| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil13 daqiqada oʻqiladi150 marta oʻqildi

Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi: Oʻzbekistonda pandemiyani yengib oʻtish uchun hamkorlikni chuqurlashtirish

OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvicini EO bilan eksklyuziv intervyusida joriy yil prognozining pasayishi sabablari, kelgusi yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotining dinamik oʻsishini kutish imkonini beradigan omillar, shuningdek, kredit berish loyihalarini tanlash prinsiplari va mamlakatdagi islohotlarning yangi bosqichi boshlanishi bilan hamkorlikning oʻziga xos xususiyatlari haqida gapirdi.

Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi: Oʻzbekistonda pandemiyani yengib oʻtish uchun hamkorlikni chuqurlashtirish

OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini bilan intervyu.

Bu yil OTB va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikga 25 yil boʻldi. Ushbu hamkorlik tarixidagi eng yorqin voqealarni va yirik loyihalarni koʻrsatish mumkinmi? 2017 yilda Oʻzbekistondagi islohotlarning yangi bosqichi boshlanishi bilan hamkorlikda yangi xususiyatlar va jihatlar paydo boʻldimi?

Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda 1995 yildan beri faoliyat yuritib kelyapti. Bunda biz rivojlanish sohasida Oʻzbekistonning asosiy hamkori boʻlib qolyapmiz.

OTB kam va oʻrtacha daromadli qishloq oilalari uchun 56000 dan ortiq uylar qurilishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Amaldagi dastur doirasida biz yana 14,5 mingta uyning qurilishida yordam beryapmiz.

OTB qishloq joylarda 793 oilaviy tibbiyot poliklinikasini ochishda va jihozlashda yordam berdi. 37,900 dan ortiq kichik va oʻrta korxonalar (ularning 32 foizini ayollar boshqaradi) OTB bilan hamkorlikda boʻlgan moliya institutlaridan tijorat kreditlari oldi.

Energiya sohasida OTB Talimarjon va Taxiatosh elektr stansiyalarini bugʻ-gaz uskunalarini qurishda va elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirishda qoʻllab-quvvatlamoqda. Shuningdek, u milliy elektr engergetika kompaniyasiga avtomatlashtirilgan hisoblagich tizimlarini oʻrnatish orqali moliyaviy barqarorlikni yaxshilashga yordam bermoqda.

OTB Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) yoʻlaklari boʻylab avtomobil va temir yoʻllar bilan bogʻliq loyihalarini moliyalashtirmoqda.

Suv taʼminoti va sanitariya xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha investitsiya dasturi doirasida 4800 dan ortiq uy xoʻjaliklari ishonchli suv taʼminotiga ulandi va 170 ming kishi sifatli oqava suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Ayni paytda OTB Qoraqalpogʻistondagi 116 qishloq aholi punktlaridagi 388 ming aholini xavfsiz suv bilan taʼminlash, Jizzax shahridagi kanalizatsiya tizimini kengaytirish va Toshkent viloyatida yangi ichimlik suvi tozalash inshootini qurish boʻyicha ish olib bormoqda. Shuningdek, biz 220 mingdan ortiq odam foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Chinoz tumanlarida suv taʼminoti tizimini kengaytirishda koʻmaklashmoqdamiz.

Besh viloyatdagi 3,2 milliondan ortiq aholi qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bilan taʼminlaydigan sugʻorish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega. OTB shuningdek, ekinlarni diversifikatsiyalashda, hamda Oʻzbekistonning bogʻdorchilik sohasidagi ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarida va infratuzilmasida va chorvachilikda qoʻshilgan qiymat zanjirlarida xususiy sektorning ishtirokini oshirishda yordam bermoqda.

OTB davlat va xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqda va bunday loyihalar jumlasiga Surxondaryo viloyatida quyosh energiyasi, Toshkent shahrida markazlashgan isitish tizimini modernizatsiya qilish va davlat maktablarini rekonstruksiya qilish, Namanganda suv va kanalizatsiya infratuzilmasini takominlashtirish loyihalari kiradi.

Biz qoʻllab-quvvatlayotgan har bir loyihada OTB Hukumat bilan Oʻzbekistonning atrof-muhit va ijtimoiy himoya choralarini kuchaytirish va xalqaro xaridlar, moliyaviy boshqaruv, korrupsiyaga qarshi kurash va gender tengligi borasidagi xalqaro amaliyot bilan muvofiqlashtirish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.

2017 yilda boshlangan islohotlar Oʻzbekiston bilan hamkorligimizni kengaytirdi. Endi bizning yordamimiz oʻz ichiga ilgarigidan ham koʻproq islohotlar boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga oladi. Energetika, avtomobil va temir yoʻllar, suv taʼminoti va kanalizatsiya, qattiq chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, davlat moliyasi, kapital va ipoteka kreditlash bozorlarini rivojlantirish sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashimizda Oʻzbekiston bizga ishonadi.

Osiyo taraqqiyot bankining mezonlari va yondashuvlariga muvofiq 2017 yilda qabul qilingan rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasini qanday baholaysiz? Sizningcha, u Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishining hozirgi bosqichi muammolarini yechishga qanchalik mos keladi? Uni ishlab chiqishda OTB mutaxassislari ishtirok etganmi?

Aytib oʻtganingizdek, 3 yil oldin Hukumat keng qamrovli va juda muhim iqtisodiy islohotlarni boshladi. 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qilish orqali Hukumat Oʻzbekistonning ushbu islohotlarga sodiqligini namoyish etdi. Garchi OTB strategiyani ishlab chiqishda bevosita ishtirok etmagan boʻlsada, u oʻz faoliyatini belgilangan ustuvor yoʻnalishlar bilan muvofiqlashtirdi.

OTB qarz taqdim etish uchun loyihalarni qanday mezonlar asosida tanlaydi?

Loyihalarimizni rejalashtirishda / loyihalar dasturlarini tayyorlashda biz suveren moliyalashtirish (davlatga taqdim etiladigan qarz asosida) uchun yangi loyihalarning qaysi biri ustuvor boʻlishini quyidagi bir necha mezonlar asosida aniqlaymiz:

  • Sektorni rivojlantirishga boʻlgan ehtiyoj.

  • Biz qoʻshish mumkin boʻlgan qoʻshimcha qiymat va imkoniyatlarimiz.

  • Loyihani amalga oshirish uchun maʼsul tegishli vazirlik va idoralarning oʻzlashtirish salohiyati.

  • Tashqi qarz olishda Hukumatning cheklovlari.

  • Taklif etilayotgan loyihalarning amalga oshirishga tayyorligi.

  • Loyihaga xususiy sektorni jalb qilish usullari.

Iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish OTB dasturlarida ustuvor yoʻnalish boʻlib hisoblanadi va biz bu masalalarni oʻz loyihalarimizda inobatga olishga harakat qilamiz. Masalan, biz iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgan suvni boshqarish boʻyicha loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Bandan tashqari, energetika sohasini isloh qilish dasturimiz chiqindilarni va qazib olinadigan yoqilgʻidan foydalanishni kamaytirish boʻyicha aniq siyosatni oʻz ichiga oladi.

OTB Oʻzbekistonga kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun muntazam ravishda karzlar ajratib turadi. Ushbu yoʻnalish haqida batafsilroq maʼlumot bering.

OTBning Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga koʻmagi borasida gapirar ekanmiz, 1996 yildan beri OTB Oʻzbekistondagi kichik va oʻrta korxonalarga (shu jumladan mikrofirmalarga) beshta moliyaviy vositachilik qarzi, salohiyatini oshirish boʻyicha beshta texnik koʻmak loyihasi va "Ipak Yoʻli Bank" ga oʻz kapital qoʻyilmalari orqali koʻmak koʻrsatdi. Ushbu chora-tadbirlar quyidagi maqsadlarda amalga oshirilmoqda: qishloqlarda bandlikni oshirish uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish; aylanma mablagʻlarni va asosiy vositalarni moliyalashtirish; ishtirok etuvchi moliya institutlari/ banklarining kichik va oʻrta korxonalarga xizmat koʻrsatish uchun kredit berish salohiyatini va xatarlarni baholash imkoniyatlarini oshirish. Ushbu loyihalar kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy, institutsional va moliyaviy islohotlarni jadallashtirish uchun siyosiy dialogda ishtirok etishning va ishtirok etuvchi moliya institutlarining subproyektlarni baholash va nazorat qilish, kredit xatarlarini boshqarish, moliyaviy axborotni oshkor qilish va korporativ boshqaruv boʻyicha salohiyatini oshirish zarurligini koʻrsatadi.

OTB hukumatga yangi kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish dasturini tayyorlashda koʻmak bermoqda. Ushbu dastur mamlakatning umumiy rivojlanish strategiyasiga muvofiq kichik va oʻrta korxonalarlar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yuqori qoʻshilgan qiymatli ish oʻrinlarini yaratish uchun katalizatorga aylanishi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. Taklif etilayotgan dastur soddalashtirilgan va moslashuvchan tartibga solish siyosati va institutsional bazani, diversifikatsiyalangan va arzon moliyaviy vositalarni, raqamli infratuzilmani, malakali ishchi kuchini yaratishga va kichik va oʻrta korxonalarning moliyaviy savodxonligi va malakasini oshirishga yordam beradi.

Bir yil oldin OTB 2019-2023 yillar uchun Oʻzbekiston bilan hamkorlikning besh yillik strategiyasini qabul qildi va mazkur strategiya inklyuziv va bozorga asoslangan iqtisodiy oʻsishga oʻtishda koʻmaklashishga qaratilgan. Iltimos, ushbu hamkorlik strategiyasi haqida batafsilroq maʼlumot bering. Uning asosiy jixatlari qanday? Oldingisidan qanday farq qiladi? U qanday zarurat asosida qabul qilindi va u ayniqsa hozir, pandemiya muammolari mavjud boʻlgan sharoitda qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda?

Oʻzbekistondagi islohotlarning umumiy maqsadi va jadvaliga muvofiq tarzda OTB Oʻzbekiston bilan 2019–2023 yillarda hamkorlik qilish strategiyasini qabul qildi. Ushbu strategik asoslarni belgilovchi hujjat doirasida OTB Oʻzbekistonga oʻtish davrida siyosiy maslahatlar, investitsiyalar va salohiyatni rivojlantirish orqali quyidagi uchta strategik yoʻnalish boʻyicha yordam bermoqda: xususiy sektorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash; iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish; mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani rivojlantirish. Oldingi strategiyadan farqli oʻlaroq, biz oʻz faoliyatimiz uchun aniqroq mamlakat boʻyicha maqsadlarini qabul qildik va bunda siyosatni isloh qilish boʻyicha maslahatlarni kuchaytirdik va bilimga asoslangan va tahliliy yechimlarning foydaliligini oshirdik. Hozircha biz 2023 yilga qadar strategiyaning kutilgan natijalariga erishish sari intilyapmiz. COVID-19 barcha mamlakatlarga salbiy taʼsir koʻrsatdi va Oʻzbekiston ham bundan istisno boʻlmadi. Biroq, hukumat pandemiya davomida izchil yondashuvni qoʻlladi va islohotlarga sodiqligini isbotladi. Xuddi shunday tarzda OTB ham rejalashtirilgan faoliyatini davom ettiradi va COVID-19 sharoitida islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Pandemiya boshqa koʻplab mamlakatlar singari Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga ham juda salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Pandemiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirini (agar iloji boʻlsa, boshqa mamlakatlar bilan qiyoslab) va uning oqibatlarini minimallashtirish boʻyicha hukumat tomonidan koʻrilayotgan choralarni qanday baholaysiz?

COVID-19, eksport tovarlariga talab va narxlarning pastligi Oʻzbekiston iqtisodiyotiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Pandemiya va tabiiy gaz va misga sust talab iqtisodiy oʻsishni toʻxtatdi. Zarur cheklovlar xizmat koʻrsatish, transport va savdo sohalaridagi faoliyatni susaytirdi. Qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalari oʻsib bormoqda, bu esa maʼlum darajada sanoatdagi pasayishni qoplaydi. Oʻz navbatida, nafaqat Oʻzbekiston iqtisodiy pasayish va ish oʻrinlarining qisqarishini kechiryapti. Biroq, Oʻzbekiston hukumati pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini minimallashtirish va odamlar daromadlarining kamayishini oldini olish uchun tegishli choralar koʻryapti.

Pandemiyaning dastlabki bosqichlarida hukumat epidemiyani kuzatib borish va aholining xabardorligini oshirish, xalqaro tashkilotlar va yuqumli kasalliklarni boshdan kechirayotgan mamlakatlar bilan aloqalarni oʻrnatish, sogʻliqni saqlash muassasalarining imkoniyatlarini kengaytirish va virusga qarshi kerakli dorilar va uskunalarni xarid qilish uchun Maxsus respublika komissiyasini tuzdi. Hukumat sogʻliqni saqlash sohasida strategik tayyorgarlik koʻrish va javob berishni taʼminlash milliy rejasini eʼlon qildi. Rejaning maqsadi: COVID-19 bilan kasallanganlarni aniqlash, ajratish va ularga yordam berish orqali va shu tarza kasallanish va oʻlim holatlarini kamaytirish orqali COVID-19 bilan bogʻliq favqulodda vaziyatni bartaraf etish; sogʻliqni saqlash tizimining intensiv terapiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha qisqa va uzoq muddatli salohiyatini kuchaytirish; jamoatchilik oʻrtasida COVID-19 bilan bogʻliq favqulodda vaziyatni qanday hal qilish toʻgʻrisida samarali tushuntirish ishlarini olib borish; rasmiy sektor ishchilari uchun ishsizlik nafaqalarini kengaytirish; ishdan boʻshatilgan ishchilarning ish haqi uchun kompaniyalarga subsidiyalar berish; zaif uy xoʻjaliklari va jismoniy shaxslarga pul oʻtkazmalarini kengaytirish. Hukumat bir mlrd. AQSh dollarlik Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etdi va sogʻliqni saqlash, iqtisodiyotni barqarorlashtirish va ijtimoiy himoya qilish sohalarida choralar koʻrdi.

Biz COVID-19ning salomatlik va iqtisodga boʻlgan taʼsirini kamaytirish boʻyicha hukumatning harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz. OTB hukumatning inqirozga qarshi choralari uchun byudjet yordamini taqdim etdi va tibbiyot sohasidagi yangi shoshilinch loyihani tasdiqladi. Ushbu mablagʻlar sogʻliqni saqlash tizimining salohiyatini kuchaytiradi, ish joylarining yoʻqolishini minimallashtirish uchun tadbirkorlikni barqarorlashtiradi va kam taʼminlangan uy xoʻjaliklari va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun mavjud ijtimoiy xavfsizlik choralarini kengaytiradi.

Mintaqa (Markaziy Osiyo) nuqtai nazaridan Oʻzbekistonning rivojlanishini qanday tasavvur qilasiz? Ushbu yoʻnalishda hamkorlik kanday shakllarda rivojlanadi deb oʻylaysiz?

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturining asosiy ishtirokchisidir. Oʻz navbatida OTB MOMIH kotibiyati vazifasini bajaradi. MOMIH natijalarga asoslangan amaliy mintaqaviy loyihalar va mintaqada barqaror iqtisodiy oʻsish va umumiy farovonlik uchun muhim boʻlgan siyosiy tashabbuslarning faol koordinatoridir.

MOMIH dasturining maqsadi boʻlib "yaxshi qoʻshnilar, yaxshi sheriklar va yaxshi istiqbollar" tamoyili asosida hamkorlik orqali aʼzo davlatlarda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash xisoblanadi. MOMIH-2030 strategiyasi umumiy va barqaror rivojlanishga erishish maqsadida odamlar, siyosat va loyihalar oʻrtasidagi aloqani yaxshilash orqali mintaqada iqtisodiy hamkorlik ufqlarini kengaytirishga qaratilgan.

MOMIH-2030 besh operatsion klasterga qaratilgan: (i) iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik; (ii) savdo, turizm va iqtisodiy yoʻlaklar; (iii) infratuzilma va iqtisodiy aloqalar; (iv) qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish; (iv) inson salohiyatining rivojlanishi. MOMIH faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning integratsiyasi ham alohida ustuvor vazifa sifatida belgilangan. MOMIH mamlakatlari savdo va tijorat markaziga aylanish, iqtisodiy oʻsishning yuqori darajalariga erishish va qashshoqlikni kamaytirish uchun misli koʻrilmagan imkoniyatga ega. Ushbu istiqbollar kengroq global tendensiyalar, shu jumladan Yevroosiyo qitʼasining qayta integratsiyalashuvi bilan chambarchas bogʻliqdir. Bunday integratsiya Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi yaxshi aloqalarga boʻlgan real va oʻsib borayotgan talabning bir qismidir.

Koronavirus kasalligining (COVID-19) tarqalishi jiddiy mahalliy, mintaqaviy va global iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi. COVID-19 jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan boʻlsa-da, ayni vaqtda inqiroz MOMIHga aʼzo davlatlar uchun koordinatsiyani yaxshilash, ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar uchun xarajatlarni kamaytirish va soliqqa tortiladigan daromadlarni koʻpaytirish uchun misli koʻrilmagan ragʻbat beradi.

25 iyun kuni Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Oʻzbekistonga 500 mln. AQSh dollari miqdorida mablag ajratilishini maʼqulladi. Iltimos, bu haqda batafsilrok maʼlumot bering. Ushbu mablagʻlar qaysi maqsadlarga yoʻnaltiriladi? OTB 2020 yilda qancha miqdorda va Oʻzbekiston iqtisodiyotining qaysi sohalariga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda?

Men yuqorida byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan ushbu karz haqida aytib oʻtdim. 13 aprel kuni OTB aʼzo davlatlari uchun COVID-19 pandemiyasini yengish va uning ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini yumshatish uchun yordam berish uchun COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash choralari doirasida 20 mlrd. dollarlik yordam paketini tasdiqladi.

Ushbu yordam paketi doirasida OTB Oʻzbekistonga 500 mln. dollar miqdorida karzni tasdiqladi va shu tarzda u pandemiyaga qarshi kurashda mamlakat bilan yaqin hamkorlik qilishga sodiqligini namoyish etdi.

Asosiy maqsad – Oʻzbekiston hukumatiga COVID-19 pandemiyasining sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va jamiyatga salbiy taʼsirini oʻz vaqtida va samarali ravishda yumshatish uchun byudjet yordamini taqdim etishdir. Dasturning maqsadi boʻlib sogʻliqni saqlash tizimining salohiyatini kuchaytirish, ish oʻrinlarini yoʻqotilishini minimallashtirish uchun tadbirkorlikni barqarorlashtirish va inqirozga qarshi choralarni moliyalashtirishga yordam berish va kam taʼminlangan uy xoʻjaliklari va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qoʻllab-quvvatlash uchun mavjud ijtimoiy himoya choralarini kengaytirish xisoblanadi.

OTB yordamining muhim komponentlaridan biri – bu hukumatning sogʻliqni saqlash sohasidagi javob berish rejasini qoʻllab-quvvatlash boʻlib, u sogʻliqni saqlash sektorining salohiyatni oshirishga qaratilgan va unga COVID-19ning toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiriga uchragan tibbiyot xodimlariga xavfli sharoitda ishlash uchun toʻlovlar koʻrinishidagi ish haqi mukofotlari kiradi.

2020 yildagi boshqa yangi loyihalarimizga energetika, transport, moliya va sogʻliqni saqlash kabi strategik sohalardagi loyihalar kiradi.

Iyun oyida OTB 2020 yildagi Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishini 1,5% darajasida prognoz qildi va sentyabr oyida ushbu koʻrsatkich boʻyicha prognoz 0,5%ga tushirildi. Oʻz navbatida, sentyabr oyidagi prognozga muvofiq, yalpi ichki mahsulot, ilgarigi – iyun oyidagi prognozdagidek, 2021 yilda 6,5% gacha oʻsadi. Joriy yil prognozining pasaytirilishiga nima sabab boʻldi va qanday omillar kelgusi yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotining bunday dinamik oʻsishini kutishimizga asos boʻladi?

Yilning birinchi yarmi uchun iqtisodiy maʼlumotlar koʻra, pandemiya va u bilan bogʻliq cheklovlar iqtisodiyotga biz kutganimizdan koʻra jiddiyroq taʼsir koʻrsatdi. Natijada biz 2020 yil boʻyicha oʻsish prognozimizni pasayish tomon qayta koʻrib chiqdik. Cheklovlar, talabning pastligi va uglevodorodlarning arzonlashuvi oʻsishni deyarli toʻxtab qoldi va bunda sanoat va xizmatlar sektorlari eng katta zarar koʻrdi. 2021 yil uchun oʻsish suratlarini prognoz qilishda biz fiskal ragʻbatlantirish choralari toʻplamini, avgust oyida cheklovlarning yumshatilishini va 2020 yil oxiriga qadar korxonalarda, ayniqsa davlat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarini toʻliq tiklashga qaratilgan harakatlarni inobatga oldik. Bundan tashqari, biz bu yil YaIMning past darajasini va kelgusi yil uchun oʻsish prognozlarimizda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasida kutilayotgan tiklanishni hisobga oldik. Biz iqtisodiy koʻrsatkichlarni kuzatishni davom ettirmoqdamiz va prognozlarimizni shunga mos ravishda toʻgʻrilab boramiz.

Video-intervyu davomida siz Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan 2020-2021 yillarda iqtisodiy oʻsishni tiklash va islohotlarni davom ettirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi borasida fikringizni bildirar ekansiz, pandemiya davomida va u tugaganidan keyingi davrda Oʻzbekiston iqtisodiyotini tiklashda bank qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanligini taʼkidladingiz. Ushbu yoʻnalishda ayni qanday loyihalar rejalashtirilmoqda?

Keyingi uch yil uchun biz malaka oshirish, xalq taʼlimi, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, moliya bozorlarini rivojlantirish, energetika, transport, suv xoʻjaligi, suv taʼminoti va kanalizatsiya, shaharsozlik va sogʻliqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirdik. Infratuzilma loyihalari fuqarolarning hayotini yaxshilaydi va xususiy sektorni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratib, iqtisodiy oʻsishga yordam beradi. Kichik va oʻrta tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish va moliyaviy bozorlarni rivojlantirish loyihalari COVID-19 holatiga javoban iqtisodiy oʻzgarishlarni bevosita tezlashtirishga qaratilgan.

Koronavirus (COVID-19) pandemiyasi mavjud boʻlgan sharoitda dunyo iqtisodiyotining hozirgi holatiga qanday baho berasiz? OTB faoliyat yuritayotgan qaysi mamlakatlarga pandemiyaning taʼsiri kuchliroq boʻldi va qaysi birllariga kamroq boʻldi? Shuningdek, jahon iqtisodiyoti va Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy sheriklari iqtisodiyotining qisqarishi Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi tiklanish jarayonlariga qay darajada toʻsqinlik qilishi mumkin?

Biz global iqtisodiyotda keskin pasayish yuz berishiini kuzatmoqdamiz, biroq kelasi yil uning tiklanishi extimoli katta. Yevrozona mamlakatlari iqtisodiyoti oʻtgan yilga nisbatan 14,7 foizga, AQSh iqtisodiyoti esa 9,1 foizga qisqardi. Rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlaridagi oʻsish ham keskin pasayib ketdi va mintaqaning bir qator mamlakatlarida 1997-1998 yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozidan beri birinchi marta choraklik qisqarish qayd etildi. Pastga tushish alomatlari asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarning yaxshilanishi bilan namoyon boʻldi. Biroq ular aksariyat mamlakatlarda pandemiyagacha boʻlgan koʻrsatgichlardan pastroq darajadadir. Mintaqada isteʼmolchilar va investorlarning ishonchi susaygan boʻlib qolmoqda. Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlaridagi inflyasiya talabning pasayishi va oziq-ovqat narxlarining pasayishi hisobiga ushlab turilmoqda.

Osiyo taraqqiyot bankining "Osiyo taraqqiyoti istiqbollari" nashrining sentyabr oyidagi yangilagan maʼlumotlariga koʻra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 2020 yilda YaIM oʻsishi eng past boʻlgan mamlakatlar - bu Maldiv orollari (-20,5%), Fidji (-19,8%) va Qirgʻizistondir. (-10.00%). Oʻz navbatida, bu yil YaIM oʻsishining eng yuqori surʼatlari Bangladesh (5,2%), Turkmaniston (3,2%) va Butanda (2,4%) kuzatildi.

Jahon yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar va pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar tufayli Oʻzbekiston COVID-19 pandemiyasi oldida ayniqsa zaifdir, chunki u mintaqaviy savdo va tijorat markazi sifatida oʻz mavqeidan foyda koʻradi. Bundan tashqari, chet elda, ayniqsa Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonda ishlayotgan koʻplab xalqaro sayohatchilar va mehnat muhojirlari mavjud. Uzoq davom etadigan global pandemiya Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsir koʻrsatishni davom etadi, ammo hukumat, yuqorida aytib oʻtganimdek, pandemiyaning iqtisodiyot va sogʻliqqa salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini koʻrmoqda.

Sizningcha, global iqtisodiyot qancha vaqt ichida tiklanadi?

Menimcha, bu savolga hech kim javob berolmaydi. Dunyoda COVID-19ning ikkinchi toʻlqini boshlandi va u qachon tugashini biz bilmaymiz. Iqtisodiy tiklanish koʻplab omillarga bogʻliq boʻlib, bular jumlasiga pandemiyaning tugashi, uning intensivligi, hukumatlarning ikkinchi toʻlqinga qarshi kurashishda qanday choralar koʻrishlari (cheklovlarni qaytadan oʻrnatilishi yoki boshqa choralar), vaksinalarning paydo boʻlishi va ularndan foydalanish imkoniyatining mavjud boʻlishi kiradi.

Ziyoda Rizayeva suhbatlashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ