| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza3 daqiqada oʻqiladi84 marta oʻqildi

Aybsizlik prezumpsiyasi qachon ishlaydi?

OAV tarqatadigan axborot aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini buzishi bilan bir qatorda qaysidir tizimning obroʻsi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Aybsizlik prezumpsiyasi qachon ishlaydi?

Oxirgi vaqtlarda ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmaslik holatlari uchramoqda. Turli nizoli vaziyatlarni hali sud yakuni tugamasdan turib ommaga eʼlon qilish, jamoatchilik oʻrtasida muhokamaga olib chiqish va hali sudda isbotlanmagan hodisalarni ommaviy axborot vositalarida tarqatish orqali jamoatchilikda asossiz ravishda salbiy kayfiyatni paydo qilish holatlari uchramoqda. Bu esa fuqarolarning konstitutsion huquqlari buzilishiga olib kelmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, OAV tarqatadigan axborot aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini buzishi bilan bir qatorda qaysidir tizimning obroʻsi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Xoʻsh, Oʻzbekiston qonunchiligida bu haqida nima deyilgan? Aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmoqdami?

Jahon tajribasida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida aybsizlik prezumpsiyasi (aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va aybsizligini isbotlab berishi shart emas) mavjud.

Aybsizlik prezumpsiyasi umumhuquqiy norma boʻlib, unga amal qilish jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ustuvor hisoblanadi.

Konsititutsiyamizning 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʻzini himoya qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlab berilishi koʻrsatilgan.

Hamma rahbarlar qulogʻiga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq – Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qoʻllanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan.

Mantiqan olib qaralganda, jinoyatning zaruriy belgisi sifatida shaxsning aybi isbotlanishi bilan jinoyat (jinoiy holat emas) sodir etilganligi eʼtirof etiladi. Bu esa sud hukmi bilan tasdiqlanadi. Demak, sud hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib shaxsni hozirdanoq “poraxoʻr”, “firibgar” “oʻgʻri” “zoʻravon” va boshqa iboralar bilan sifatlash, atash va uni aybdor shaxs sifatida internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda talqin qilish notoʻgʻri hisoblanadi. Bu Konstitutsiya tamoyillariga tamomila ziddir.

Baʼzi holatlarda sud tomonidan shaxsning harakat yo harakatsizligiga huquqiy baho berilmay turib tegishli qonun ustuvorligini taʼminlashga maʼsul boʻlgan organlar tegishli saytlarda ham shaxsning qaysidir jinoyatda ayblanayotganligini va uning shaxsiga oid maʼlumotlar koʻrsatilib xabar sarlavahalarini ham joylashtirish holatlari uchramoqda.

Vaholanki, maʼsul surishtiruv va tergov xodimlari ish yurituvidagi jinoyat ishi boʻyicha tergov siri hisoblangan jinoiy hodisa faktlarining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi shaxsning aybsizlik prezumpsiyasinng buzilishiga hamda qaysidir tizim vakilining harakatlari tufayli maʼlum sohaning obroʻsiga putur yetkazilishiga olib keladi.

Shavkat Mirziyoyev sudlarga Prezident talabini qoʻydi

Misol tariqasida, shaxs qaysidir jinoyatni qilganlikda xuddiki aybdor sifatida jamoatchilik oʻrtasida, masalan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Biroq ertaga sudda shaxsning aybi isbotlanmay, u oqlansa-chi? Shaxsning keyingi taqdiri nima boʻladi? Maʼlum bir tizim yoki sohaning obroʻsi nima boʻladi? Oqibatda sudlanuvchi shaxsning sharmanda boʻlgani qoladi, shaʼni, qadr-qimmati kamsitiladi. Shaxs ishlayotgan tizimning obroʻyini tushirib, uning nufuzini pasaytirib, xalqning oʻsha tashkilotga nisbatan salbiy fikrlarining paydo boʻlishiga olib keladi.

Shuningdek, shaxsning goʻyoki jinoyat sodir qilganlikdagi harakatlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilinishi kelgusida tergov organining ishni tergov qilishda yoki sudda ishni koʻrishda mustaqil sudyada oʻsha shaxsga nisbatan barvaqt salbiy xulosa shakllanishiga turtki boʻlishi mumkin. Bu esa mustaqil sudning fikriga qaysidir maʼnoda taʼsir qilishga olib keladi.

Baʼzi hollarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik ishtirokidagi keng muhokamalar ishni yuritayotgan tergov organiga ham taʼsir qilib, qonuniy qaror qabul qilishda chalgʻish holatlari ham uchramoqda va bu shaxsning aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda shaxs taqdiriga bevosita taʼsir qilmoqda.

Shubhasiz, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari oʻzlari chop etayotgan axborotlarning toʻgʻriligi hamda ularni bayon etish shaklining odob doirasida boʻlishi uchun javobgardirlar. Oʻzbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunida jurnalistning aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi koʻrsatilgan.

OAVda tarqatilgan axborot haqiqatan ham shaxsning shaʼni, qadr-qimmati va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqini buzishi mumkin.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, qonun ustuvor boʻlgan davlatda, huquqiy demokratik jamiyatda soʻnggi soʻzni hamisha sud aytadi. Sud soʻnggi soʻzini aytguncha, shaxsning aybdor yoki aybsiz ekanligini muhokama qilmasdan, aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilaylik.

Otabek Toshev,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti maʼsul xodimi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ