| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Intervyu8 daqiqada oʻqiladi166 marta oʻqildi

Botir Usmonov: Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini mazmunan sifatli deb boʻlmaydi

Koʻpgina rivojlangan mamlakatlar, shu jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh, Yevropa mamlakatlari ilm-fanni rivojlantirish orqali oʻz mamlakatlarini iqtisodiy oʻsishga erishgan. Mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy qilish orqali iqtisodiy oʻsishga erishish mumkin, deydi Iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari Botir Usmonov

Botir Usmonov: Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini mazmunan sifatli deb boʻlmaydi

Joriy yilning 12 avgustida “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar, chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti rektori Botir Usmonov bilan suhbatimiz qaror boʻyicha olib boriladigan ishlar, ilm-fan, taʼlim, kimyo va biologiya fanlari rivojiga eʼtibor qaratish davlat rivoji uchun qanchalik dolzarbligi toʻgʻrisida boʻlib oʻtdi.

1. Sizningcha, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etilishi qanchalik dolzarb? Bu tizim keyinchalik qanday samara beradi?

Avvalam bor kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi bolani maktab yoshidan maʼlum sohaga yoʻnaltirish imkonini beradi. Bu esa oʻz navbatida shu tarmoqda yetuk mutaxassislar yetishib chiqishiga katta turtki boʻladi. Bu nafaqat Oʻzbekiston balki, dunyoning rivojlangan mamlakatlar tajribasidan oʻtgan islohotligi hammaga maʼlum. Maktablarni aynan kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirish mamlakatimizning shu tarmoqlardagi keng potensialidan unumli foydalanish uchun yetuk kadrlar tayyorlashda ilk poydevorni mustahkamlashni anglatadi. Ayniqsa, bugungi kunda kimyo sanoatining iqtisodiyotda tutgan oʻrni nihoyatda muhim. Kimyo sanoati mashinasozlik bilan bir qatorda zamonaviy sanoatning eng dinamik sohasi boʻlib, ilmiy-texnika inqilobining avangard tarmoqlaridan biridir. Bugungi kunda bu yoʻnalish boʻyicha yetuk mutaxassislarga katta ehtiyojimiz borligi hech kimga sir emas. Maʼlumki ulkan qadamlar yaxshi mutaxassislar orqali tashlanadi. Oʻrtamiyona kadrlar bilan katta qadam tashlab boʻlmaydi. Yuqoridagilarni inobatga oladigan boʻlsak, kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi bugungi davrning eng katta talablaridan biridir.

2. Kimyo va biologiya fani boʻyicha olimpiadada 1-3-oʻrinni egallagan talabalarni oʻqishga imtihonsiz qabul qilish tizimi sizningcha oʻzini oqlaydimi?

Maʼlumki, Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning qarori bilan 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy taʼlim muassasalari umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinflari oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazish va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasining mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qilinishi belgilandi. Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning, umuman dunyo mamlakatlari islohotlarining aksar qismi mamlakat iqtisodiy holatini yanada yaxshilashga qaratiladi. Xususan, ushbu qaror mohiyatida ham mamlakatning kimyo sanoatiga yetuk kadrlar tayyorlash orqali mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qoʻshilishi reja qilingan. Albatta, fan olimpiadalari gʻoliblarining bu tarzda qoʻllab quvvatlanishi ularni yanada ruhlantiradi. Buning natijasida biz elita talabalarga ega boʻlamiz. Elita talabalardan esa elita mutaxassislar tayyorlanadi.

3. Bugungi kunda ilm-fan rivojiga eʼtibor qaratish davlat rivoji uchun qanchalik dolzarb boʻlib turibdi?

Maʼlumki, koʻpgina rivojlangan mamlakatlar, shu jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh, Yevropa mamlakatlari ilm-fanni rivojlantirish orqali oʻz mamlakatlarini iqtisodiy oʻsishga erishgan. Mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy qilish orqali iqtisodiy oʻsishga erishish mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda intellektual mulk bozori yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, startaplar va innovatsiyalar bugun ishilab chiqarishga jadal kirib bormoqda. Shu sababli, ilm-fan rivojiga katta eʼtibor qaratish, innovatsiyalarni chet davlatlardan emas, oʻzimizda yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish iqtisodiy samaradorlikka erishishga olib keladi.

4. Kimyo va biologiya fanlariga eʼtiborni yanada kuchaytirishga qanday qaraysiz? Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda Oʻzbekistonda bu sohada oʻsish va rivojlanish qay darajada?

Ushbu fanlar asosida mamlakat hayotining bir qancha tarmoqlari qurilgan. Tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, kimyo sanoatlarini bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Birgina misol, hozirda butun dunyoga xavf solib turgan Covid-19 pandemiyasi mamlakatimizda tibbiyot va farmatsevtika sohasiga eʼtiborni kuchaytishimiz eng dolzarb masalalardan ekanligini koʻrsatib qoʻydi. Shu birgina misolni oʻzidanoq kimyo, biologiya fanlariga eʼtibor qaratishimiz qanchalik muhim ekanligini anglatadi. Bugungi kunga qadar maktablarda matematika, kimyo, fizika va biologiya boʻyicha amaliy mashgʻulotlar uchun oʻquv vaqtining atigi 10% ajratilgan, rivojlangan mamlakatlarda esa bu koʻrsatkich 30-50%ni tashkil etadi. Ayni shu koʻrsatkichni yanada koʻtarish, rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetib olish uchun bugun mamlakatimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019/2020 oʻquv yilida Prezidentimiz qarorlari bilan institutning Shahrisabz va Yangiyer filiallari tashkil etildi, 2019/2020 oʻquv yilidan ushbu filiallarga “Kimyoviy texnologiya” va “Oziq-ovqat texnologiya” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha abituriyentlar qabul qilina boshlandi. Keyingi oʻquv yilidan institutning Angren filialiga ham abituriyentlar qabul qilinadi. Koʻrinib turibdiki, hududlarda kimyo va oziq-ovqat sanoatlari rivojlanib borgan sari malakali kadrlarga ehtiyoj tugʻilmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini chuqur oʻqitilishi OTMlarda sanoat korxonalariga malakali kadrlarni yetishtirishda, keyinchalik yetuk ilmiy xodimlarni tayyorlashda, start-ap loyihalari, innovatsion loyihalari mualliflarini tayyorlashda muhim omil sanaladi.

5. Kimyo va biologiya fanlari qaysi sohalar uchun oʻta muhim hisoblanadi. Sizningcha bu fanlarni hamma birdek bilishi kerakmi?

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, kimyo va biologiya fanlari farmatsevtika, oziq-ovqat, neft va gazni qayta ishlash, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, togʻ-kon sanoati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiyotning turli tarmoqlarida oʻta muhim hisoblanadi. Albatta, bu fanlarni hamma birdek bilishi shart emas. Chunki bu fanlar oʻta murakkab fanlar hisoblanadi. Birgina kimyo fanining oʻzi oʻz ichida kalloid kimyo, fizikaviy kimyo, umumiy noorganik kimyo, organik kimyo kabi bir necha turlarga boʻlinib ketadi. Shuning uchun ham yetishib chiqayotgan avlod ushbu murakkab fanni oʻzlashtirishga bir qadar tayyor boʻlib kelishi va mustahkam poydevorga ega boʻlishi uchun kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochilishi ayni muddaodir.

6. Kimyo va biologiya fanlarida taʼlimi berish, darsliklar holati qanday, kamchiliklar haqida nima deya olasiz?

Bugungi kunda respublikamizda 10000 dan ortiq umum taʼlim maktablari mavjud boʻlib, ularning barchasida ham kimyo va biologiya fanlarini oʻqitish uchun moddiy-texnika bazasi yetarli emas, qolaversa, ushbu fanlardan malakali oʻqituvchilar ham kam.

Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini ham mazmun jihatdan sifatli deb boʻlmaydi. Ushbu darsliklarni jahon standartlariga javob beradigan, xorijiy adabiyotlardan foydalangan holda qayta tayyorlash juda muhim. Prezidentimiz qarori bilan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy taʼlim muassasalarining 55 ta kafedralarini biriktirish, oliy taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya yoʻnalishlarida samarali oʻquv jarayonini tashkil etish, fanlarni rivojlantirish uchun ularning 74 ta kafedralariga 11 ta Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish vazifasi yuklatildi.

7. Bu sohada yetakchi olimlar yoshlarga taʼlim berishi qanday amalga oshiriladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorining ijrosini taʼminlashda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalaridan yetuk professor-oʻqituvchilarning oʻquvchilarga taʼlim berishiga erishiladi. Bunda haftaning maʼlum bir kuni ochiq darslar, seminarlar, laboratoriya darslari, vebinarlar tashkil etiladi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti misolida oladigan boʻlsak, “Goʻsht, sut va konservalangan mahsulotlar texnologiyasi” kafedrasiga Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 116-maktab, “Biotexnologiya” kafedrasiga Olmazor tumanidagi 28-son umumtaʼlim maktabi biriktirilgan boʻlib, bu maktablarda taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida institutimizning yetuk professor-oʻqituvchilari hamda iqtidorli talabalari taʼlim jarayoniga jalb etilmoqda.

Xorijdan mutaxassislar jalb qilinadimi?

Xorij tajribasi, ayniqsa, ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi juda muhim omil albatta. Bunda oʻz tajribamizni misol qilib keltiradigan boʻlsak, oʻtgan davr davomida ham biz xorij bilan qizgʻin munosabatlar oʻrnatganmiz. Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Bolgariya, Latviya, Chexiya, Daniya, Belorussiya, Ruminiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan xalqaro aloqalarimiz bor. Misol qilib oladigan boʻlsak, Belorus Respublikasining Mogilyov davlat oziq-ovqat universiteti, Belorus davlat texnologiya universiteti va Rossiya Federatsiyasining Qozon (Volga boʻyi) Federal universitetlari bilan qoʻshma dasturlarimiz bor. Bu dasturlarda oʻqigan talabalar ham Toshkent kimyo-texnologiya institutining ham hamkor oliy taʼlim muassasasining diplomiga ega boʻladi. Eng muhim taraflaridan biri, oʻquv muddatining teng yarmini xorijda oʻqiydi. Bu esa yoshlarimiz uchun katta tajriba toʻplash imkonini beradi.

Zamonaviy ta’lim dasturlari kiritiladimi?

Albatta, taʼlim zamon bilan hamnafas yurmasa, rivojlanish ham orta qolib ketaveradi. Bu borada davlatimiz tomonidan bir qancha choralar koʻrilmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi 2020 yil 1 dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtirish choralarini koʻrishi zarurligi belgilab qoʻyildi. Ushbu maktablarda kimyo va biologiya fanlari chuqurlashtirilgan holda maqsadli oʻqitiladi. Kimyo va biologiya fanlarini oʻqitishning zamonaviy taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi va oʻquv jarayoniga joriy etiladi.

Yoshlar ilmiy laboratoriyalarga jalb qilinadimi?

Kimyo sohasini laboratoriyalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Umuman kimyo va biologiyani rivojlantirishni maqsad qilgan ekanmiz eng birinchi masala bu moddiy texnik baʼzani yaxshilash boʻladi. Bunda esa bevosita zamonaviy laboratoriyalar bilan taʼminlanish birinchi darajadagi ehtiyojdir. Bu borada ham kerakli chora tadbirlar koʻrilmoqda. Birgina Toshkent kimyo-texnologiya instituti misolida oladigan boʻlsak, Jahon banki tomonidan ajratilgan grantlar asosida joriy yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining 4 ta kafedrasiga “Gidravlika”, “Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi”, “Oziq-ovqat xavfsizligi”, “Issiqlik texnikasi” fanlaridan zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari keltirildi. Qolaversa, homiylar tomonidan 3 ta laboratoriya xonasi yangidan taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi. Yoshlarga zamonaviy bilim berish borasida muntazam oʻquv dasturlari xorijiy tajribadan foydalangan holda takomillashtirib borilmoqda. Institutimizga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litsey va texnikum oʻquvchilari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etiladi, iqtidorli oʻquvchilar yetuk professor-oʻqituvchilarimizga biriktiriladi va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilinadi.

Xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik koʻrish tizimi takomillashtiriladimi?

Albatta, xalqaro olimpiadalar bu katta tajriba boʻlishi bilan bir qatorda juda katta motivatsiya hamdir. Kimyo sohasi boʻyicha yetishib chiqayotgan yosh kadrlar xalqaro maydonda ham oʻzlarini koʻrsatishni istashi tabiiy hol. Bunday olimpiadalarni Oʻzbekistonda tashkil etilishi esa har tomonlama manfaatli boʻladi. Oʻzbekistonlik oʻquvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalarda koʻrsatayotgan natijalari juda yuqori. Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida yoshlarimiz oltin, kumush, bronza medallarini qoʻlga kiritib qaytayotgani judayam bizni quvontiradi. Mana shunday yutuqlarni oliy taʼlim darajasida ham qoʻlga kiritishimiz kerak. Ayni paytda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalarini oʻtkazilishi maʼqullandi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab kimyo va biologiya fanlari boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarga oʻquv yili davomida oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilash tartibi joriy etiladi. Kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Xalqaro olimpiadalarni yuqori saviyada oʻtkazish va ularga yoshlarimizning tayyorgarligini yanada oshirishga katta eʼtibor beriladi. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi kabi yuqori tashkilotlar jiddiy ishlar olib bormoqda.

Latofat Boʻriyeva suhbatlashdi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ