Partisipator byudjetlashtirish: Fuqarolarni byudjet jarayonidagi ishtirokining samarali mexanizmi
“Partisipator” soʻzi - ingliz tilida “participate” - “tashabbusli yoki faol ishtirok etish” degan maʼnoni anglatadi. Partisipator byudjetlashtirish - bu fuqarolarning tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablagʻlarining bir qismini taqsimlash va bu mablagʻlarni sarflash yoʻnalishlarini tanlash boʻyicha ularning bevosita ishtirokida qarorlarni qabul qilish, shuningdek qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyotidir.

Davlat byudjeti iqtisodiyotda makroiqtisodiy boshqaruvning muhim vositasi boʻlib, uning samaradorligi hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga erishishdagi muvaffaqiyatlarini belgilaydi. Davlat byudjeti aholining hayotiga taʼsir qiluvchi ijtimoiy va iqtisodiy siyosat va ustuvorliklarni amalga oshirish uchun vositadir. Byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokiga asoslangan byudjetlashtirishning zamonaviy usullaridan biri - “Partisipator byudjetlashtirish” amaliyotidir va undan byudjet munosabatlarini rivojlanishining zamonaviy bosqichida koʻpgina davlatlar foydalanmoqda.
“Partisipator” soʻzi - ingliz tilida “participate” - “tashabbusli yoki faol ishtirok etish”[1] degan maʼnoni anglatadi. Partisipator byudjetlashtirish (ingl. “participatory budjeting”) - bu fuqarolarning tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablagʻlarining bir qismini taqsimlash va bu mablagʻlarni sarflash yoʻnalishlarini tanlash boʻyicha ularning bevosita ishtirokida qarorlarni qabul qilish, shuningdek qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyotidir[2].
Ushbu jarayon uchta asosiy maqsadga ega:
Shaffoflik: fuqarolarga joriy byudjet toʻgʻrisida va byudjetni rejalashtirishning aniqlangan elementlari toʻgʻrisida maʼlumot beriladi. Jarayonni shaffof qilish mablagʻlarni samarasiz yoki notoʻgʻri ishlatilishini oldini olishga yordam beradi.
Jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan sohada fuqarolarning ishtiroki yoki birgalikda qaror qabul qilish: mahalliy maʼmuriyat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanadi hamda fuqarolar hududda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida koʻproq xabardor boʻlishadi.
Davlat xarajatlari fuqarolarning manfaatlariga koʻproq mos keladi: jamoat ishtirokchilari uchun mahalliy maʼmuriyat davlat mablagʻlarini amaldagi ehtiyojlarga muvofiq qanday sarflash toʻgʻrisida qaror qabul qilish va adolatli taqsimlash uchun byudjet ustuvorliklarini qayta koʻrib chiqishi mumkin.
Xalqaro tajribadan maʼlumki, partisipator byudjetlashtirish 1989 yilda birinchi marta Braziliyaning Porto-Alegri shahrida qoʻllanilgan. Maʼmuriyat fuqarolarga shahar byudjetining bir qismini qanday taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish imkoniyatini berdi. Bugungi kunda, oʻttiz yillik muvaffaqiyatli amaliyotdan soʻng, Porto-Alegri fuqarolari shahar byudjetining 20 foizini taqsimlaydilar[3].
Mazkur byudjet amaliyotini Gʻarbiy va Sharqiy Yevropadagi 20 dan ortiq davlatlar, Lotin Amerikasi, AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab davlatlar muvaffaqiyatli qoʻllamoqda. Masalan, Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish amaliyoti 1996 yilda toʻliq amalga oshirilgan boʻlib, fuqarolar 24 yildan koʻproq vaqtdan beri byudjet jarayonida ishtirok etib kelmoqda. Uni ishga tushirishda barcha bosqichlardagi maslahat yordami 373 ta davlat instruktorlari tomonidan olib borilgan.
2016 yil noyabr oyida Hindistonning Kochi shahrida BRIKS davlatlari ishtirokida “Mahalliy darajada partisipator byudjetlashtirish” mavzusida halqaro konferensiyaning boʻlib oʻtganligi ham bejizga emas.
Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirish mexanizmi 5-ta bosqichli jarayonni oʻz ichiga oladi (1-rasm).

1-rasm. Hindistonning Kerala shtatida partisipator byudjetlashtirishni amalga oshirish bosqichlari[4]
Shaharni har tomonlama rivojlantirishni rejalashtirish aholining fikriga asoslanadi: aholining quyi darajadagi umumiy uchrashuvlarida istaklar muhokama qilinadi va turli sohalarda shakllantiriladi, ular keyinchalik butun tumanni rivojlantirish rejasiga qoʻshilishi uchun jamoatchilik vakillaridan iborat ixtisoslashtirilgan ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqiladi. Aholining umumiy uchrashuvlari yiliga 4 marotaba oʻtkaziladi, shuning uchun mahalliy jamoa oʻzlarini rivojlantirish ustuvorliklari va rejalarning bajarilishini nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Birinchi uchrashuv aqliy hujum, ochiq forum rolini oʻynaydi, unda aholining asosiy muammolari, ustuvorliklari aniqlanadi va Rivojlanish boʻyicha seminarlar uchun tematik Ishchi guruhlar shakllantiriladi, bu yerda aniq loyihalar uchun gʻoyalar tayyorlanadi. Ishchi guruhlar qishloq xoʻjaligi, qashshoqlikka qarshi kurash va ish bilan taʼminlash, asosiy infratuzilma obʼyektlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sanitariya, ichimlik suvi, ayollar va bolalar muammolari kabi yoʻnalishlar ular boʻyicha ish olib boradi.
Kerala shtatidagi partisipator byudjetlashtirish tajribasining oʻziga xos xususiyati shundaki, uning ishga tushirilishidan oldin mahalliy jamoalarning salohiyatini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli dasturlar, xususan, umumiy savodxonlikni taʼminlash va oshirish boʻyicha ishlar amalga oshirilgan. Shtat Hindistonda aholining savodxonligi boʻyicha birinchi oʻrinda turadi. 2011 yilgi aholi roʻyxatiga koʻra, Keralada yashaydigan erkaklarning 96 foizi va ayollarning deyarli 92 foizi savodlidir[5].
Ushbu innovatsion mexanizm mahalliy ijtimoiy muammolarni hal qilishda ijobiy hissa qoʻshmoqda, chunki fuqarolarning ishtiroki va ishtirokining ortishi bilan bir qatorda, boshlangʻich taʼlim, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, ichimlik suvi bilan taʼminlash, sanitariya va boshqa ijtimoiy xizmatlarning sifati mamlakatda oʻsib bormoqda.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu amaliyotni mahalliy hukumatlar tomonidan amalga oshirilishida asos sifatida aniq prinsiplar, mexanizmlar va tartiblar qoʻllaniladi. Ularni qanchalik puxta va mukammal ishlab chiqilganligi jarayonni muvafaqqiyatli amalga oshirilishini taʼminlaydi. Oxirgi yillarda qator mamlakatlarda uning rivojlanishining asosiy tendensiyalarini aholi qamrovini oshirish uchun internet-texnologiyalardan, maʼlum bir maqsadli guruhlar (yoshlar, migrantlar)ni hisobga olgan partisipator byudjetlashtirish mexanizmidan foydalanish, byudjet ochiqligi siyosatiga partisipator byudjetlashtirishning integratsiyasi, partisipator byudjetlashtirish mexanizmiga asoslangan qator innovatsion amaliyotlarning paydo boʻlishida koʻrishimiz mumkin.
Respublikamizda 2018 yildagi PEFA metodologiyasi boʻyicha amaldagi byudjet tizimining tanqidiy tahlili, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalari hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasining shaffoflik Kodeksi asosida soliq-byudjet siyosati ochiqligi yuzasidan oʻtkazilgan diagnostik baholashlardan kelib chiqib soʻnggi ikki yilda davlat moliyasi boshqarishni takomillashtirish boʻyicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini hamda fuqarolarni byudjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash maqsadida:
2018 yildan boshlab “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri ishlab chiqilmoqda;
Davlat byudjeti toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar joylashtirilib kelinayotgan “Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali 2019 yilning yanvar oyidan boshlab ishga tushirildi;
Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq shaklda Xalqaro valyuta jamgʻarmasining saytida joylashtirib borilmoqda;
2019 yildan boshlab tuman va shahar byudjetlarida hosil boʻladigan qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizi fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga asosan yoʻnaltirish mexanizmi joriy etildi;
Byudjet mablagʻlarini tasarruf etuvchilar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonini toʻliq oʻz rasmiy saytlarida eʼlon qilib borishlarini tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlariga tegishli normalar kiritildi.
Shuningdek, 2020 yildan boshlab ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti loyihasi ilk bora Qonun shaklida qabul qilindi hamda vazirlik va idoralarning vakolat va masʼuliyatini oshirish maqsadida byudjet xarajatlari avvalgidek sohalar boʻyicha emas, balki vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlandi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari tomonidan, mahalliy byudjetlar esa tegishli xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.
“Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali va tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha manbalarining 10 foizidan kam boʻlmagan qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirishni nazarda tutuvchi byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtiroki “Tashabbusli byudjet” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3917-son qaroriga asosan joriy etilib, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumotlarining mamlakatimiz fuqarolari, investorlar va tashqi foydalanuvchilarga sifatli yetkazilishida va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qilmoqda. “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshiriladigan tadbir oshkora va aholi ishtirok etishiga qulay boʻlishi uchun moliyalashtirishga takliflar va takliflarga berilgan ovozlarni shakllantirish “Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) axborot portali orqali amalga oshirilmoqda va jamoatchilik fikriga yoʻnaltiriladigan mablagʻ miqdori hududlar kesimida eʼlon qilinmoqda.
“Tashabbusli byudjet” natijalarini tahlil qiladigan boʻlsak, 2019 yil davomida respublika boʻyicha “Tashabbusli byudjet” amaliyoti natijasida tuman (shahar)lar fuqarolaridan www.openbudget.uz ochiq byudjet axborot portalida jami 52 634 ta taklif va ovozlar kelib tushgan va aholi takliflariga koʻra ajratilgan mablagʻlar jami 113 mlrd. soʻmni tashkil etgan.
Jumladan, birinchi chorak yakunlariga koʻra, jami shakllangan qoʻshimcha mablagʻlar 253,3 mlrd. soʻmni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha manbalarini yoʻnaltirishda fuqarolardan jami 4049 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga koʻra 28,9 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan. Ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha, jami shakllangan qoʻshimcha mablagʻlar 437,9 mlrd. soʻmni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha manbalarini yoʻnaltirishda fuqarolardan jami 19 976 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga koʻra 48,3 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan. Uchinchi chorak yakunlari boʻyicha esa, jami shakllangan qoʻshimcha mablagʻlar 333,6 mlrd. soʻmni tashkil etgan, tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshcha manbalarini yoʻnaltirishda fuqarolardan jami 28 609 ta taklif va ovozlar kelib tushgan, aholi takliflariga koʻra 35,8 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan.
Choraklik koʻrsatkichlar shuni koʻrsatmoqdaki, fuqarolardan respublika boʻyicha kelib tushgan taklif va ovozlar 2019 yilning 1-choragiga nisbatan 3-choragida 7 barobarga oshgan (1-2 rasmlar).

“Tashabbusli byudjet” amaliyoti doirasida hududlarda masalan, Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanida X. Olimjon monumenti atrofini obodonlashtirish, Qashqadaryo viloyati Dexqonobod tumanida piyodalar uchun osma koʻprik, Buxoro viloyati Olot tumanida Xumo istirohat bogʻini joriy taʼmirlash, Qorovulbozor tumanida 1-son umumtaʼlim maktabida kompyuter sinfi, Peshku tumanida “Amfiteatr” binosini taʼmirlash, Qorovulbozor tumanida 8-son MTM binosini taʼmirlash, Navoiy viloyati Zarafshon tumanida MTM binolarini jihozlash, Qiziltepa tumanida ziyoratgohini taʼmirlash, Nurota tumanida kutubxona tashkil etish, Tomdi tumanida yoʻlovchilar uchun bekat tashkil etish, Xatirchi tumanida MTMlarni jihozlash tadbirlari, Xorazm viloyati Bogʻot tumanida 24-umumtaʼlim maktab binosini joriy taʼmirlash, Xazarasp tumanida koʻchalarni yoritish tizimlarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan[6].
Yuqoridagi tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan 2019 yil davomida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida hududlardagi qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilingan.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, fuqarolar davlat byudjetining maʼlum qismini taqsimlashda bevosita qatnashadigan jarayon sifatida partisipator byudjetlashtirish hukumat bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarning yangicha zamonaviy yondashuvi, byudjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishning taʼsirchan mexanizmi desak boʻladi. Ushbu amaliyot davlat resurslarini yanada adolatli taqsimlash imkoniyatini yaratadi.
Fikrimizcha, oʻrta muddatli istiqbolda byudjet jarayonida jamoatchilikning faol ishtirokini taʼminlash borasida:
Birinchidan, byudjetni tayyorlash jarayoniga hamda oʻrta muddatli byudjetning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilishga jamoatchilik ishtirokini taʼminlashning ochiq mexanizmlarini keng qoʻllash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Ikkinchidan, olib borilayotgan byudjet siyosatini aholining har xil qatlamalariga taʼsirini oʻrganish hamda byudjet siyosatida qabul qilinayotgan qarorolarni aholi tomonidan yaxshiroq tushunilishi uchun ularning natijalarini eʼlon qilish.
Uchinchidan, “Tashabbusli byudjet” ni xalqaro darajadagi partisipator byudjetlashtirish amaliyoti kabi byudjetning ochiqligi va shaffofligi bilan uygʻunlikda bosqichma-bosqich rivojlantirish, uni boshqarishni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish;
Toʻrtinchidan, fuqarolar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali byudjet jarayonida ular ishtirokini faollashtirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
B.A.Kobilov
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi
Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti
yetakchi mutaxassisi
[1] Dictionary of Banking and Finance, Third edition, A & C Black Publishers Ltd 2005, 253 p.
[2] G.Xachatryan, I.Shulga, S.Gridin, A.Suxova/ Osobennosti Programmi podderjki mestnix initsiativ Vsemirnogo banka kak praktiki initsiativnogo byudjetirovaniya/ Analiticheskaya zapiska, Oktyabr, 2016g.
[3] Partitsipatorniy byudjet. Kak grajdane uchastvuyut v raspredelenii munitsipalnix sredstv. Komitet grajdanskix initsiativ [Электронный ресурс] Rejim dostupa: URL: https://komitetgi.ru/news/news/1799.
[4] Gavrilova Nadezhda Vladimirovna. Participatory planning and budgeting at the local level in the Indian state Kerala. Regional economy and management: electronic scientific journal. №1 (49) 2017. https://eee-region.ru/article/4916/
[5] Gavrilova Nadezhda Vladimirovna. Participatory planning and budgeting at the local level in the Indian state Kerala. Regional economy and management: electronic scientific journal. №1 (49) 2017.
[6] Manba: “Fuqarolar uchun Byudjet/loyiha 2020” axborot nashri, Toshkent-2019.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

