| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Intervyu8 daqiqada oʻqiladi657 marta oʻqildi

Grantda oʻqigan talabalarni hududlarda 3 yil ishlashga joʻnatish taklif qilindi. Bu qanday boʻladi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Kun.uz saytiga davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalar 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yoʻnaltirish haqidagi Prezident taklifi uchun fikrlarini bildirdi.

Grantda oʻqigan talabalarni hududlarda 3 yil ishlashga joʻnatish taklif qilindi. Bu qanday boʻladi?

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 9 iyun, seshanba kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazgan edi.

Yigʻilish davomida Shavkat Mirziyoyev Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga koʻmaklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar bergan. U yigʻilishda shuningdek, davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalar 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yoʻnaltirish taklifini ham bildirgan. Bugun ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarning oʻz segmentida faol muhokama qilinmoqda.

Kun.uz sayti xabarga oydinlik kiritish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga oid boshqa bir qancha masalalar boʻyicha ham fikrlar bildirdi.

— Bu taklifning mazmunida nima koʻzlangan va qanday natijalarga erishishimiz mumkin?

– Bu taklifning tagida nima yotibdi? Davlat rahbarining maqsadlari nima edi? Bu savollarga javob berish muhim.

Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish uchun qilinayotgan harakatlar doirasida bu taklif ilgari surildi. Biz shuncha yil mustaqil davlat sifatida shakllangan boʻlganimiz bilan 2020 yilgacha kambagʻallik degan soʻzni umuman ishlatmaganmiz. Rivojlanayotgan davlatlarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha strategiya dasturlari boʻladi. Ilgari bizda shu kabi dasturlar qilinardi-da, lekin boshqacha nomlanardi. Kambagʻallik soʻzi ishlatilmagan. Buning nomini biz farovonlikni oshirish strategiyasi deb aytardik. Bu soʻzni ishlatishga ham qandaydir toʻsiqlar boʻlgan. 2020 yilda Oliy Majlisga prezident murojaatnomasida kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha maqsadlar belgilab berildi.

Kuni kecha boʻlgan yigʻilishlarda keyingi qadamlar belgilandi. Kambagʻallikni aniqlash, yashash minimumini belgilashning qonuniy asoslarini yaratish, kambagʻallikning chegarasini aniqlash boʻyicha ishlar, ijtimoiy reyestrni shakllantirish kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha eng muhim qadamlarimizdir.

Endilikda «byudjet»da oʻqigan talabalar kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan qishloqlarda ishlashi taklif qilindi

Kambagʻallikdan chiqarish deganda koʻpchilik odamlarga ish bersak, ular daromadga ega boʻlsa, oʻz-oʻzidan kambagʻallikdan chiqib ketadi degan fikr mavjud. Kambagʻallikka qarshi kurash – kompleks va murakkab jarayon. Jahon tajribasini oʻrganadigan boʻlsak, kambagʻallikka qarshi kurashda muvaffaqiyatlarga erishilganini koʻrish mumkin. Lekin tor doirada oʻylab, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha kompleks choralarni amalga oshirmasdan muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan mamlakatlar ham bor. Dunyoda kambagʻallikka qarshi kurashda katta muvaffaqiyatga ega boʻlgan davlatlardan biri Xitoyni oladigan boʻlsak, 1981 yilda Xitoyning 88 foiz aholisi kambagʻallikda yashagan. 2015 yilga kelib, kambagʻallikda yashayotganlarning ulushi 0,7 foizga yetgan. Xitoy 850 mln aholisini kambagʻallikdan chiqargan. Kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha Xitoy tajribasini koʻradigan boʻlsak, u yerda ikkita garantiya va uchta garantiya degan strategiya qoʻllanilgan.

Ikkita garantiyada kambagʻallikdan chiqarishda oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlanishi kerak boʻlgan. Iqtisodiyotda oziq-ovqat qopqoni degan narsa bor. Odam qachon kambagʻallikdan chiqadi – qachonki, ovqat va kiyim-kechak qopqonidan chiqa olsa. Odam normal sharoitda ovqatlansa, normal odam singari funksiyalarni bajara oladigan ratsionga ega boʻlsa, u ertaga oʻzining inson kapitalini ham tiklay oladi, kambagʻallikdan chiqib keta oladi. Samaradorligi, mehnat unumdorligi oshadi. Mehnat unumdorligi bilan oziq-ovqat ratsionining orasidagi bogʻliqlikni isbotlagan bir necha iqtisodiy tadqiqotlar mavjud.

Uchta garantiya esa taʼlim, sogʻliqni saqlash va uy-joy masalasini qamrab oladi. Keyingi uchta garantiyani olgandan keyin bu odam qaytadan kambagʻallikka qaytib kelmasligi kerak.

Qishloqlarda, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan hududlar aholisining bilim darajasini oshirish boʻyicha choralar amalga oshirish kerak. Xitoy tajribasini koʻradigan boʻlsak, bu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida qishloqlarda oʻqituvchilar uchun 240 mingdan ortiq uylar qurilgan. Bu uylarga markazlarda oʻqituvchilikni tugatgan 300 mingdan ortiq odamlarni olib kelib, qishloq aholisining bilimini oshirish boʻyicha harakatlar qilingan. Bundan tashqari, qishloqlardagi odamlarning bilimini oshirsangiz, ularga ish beradigan boʻlsangiz, ularning sogʻligini saqlash boʻyicha ishlar qilinmaydigan boʻlsa, bu odamlar topgan pulini ertaga jamgʻarish, bolasining taʼlimiga investitsiya sifatida tikish emas, sogʻligini saqlashga, kasalligini davolashga sarflaydi va yana kambagʻallik qopqoniga tushib qoladi. Shu kontekstda aytadigan boʻlsak, davlat rahbari tomonidan aytilayotgan kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha strategiya faqatgina ish bilan taʼminlash emas, unga bilim berish, uning sogʻligini tiklash, unga uy-joy berish va normal inson sifatida shakllanishi uchun sharoitlar yaratishni koʻzda tutadi. Birgina qismi oliy taʼlimni bitirayotganlarni qishloqlarga yuborib, ularni taʼlim berish, sogʻliqni saqlash jarayonlariga jalb qilish, davlatning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha siyosatini oʻsha yerda amalga oshirishlari kerak boʻladi.

– Shu qismi eng koʻp muhokama qilinyapti. Mantiqan olib qaraganda, davlat granti asosida eng kuchli, bilimli talabalar oʻqiydi. Eng kuchli yoshlarni qishloq hududlariga, chekka joylarga yuboradigan boʻlsak, bu yerda – Toshkentda kim qoladi? Ikkinchi, uchinchi darajali kadrlar qoladi. Eng kuchli kadrlarni chekka hududlarga ijroga yuborib, ikkinchi, uchinchi darajali kadrlarni qaror qabul qilish, qonun qabul qilish, strategiya belgilashda qoldiradigan boʻlsak, oʻzgarish, oʻsish boʻlmaydi-ku. Buning muqobil variantlari ham bor edi-ku.

– Bu gapingizga qoʻshilmayman. Hech qachon qishloqqa borib ishlash, kambagʻallik yuqori boʻlgan hududlarda ishlash past tabaqali ish sifatida qaralishi kerak emas. Oʻz tajribamdan kelib chiqadigan boʻlsam, hozirgi ishga oʻtishdan avval fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha prezident administratsiyasidagi xizmatda ishlaganman. Bu xizmatning faoliyat yoʻnalishlaridan biri eng chekka qishloqlarga borib, ahvolni koʻrish edi. Ilgari 7 yil AQShda oʻqiganman, kelib Toshkentda ishlaganman, lekin bu ishdan keyin Oʻzbekistondagi siyosat haqida fikrim butunlay oʻzgargan. Demak, markazda turib qilayotgan har bir ishimizni odamlarning ahvolidan, ularning real ongidan kelib chiqqan holda qilmas ekanmiz, bu islohotlar yurmaydi. Shu bois har bir yosh kadr uchun odamlar qanday yashayotganligi, ular qay ahvolda ekanligi, ularning saviyasi qandayligidan xabardordor boʻlishimiz kerak. Misol, bitta qonun loyihasini rivojlangan mamlakatlardan olib yozishingiz mumkin. Lekin uni amalga oshiradigan odamlarni joylardagi bilimi, saviyasi bunga yetmaydigan boʻlsa, bu islohot amalga oshmaydi. Pastga borib real hayot bilan ishlash yomon, past tabaqali ish sifatida koʻrilishi emas, eng muhim tajriba sifatida qaralishi kerak. Birinchi tajribani oʻsha yerdan olish kerak. Shundan keyin tumanda, viloyatda, respublika miqyosida vazirlikda ishlashi mumkin. Lekin butun faoliyati davomida qabul qilayotgan qarorlari pastga toʻgʻri keladimi-yoʻqmi, shuni birinchi navbatda oʻylaydi. Pastdagilarning inson kapitalini koʻtarib, ularning mehnat samaradorligini oshirmasak, ularni kambagʻallikdan chiqarishimiz mumkin, lekin ertaga ularning bolalari yana shu holga tushishini oldini ololmaymiz. Shuning uchun bu muammoga kompleks tarzida qaralyapti. Bir narsani aytish kerakki, bu avvalgidek administrativ kuchlar orqali “bitirdingmi, qishloqqa bor”, degan narsa yoʻq.

– Inson huquqlari degan narsalar ham bor. Bilimli talaba qayerda ishlashini oʻzi hal qilishi kerak. Buning tizimi qanday boʻladi: majburiymi yoki qandaydir grantlar orqalimi?

– Davlat oʻzining strategik maqsadlaridan kelib chiqqan holda muhim kasblar boʻyicha maxsus grantlar eʼlon qiladi. Odam oʻsha qishloqqa borib ishlashni istamaydigan boʻlsa yoki unga toʻgʻri kelmaydigan boʻlsa, u bemalol oʻzining mablagʻlari evaziga oʻz yoʻnalishi boʻyicha oʻqishi mumkin. Uni hech kim cheklayotgani yoʻq. Lekin davlat qishloqlardagi bolalarni oʻqitish uchun maxsus grantlarni eʼlon qiladi va bu grantlarda oʻqiganlarni oʻzlarining yashash atrofidagi odamlarning bilimini koʻtarish, sogʻligini saqlash boʻyicha xizmatlarga safarbar etish uchun choralar koʻriladi.

– Butun dunyoda pandemiya bilan bogʻliq iqtisodiy inqiroz sezilmoqda. Buning taʼsiri bir necha yil davom etishi mumkin. Inqirozlarning dastlabki nuqtasiga qaraydigan boʻlsak, bu pastdagi odamlarning xarid qobiliyati pasayishi bilan boshlanadi. Koʻpchilik davlatlarda, masalan, AQShda iqtisodiy inqirozdan qutulish, uni yumshatish uchun davlat oʻzi olgan qarzlarni, mablagʻlarini sanoatga, katta zavodlar qurilishiga, qurilishga, dambalar qurilishiga yoʻnaltiradi va shular orqali iqtisodiyotda zanjir hosil qilib, iqtisodiyotni harakatlantirishga intiladi. Lekin Oʻzbekistonning bu yoʻnalishdagi ishlarini koʻradigan boʻlsak, jarayon teskarisiga ishlayotgandek xulosa hosil qilinmoqda.

— Masalan qaysi ishlarni aytyapsiz?

— Masalan, byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning oyligini qisqartirish, qarz olindi, lekin aholiga pul berilgani yoʻq. Mana shu notoʻgʻri tizim boʻlmayaptimi? Iqtisodiyot turgʻunlikka yetaklanmayaptimi?

– Aslo yoʻq. Oʻzbekistonda iqtisodiy siyosatni shakllantirishda chuqur tahlillarga asoslaniladi. Har bir mamlakatning oʻz holatidan kelib chiqqan holda iqtisodiy instrumentlarning qaysi biri samarali boʻlishi-boʻlmasligi asosida bu siyosat ishlab chiqiladi. AQShda 2 trln dollarli paketning eʼlon qilinishi va boshqa choralar u yerdagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilangan. Bu yil AQShda saylov boʻladi, turli omillar bu qarorlarga taʼsir koʻrsatyapti.

Oʻzbekistonda birinchi bemor 16 mart kuni aniqlangan boʻlsa, 19 martda bizda birinchi harakatlar boshlangan. Birinchi yoʻnalishga koʻra, kasallikka qarshi kurash boʻyicha ochilgan karantin zonalari, shifoxonalar boʻyicha davlat tomonidan katta xarajatlar amalga oshirildi. 4,5 mingga yaqin kasal aniqlangan boʻlsa, ularning har birini davolash juda katta summaga aylanadi.

Prezident farmonini koʻradigan boʻlsak, bu yil qurilishga ajratilgan puldan tashqari, yana 4 trln pul qoʻshimcha ravishda ajratildi. Bu qurilishlar ishchi oʻrinlarini yaratadi, odamlarga daromad beradi, shu orqali iqtisodiyotdagi siklning yurib ketishiga sabab boʻladi.

150ga yaqin mamlakatning holatini tahlil qilib koʻrganmiz. Pulni odamlarga shunchaki tarqatib yuborgan mamlakatlar sanoqli. Ularda ham buning yalpi talabning oshish-oshmasligi boʻyicha effekti hali yoʻq. Pulni hammaga bir xilda tarqatib yuborish mumkin yoki kerakli odamga tarqatish mumkin. Oʻzbekistonda pul kerakli odamga berildi. Birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan aholini 10 foizga koʻtardik – 600 mingdan 660 mingga yetdi. Hozir yana 10 foizga koʻtardik. Yana ham koʻproq odam davlatdan ijtimoiy himoya ola biladi. “Saxovat va koʻmak” harakatlari orqali 1,5 mln nafarga yaqin odamga oziq-ovqat, dori vositalari yetkazildi. Bular ham isteʼmol. Buni tadbirkor qildi. Tadbirkorlarning xayriya yordamlari hamma joyda bor. Bu ham isteʼmol. Odamlarning isteʼmoli oʻzgargandan keyin talab paydo boʻladi.

19 martdan beri 5,5 trln soʻm inqirozga qarshi kurash fondidan sarflandi. Bu davlat fondimi? 4 trln qurilishga ajratyapmiz. Bu odamlarga nafaqat daromad keltiradi, maktab, bogʻcha, yoʻl paydo boʻlyapti. Bu ham davlatning yordami. Soliqlar boʻyicha imtiyozlar berildi. Bu ham davlatning yordami. Oʻzini oʻzi band qiladigan aholining faoliyatini kengaytirdik. Ilgari 25-25ta edi, hozir 87taga yetkazildi. Bunda ham davlatning yordami boʻldi. 24 trln soʻmli kreditlarning muddati uzaytirib berildi. Bu ham davlatning yordami. Davlat yordam bermadi, deb boʻlmaydi. Buning uchun iqtisodiy omillarni chuqur tahlil qilgan holda koʻrib chiqish kerak. 24 trln kreditdan qancha odamning pullari oʻzida qolyapti. Bu qayerga ketadi? Isteʼmolga, boshqa xaridlarga ketishi mumkin. Xuddi shu narsa ertaga mamlakatda yalpi isteʼmolni keltirib chiqaradimi? Jahon banki prognozlariga koʻra, joriy yilda AQSh iqtisodiyoti -6 foizga qisqaryapti. Rossiya -5-6 foiz, Qozogʻiston -4-5 foizga qisqaryapti. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining ham, Jahon bankining ham, oʻzimizning ham hisob-kitoblarimizga koʻra, mana shu effektni hisobga olgan holda, bu yil 1,5-2,5 foiz atrofida oʻsish kutilyapti. Jahondagi talab keskin qisqarayotgan vaziyatda bizda oʻsish surʼatlari saqlab qolinyapti. Bu davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon, qarorlar, hujjatlar taʼsiri ostida boʻlmoqda.

Intervyu davomida Obid Hakimov kambagʻallik darajasini kamaytirishda toʻsiq boʻlayotgan monopoliya, YeOIIdagi bahsli vaziyatlar va Oʻzbekistonning tashqi qarzlari masalasi boʻyicha ham fikrlarini bildirdi. Intervyuni toʻliq holda video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Kun.uz

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ