Biznesni qoʻllab-quvvatlashdan banklarni xususiylashtirishgacha
XMKning Markaziy Osiyo, Armaniston va Gruziya davlatlari moliyaviy bozoridagi sarmoyalar boʻyicha rahbari Galina Klimenko "Ekonomicheskoye obozreniye" jurnaliga Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) Oʻzbekiston moliya sektoridagi faoliyati toʻgʻrisida hisobot berdi.

Iltimos, XMKning Oʻzbekiston moliyaviy sektoridagi faoliyati haqida soʻzlab bersangiz
XMKning Oʻzbekistondagi asosiy faoliyat yoʻnalishi inklyuziv moliyaviy xizmatlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Bizning moliya tashkilotlari bilan hamkorligimiz moliyaviy institutlar va umuman moliyaviy tizimning mustahkamlanishiga koʻmak berdi. Oʻzaro hamkorlik bizga oʻzimiz alohida amalga oshirishimiz mumkin boʻlganga qaraganda koʻproq kichik va oʻrta korxonalarga (KOʻK) yordam qilishga imkon berdi. Masalan, "Ipak Yoʻli" AITB bilan va bizning uzoq muddatli hamkorimiz "Hamkorbank" ATB bilan birgalikda biz kichik biznesga mahalliy valyutada kredit ajratishni koʻpaytirish ustida ishlamoqdamiz. Ilgariroq, mart oyida biz "Ipak Yoʻli" AITB ga valyuta tavakkalchiliklarini samaraliroq boshqarish va KOʻK ni milliy valyutada moliyalashtirishni orttirish imkonini beruvchi kelishuvni imzoladik. Kelishuvga asosan, XMK va "Ipak Yoʻli" AITB Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) bilan bosh kelishuvga asosan valyuta svoplari amaliyotlarini oʻtkazadi. Bu bankka oʻz resurslarini xorijiy valyutada xedj qilish (sugʻurtalash) va oʻz aktivlari va passivlarini muvozanatini samaraliroq taʼminlash imkonini beradi.
Biz yaqinda "Ipak Yoʻli" AITB va "Ipoteka-bank" ATIB uchun Oʻzbekistondagi eksportchilar va importchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun tijoriy moliyalashtirish liniyasini taqdim etdik. Hozirda biz "DAVR BANK" XATB uchun mikro-, kichik va oʻrta korxonalarni (MKOʻK) va ayol tadbirkorlarni, ushbu korxonlarning oʻsishiga yordam berish va yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun moliyalashtirish maqsadida 5 million AQSh dollari miqdorida mahalliy valyutada qarz berishga tayyorgarlikni yakuniga yetkazish arafasidamiz. Oʻzbekistonda birinchi bor XMK ayollar boshqaruvidagi va qaramogʻidagi korxonalarga alohida mablagʻ ajratmoqda.
Biz shuningdek, biznesni keng koʻlamli moliyaviy xizmatlar va kerakli mablagʻlar bilan taʼminlaydigan raqobatbardosh va yaxshi kapitallashgan xususiy bank sektorini rivojlantirishga ham yordam bermoqdamiz. Undan tashqari, biz hozirgina "Ipoteka-bank" ATIB bilan 35 million AQSh dollariga teng miqdordagi oʻzbek soʻmida bankni xususiylashtirishni qoʻllab-quvvatlash va KOʻKni kreditlashni koʻpaytirish maqsadida eʼtiborga molik kelishuvni imzoladik. Ushbu bitim "Ipoteka-bank" ATIB bank amaliyotlarini tijoratlashtirish maqsadida soʻnggi uch yilda transformatsiya qilish va tijoriy raqobatbardosh xususiy bankka aylanish boʻyicha amalga oshirgan ulkan ishlari natijasi hisoblanadi.
Bizning Oʻzbekiston Markaziy banki (OʻMB) va moliyaviy institutlar bilan hamkorlikdagi maslahat loyihalarimiz normativ-huquqiy bazani isloh qilish va rasmiy bank sektori tomonidan yetarlicha xizmat koʻrsatilmayotgan aholini qamrab olish maqsadida moliyaviy xizmatlar sohasida innovatsiyalarni tatbiq qilish ustida ish olib bormoqdalar. Oʻzbekistonda yaqinda chet ellik strategik sarmoyadorlar va mahalliy banklar ishtirokida taʼsis etilgan kredit byurosi sezilarli yutuq hisoblanadi. Kredit byurosini tashkil etish hukumat tomonidan XMK koʻmagida amalga oshirilgan kredit maʼlumotlari tizimi islohotiga asoslangan. Zamonaviy kredit byurosi banklarni toʻla-toʻkis va eng soʻnggi maʼlumotlarni yetkazish boʻyicha oʻta ahamiyatli institutsional infratuzilma bilan taʼminlaydi. Bu esa oʻz navbatida sarmoyalar hajmini oshirish va tijorat banklari mahsulotlari va xizmatlari koʻlamini kengaytirish uchun imkoniyatlar ochishda yordam beradi.
Yana bir muhim bosqichga Jahon banki guruhi koʻmagida ishlab chiqilgan va Oʻzbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga yordam beradigan toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi asosiy qonun qabul qilinishi bilan erishildi. Shu munosabat bilan biz OʻMB bilan raqamli moliyaviy xizmatlar sohasida islohotlar strategiyasini ishlab chiqish, "Oʻz mijozingni bil" (KYC) masofaviy uslubi, agent-banklar, elektron pullar, regulyativ "qumdon" boʻyicha normativ hujjatlarni tayyorlash, shuningdek, aholi orasida raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirish ustida ishlamoqdamiz. XMK shuningdek raqamli moliyaviy xizmatlar va moliyaviy texnologiyalar sektoriga sarmoya kiritish uchun imkoniyatlar yaratishning boshlangʻich bosqichida turibti. Biz yana masʼuliyatli moliyaviy inklyuzivlik, moliyaviy muassasalar tomonidan MKOʻK va jismoniy shaxslarga taqdim etilayotgan omonat mahsulotlari va samarali kreditlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ustida ishlamoqdamiz.
Siz "Ipoteka-bank" ATIB transformatsiyasini eslab oʻtdingiz. Ushbu loyiha va undagi XMKning roli haqida batafsil maʼlumot bera olasizmi?
2016 yilda hukumat XMKga bir necha davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlashga yordam berish boʻyicha murojaat qilgan edi. Biz 2017 yildan boshlab "Ipoteka-bank" ATIB bilan hamkorlikni boshladik va uning dastlabki xususiylashtirilishi boʻyicha maslahat xizmatlarini taqdim etdik. Biz bankni baholashdan boshladik va institutsional transformatsiya uchun majmuaviy reja ishlab chiqdik. Ushbu jarayon korporativ boshqaruv, tavakkalchiliklarni boshqarish hamda amaliyot tartib-qoidalarida sezilarli institutsional oʻzgarishlarni talab etadi. Ushbu oʻzgarishlarning barchasi bankning tijoriy faoliyatini puxta oʻylangan biznes-model bilan taʼminlash va MKOʻK qamrovini va chakana bank xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan.
XMK maslahatlari va tavsiyalari "Ipoteka-bank" ATIB da sezilarli oʻzgarishlarga olib keldi, bankning xususiylashtirishdan oldingi transformatsiyasi esa xususiylashtirilishi rejalashtirilgan boshqa davlat banklari uchun eng yaxshi amaliyot modeli vazifasini oʻtab berdi. Men ushbu jarayondagi XMKning muhim rolini alohida qayd etib oʻtishdan xursandman. Bizning sarmoyalarimiz bankning keyingi takommilashishiga va uning tijoriylashtirilishi va xususiylashtirilishini yakunlashga turtki boʻladi. KOʻKlarni moliyalashtirishdan tashqari, "Ipoteka-bank" ATIB transformatsiyasi xususiy sarmoyadorlarning Oʻzbekiston bank sektorida faolroq ishtirok etishiga yordam beradi.
Davlat banklarining xususiylashtirilishi qanday qilib mamlakat moliyaviy sektorini yaxshilaydi?
Davlat banklari mamlakat bank sektoridagi 50 foizga yaqin aktivlarni tashkil etadi. Davlat sektorining bunday faolligi bozorga salbiy taʼsir oʻtkazadi va Oʻzbekistonga KOʻK, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi kabi mamlakatning muhim iqtisodiy sohalarini moliyalashtirishdagi boʻshliqlarni yoʻqotishga halal beradi.
Shu munosabat bilan, yaqinda tasdiqlangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi hukumatning sektordagi ulushini kamaytirish boʻyicha boʻyniga olgan majburiyatining dalili hisoblanadi. Mamlakat Prezidentining qaroriga koʻra, Oʻzbekiston keyingi besh yil davomida oltita bankni davlat aksiyalari paketini sotish orqali toʻliq xususiylashtirish rejalashtirmoqda. Buning natijasida Oʻzbekiston hozirda kuchli bank sektorini yaratishning yaxshi salohiyatiga ega.
Xususiy kapitalning davlat banklariga kirib kelishi va ularning toʻliq xususiylashtirilishining uygʻunligi kreditlash hajmini oshiradi va banklar bilan birga ularning mijozlariga ham foyda keltiruvchi xususiy kapital, jahon tajribasi hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qiladi. Joʻshqin, samarali va yaxshi kapitallashtirilgan xususiy bank sektori kambagʻallik darajasini pasaytirishga sabab boʻladigan sarmoyalar oqimini kuchaytiradi.
XMK barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish uchun asos yaratuvchi Oʻzbekistondagi yangilanish va xususiylashtirishning tarixiy jarayonida koʻtarinki ruh bilan ishtirok etmoqda. Shuning uchun biz borgan sari ham maslahatchi, ham sarmoyador sifatida ushbu jarayonni qoʻllab-quvvatlamoqdamiz.
Bank sektorida, "Ipoteka-bank" ATIB bilan birga biz KOʻK va ushbu soha ishchilarini moliyalashtirishning strategik yondashuvini ishlab chiqish boʻyicha yana "Oʻzsanoatqurilishbank" ATBga ham maslahatlar bermoqdamiz. Undan tashqari, biz yana ushbu bankni Markaziy Osiyoda yashil moliyalashtirish imkoniyatiga ega birinchi bank sifatida ilgari surishga ham yordam bermoqdamiz. Ushbu maslahat dasturi hozirda muhokama qilinayotgan yirik sarmoyalar uchun asos hisoblanadi. Biz shuningdek hukumatga yana bir davlat banki "Turonbank" ATBni xususiylashtirish yoʻllariga oid strategik qarashni shakllantirishda yordam berdik.
Bank sektoriga qoʻshimcha ravishda, boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan bir qatorda biz kimyoviy sektorni xususiylashtirishning davlat dasturini qoʻllab-quvvatlamoqdamiz va davlat-xususiy sherikligi loyihalarini ishlab chiqmoqdamiz.
Yaqinda Ipoteka-bank XMKning tijoriy moliyalashtirish boʻyicha global dasturiga (GTFP) qoʻshilgan toʻrtinchi oʻzbek banki boʻlgani haqida eʼlon qilindi. Iltimos, Dastur haqida va banklar undan qanday naf olishlari haqida oʻrtoqlashsangiz.
OldinXMKning tijoriy moliyalashtirish boʻyicha global dasturi haqida ikki ogʻiz soʻz aytishga ijozat eting. U rivojlanayotgan bozorlardagi banklarning tijoriy majburiyatlari boʻyicha kafolat berish orqali tavakkalchilikni kamaytirish uchun yaratilgan. Kafolatlar aniq tranzaksiyaga bogʻliq va akkreditivlar, tijorat veksellari, qabul qilingan veksellar, kafolatlar, ariza va bajarish shartlari bor obligatsiyalar kabi turli asosiy qurollar bilan hamda avans toʻlovlari kafolati bilan kuchaytirilishi mumkin. Kafolatlar XMK mezonlariga javob beruvchi xususiy sektordagi barcha savdo kelishuvlarini qoʻllab-quvvatlashga berilishi mumkin.
Yaqinda biz "Ipak Yoʻli" AITB va "Ipoteka-bank" ATIBgamahalliy kompaniyalar tijoriy moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va iqtisodiyotni COVID-19 pandemiyasidan himoya qilishga yordam berish maqsadida tijoriy moliyalashtirish liniyalarini taqdim etdik. Undan tashqari, banklarning savdo-moliyaviy amaliyotlarining kengaytirilishi mahalliy korxonalarni mintaqaviy va xalqaro savdo oqimlariga qoʻshish va Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar oʻrtasida savdo hajmini oshirishga yordam beradi.
XMKning Oʻzbekistondagi yana qanday tadbirlari COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan?
Biz yordamga muhtoj kompaniyalarga yordam berish uchun imkon qadar tez javob berishga intilamiz. Pandemiya boshlangandan soʻng qisqa muddat ichida biz COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish chora-tadbirlari doirasida moliyaviy tashkilotlarga stress-sinovga yondashuvlari borasida vebinar tashkil etdik. Ushbu vebinar XMK tomonidan amaliy yondashuv va qurollar toʻplamini taqdim etish, shuningdek, avvalgi buhronlardan oʻrganilgan darslar bilan tanishish maqsadida tashkil etildi va bu mijozlarimizgaoʻz bizneslaridagi muammolarni aniq baholashga va biznesning uzluksizligini taʼminlashning uzoq muddatli rejasini ishlab chiqishga imkon beradi. Yettita mahalliy bank qatnashchilar COVID-19 epidemiyasining butun dunyo boʻylab tarqalishi bilan bogʻliq kutilagan qaltis holatlarga tayyor turishga oid yondashuv va qurollar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻgan virtual seansda ishtirok etdi. Ushbu vebinar soʻngida uchta muassasa bilan birgalikda biz, ularning stress-sinov sohasidagi va portfelni boshqarishdagi salohiyatini yaxshilashga yordam berish va biznesni jonlantirishga oid majmuaviy harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida chuqurlashtirilgan maslahatlar muhokamasini oʻtkazdik.
Kelajakda biz savdo sektorini moliyalashtirishni davom ettirishda, xususiy kompaniyalarga aylanma kapitalni va oʻrta muddatli moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlashda davom etishlariga yordam berish uchun hozirda mavjud qiyinchiliklar tufayli taʼminot zanjirida uzilishlarni boshidan kechirayotgan bir necha mahalliy moliyaviy muassasalarni moliyalashtirish imkoniyatini oʻrganib chiqmoqdamiz.
Ziyoda Rizayeva,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi: Oʻzbekistonda pandemiyani yengib oʻtish uchun hamkorlikni chuqurlashtirish

Sindi Malvichini: Pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston islohotlar yoʻlini davom ettirmoqda

Botir Usmonov: Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini mazmunan sifatli deb boʻlmaydi

