Samarqand va Buxoro malayziyalik turistlar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish maskaniga aylanishi mumkin
Mohd Hasan Malayziya va Oʻzbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega ekanini eʼtirof etar ekan, mamlakatimizga tashrifi davomida oʻzbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishganini maʼlum qildi.

“Parlamentarizmni rivojlantirish: Oʻzbekiston va Malayziya tajribasi” mavzusida videokonferensaloqa formatida parlament forumi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov va Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri oʻrinbosari Mohd Rashid bin Hasan ishtirok etdi.
Akmal Saidovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi asosiy va uzoq muddatli hamkorlardan biri boʻlgan Malayziya bilan ikki tomonlama muloqotni faol hamda jadal rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratib kelmoqda.
Mohd Hasan Malayziya va Oʻzbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega ekanini eʼtirof etar ekan, mamlakatimizga tashrifi davomida oʻzbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ayniqsa, dunyoga mashhur va islom ziyoratgohlari sifatida tan olinadigan Samarqandu Buxoro malayziyalik turistlar uchun jozibali joylarga, xususan, Oʻzbekiston orqali Umra ziyoratini amalga oshirish maskanlariga aylanishi mumkin.
Videokonferensiya chogʻida “Oʻzbekiston — Malayziya” doʻstlik guruhi rahbari Sharofiddin Nazarov ham soʻzga chiqdi. Uning aytishicha, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-maʼrifiy, siyosiy munosabatlarni oʻrnatishda doʻstlik guruhi muhim rol oʻynaydi. Mintaqada savdo aloqalari, turizm sohasi, raqamli iqtisodiyotni ravnaq toptirish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat ishbilarmon doiralarining “B2B” shaklidagi uchrashuvlarini tashkil etish shular jumlasidandir.
– Ayni chogʻda parlament aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, tashqi siyosatni shakllantirishga xizmat qilyapti, – dedi “Malayziya — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi aʼzosi Pang Xok Liong. – Parlamentlararo diplomatiya esa endilikda rivojlanmoqda, kamchiliklar ham yoʻq emas. Ammo doʻstlik guruhi aʼzolari oʻzaro kelishuvlar, xalqaro deklaratsiyalarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishlari lozim.
Binobarin, tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikda erishilgannatijalar qatorida parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlash, foydali savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar rishtalarni yoʻlga qoʻyish hamda mustahkamlash haqida fikr almashildi.
Tadbirda koronavirus tarqalishi, uni dunyo iqtisodiyotiga taʼsiri, Oʻzbekiston va Malayziyada ushbu kasallikka qarshi kurashish yoʻlida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar kabi masalalar ham muhokama qilindi. “Tojdoryov”ni chekintirish, pandemiyaning ikki davlat savdo-iqtisodiy munosabatlariga koʻrsatadigan salbiy oqibatlarini bartaraf etishda parlamentlar aʼzolarining tutgan oʻrniga toʻxtalib oʻtildi. Shu bois oʻzaro hamkorlikni faollashtirish dolzarb ekaniga urgʻu berildi.
Onlayn-forum mobaynida har ikki tomon ham BMT, Parlamentlararo ittifoq, Islom hamkorlik tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar doirasida ikki mamlakat tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida yakdil fikr bildirdi. Oʻz navbatida, keng koʻlamli hamkorlikni faol ravnaq toptirish boʻyicha intilishlar qatʼiy ekani yana bir bor taʼkidlandi.
Yakunda Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi munosabatlar hamda amaliy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha oʻzaro ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Turkiyada "Jaloliddin Manguberdi" serialining suratga olish ishlari boshlandi (+foto)

Aziz Abduhakimov Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi Turizm masalalari vazirlarining V yigʻilishida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

YuNVTOning 66-mintaqaviy yigʻilishi Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilyapti

