| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Intervyu6 daqiqada oʻqiladi230 marta oʻqildi

Milliy malaka ramkasi tasdiqlandi. Taʼlimda qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

Hozirda Oʻzbekistondagi kollejni tugatgan kadr xorijda diplomiga mos ish topa olmaydi. Milliy malaka ramkasi bunga yechim boʻlishi aytilmoqda. Bundan tashqari, chet el diplomlarini tan olish soddalashishi, sartarosh, oshpaz kabi noformal malakaga ega kasb egalariga rasmiy malaka hujjati berilishi kutilmoqda.

Milliy malaka ramkasi tasdiqlandi. Taʼlimda qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

May oyida Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan Milliy malakalar ramkasi hamda Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi toʻgʻrisidagi nizom ham tasdiqlandi.

Ushbu qaror bilan qator muammolarga yechim topilishi aytilmoqda: Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimini tugatganlarning qoʻlida diplomi boʻla turib, xorij davlatlarida mutaxassislik boʻyicha ishlay olmasliklari, kadrlarning mehnat bozorida mos oʻrin egallay olmasliklari kabi holatlarga barham berilishi nazarda tutilgan.

Kun.uz milliy malaka ramkasining tasdiqlanishi bilan taʼlim va mehnat bozorida qanday oʻzgarishlar boʻlishi kutilayotgani haqida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayevdan intervyu oldi.

Oldin va bundan keyin: farq nimada?

– Milliy malakalar ramkasi malakalarni tushunish va solishtirishni osonlashtiradi, malakalarni tartibga solishga yordam beradi. Yaʼni taʼlimning qaysi darajasida qanday malakaga ega boʻlish lozimligini koʻrsatadi.

Shu paytga qadar bizda malakani tartibga soladigan tasniflagich boʻlmagan. Tasniflashda diplom yoki sertifikat egasining bilim, malaka va koʻnikmasi hisobga olinadi.

Bu birinchi navbatda taʼlim beruvchilar uchun yengillik boʻladi. Ular malaka darajalariga koʻra, oʻzlarining xizmatlarini kengaytirishi, muqobil xizmat turlarini taklif etishi mumkin.

Shuningdek, milliy malaka ramkasi taʼlim oluvchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Sababi hamma davlatning oʻziga xos milliy malaka tasniflagichi bor. Davlatlar kvalifikatsiyalarni baholashni bir xil qolipga keltirish uchun oʻz milliy malaka ramkalarini qabul qila boshlagan.

Masalan, Oʻzbekistonda berilgan milliy kvalifikatsiyani (malakani tasdiqlovchi diplom yoki sertifikatni) qaysidir chet davlat ish beruvchisi koʻrib, shunga binoan talabgorga ish berishi mumkin boʻlishi uchun milliy malaka ramkasi kerak.

Yangi tizim iqtisodiy mobillikni taʼminlashi kerakligiga ham umid qilinmoqda, yaʼni ishchi kuchi mehnat bozori oʻzgarishlariga oʻz vaqtida moslashib keta olishi kerak.

«Oʻzbekiston diplomi bilan chet elda ish topish osonlashadi»

– Oldin bizda kvalifikatsiya toʻgʻrisida hujjat berilgan boʻlsada, taʼlim olgan shaxsning bilim, malaka, koʻnikmasi qaysi darajada ekani haqida koʻrsatilmagan.

Aytaylik, payvandchilik kasbining ham bir nechta darajalari bor. Lekin bizda umumiy tarzda «payvandchi» deb yozilgan hujjat berilgan. Bu esa shu diplomga ega shaxsning chet elda kvalifikatsiyasiga mos ish topishida qiyinchiliklarga duch kelishiga sabab boʻlgan. Sababi – chet davlat ish beruvchilari Oʻzbekiston taʼlim tizimi bilan tanish emas.

Agar biz kadrlarni milliy malaka ramkasi asosida «payvandchi»likning turli darajalariga oʻqitsak, ish beruvchilar uning qanday malaka, bilim, koʻnikmaga ega ekanini bilishi mumkin. Chunki har bir davlatning milliy malaka ramkalari muvofiqligi jadvali bor. Unga solishtirib, ish beruvchi ish soʻrab kelgan xodimning qoʻlidan nima kelishini bilib oladi va ish berish-bermaslikni hal qiladi.

«Chet eldan olib kelingan diplomlarni tan olish tizimi soddalashadi»

– Bundan tashqari, chet eldan olib kelingan diplomlarni ham tan olish tizimi soddalashadi. Chunki xorijda olingan diplomning malaka darajasi bizdagi qaysi darajaga tushishi aniqlashadi.

Xorijda oliy taʼlim beradigan kollejlar ham bor. Ularni tugatib kelganlarning hujjati ayrim hollarda kollejniki bilan tenglashtirib qoʻyilardi. Endi bu muammo boʻlmaydi. Kollejda oʻqib olingan boʻlsada, hujjat milliy malaka ramkasining 5-darajasiga mos kelsa, oʻz-oʻzidan oliy taʼlim darajasiga tenglashtiriladi.

«Oʻz ustida ishlashga imkon berilyapti»

– Bundan tashqari, shu paytga qadar kvalifikatsiya toʻgʻrisida hujjat olgan shaxs yana oʻz malakasini oshirishni xohlasa, bu muammo edi. Sababi diplomda malakaning qaysi darajasini tugatgani aniq koʻrsatilmagan. Bu esa qanday qilib va qayerda malaka oshirishi mumkinligini soʻroq ostida qoldirgan.

Milliy ramka tasdiqlanishi bilan taʼlimni tugatgan odam keyingi bosqichda qaysi jihatdan malaka oshirishi lozimligini bilib oladi va taʼlim beruvchilar ham shunga asoslanib, oʻz ishini tashkil qiladi, xizmatlarini taklif qiladi.

«Noformal taʼlimga formal hujjat berish mumkin boʻladi»

– Bizda koʻpchilik kollejlarga borib emas, hunarmandga shogird tushib, turli kasblarni egallashadi. Masalan, chilangar boʻlishni xohlagan odam 6 oy chilangarlik ustaxonasida, sartarosh boʻlishni xohlagan yosh esa sartaroshxonada ishlab, hunarni oʻzlashtiradi. Demak, ular sartarosh va chilangar malakasiga ega boʻlishadi, faqat noformal tarzda.

Noformal taʼlimga esa diplom bera olmaymiz, ular qachon kollej, institutda oʻqisa, diplom olishlari mumkin boʻladi. Shuning uchun malakaga ega boʻlsada, qoʻlida hujjati yoʻqligi uchun noformal tarzda malakaga ega boʻlganlar mehnat bozorida tengsizlikka duch kelayotgan edi.

Endi milliy malaka ramkasi bilan birga «Kvalifikatsiyani baholash markazlari» tashkil etilishi kutilyapti. Hunarmand yigit baholash markaziga borib, oʻz malakasini baholatishi va unga mos ravishda hujjat olishi mumkin. Bu hujjat esa kollej diplomi bilan teng yuridik kuchga ega boʻladi.

Bu narsa bizga kerak edi. Chunki sifat qoniqtirmagani uchun oʻquvchilar kollejlarga bormay qoʻyishgandi. Kim hunar oʻrganishni xohlasa, hunarmandga shogird tushishni maʼqul koʻrardi. Endi ular ham oʻz malakasiga yarasha hujjat olish imkoniga ega boʻladi.

Bundan tashqari, formal taʼlim bilan hammani toʻliq qamrab olish juda qiyin. Jamiyatda har doim noformal taʼlim mavjud boʻlib kelgan. Hatto onlayn tarzda mustaqil biror malakaga ega boʻlayotganlar ham koʻp. Ular ega boʻlgan malakani ham rasman tasdiqlashimiz mumkin boʻlmoqda.

«Kasb-hunar taʼlimiga xususiy sektorni jalb qilish kerak»

– Kvalifikatsiya tasnifi doirasida professional standartlar ishlab chiqilishi lozim. Professional standart deganda esa kasbga mehnat bozori qoʻygan talablar majmuyi tushuniladi. Professional standartlar asosida taʼlim beruvchilar kadr tayyorlaydi.

Endi taʼlim beruvchilar kasbga qoʻyilgan bilim, malaka va koʻnikma talabi asosida oʻz dasturini ishlab chiqadi. Bu dastur asosida oʻqigan shaxs esa yakunida koʻrsatilgan talabga javob beradigan kadr boʻlishi kerak. Buning bilan «Oʻqishni bitirgan kadr hech narsani bilmaydi» kabi shikoyatlarga oʻrin qoldirmaslik moʻljallanmoqda.

Lekin bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Kamchiliklardan qutulish uchun, avvalo, taʼlim tizimida raqobat paydo boʻlishi kerak. Raqobat boʻlsa, taʼlim beruvchilar sifatli xizmat taklif qilishga harakat qiladi.

Hozirgi vaziyatda esa taʼlim ancha monopoliyalashgan holatda turibdi. Agar kasb-hunar tizimiga xususiy sektor kirib kelsa, ular turli kasb egalarini tayyorlasa, oʻzlari professional standartlarni takomillashtirish taklifi bilan chiqishadi.

Masalan, respublikada kasbga tayyorlovchi turli markazlar bor. Qizlar turli xususiy markazlarda yaxshi tikuvchi, oshpaz boʻlib chiqyapti. Bu kabi markazlarga koʻproq yoʻl berish kerak. Va ular beradigan diplomni tan olishni taʼminlash kerak. Agar qaror asosida baholash markazlari tashkil etiladigan boʻlsa, bu ham amalga oshadi. Natijada, raqobat muhiti paydo boʻladi.

Taʼlim rekonstruksiyasi uchun katta mablagʻ sarflanishi kutilmoqda

– Bitta ramka hamma narsani hal qilib bermaydi. Bu taʼlim bozoridagi holat, raqobat va imkoniyatlarga ham bogʻliq. Bularning barchasini amalga oshirish uchun esa katta mablagʻ talab qilinadi.

Chunki biz kasb-hunar taʼlim tizimini qaytadan tashkil qilyapmiz. Va endi bizga yangi jihozlar, taʼlim ustalari kerak boʻladi. Oldingi standartlar asosidagi jihozlar, uskunalar bilan esa kadrlar tayyorlay olmaymiz.

Taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organlari ham yangi tizimga tayyor boʻlishi lozim. Endi avval foydalanilgan taʼlim standartlaridan foydalanib boʻlmaydi. Masʼullar professional standartlarni oʻrganib, u asosida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha katta hajmdagi masʼuliyatli ishni amalga oshirishi lozim boʻladi. Agar biz eski taʼlim dasturi orqali kadr tayyorlasak, bu bitiruvchi hech kimga kerak boʻlmay qolishi mumkin.

Kasb-hunar kollejlari oʻz sohasiga tegishli tashkilotlarga boʻlib berilgani ham yaxshi boʻlgan. Chunki ular oʻzlariga qanday kadr kerakligini yaxshi biladi. Masalan, qurilish kollejlari Qurilish vazirligiga, qishloq xoʻjaligi kollejlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga, turizm kollejlari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazilgan. Ular yaxshi ishlayapti, soha ehtiyojidan kelib chiqib, professional standartlarni ishlab chiqmoqda.

Lekin bu yetarli emas. Bizning iqtisodiyotimiz sharoitida kasb-hunarli kadrlarga ehtiyoj juda katta.

Qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar ham oʻz kollejlariga oʻquvchi kelmay qoʻysa, jiddiy oʻylab koʻra boshlaydi va raqobatga mos tarzda ish olib boradi.

Kasb-hunar kollejlarini tugatgan bolalar ham koʻchada qolmaydi. Toʻgʻri, hozir kollejda kerakli hunarni oʻrgana olmagan bolalar ishsiz qolyapti. Shuning uchun milliy malaka ramkasi gʻoyasi yaxshi, lekin uni amalga oshirish uchun hamma birday ishlamasa, u amalga oshmay qoladi.

2020-2021 oʻquv yilida taʼlimda mana shu yangi tizim asosida ish boshlaymiz. Qisqa vaqt ichida birinchi oʻrinda professional kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar yangi oʻquv yilga tayyorlanishi kerak. Oldinda taʼlim dasturlari, oʻquv rejalari va adabiyotlar tayyorlash, moddiy-texnik bazani boyitish, pedagog kadrlar bilan taʼminlash vazifalari turibdi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ