| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Intervyu3 daqiqada oʻqiladi85 marta oʻqildi

Sindi Malvichini: Pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston islohotlar yoʻlini davom ettirmoqda

OTBning agro-logistika markazlarini rivojlantirishdagi koʻmagi Oʻzbekiston eksportini tiklash va diversifikatsiyalashga yordam beradi.

Sindi Malvichini: Pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston islohotlar yoʻlini davom ettirmoqda

4 sentyabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan “Oʻzbekiston 24” telekanalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2021 yillarda iqtisodiy oʻsishni tiklash va iqtisodiyot tarmoqlarida tizimli islohotlarni davom ettirish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan koʻrsatuv tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Energetika vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni koʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mutaxassislari va Siyosatni oʻrganish va targʻib qilish markazi direktori Piter Malvichini ishtirok etishdi.

Koʻrsatuvda qarorda keltirilgan 8 ta yoʻnalish haqida suhbat olib borildi. Oʻrtaga tashlangan savollarga soha vakillari va ekspertlar batafsil javob berishdi.

Shuningdek, ushbu qaror yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Xususan, xalqaro ekspertning fikricha, Oʻzbekiston 2017 yildan buyon ulkan va juda zarur boʻlgan islohotlarni amalga oshirmoqda. Mazkur islohotlar 2017-2021 yillar uchun milliy rivojlanish strategiyasini bayon qilishdan boshlandi. Ushbu rivojlanish dasturi asosida OTB bilan ham oʻzaro hamkorlik kengaymoqda.

“Bir yil oldin biz Oʻzbekistonning bozorga asoslangan iqtisodiyotga oʻtishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Mamlakat bilan hamkorlik strategiyasini qabul qildik. OTB koʻmagi Hukumatning aholini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturiga qaratilgan boʻlib, bu koʻmak texnik maslahat va moliyaviy resurslari shaklida amalga oshiriladi. Xususan, biz strategik islohotlarning ayrim yoʻnalishlari boʻyicha maslahat va yordam beryapmiz. Bular jumlasiga energetika, avtomobil va temir yoʻllari, suv taʼminoti va kanalizatsiya hamda chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini boshqarish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish va davlat moliyasi, shu jumladan, moliya sektorini rivojlantirish va kapital bozorlarini rivojlantirish kiradi”, deydi Sindi Malvichini.

OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori COVID-19 dunyoning boshqa mamlakatlarida boʻlgani kabi, Oʻzbekistonning rivojlanish yoʻlida va barqaror iqtisodiy kengayishida qiyinchiliklar yaratayotganini aytib oʻtdi. Shuningdek, pandemiya va shu bilan bogʻliq milliy bozorlar, Oʻzbekiston eksportidagi oʻzgarishlar 2020 yilda iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirayotganini taʼkidladi.

“Pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini minimallashtirish va aholining turmushini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan hukumatning dadil choralari iqtisodiy faoliyatni barqarorlashtirishga yordam beradi.

Pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston islohotlar yoʻlini davom ettirayotganini biz eʼtirof etamiz. Bank sektorini isloh qilish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish boʻyicha asosiy qadamlar pandemiyaga qaramay, joriy yilda amalga oshirildi. Tarkibiy islohotlar ham izchil davom etmoqda va qishloq xoʻjaligi va uy-joy qurilishidagi bozor ogʻishuvlarini kamaytirmoqda. Biz Hukumatning islohotlar va COVID-dan keyingi kengayishni tiklash boʻyicha oldiga qoʻygan maqsadlarni oʻrinli va dolzarb deb bilamiz.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar ulkan va keng qamrovli boʻlsada, biz Hukumatning 2020 va 2021 yillarda iqtisodiyotni va aholining turmushini tiklash va islohotlarni davom ettirish maqsadini eʼtirof etamiz. deydi Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori.

Hukumat bank sektorini isloh etishni davom etar ekan, OTB banklarni qayta tashkil etish boʻyicha maslahatlarini kengaytirmoqda. Shuningdek xususiy sektorning ishchi kuchiga boʻlgan bozor talabini qondirish va ish bilan taʼminlashni yaxshilash boʻyicha Hukumatning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida OTB malakali kadrlarni tayyorlash borasida koʻmakni davom ettirmoqda.

“Biz kichik va oʻrta biznes rivojlanayotgan paytda ularni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqdamiz va bu Oʻzbekistonning xususiy tadbirkorligi va biznesning raqobatbardoshligini rivojlantirish boʻyicha say-haraktalariga mos keladi. OTB ning agro-logistika markazlarini rivojlantirishdagi koʻmagi Oʻzbekiston eksportini tiklash va diversifikatsiyalashga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, Osiyo taraqqiyot banki iqtisodiyotni tezroq tiklash va islohotlardan koʻzlangan maqsadlariga erishishda Oʻzbekistonning muhim rivojlanish hamkori boʻlib qolmoqda”, deydi Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ