Joriy haftada koʻplab oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari biroz koʻtarildi
Ushbu haftada piyoz, baliq va qoʻy goʻshtining oʻrtacha narxlarida 1% atrofida oʻsish kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil 11 avgust holatiga koʻra aholining isteʼmol savatchasidagi oziq-ovqat narxlari indeksini ishlab chiqildi.
Maʼlumot uchun: indeks goʻsht va sut mahsulotlari (mol goʻshti, qoʻy goʻshti, parranda goʻshti, sut, tuxum), sabzavotlar (piyoz, karam, pomidor, sabzi, bodring, kartoshka), mevalar (olma, nok), poliz mahsulotlari (tarvuz, qovun, qovoq, uzum), dukkakli ekinlar (noʻxat, loviya, mosh), guruch, un, makaron, sabzavot, sariyogʻ va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan holda hisoblandi.
Yagona indeksni tuzishda, mamlakat aholisining isteʼmol odatlarini tavsiflovchi ogʻirliklar qoʻllanildi (yaʼni, aholi oʻrtasida ushbu mahsulot qancha koʻp isteʼmol qilinsa, uning ogʻirligi shuncha yuqori boʻladi).
Natijada quyidagilar aniqlandi:
2020 yil 11 avgust holatiga oziq-ovqat narxlari indeksi respublikada oʻtgan haftaga nisbatan +0.31% tashkil etdi.
Maʼlumot uchun: respublikada qovunning oʻrtacha narxi (1 kg) oʻtgan haftaga nisbatan -6,83% ga pasayib, 2428 soʻmni tashkil etdi. Tarvuz va qovoqning narxi 3% dan koʻproqga oshdi va respublikada ushbu mahsulotlarning oʻrtacha narxi mos ravishda 1376 soʻm va 2662 soʻmni tashkil etdi. Pomidorning oʻrtacha narxi (1 kg) 3028 soʻm (-2,87%). Nokning narxi -1,47 % ga pasayib, 1 kg uchun 13 836 soʻmni tashkil etdi. Mosh (-0,36%) va bugʻdoy uni (-0,14%) narxlarida bir oz pasayish kuzatildi va ularning oʻrtacha narxi (1 kg) mos ravishda 11884 soʻm va 4400 soʻmni tashkil etdi.
Ushbu haftada koʻplab mahsulotlar narxlarining koʻtarilgani sezildi. Xususan, bodringning oʻrtacha narxi (1 kg) 2727 soʻm (+ 6,83%), sabzi (2501 soʻm), piyoz (1824 soʻm), baliq (23 317 soʻm) va qoʻy goʻshtining (55,4 ming soʻm) oʻrtacha narxlarida 1% atrofida oʻsish kuzatildi. Makaron va shakarning narxi (1 kg) oldingi haftaga nisbatan deyarli oʻzgarmadi.
1-jadval. 11 avgust holatiga Oʻzbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oʻtgan haftaga nisbatan oʻsishi yoki pasayishi, (%)

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor maʼlumotlari asosida muallif hisob-kitoblari
Hududlar boʻyicha oziq-ovqat narxlari indeksining pasayishi Namangan (-0,38%) Toshkent (-0.26%) va Fargʻona (-0.12%) viloyatlarida kuzatildi.
Andijon viloyatida oziq-ovqat narxlari indeksi deyarli oʻzgarishsiz qoldi, bu esa oʻtgan haftaga nisbatan oziq-ovqat narxlarining barqarorligidan dalolat beradi.
Navoiy viloyatida indeksning oʻsishi kuzatildi va +1,97% ni tashkil etdi. Buxoro va Xorazm viloyatlarida indeksning oʻtgan haftaga nisbatan oʻsishi qayd etildi, va mos ravishda 1,22% va 1,12% ni tashkil etdi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning qaroriga binoan, avgust oyining birinchi haftasida kam taʼminlangan oilalarga 148 milliard soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi.
Avgust oyi oxiriga qadar 1,7 million kishi va 50 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari uchun 780 milliard soʻm toʻlanadi. Shuningdek, joriy yil oxiriga qadar 1,7 million kam taʼminlangan fuqarolar, 3,7 million nafaqaxoʻrlar va qoʻshimcha 500 ming ijtimoiy nafaqaxoʻrlar uchun byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻm ajratiladi. Aholi qatlamlariga koʻrsatilgan moddiy yordam oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni ragʻbatlantiradi, bu esa oʻz navbatida narxlarning oshishiga va natijada oziq-ovqat narxlari indeksining oʻsishiga olib keladi.
Isteʼmol savatchasi narxlari indeksining dinamikasi shuni koʻrsatadiki, avgust oyining birinchi haftasida aholiga moddiy yordam koʻrsatilgandan soʻng, 11 avgustdan boshlab koʻplab oziq-ovqat mahsulotlariga talab kuchayib oziq-ovqat narxlarining oʻsish indeksi 4 avgustdagi -0,21% dan 11 avgustda + 0,31% oshishiga olib keldi (1-rasm).
1-rasm. Isteʼmol savatidan oziq-ovqat narxlari indeksining dinamikasi

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor maʼlumotlari asosida muallif hisob-kitoblari
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

