Inflyasion targetlashning zarurligi
Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma – bosqich oʻtish 2020 yildan boshlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida inflyasiyaga qarshi kurash Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
Inflyasion targetlash gʻoyasining muallifi shvetsiyalik mashhur iqtisodchi olim Knut Viksel hisoblanadi. U 1890 yilda dunyo iqtisodchilari orasida birinchi boʻlib, markaziy banklar siyosatining bosh maqsadi baholar barqarorligini taʼminlash boʻlishi kerak, degan gʻoyani ilgari surdi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar inflyasion targetlash rejimiga XX asrning 90-yillarining oxiridan oʻta boshladi. Ushbu rejimni ilk qoʻllagan mamlakatlar Janubiy Koreya, Braziliya, Kolumbiya, Tailand, Polsha va Chexiya hisoblanadi. 2000 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, Indoneziya, Ruminiya, Turkiya, Serbiya, Gana va Paragvay inflyasion targetlash rejimiga oʻtdi.
Rossiyada inflyasion targetlash rejimiga oʻtish 2014 yilda sodir boʻldi. Rossiya Markaziy banki 2017 yilning oxiriga borib inflyasiyaning yillik darajasi 4% boʻlishini taʼminlash majburiyatini oldi. 2017 yilga qadar Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasini 6 foizdan past boʻlishini taʼminlashga muvaffaq boʻlinmagan.
2014 yilning yakuni boʻyicha Rossiyada inflyasiya darajasi 11,4 foizga yetdi. Ammo Rossiya Markaziy banki faqat 2017 yilning yakunida inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini taʼminlashga muvaffaq boʻldi. 2017 yilning yakuniga kelib, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 2,5 foizni tashkil etdi. Holbuki, 2016 yilda inflyasiyaning yillik darajasi 5,4 % edi.
Inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichidan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida muvaffaqiyatli foydalangan davlatlar qatoriga Yangi Zelandiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Shvetsiya, Avstraliya va Ispaniyani kiritish mumkin. Mazkur mamlakatlarda inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi turlicha ifodalangan. Avstraliya, Finlandiya va Shvetsiyada Markaziy bank inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichini hukumatning roziligini olmasdan turib eʼlon qildi. Kanada va Yangi Zelandiyada inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi Markaziy bank va Moliya vazirligining oʻzaro kelishuvi asosida ishlab chiqdi. Ammo shuni eʼtirof etish joizki, inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichidan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida foydalanishning mumkinligi biror-bir Markaziy bankning nizomida oʻz aksini topmagan. Shu sababli, bu masalani huquqiy jihatdan maqsadga muvofiqligi Markaziy banklar faoliyatining bosh maqsadi orqali izohlanadi, yaʼni inflyasiyaning maqsadli koʻrsatkichi orqali uni jilovlash Markaziy bankning bosh maqsadiga – milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash va jamiyatda baholar barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, inflyasion targetlash rejimiga bosqichma – bosqich oʻtish 2020 yildan boshlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyasion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi lozim. Xususan:
– 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga taʼsir koʻrsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qogʻozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
– 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
– bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
– 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagi hamda ilgʻor xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini yaratish.
Eʼtirof etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasida inflyasiya darajasining yuqori ekanligi inflyasion targetlash rejimiga oʻtish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Oʻtgan yillarda respublikamizda inflyasiya darajasi yuqori boʻlgan. Bu esa, Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini oshirishga majbur qilgan. Oʻz navbatida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining oshishi tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalarini oshib ketishiga olib keldi. Bu esa, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga nisbatan salbiy taʼsirni yuzaga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, inflyasion targetlash inflyasiyaga qarshi kurashishning nisbatan samarali usuli sifatida dunyoning koʻplab mamlakatlarida qoʻllanilmoqda; ikkinchidan, inflyasion targetlash rejimiga oʻtilganlgini uch omil tasdiqlaydi; uchinchidan, inflyasion targetlash rejimini muvaffaqiyatli qoʻllash uchun maʼlum shart-sharoitlar yaratilgan boʻlish kerak; toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasida 2020 yildan boshlab inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish uchun meʼyoriy-huquqiy asos yaratildi.
Z.A. Xolmaxmadov
Toshkent moliya instituti huzuridagi
Moliya-bank xodimlarining malakasini oshirish
va ularni qayta tayyorlash tarmoqlararo instituti direktori,
i.f.n., dotsent
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




