Obid Hakimov: Aholining qoʻliga pul berish kambagʻallikdan chiqarishda yaxshi samara bermaydi
Kambagʻallikdan oʻzidan oʻzi daromad bilan chiqib ketish qiyin. Masalan, kimgadir pul bersam, u oʻz sohasi, sogʻligʻi, uyidagi muhit, farzandlari sogʻligʻi va taʼlimiga eʼtibor qaratmasa, oʻzini kambagʻallikdan chiqarish ustida ishlamasa, ertaga yana kambagʻallik qopqoniga tushib qolaveradi. Shuning uchun, kambagʻallikni qisqartirishga kompleks yondashish kerak, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.

Nobel sovrindorlari Abxijit Benarji va uning turmush oʻrtogʻi Ester Dyufloning kambagʻallikni qisqartirish borasida qoʻllagan eksperimentlaridan Oʻzbekistonda foydalanish qanchalik qoʻl keladi? Mamlakatda kambagʻallikka qarshi kurashish ishlari qanday davom etyapti? Ushbu savollarga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov javob berdi.
Koʻpgina mamlakatlarda kambagʻallik absolyut oʻlchovlar orqali oʻlchanadi. Masalan, bitta odam maʼlum miqdordan kam daromad yoki kam isteʼmol qilayotgan boʻlsa, shu odam kambagʻal hisoblanadi. Butun dunyoda odam oʻzining minimal funksiyalarini bajarish uchun kerak boʻladigan kilokaloriyani(kkal) olish uchun isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat miqdori tushuniladi. BMT 1800 kkaldan past oziq-ovqat isteʼmol qilayotgan odamlar haqiqiy kambagʻal hisoblanishini taʼkidlaydi. Kambagʻallikning nisbiy oʻlchamlarida koʻp rivojlangan mamlakatlarda toʻyib ovqat yemaslik muammolari yoʻq. Ularda barcha aholining olayotgan daromadi taqsimotida eng past 20 foiz daromadli aholi kambagʻal sanaladi. Yana bir oʻlcham minimal isteʼmol savatchasi boʻlib, bu yerda faqat oziq-ovqat emas, xizmatlar, nooziq-ovqat mahsulotlar, minimal xizmatlar kabilar qoʻshiladi. Mamlakatlar oʻzlaridagi kambagʻallik darajasini mana shunday turli oʻlchamlar bilan aniqlab, soʻngra aholi darajasini koʻtarish boʻyicha oʻz siyosatlarini amalga oshirishadi.
Oʻzbekistonda kambagʻallik haqidagi gaplar 2020 yilning boshidan boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatida bu masala koʻtarildi. Davlat rahbari mamlakatdagi kambagʻallik koʻrsatkichi 10-15 foiz oraligʻida ekanini aytgandi. Bu raqam qayerdan kelgan? Taʼkidlanganidek, odamlarning kunlik minimal xarajatlari bor. Oʻrta past daromadli mamlakatlar uchun ushbu mezon 3,2 AQSh dollarini tashkil etadi. Bunda 3,2 dollar aynan emas, shu qiymatda turli davlatlarda toʻlov qobiliyati mahalliy valyutadagi raqamga oʻzgartiriladi. Yaʼni xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koeffitsiyenti (PPP conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan eʼlon qilinadi. Masalan, 2018 yil Oʻzbekiston uchun 1 AQSh dollarining PPP qiymati 1784 soʻm etib belgilangandi. 2020 yilda bajarilgan hisob-kitobga koʻra, kishi boshiga 3,2 AQSh dollari, yaʼni 5,600 soʻm toʻgʻri kelib, Oʻzbekistonda shuncha mablagʻ ishlab topgan odam kambagʻal emas. Shu oʻlcham asosida, Oʻzbekistonda kambagʻallik koʻrsatkichi 9-10 foiz atrofida etib belgilangan.
Maʼlumot uchun, Xarid qilish qobiliyati paritetining konvertatsiya koyeffitsiyenti (Purchasing power parity conversion factor) har yili Jahon banki tomonidan eʼlon qilinadi. Masalan, 2018 yil Oʻzbekiston uchun 1 AQSh dollarning PPP qiymati 1784 soʻm deb belgilangan. Yaʼni AQShda 1 dollarga qancha maxsulot olish mumkin boʻlsa, oʻsha mahsulotni Oʻzbekistonda 1784 soʻmga xarid qilish mumkin.
Oʻzbekistonda kambagʻallikni kompleks oʻrganish uchun shu yilning 29 sentyabr kuni prezident tomonidan Oʻzbekistonda kambagʻallikni oʻrganish boʻyicha jahon tajribasiga mos ravishda katta va keng tadqiqotlar oʻtkazishga topshiriq berildi. Bu tadqiqotlarga 2019 yilda Nobel mukofotini olgan Ester Dyuflo va Abxijit Benarjining tadqiqotlari asos qilib olingan. Bu boʻyicha davlat xizmatchilari, kambagʻallikka qarshi kurashayotgan odamlarda kambagʻallik toʻgʻrisida kompleks fikrlashni yoʻlga qoʻyish kerak edi. Koʻpincha odamlar bilan suhbatda maʼlum boʻladiki, ish topib yoki kredit olib, biror ish qilish orqali kambagʻallikdan chiqib ketish mumkin, degan fikr bor. Aholining qoʻliga pul berish kambagʻallikdan chiqarishda yaxshi samara bermaydi. Chunki bunga kompleks yondashuv kerak. Bu masala bilan shugʻullandigan xizmatchilarga aholi uchun taʼlim, ijtimoiy himoya, sogʻliqni saqlash masalalarining qanchalik dolzarb ekani haqida toʻliq maʼlumot berildi.
Kambagʻallikdan oʻzidan oʻzi daromad bilan chiqib ketish qiyin. Masalan, kimgadir pul bersam, u oʻz sohasi, sogʻligʻi, uyidagi muhit, farzandlari sogʻligʻi va taʼlimiga eʼtibor qaratmasa, oʻzini kambagʻallikdan chiqarish ustida ishlamasa, ertaga yana kambagʻallik qopqoniga tushib qolaveradi. Shuning uchun, kambagʻallikni qisqartirishga kompleks yondashish kerak.
Shuningdek, ijtimoiy himoya tizimimiz qanday boʻlishi kerakligi ham inobatga olinishi kerak. Masalan, ijtimoiy himoya tizimimiz bu faqat berilayotgan yordam emas, kambagʻallikdan chiqarish uchun berilayotgan yordam hisoblanadi. Koʻpgina mamlakatlarda fuqaro ijtimoiy himoyani olayotganda muayyan shartga rozilik beradi. Masalan, har 2 oyda bolalarini shifokor koʻrigidan oʻtkazmasa, oʻz sogʻligʻiga eʼtibor qaratmasa, bolalarning maktabga borishini toʻliq taʼminlamasa, ijtimoiy nafaqa toʻxtatilishi haqida ogohlantiriladi. Xuddi shunday biz Boʻka va Chinoz tumanlarida 1100dan ortiq xonadonlarga borib, butun uyni toʻliq soʻrovnomadan oʻtkazdik va soʻrovnoma boʻyicha tahlillarni amalga oshirayapmiz.
Manba: Kun.uz
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




