| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza8 daqiqada oʻqiladi253 marta oʻqildi

Tashqi qarz borasida oʻylarimiz

Darhaqiqat, tashqi qarz mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan har bir fuqaroni mulohazaga chorlaydigan masala. Shu boisdan, ijtimoiy tarmoqlarda soʻnggi paytlarda oʻsayotgan tashqi qarz borasida qizgʻin muhokamalar va qarama-qarshi fikrlar bildirilayotganligi bejiz emas.

Tashqi qarz borasida oʻylarimiz

Darhaqiqat, tashqi qarz mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan har bir fuqaroni mulohazaga chorlaydigan masala. Shu boisdan, ijtimoiy tarmoqlarda soʻnggi paytlarda oʻsayotgan tashqi qarz borasida qizgʻin muhokamalar va qarama-qarshi fikrlar bildirilayotganligi bejiz emas.

Bunga, oʻz navbatida, tashqi qarz borasidagi maʼlumotlarning ochiqligi, undagi oʻzgarishlar haqida muntazam maʼlumotlar berib borilayotganligi ham sababdir aslida. Avvallari tashqi qarz haqida umumiy maʼlumotlar berish bilan cheklanilgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib, uning muddat va valyuta jihatidan tarkibi, foiz stavkalari, unga yillik xizmat koʻrsatish hajmi va bunda davlat va xususiy sektorning ulushlari, tashqi qarz hisobiga moliyalashtirilayotgan loyihalar haqida axborot muntazam ravishda taqdim etilmoqda.

Shuningdek, mamlakat oltin-valyuta zaxiralari tarkibi, toʻlov balansi holati, hatto qazib olinayotgan va eksport qilinayotgan uran hajmi boʻyicha ham maʼlumotlar oshkor qilinmoqda.

Natijada mazkur sohada yetarlicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yoki boʻlmagan fuqarolarimiz oʻz qarashlarini bildirishda faollik koʻrsatmoqda. Hissiyotlarga berilish oqibatida, hatto mamlakatni sotib yuborish, mamlakat hududining bir qismini tashqi qarz evaziga boshqa davlatga berib yuborilishi kabi asossiz fikrlar ham shakllanib ulgurgan.

Keling dastavval umumiy tashqi qarz haqida biroz aniqlik kiritib olaylik. Xususiy sektor qancha qarz oladi, uni qanday qaytaradi – bu alohida masala. Ushbu qarzlarni qaytarish xususiy sektorning zimmasida boʻlar ekan, uning zamirida bozor konʼyunkturasi va turli risklarni hisobga olib, qoʻshilgan qiymat yaratadigan, saralangan loyihalar yotibdi. Demakki, xususiy sektor tashqi qarzini qaytarishi uchun yetarli asoslar mavjud. Xususiy tashqi qarz qaytmagan taqdirda ham biz soliq toʻlovchilar uchun katta fojia emas, dunyoda necha-necha kompaniyalar qarzini toʻlay olmay bankrotlik koʻchasiga kirib chiqmoqda.

Biroq davlat tashqi qarzi va uning aynan davlat byudjeti kamomadini qoplash maqsadida jalb qilinadigan qismi haqiqatda ancha jiddiy masala. Chunki davlat tashqi qarzi xoh qisqa xoh uzoq muddatli boʻlsin, joriy soliq toʻlovchilarni ham kelajak soliq toʻlovchilarini ham birdek oʻylantiradi. Zero bu yerda moliyani kreditdan farqlaydigan jihatlardan biri qaytarishlilik tamoyili amal qilmaydi, yaʼni byudjetdan sarflangan mablagʻlarni oluvchi tomon qaytarmaydi. U kelgusi byudjet daromadlaridan, yaʼni asosan soliq toʻlovchilarning mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.

Shu boisdan, “2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-589-sonli qonunining 17-moddasiga muvofiq, 2020 yilda davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni oʻzlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida tasdiqlangan. Bu esa xohlaganimizcha byudjet xarajatlarini tashqi qarz hisobidan amalga oshira olmasligimizni anglatadi va bunday cheklovlarning mavjudligi mantiqan juda toʻgʻridir.

Davlat investitsiya dasturi asosida loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilinayotgan tashqi qarz uni moliyalashtirish tarmogʻi yoki obʼyekti xususiyatlaridan kelib chiqib imtiyozli shartlarda ajratiladi. Bunday loyihalarni tanlab olishda ham aniq mezonlar, bosqichlar, bir soʻz bilan aytganda, sinalgan mexanizm amal qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bergan maʼlumot umumiy davlat qarzi haqida boʻlib, 2020 yilning birinchi yarmida davlat tashqi qarzi 17,3 mlrd. AQSH dollari va davlat ichki qarzi 2,1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining umumiy tashqi qarz tarkibi va undagi oʻzgarishlar boʻyicha bergan maʼlumotida 2020 yilning birinchi yarmida davlat tashqi qarzi 17,5 mlrd. AQSH dollarini (17 477,6 mln. AQSH dollari), xususiy tashqi qarz esa 10,1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan.

Maʼlumki, tashqi qarz faqat AQSH dollarida jalb qilinmagan, balki yapon iyenasi, SDR va boshqa valyutalarning AQSH dollariga nisbatan almashuv kurslari hisobiga yoki boshqa sababga koʻra davlat tashqi qarz borasidagi raqamlarda farq (17,5>17,3) yuzaga kelgan boʻlishi mumkin. Biroq Markaziy bank tomonidan oshkor qilingan umumiy tashqi qarz (27,6 mlrd. AQSH dollari) va Moliya vazirligi tomonidan ochiqlangan umumiy davlat qarzi (19,4 mlrd. AQSH dollari) oʻrtasida katta farq bor ekanligi va bu farq tamoman boshqa-boshqa manba hisoblangan davlat ichki qarzi va xususiy tashqi qarz hisobiga ekanligini anglash qiyin emas.

Rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashga intilar ekanmiz, avvalgi maqolalarimizda ulardagi tashqi qarz va iqtisodiy farovonlik oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganishga urindik. Biroq bunga munosabat bildirgan yurtdoshlarimiz orasida “rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirishdan oldin avval daromadni ham oʻsha davlatlar darajasiga koʻtarib qoʻyinglar keyin solishtirasizlar” degan fikrga ega insonlar ham topildi. Shu boisdan, nochor davlatlardagi tashqi qarz bilan bogʻliq holatlarga ham murojaat qilishga qaror qildik. Shunday mamlakatlardan biri Mozambik boʻlib, davlat qarzining YAIMga nisbati 2018 yilda 100 foiz boʻlgan boʻlsa, 2020 yilga kelib, 130 foizga yetgan. Mazkur mamlakat shundoq ham juda kichik fiskal makonga (fiscal space) ega edi. Bu esa mamlakatning xarajatlar tanlovi borasidagi imkoniyatini cheklab qoʻyadi.

Shuningdek, Afrikaning chuqur qarzga botgan mamlakatlari qatoriga Angola, Kongo, Jibuti va Misr davlatlarini qoʻshish mumkin. Mazkur davlatlarda tashqi qarzning YAIMga nisbati koʻrsatkichi 100 foizdan ortadi va pandemiya sharoitida moliyaviy qiyinchiliklarni hal etish jiddiy muammoga aylangan. Bu yerda gap qoʻshimcha tashqi qarz jalb qilmagan holda aynan pandemiya inqirozining oqibatida qarzga xizmat koʻrsatishning ogʻirlashganligi haqida ketmoqda. Mazkur mamlakatlarga koʻmaklashishning birdan-bir yoʻli tashqi qarzni restrukturizatsiya qilgan holda qoʻshimcha begʻaraz moliyaviy yordam yoki imtiyozli shartlarda yangi qarz berish hisoblanadi.

Biroq restrukturizatsiya ham doimo bunday mamlakatlarga uzoq muddatli istiqbolda foyda keltiravermaydi. Pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan xarajatlarni oshirish va shu maqsadda tashqi qarzga xizmat koʻrsatish shartlarini yengillashtirish pirovardida pandemiyadan soʻng kechiktirilgan toʻlovlar hisobiga koʻproq qarz toʻlashga ham olib kelishi mumkin.

Qoʻshni mamlakat Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashqi qarz masalasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasigacha koʻtarildi. Sooronbay Jeenbekov Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida koronavirus pandemiyasi tashqi qarz muammosiga katta zarba berganligini taʼkidlab, qarzni toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror uchun G20 ga aʼzo mamlakatlar va xalqaro moliya institutlariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 2020 yilning iyun oyidagi murojaatida pandemiya tufayli 2020 yilda yana 50 mln. kishi oʻta qashshoqlik domiga tushib qolishi borasidagi xavotiri ham bejiz emas.

Hozirgi davr murakkabligi bois insoniyatni shoshirib qoʻymoqda, pandemiya oqibatlarini yumshatish, insonlar hayotini saqlab qolish barcha mamlakatlarda eng ustuvor yoʻnalishga aylandi. Shubhasiz, yuqori davlat qarzi, xususan xorijiy valyutada olingan tashqi qarzga xizmat koʻrsatish pandemiya bois yanada murakkablashdi. YAIMning pasayishi, milliy valyuta qadrining tushishi oqibatida davlat qarzining YAIMga nisbati koʻrsatkichlari keskin oshib bormoqda.

Fiskal makoni keng mamlakatlar davlat byudjeti xarajatlarni optimallashtirish, pandemiya bois sharoitlari ogʻirlashgan sohalarni ustuvor ravishda qoʻllab-quvvatlashga harakat qilayotgan boʻlsa, bunday imkoniyatga ega boʻlmagan davlatlarda tashqi qarz miqdorining ortishi yoki unga xizmat koʻrsatish shartlarining yomonlashishi tendensiyalari kuzatilmoqda.

Biroq Oʻzbekiston misolida yana bir jihatga eʼtibor qaratish zarur. Tashqi qarz pandemiya bois, xalqaro likvidlilikka putur yetkazmagan holda, yaʼni xalqaro zaxiralarni sarflamagan holda, islohotlarni davom ettirish, ustuvor ravishda ijtimoiy soha loyihalarini moliyalashtirishga jalb etilmoqda. Bu esa ayni sharoitda mavjud tahdidlarga tezkor javob berish yoʻlidir.

Tanqidlardan xulosa qiladigan boʻlsak, tashqi qarz jalb qilmay mavjud oltin-valyuta zaxiralarini sotish hisobiga (garchi bu maqbul yoʻl boʻlmasada) pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaror qilinganda ham katta ehtimol bilan bundanda keskinroq (“hamma zaxiralarni yeb bitirdilaring” kabi) fikrlar bildirilishini kutish mumkin.

Shu yerda nogohon atrofdagilar fikri borasidagi Sharq masali yodga tushadi. Unga koʻra, qadimda ota va bola bir eshakni olib safarga chiqadi. Ota eshakka minib olgan, bola esa eshak tizginidan ushlab yayov borardi. Ularga dastlabki uchragan kishi bechora bola nozik oyoqlari bilan yurishga qiynalayotganligini aytib, otani bu qilmishi uchun koyib beradi. Bundan xulosa chiqargan ota, bolani eshakka oʻtqazib, oʻzi piyoda yura boshlaydi. Oradan oz fursat oʻtib, yoʻlda uchragan ikkinchi kishi yosh bolaning tepada oʻtirishi, keksa odamning yayov qolishini tanqid qila ketadi. Bundan taʼsirlangan bola otasidan eshakka birgalashib minishini soʻraydi. Shu zaylda ota va bola bir eshakka mingashib, yoʻlda uchinchi yoʻlovchiga yoʻliqadi. U esa ota va bolani hayvonni qiynashda ayblay ketadi. Noqulay vaziyatga tushib qolgan ota va bola oxiri eshakni yetaklab, oʻzlari piyoda yurishga qaror qiladi. Shu tarzda ular qarshisidan navbatdagi yoʻlovchi chiqib, hayvonni befoyda yetaklamasdan, unga birortalari minib olmaganini tanqid qila ketadi. Shunda ota bolaning yelkasiga qoʻllarini qoʻyarkan, nima qilishmasin albatta ularning qarori bilan kelishmaydigan odam topilishini va qanday sayr qilishni oʻzlari tanlashlari kerakligini taʼkidlaydi.

Barchamiz Yaponiya va Janubiy Koreya mamlakatlarida iqtisodiy va moliyaviy inqiroz sharoitlarida aholining oʻz tashabbusi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ortiqcha jamgʻarmalari va boyliklari hisobidan oʻz davlatini qoʻllab-quvvatlashini yuksak vatanparvarlik namunasi sifatida eʼtirof etamiz. Zero, davlat doimo oʻz xalqini oʻylashi, uni ogʻir sharoitlardan farovon kunlarga yetkazganligiga shukronalik tarzida, murakkab sharoitlarda davlatni qoʻllab-quvvatlash oliy burchdek qaralishi Sharq xalqlariga xos.

Bu bilan “xalqimiz hozir shunday yoʻl tutsin”, deyishdan yiroqmiz. Pandemiya oqibatlari xalq turmush tarziga qanday salbiy taʼsir qilayotganligini Hukumatimiz ham anglab turibdi. Shu sababli ham kambagʻallik darajasini rasman eʼlon qilinib, unga qarshi kurashishga qattiq bel bogʻlangan.

Hozirgi kunda hech boʻlmasa islohotlarga dahldorlik hissi bilan yashash va asossiz tanqidlardan tiyilib turishlik ham oʻziga xos jasorat. Inson qulayliklarga juda tez moslashadi, goʻyoki doimo shunday sharoitlarda yashab kelgandek. Buni his qilish uchun ozgina ortga nazar tashlasak kifoya. Albatta mehnatkash xalqimiz bundanda ortigʻiga munosib va bu borada qilinadigan ishlar talaygina. Biroq bu ishlarni qisqa muddatlarda amalga oshirish yana oʻsha moliyaviy resurs masalasiga borib taqalaveradi.

Shu oʻrinda, tashqi qarzni boshqarish, uning maqsadli sarflanishi ustidan samarali nazoratni kuchaytirishning quyidagi yoʻnalishlarini ham taʼkidlab oʻtish joiz:

Birinchidan, tashqi qarz jalb qilish hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olish mezonlarini takomillashtirish, xususan, loyihalarning barqaror pul oqimlariga ega boʻlishi, turli risklarni, xususan, valyuta riskini hisobga olgan holda, asosiy qarz va foizlarni toʻlash imkoniyati har tomonlama puxta tahlil qilinishi va baholanishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, normal sharoitlarga qaytgach, tashqi qarz oʻsish surʼatlarining YAIM oʻsish surʼatlaridan keskin ortib ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Uchinchidan, qarzga xizmat koʻrsatish qobiliyatini saqlab qolish maqsadida eksport va import oʻrtasidagi salbiy farqning sezilarli darajada oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik zarur. Binobarin, joriy hisobraqamga tegishli boshqa daromad manbalari, xususan, mehnat migrantlarining pul oʻtkazmalari yuqori boʻlmagan sharoitda bu muhim ahamiyat kasb etadi.

Toʻrtinchidan, tashqi qarzni maqsadli sarflanishi ustidan samarali monitoringni tashkil etish, uning hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasidagi xaridlar jarayonida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik, uning samaradorligini muntazam baholab borish va nazorat qilish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan risklarni kamaytirish choralarini oldindan koʻrib qoʻyish foydadan holi boʻlmaydi.

Nodir JUMAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Elmurod HOSHIMOV,

iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ