlab chiqilishi lozim. Xususan, lizing yoki kredit toʻlov jadvalini qishloq xoʻjaligidagi mavsumiylikni va lizing oluvchini taklifini eʼtiborga olgan holda, mustaqil tanlash huquqi berilishi lozim. Kredit yeki lizing toʻlovlari shartnoma imzolangandan muddatdan soʻng emas, balki texnika yoki uskuna qabul guvohnomasini imzolangandan soʻng hisoblanishi lozim.
- avans toʻlovi bir necha variantlarda taklif etilishi va lizing yeki kredit oluvchi tomonidan mustaqil tanlanishi maqsadga muvofiq. Lizing yoki kredit beruvchi tashkilot avansning faqat eng kam miqdorini belgilaydi, masalan 15-20 foiz darajasida.
Yuqorida sanab oʻtilgan tadbirlar qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlanganlik darajasini ortiradi, natijada sohada unumdorlik, daromad ortishi kuzatiladi, bu esa yana qishloq xoʻjaligi texnikasini yangilash imkoniyatini yaratib, “rivojlanish zanjirini” ishga tushirishi mumkin.
Xamidulla Normuradov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Pul qadri yoki qadrsizlanishi nimalarga bogʻliq?

