Pandemiya davrida kimlar foyda olib, boyib ketmoqda
Jahon iqtisodiyoti koronavirus epidemiyasi tufayli inqirozga yuz tutdi. Ammo buning oqibatida koʻplab kompaniyalar milliardlab foyda olishmoqda.

2020 yilning boshida butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotini inqirozga yuz tutishiga olib keldi. Xitoydan boshlanib sayyoramizga tarqab ketgan epidemiya 2008 yilgi inqirozdan ham oshib tushdi. Iqtisodiy qulashdan dastavval oʻz ishlaridan va daromad manbaidan ayrilgan aholining kam taʼminlangan va oʻrta qatlamlari, kichik va oʻrta biznes vakillari ziyon koʻrishdi. Shu bilan birga sayyoramizning badavlat insonlari ham yirik moliyaviy yoʻqotishlarga duch kelishdi. Ularning moliyaviy holati qisqa muddatlar ichida milliardlarni tashkil etdi. Biroq oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ. Kurrai zaminning asosiy qismi ishsizlik natijasida uyda oʻtirib, iqtisodiyot inqirozga yuz tutishini kuzatayotgan boʻlsa, baʼzilar bundan yaxshigina daromad koʻrishmoqda.
2020 yil butkul yoʻqotildi
Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi iqtisodiy faoliyatning tezkor ravishda susayishi dunyoni retsessiya tomon yetaklaganligini qayd etdi. JPMorgan Chase iqtisodchilari yuzaga kelgan inqiroz Buyuk turgʻunlik davrlaridan buyon eng kuchlisi boʻlib, bu yaqin ikki yil ichida global YaIM 5,5 trln. dollarga pasayishiga olib kelishini taxmin qilishdi. Saxo Bank esa 2020 yilni butkul yoʻqotilgan deya eʼtirof etdi. Biroq shunga qaramay baʼzi sohalar inqiroz sharoitida nafaqat yoʻqotishlarni bartaraf etishdi, balki moliyaviy bozorning yangi talablariga moslashib milliardlab foyda koʻrishdi.
Qaysi sohaga talab rekord darajada oshib ketdi
Koronavirus inqirozi paytida muvaffaqiyatga erishganlar orasida videokonferensiya xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar va ulardan ayniqsa, Zoomʼning borligi eʼtiborli. Bu xizmat bir vaqtning oʻzida koʻp kishiga video orqali muloqot qilish imkonini beradi, bu esa oʻz navbatida masofadan turib ishlashga ommaviy oʻtish sharoitida biznes va oʻquv yurtlarida qoʻllaniladi. Aksariyat insonlarga karantin davrida bunday xizmatlar kichik miqdorda boʻlsada foyda olish imkonini beradi. Misol uchun, mikrobiznes vakillari va oʻz-oʻzini band etganlar – ruhshunoslar, ekskursiyachilar, notiqlar va yoga oʻqituvchilari. Oshib borgan talab Zoomʼga Dow Jones indeksi 1987 yildan buyon eng quyi pogʻonalarga pasaygan davrdagi rekordini yangilashga ham imkon berdi.
Koronavirus avj olgan kunlarda bu dasturni yuklab olish soni kompaniya aksiyalari narxi singari ikki barobardan koʻproqqa oshdi. Yanvar oyida Zoom qimmatbaho qogʻozlari 68 dollar atrofida baholangan boʻlsa, 14 mayga boʻlgan holatiga koʻra u 167 dollardan yuqoriroq qiymatda savdolashyapti. Aprel oyida kompaniya aksiyalari rekord daraja – 169 dollarga yetdi. Zoomʼga boʻlgan talab uning asoschisi Erik Yuanni sayyoramizning eng badavlat insonlari qatoriga qoʻshilishini taʼminladi. 2020 yilda biznesmen Forbes jurnali tomonidan tuziladigan jahonning eng badavlat insonlari anʼanaviy reytingiga kirishiga zamin yaratdi. 15 may sanasiga koʻra uning umumiy moliyaviy holati 8 mlrd. dollarni tashkil etdi, bu reytingda 205-oʻrinni egallashini taʼminladi.
Yana bir kompaniya pandemiya sabab boyib ketdi
Zoom koronavirus sabab mustahkam oyoqqa turgan yagona xizmat emas. Pandemiya sharoitida Slack korporativ messenjeri ham ommaviylashib bormoqda. Bu videoaloqa xizmatini omma eʼtiboriga havola etadigan messenjer. Mart oyi oʻrtalarida dunyo moliyaviy bozorining qulashi Slack aksiyalarini ham tushirib yubordi, biroq oy oxiriga kelib kompaniya buni toʻxtatishga erishdi. May oyida esa Slack qimmatbaho qogʻozlari yil davomida maksimum oʻsishga erishdi va 15 mayga kelib 31,5 dollarga yetdi, bu 1 yanvarga nisbatan 30%ga qimmatlashganini anglatdi.
Pasayib borayotgan kompaniyaga boʻlgan talab karantinda oshib ketdi
Pandemiya ijobiy taʼsir qilgan yana bir soha onlayn oʻyinlar sanoati boʻldi. Karantin choralari eʼlon qilingach odamlar kino va seriallar koʻrish, musiqa eshitish va onlayn videooʻyinlar oʻynash imkoniyatini beruvchi xizmatlardan faolroq foydalana boshlashdi. Ularning orasida ayniqsa Netflix va YouTube yanada yuqori oʻrinlarga koʻtarilishdi. Foydalanuvchilar oqimi shu darajada yuqori ediki, natijada ushbu kompaniyalar aksiyalari keskin koʻtarilib ketdi. Neftflix mart oyidagi pasayishdan tezda oʻziga keldi va mayning oʻrtalariga kelib yil boshiga nisbatan 35%ga teng koʻrsatkichlarni qayd etdi.
Karantin vaqtida amerikaliklar videooʻyinlar uchun 11 mlrd. dollar sarfladi
Shuningdek, videoxizmatlar bilan birga kompyuter oʻyinlari ham oʻzining yuksalayotgan davrini oʻtkazmoqda. Verizon telekommunikatsiya kompaniyasining maʼlumotlari boʻyicha, mart oyida oʻyin platformalaridagi trafik 75%ga oshib ketdi. Taqqoslash uchun, haftalik film tomoshasi koronavirusgacha boʻlgan davrga nisbatan 32%ga, video koʻrish esa 36%ga oshgan. 2020 yilning dastlabki kvartali yakunlari boʻyicha amerikaliklarning videooʻyinlarga pul sarfi deyarli 11 mlrd. dollarga yoki 2019 yilning shu davriga nisbatan 9%ga oshgan.
Xastalik deb tan olingan mashgʻulot koronavirusga qarshi samarali vosita
Pandemiya davrida kompyuter oʻyinlari nafaqat koʻngilochar vosita turi ekanligi maʼlum boʻldi. Aprel oyi boshida Butunjahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti kutilmaganda videooʻyinlar karantin sharoitida virus tarqalishining oldini olish va odamlarning uyda qolishlari uchun samarali vosita ekanligini taʼkidladi. Nega kutilmaganda deyapmiz, chunki bundan bir yil avval tashkilot insonning videooʻyinlarga bogʻlanib qolishini xastalik deya tan olgandi. Biroq 2020 yilda BSST videooʻyinlar sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda #PlayApartTogether (#Masofadanoʻynang) kampaniyasini eʼlon qildi. Bu harakatga qoʻshilgan videooʻyinlar asoschilari oʻrtasida Activision Blizzard (Call of Duty, Guitar Hero, Warcraft, Diablo) ham bor. Mart oyida kompaniya talabning pasayishi natijasida bir necha milliardlarni yoʻqotgan edi, biroq uning aksiyalari tezda oʻsish yoʻliga tushib oldi. Hozirgi kunda uning aksiyalari deyarli 73,18 dollarga baholangan, umumiy kapital aylanmasi esa 56,3 mlrd dollarni tashkil etmoqda.
Dori ishlab chiqaruvchi kompaniya uchun ham pandemiya omadli keldi
Farmatsevtika kompaniyalari ham yuksalish pillapoyalariga koʻtarilayotganlar toifasiga kiradi. Har qanday epidemiyalar davrida kasallikdan dori vositalarini izlab topish birinchi raqamli mavzuga aylanadi. Shu sababli inqirozlar bu sohadagi ishlab chiqaruvchilar taraqqiyotiga choʻt emas. Misol uchun: koronavirusga qarshi samaradorligini aniqlash maqsadida remdesivir preparatini sinovdan oʻtkazgan Gilead Science farmatsevtika kompaniyasi aksiyalari yanvar oyidagi 65 dollardan 77 dollarga koʻtarildi. Aprel oyida mazkur preparat koronavirus bilan kurashda ogʻir xasta boʻlganlarga samarali taʼsir koʻrsatganligi maʼlum boʻlgach, kompaniya qimmatbaho qogʻozlari qisqa davr ichida 84 dollargacha koʻtarilib ketdi.
Gilead Science raqobatchilarida ham yil kashfiyoti boʻlish uchun oʻziga xos poygada aksiyalari oʻsishda davom etmoqda. Aprel oyi boshida oʻz preparati sinovlarini boshlagan Inovio Pharmaceuticals kompaniyasi qogʻozlari ham 300%ga oshdi. COVID-19ga qarshi dori vositasi yaratish ishlarini boshlab yuborgan Moderna aksiyalari esa yanvar oyiga nisbatan 250%ga koʻtarilib ketdi.
AQSh va Germaniyada koronavirusga vaksinalarni insonlarda qoʻllashni boshlagan farmatsevtik gigantlar Pfizer va BioNTechda ham qogʻozlar qiymati oʻsishda davom etmoqda. Amerika kompaniyasining aksiyalari mart oyidagi qulashdan soʻng toʻliq tiklanish yoʻlida borayotgan boʻlsa, germaniyaliklar yil boshidagiga qaraganda 25% yuqoriroq koʻrsatkichda savdolashmoqda va bu raqam 92 dollarga yetdi.
Biotexnologiya kompaniyalari va internet-riteylerlari ham yaxshi koʻrsatkichga erishdi
Koronavirus sharoitida biotexnologiya kompaniyalari va internet-riteylerlar ham plyusda qolishmoqda. Kundalik ehtiyoj mahsulotlariga yuqori darajadagi talab oshishi natijasida dezinfeksiya va himoya vositalari savdo bozori ham chaqqonlashib ketdi. Bunda ayniqsa, Amerikaning dezinfeksiyalovchi salfetkalar va tozalash vositalari ishlab chiqaruvchi Clorox kompaniyasi faollik koʻrsatmoqda. Boz ustiga, koronavirus mazkur korxonani inqirozdan saqlab qoldi deyish mumkin: epidemiyadan bir necha yil oldin uning moliyaviy ahvoli raqobatchilarning yuqori bosimi natijasida juda achinarli koʻrinishga kelgan edi. Ammo pandemiya davrida dezinfeksiya vositalariga talabning keskin oshib borishi natijasida Clorox aksiyalari soʻnggi 50 yil ichidagi maksimal nuqtasiga yetdi.
Shuningdek, internet-reteylerlari ham koronavirusdan kelib chiqqan inqiroz davrini oʻz hisoblariga yozib qoʻyishlari mumkin. Pandemiya paytida Amerikaning Amazon kompaniyasiga omad kulib boqqan. Bolalar oʻyinchoqlaridan tortib kundalik ehtiyoj mollarigacha boʻlgan turli tovarlarni uyga yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi reteylerning savdo hajmi yuqori darajada oshib ketdi. Biznesning boshqa koʻrinishi vakillari chuqur inqirozni oʻtkazayotgan, xodimlarini ishdan boʻshatayotgan yoki ish haqi toʻlanmaydigan taʼtilga yuborayotgan bir davrda onlayn-savdoning ushbu yetakchisi internet-buyurtmalar hajmi oshganligi sababli yangi xodimlarni ishga olishiga toʻgʻri kelyapti. Kompaniya mart oyidayoq 100 mingta yangi vakansiyalar ochilganligini eʼlon qilgan – asosan omborxona ishchilari va kurerlarga ehtiyoj oshib ketdi. Qolaversa, yuqori bandlik darajasi sababli xodimlarning alohida guruhlariga ish haqlarini koʻtarildi.
Djeff Bezosning umumiy boyligi 100 mlrd dollardan oshib ketdi
Amazonning bu muvaffaqiyati uning asoschisi Djeff Bezosga bu safar ham sayyoramizning eng badavlat insoni deya tan olinishiga olib keldi. Bezos inqirozni yoʻqotishlarsiz oʻtkazish barobarida yangi muvaffaqiyatlarga ham erishdi. Hozirgi kunda u umumiy boyligi 100 mlrd dollardan oshgan sanoqli ishbilarmonlardan biri hisoblanadi. Forbes maʼlumoti boʻyicha, Bezosning shaxsiy kapitali 143,7 mlrd dollarga yetdi. Uning yaqin taʼqibchilari — Microsoft asoschisi Bill Geyts va Yevropaning eng badavlat insoni hisoblanadigan Louis Vuitton Moyet Hennessy (LVMH) egasi Bernar Arno endilikda Bezosdan ancha ortda qolishmoqda.
Koronavirus sayyoramizni oʻzgartirib yubordi
Texnologiya kompaniyalarining ravnaqi jahon iqtisodiyotining realdan virtual tarzga oʻtishiga kuchli turtki berdi. 2020 yil boshi butun dunyo boʻylab isteʼmolchilar odatlari va biznes amaliyotini toʻliq oʻzgartirib yuborganligi aniq. Sarhadlarning yopilishi natijasida global yetkazib berish zanjirlarining uzilishi kompaniyalarni qayerdan sotib olishlari va kimlarga sotayotganliklari borasida oʻylantirishga majbur qildi. Masofaviy ishlash boʻyicha global tajriba barcha ishchi xodimlar va talabalar ahliga oʻziga xos sinov boʻldi va bu koronavirusdan keyingi olamda biznes va ilm-fan sohasida yangi amaliyot va samarali faoliyat olib borish imkonini beradi. Keng koʻlamli bu siljish qanchalik foydaliligi va inqiroz davrida koʻtarilgan kompaniyalar uzoq muddatli istiqbolda bozor yulduziga aylanishi hozircha nomaʼlum. Biroq ishonch bilan aytish mumkinki, koronavirus sayyoramizning iqtisodiy manzarasini butunlay oʻzgartirib yubordi.
Manba: Forbes
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

