Koronavirus pandemiyasi ortidan global oziq-ovqat inqirozi boshlanadi(mi?)
Mutaxassislarining fikricha, 2020 yilda 265 million kishi ochlikdan aziyat chekadi - bu oʻtgan yilga nisbatan ikki baravar koʻp degani.

BMT Oziq-ovqat dasturi prognoziga koʻra, koronavirus pandemiyasi ortidan global oziq-ovqat inqirozi kutilmoqda. Dastur mutaxassislarining fikricha, 2020 yilda 265 million kishi ochlikdan aziyat chekadi - bu oʻtgan yilga nisbatan ikki baravar koʻp degani.
Sohadagi boshqa ekspertlar esa jahonda oziq-ovqat bilan bogʻliq vaziyat inqirozdan uzoqda, deb hisoblamoqda.
Aslida, soʻnggi oʻn yillikda global oziq-ovqat inqirozi xavfi mavzusi bir necha bor koʻtarilgan. Dastlab, ekspertlar aholi soni haddan tashqari tez oʻsishi oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab boʻlishidan ogohlantirdilar. Buning ortidan esa oziq-ovqat ishlab chiqarish oqsashi kutildi. Keyinchalik, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ehtimoliy muammolar qoʻshildi. Xususan, yaqinda BMT 2050 yilga borib iqlim oʻzgarishi sababli hosildorlik sezilarli darajada pasayishini bashorat qildi.
Umuman olganda, global qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish barqaror boʻlib turibdi. Soʻnggi 10 yil ichida goʻsht ishlab chiqarish hajmi 10 foizga oshgan. Xuddi shuningdek, donli mahsulotlar yetishtirish hajmi ham yildan-yilga oʻsib bormoqda. Muhimi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror darajada saqlanib turibdi. Misol uchun, AQSh birjalarida bugungi kunda bugʻdoyning narxi 1970 yildagi oʻrtacha koʻrsatkichdan atigi 20 foizga qimmat. Inflyasiya hisobga olinsa, joriy narxlar oʻtgan asrdagi koʻrsatkichlardan ikki baravar pastligi anglashiladi.
Qolaversa, koronavirus pandemiyasi tufayli global joriy etilgan karantin choralari qishloq xoʻjaligiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgani yoʻq. Xususan, jahonning hech bir mamlakatida fermerlarning ishlashi va harakatiga jiddiy cheklovlar kiritilmagan. Biroq, meva va rezavorlarni ishlab chiqaruvchilarda baʼzi muammolar paydo boʻlishi mumkin (ushbu mahsulotlarni yetishtirish va yigʻish mashaqqatli va har doim ham mexanizatsiyalashtirilmagan). Koʻpgina mamlakatlarda mazkur soha ichki va xalqaro miqyosda muhojirlarning mehnatiga bogʻliq boʻlib, karantin choralari ularga oʻtib boʻlmaydigan toʻsiq qoʻyishi mumkin.
Oʻz navbatida, soʻnggi 10-15 yil ichida asta-sekin, ammo barqaror ravishda global oziq-ovqat taʼminoti koʻrsatkichlari oshmoqda. Masalan, guruchning global zaxiralari 2005 yilda 90 million tonna boʻlgan boʻlsa, 2020 yil boshida ushbu koʻrsatkich 150 million tonnaga chiqdi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

