| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi

Koronavirusdan kasallangan bemorlarni davolashda koʻmaklashish uchun Germaniyadan mutaxassislar kelishi kutilmoqda

Yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar oʻrtasida taqsimlangan.

Koronavirusdan kasallangan bemorlarni davolashda koʻmaklashish uchun Germaniyadan mutaxassislar kelishi kutilmoqda

20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari pandemiyani jilovlash doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib, Mustaqillik bayramini bunday sharoitda nishonlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Jumladan, qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatimizda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37,5 mingdan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sogʻaydi. 4 mingta bemorni davolash va oilasi bagʻriga qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday natijalar yurtimiz tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib oʻtdi. Vaziyat ayniqsa, Toshkent shahrida ijobiy tomonga oʻzgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar oʻrtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi. Xorijlik ekspertlar asosan ogʻir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ayni haftalar biz uchun sinovli davr boʻladi. Koʻrilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon boʻladi.

Lekin, aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, yaʼni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qatʼiy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur boʻlishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga soʻzsiz amal qilishga odatlanishimiz kerakligi yana bir bor tayinlandi.

Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qatʼiy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish boʻyicha barcha choralarni koʻrib borish topshirigʻi berildi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ