Oʻzbekistonda meva-sabzavotlikni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari
Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribalarining tahlillari ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning kooperatsiyasi va klasterlarini rivojlantirish zarurati borligini koʻrsatmoqda, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Sobir Xasanov.

Maʼlumki, mamlakatimizdagi mavjud tabiy-iqlim sharoiti qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, xususan, meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirish imkonini beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan sohani bozor munosabatlariga oʻtish jarayonida meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga ustuvor yoʻnalishlar sifatida katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda sotish hisobiga mamlakat valyuta tushumining sezilarli qismi shakllanayotganligi ham sohani tubdan isloh qilish va jadal rivojlantirishning ustuvorligidan dalolat beradi.
Xususan, soʻnggi yillarda bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Bularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5388 va 2019 yil 23 oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853 sonli farmonlari hamda 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3978, 2019 yil 14 martdagi “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4239 qarorlarini keltirish mumkin.
Oʻzbekiston iqtisodiyotida myeva-sabzavotchilik tarmogʻining oʻrni
Umuman olganda, tarmoqda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar quyidagi iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qilish imkonini yaratmoqda:
iqtisodiy masalada – meva-sabzavotchilik jami ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 32,2 foizini (mamlakat yalpi ichki mahsulotining 8,7 foizi) tashkil etgani holda qishloq joylarida aholining asosiy daromadlaridan biri hisoblanadi. Sanoatning qator tarmoqlarini rivojlanishiga oʻzining bevosita taʼsirini koʻrsatadi. Shuningdek, ushbu tarmoq mamlakat qishloq xoʻjaligi eksportida asosiy oʻrinlarni egallaydi;
ijtimoiy masalada – meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirish samaradorligi, nafaqat qishloq aholisining turmush darajasiga, balki mamlakat barcha aholisining ijtimoiy farovonligini ham oshirishga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Yakuniy natijada ushbu islohotlardan pirovard maqsad mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanib, yangi Oʻzbekiston rivojlanishining barcha jarayonlarida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ijobiy natijalarida yaqqol namoyon boʻladi hamda aholi turmush darajasining oshib borishini oʻzida aks ettiradi.
Shu bilan bir qatorda “... sohada ayniqsa, meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirishda samarali bozor mexanizmlari tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, ilmiy yondashuvning yetarli emasligi tarmoqning mavjud imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmasligiga olib kelmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yongʻoqdan 5 baravar koʻp daromad olish imkoniyati mavjud” (1).
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash hamda eksport qilishda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilyapti, deb boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek: “Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanib, 8 foizi eksport qilinmoqda, xolos. Ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu koʻrsatkichlar hamon pastligicha qolmoqda. Joriy yilda 860 ming tonna yoki 620 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingani bizning imkoniyat va salohiyatimizga mosmi? Yoʻq, albatta! Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bogʻlar va tokzorlarga ishlov beradigan, sabzavot va kartoshka urugʻlarini ekadigan va yigʻishtirib oladigan texnikalar mavjud emas. Fermer, dehqon xoʻjaliklariga yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, urugʻlik yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari talab darajasida tashkil etilmagan” (2).
Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yetishtirish toʻgʻrisida maʼlumot





Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash
Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini nobud qilmay qayta ishlash, mavsumiyligini uzaytirish ham foydalanilmagan imkoniyatlardan biridir. Yangiligicha saqlangan hoʻl mevalar assortimenti moʻlligi bozorlarda shu turdagi mahsulotlarni tannarxining har yili qishki-bahorgi mavsumda sunʼiy ravishda koʻtarilib ketishini oldini oladi hamda aholi ijtimoiy himoyasiga ijobiy taʼsir etib, turdosh mahsulotlar qishki mavsumdagi importiga hojat qolmaydi.
Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish va uning assortiment tuzilmasini takomillashtirishning eng yuqori omillaridan biri ozuqaviy qoʻshimchalarni mintaqamizda mavjud tabiiy xom ashyo zaxiralarini qayta ishlash asosida keng assortimentini tayyorlashni amalga oshirishdir. Misol uchun, shirin yaxna ichimliklar ozuqaviy qoʻshimchalarning asosiy qismi chetdan valyuta hisobiga keltirilayotgan sunʼiy xom ashyolar (nastoyka, ekstratlar) yordamida tayyorlanmoqda. Vaholanki, respublikamizda mavjud xom ashyo potensialini, hoʻl mevalarni qayta ishlash asosida olinishi mumkin boʻlgan raqobatbardosh, tabiiy sof ozuqaviy qoʻshimchalar xom ashyo bazasi yaxna ichimliklar assortiment turkumining oʻnlab yangi qirralarini ochib berishi mumkin. Shu bilan birga, viloyatlarda import xom ashyoga valyuta mablagʻi boʻlmagan yuzlab turli quvvatdagi yaxna ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari ish faoliyatini tiklash imkoniyati yaratilishi mumkin.
Tahlillar natijasining koʻrsatkichiga koʻra, meva-sabzavotchilik mahsulotlari hajmlarining yildan-yilga oshib borishi saqlash va qayta ishlash tarmogʻidagi bir qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, sohani isloh qilishda zamonaviy innovatsion, resurs tejaydigan raqamli texnologiyalardan keng foydalangan holda tub burilishni amalga oshirishni talab etmoqda. Xususan:
- respublikada umumiy ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan mevaning 18,9 foizi, sabzavot va poliz mahsulotlarining 5,6 foizi, uzumning 9,5 foizi sanoat korxonalarida qayta ishlanmoqda;
- yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini hududlarda saqlash uchun sovutgichlar bilan taʼminlanganlik darajasi 3,7 foizni (sovutish omborxonalari yil davomida bor-yoʻgʻi 20-22% ga mahsulot bilan taʼminlangan) tashkil etmoqda;
- mavjud sovutgichlarning aksariyati maʼnan eskirgan, texnologik jihatdan yangilanmagan, zamonaviy texnologiya va raqamli innovatsion ishlanmalar lozim darajada tatbiq etilmagan;
- soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga innovatsion yondashuvni taqozo etmoqda. Ilgʻor tajribali zamonaviy uskunalar bilan ishlash qobiliyatiga ega, qayta ishlash, saqlash yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga yetarlicha eʼtibor berilmayapti;
- saqlash va qayta ishlash korxonalarining zamonaviy-texnologik talablari va hajmlaridagi mahsulotlar bilan yetarli darajada taʼminlash masalalariga tizimli yondoshilmayapti;
- transport va logistika sohasi zamon talabidan ortda qolmoqda;
- soʻnggi yillarda meva-sabzavotchilikni yuritish intensiv texnologiya asosida olib borilmoqda. Natijada qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan resurslar, jumladan, YoMM, kimyoviy vositalar (meva-sabzavot yetishtirish uchun 255 ming tonna fosforli, 290 ming tonna azotli oʻgʻit yetishmaydi) va urugʻlik narxlarining ortib ketishi, qishloq aholisi daromadlarining pastligi, shuningdek, mineral oʻgʻitlar, kimyoviy vositalarning qoʻllanilishi, ogʻir texnikadan foydalanish, yer resurslari sifatining yomonlashuvi, ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda.
Shu bois, tahlillar va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi tashkilotining (FAO) maʼlumotlariga koʻra, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yigʻishtirish, tashish va saqlashdagi yoʻqotishlar hajmi 22-45 foizgacha, isrofgarchiliklar esa 12-18 foizni tashkil etmoqda.
Yana bir muhim masala hududlarda yetishtirilayotgan mahsulotlar haqida xaridorlarga zarur boʻlgan maʼlumotlarni beruvchi axborot-maslahat markazlari va raqamli texnologiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilmaganligidadir. Bundan tashqari respublikada transport-logistika borasidagi mavjud muammolarni hozirgacha hal etilmaganligi mahsulotlarni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va xaridorlarga yuborish muammoligicha qolmoqda.
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti
Eksport qilingan ayrim turdagi mahsulotlar toʻgʻrisida Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumoti:
Mahsulot nomi | mln. AQSh dollari | 2018 yilga nisbatan, % |
meva va rezavorlar | 658,1 | 116,1 |
sabzavotlar | 542,4 | 170,1 |
qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari | 47,9 | 156,0 |
Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va Turkiya davlatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019 yil yakunida respublika boʻyicha ishlab chiqarilgan 19,2 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlarining 132 turi sof yoki qayta ishlangan holda 69 ta chet mamlakatlariga (1,4 mln. tonnadan ziyod 1,2 mlrd. dollar qiymatiga yaqin) eksport qilinishini hisobga olinsa, masalaning naqadar muhimligi namoyon boʻladi. Meva-sabzavotchilik mahsulotlari eksport hajmining oshishiga barra va qayta ishlangan sabzavotlarning 2018 yilga nisbatan mos ravishda 1,8 va 1,6 barobarga oshgani hamda jami meva-sabzavot tarkibida 46,5 % ni tashkil etishi bilan sezilarli taʼsir oʻtkazgan. Mamlakatimizda aprel-may oylarida koʻkat, pomidor, bodring, gilos va oʻrik mahsulotlari eksportining 60 foizidan ortigʻi ushbu mahsulotlarga toʻgʻri keladi.
Taʼkidlash joizki, 2019 yil umumiy eksportdagi meva va sabzavotlarning ulushi 6,7% ni tashkil etdi. Meva-sabzavot eksporti qiymatda eng koʻp Qirgʻiziston Respublikasi hissasiga (jami meva-sabzavot eksportidan 26,7%), natura koʻrinishida esa Qozogʻistonga eksport hajmi 556,5 ming tonnani tashkil etib Qirgʻiziston Respublikasiga nisbatan 4,4 barobar koʻpni tashkil etdi (3).
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport geografiyasi
№ | Davlatlar | 2018 yil | 2019 yil | ||||
ming tonna | mln. AQSh dollari | ulushi* % | ming tonna | mln. AQSh dollari | ulushi* % | ||
1. | Qirgʻiziston | 89,9 | 80,3 | 9,1 | 127,0 | 320,0 | 26,7 |
2. | Qozogʻiston | 598,1 | 392,3 | 44,3 | 556,5 | 283,0 | 23,6 |
3. | Rossiya Federatsiyasi | 238,9 | 166,3 | 18,8 | 245,1 | 160,6 | 13,4 |
4. | Turkiya | 23,5 | 25,1 | 2,8 | 65,1 | 99,3 | 8,3 |
5. | Pokiston | 29,8 | 22,2 | 2,5 | 76,2 | 78,8 | 6,6 |
6. | Afgʻoniston | 73,4 | 53,2 | 6,0 | 45,5 | 57,5 | 4,8 |
7. | Xitoy Xalq Respublikasi | 66,9 | 46,2 | 5,2 | 55,3 | 48,5 | 4,0 |
8. | Ukraina | 15,1 | 9,0 | 1,0 | 55,2 | 32,4 | 2,7 |
9. | Tojikiston | 5,8 | 3,6 | 0,4 | 21,0 | 13,5 | 1,1 |
10. | Eron | 13,0 | 10,0 | 1,1 | 16,2 | 12,4 | 1,0 |
11. | Iroq | 6,1 | 6,2 | 0,7 | 20,5 | 12,3 | 1,0 |
12. | Belarus | 8,5 | 7,7 | 0,9 | 14,3 | 10,6 | 0,9 |
13. | BAA | 11,6 | 5,7 | 0,6 | 27,5 | 9,7 | 0,8 |
14. | Turkmaniston | 9,5 | 7,5 | 0,8 | 8,5 | 9,5 | 0,8 |
15. | Ozarbayjon | 4,3 | 4,9 | 0,6 | 6,5 | 7,3 | 0,6 |
16. | Germaniya | 2,7 | 5,6 | 0,6 | 2,9 | 6,6 | 0,6 |
17. | Boshqa mamlakatlar | 51,8 | 40,0 | 4,5 | 64,1 | 38,3 | 3,2 |
*qiymat ifodasidan. Davlat statistika qoʻmitasi manbasi
Maʼlumot tariqasida:
Dunyoda organik mahsulotlarga talab oʻsib bormoqda. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida xaridor tayyor sertifikatlangan organik mahsulotlar uchun koʻproq pul toʻlaydi. Bizning meva-sabzavot mahsulotlari tabiiy ravishda organik hisoblanadi, biroq aksariyati tegishli sertifikatlash tashkiloti tomonidan sertifikatlanmagan. Shuni hisobiga Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchinchi davlatlar orqali belgilangan xalqaro talablar asosida tayyor yoki qayta ishlangan holda reeksport qilinmoqda.
Xalqaro tajriba
Rivojlangan mamlakatlarda mehnat resurslarining 2-5 foizi, kam taraqqiy etgan aksariyat mamlakatlarda esa 90 foizgacha qishloq xoʻjaligi tarmogʻida mehnat qiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi rivojlangan mamlakatlardagiga nisbatan ancha katta rol oʻynaydi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligining salmogʻi rivojlanayotgan mamlakatlarda oʻrtacha 22 foizni, rivojlangan mamlakatlarda 4 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda rivojlangan mamlakatlarda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yarmidan koʻprogʻi yetishtirilmoqda. BMT ekspertlari fikrlaricha, har yili oziq-ovqat muammosini yechish uchun uning hajmi 6 foiz oshirib borilishi talab etiladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi tashkilotining (FAO) maʼlumotiga koʻra, Yevropada quritilgan yongʻoq va mevalar savdosi 11 milliard yevroni, quritilgan sabzavotlar esa 8 milliard yevrodan ziyodni tashkil etdi. Vetnam kabi yangi ishtirokchilarning tajribasi shuni koʻrsatdiki, toʻgʻri strategiya asosida ish yuritilsa, yiliga 1 milliard yevrodan oshiq hajmdagi mahsulotni eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.
Tahlillarga qaraganda, yurtimizda bogʻ va tokzorlarda hosildorlik juda past. Masalan, qishloq xoʻjaligi rivojlangan AQSh, Xitoy, Italiya, Fransiya kabi davlatlarda bir gektar intensiv bogʻdan 80-120 tonna, ayrim mevalardan 140 tonnagacha hosil olinsa, yurtimizda bir gektardan 10-30 tonna, anʼanaviy bogʻ-tokzorlardan esa 4-5 tonna mahsulot olinadi. Bu albatta iqtisodiy jihatdan samarasiz qishloq xoʻjaligidir.
Meva-sabzavotchilik tarmogʻini barqaror rivojlantirish uchun tavsiya etilayotgan chora-tadbirlar
birinchidan, meva-sabzavotchilik sohasini modernizatsiya qilish, yangilash, sohani barqaror rivojlanishida kuchli turtki beradigan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
ikkinchidan, dunyo mamlakatlari isteʼmol bozorini importga bogʻliqligining kuchayganligi natijasida oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini taʼminlash, agrar sektorni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va boshqarish mexanizmini takomillashtirish;
uchinchidan, yildan yilga suv resurslarining tanqisligi yuzaga kelayotganligi tufayli, sugʻoriladigan yerlardan unumli foydalanish imkoniyatining cheklanganligi sugʻorishning innovatsion texnologiyalarga asoslangan ilgʻor usullaridan foydalanish, xususan, tomchilatib sugʻorishni keng joriy etish masalasiga alohida ahamiyat qaratish;
toʻrtinchidan, meva-sabzavotchilikning barqaror rivojlanishiga taʼsir qiluvchi omillar ichida fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining iqtisodiy, texnologik, huquqiy va boshqa sohalardagi imkoniyatlari va erishgan natijalarini chuqur tahlil qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish orqali mavjud ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni ishga solish;
beshinchidan, aholi ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida mamlakatga import qilinayotgan meva-sabzavotchilik mahsulotlari oʻrnini ichki imkoniyatlarimizdan toʻla va samarali foydalanish hisobiga toʻldirishni nazarda tutuvchi dasturlarni qabul qilish va boshqalar.
Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribalarining tahlillari ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning kooperatsiyasi va klasterlarini rivojlantirish zarurati borligini koʻrsatmoqda.
Meva-sabzavotchilik sohasini iqtisodiy tomondan oʻsishi mavjud ichki resurslardan foydalanishni yanada kengaytirish hisobiga boʻlishi kerak emas, balki mahsulotlarni sifat jihatidan zamon talablariga javob beradigan raqobatbardosh ishlab chiqarish kooperatsiyasi va klasterlar tizimini joriy etish hisobiga erishish mumkin.
Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilik tarmogʻini yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar
Yuqoridagi tahlildan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston sharoitida sohani barqaror rivojlantirishda quyidagilarga ahamiyat berish maqsadga muvofiq sanaladi:
- qishloq joylarida faoliyat koʻrsatib, bevosita qishloq xoʻjalik mahsulotlarini innovatsion resurs tejaydigan usulda saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan namunaviy korxonalar faoliyatini moliyaviy ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish, ularga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy etish;
- respublikaning har bir qishloq hududida sanoat korxonalarining ixcham va kichik shoxobchalarini rivojlantirish asosida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjalik xom ashyo mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va qayta ishlashni koʻpaytirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorga xaridorgir, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan tadbirlarni iqtisodiy ragʻbatlantirish (valyuta ajratish, imtiyozli soliq belgilash, kreditlar ajratish va boshqalar) maqsadga muvofiq;
- tadbirkorga eksport jarayonidan oldin kredit ajratish, sugʻurtalash, tashqi bozorlarda oʻrin egallash, “geografik, iqtisodiy, moliyaviy va sifat xavflari”, transport-logistika, tegishli sertifikatlar olish, oziq-ovqat xavfsizligi (XASSP) va standart masalalarida har tomonlama amaliy yordam berish, xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda ishtirokini taʼminlashga koʻmak berish maqsadida eksport-kredit tashkilotlarini tashkil etish yoki ushbu masalalarni hal etishni masʼul vazirlik va idoraga yuklash;
- raqamli innovatsion texnologiyalarga asoslangan “Agropark” va “Agrosanoat” koʻp tarmoqli agrologistika majmualarini har tomonlama qulay joylarda tashkil etish. Ushbu majmuada barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, yaʼni mahsulot sotish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, biolaboratoriya xizmati, standartlashtirish va eksportgacha boʻlgan barcha jarayonlar tizimini yaratish;
- “Meva-sabzavotchilik klinikasi” xizmatini joriy etish;
- meva-sabzavot va qayta ishlangan mahsulotlarning sifati va xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni tartibga soluvchi huquqiy meʼyoriy-texnik hujjatlarni ishlab chiqish.
Xulosa
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning hozirgi bosqichida ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish, meva-sabzavotchilikni uzoq muddat barqaror rivojlanishini taʼminlab, tarmoq samaradorligini oshirish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni qondirish, uning xavfsizligini taʼminlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda xalqimizning turmush sharoitini oshirish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi mustaqil izlanuvchi
Sobir Xasanov
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

