| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Bozorlar8 daqiqada oʻqiladi392 marta oʻqildi

Eksportni moliyalashtirish: eksport oldi kreditlari va eksport jarayonlarini sugʻurtalash

Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, Oʻzbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sugʻurtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardan hisoblanadi.

Eksportni moliyalashtirish: eksport oldi kreditlari va eksport jarayonlarini sugʻurtalash

Jahon savdo tashkilotining (JST) soʻroviga koʻra, eksport moliyalashtirishning yetishmasligi savdoni rivojlantirishdagi eng katta toʻsiqlardan biri sifatida qayd etildi. Ayniqsa, kichik va oʻrta biznes vakillari moliyaviy mablagʻlarni olishda koʻplab qiyinchiliklarga duch kelishlari oʻz isbotini topdi. Savdoni moliyalashtirish boʻyicha rad etilgan arizalarning 75 foizi mazkur korxonalarga tegishlidir.

Shu bois, har bir mamlakat oʻzining tashqi savdo siyosati boʻyicha strategiyasini ishlab chiqishda eksportni moliyalashtirish, shu jumladan, eksport oldi kreditlari berish, eksport jarayonlarini sugʻurtalash hamda ushbu maqsadlarda davlat tomonidan eksport kredit agentliklarini tashkil etish va eksportni sugʻurtalash mexanizmlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratadi.

Darhaqiqat, eksport qiluvchi firmalar eksport faoliyatlarini moliyalashtirish imkoniyatlariga ega boʻlishlari, shuningdek, eksport qilish jarayonlarida sugʻurtalash xizmatlariga murojaat qilish imkoniyatlarining paydo boʻlishi ularning eksport bozoriga kirish boʻyicha qarorlariga hamda eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar miqdoriga taʼsir koʻrsatadi (Berman va Héricort 2010).

Savdoni moliyalashtirish mexanizmlari yaxshi ishlaydigan davlatlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora kengayib borayotgan global qiymat zanjiriga (Global Value Chain (GVC)) qoʻshilish imkoniga ega boʻladi hamda bandlik va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qoʻshadi (Auboin va DiCaprio 2017).

Aksincha, eksportni oldindan moliyalashtirish, aylanma mablagʻlarni toʻldirish imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli eksportyorlar ishlab chiqarish uchun eng yuqori mavsumda yoki kutilmaganda buyurtma kelib tushganda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yetarli pul oqimi yoʻqligidan xavotirlanadi.

Savdo kreditlari olishdagi qiyinchiliklar tufayli narx va sifat jihatidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qila oladigan kichik firmalar faqat ichki bozorda savdo qilishga majbur boʻladi va raqobatdosh importga nisbatan “himoyasiz” boʻlib qoladi (Hans-Peter Brunner 2015).

Odatda eksport qiluvchilarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklarga uchrashi moliya va kapital bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi, ushbu bozorlarda raqobatning nomukammalligi va maʼlumotlarning teng taqsimlanmaganligi bois bozor muvaffaqiyatsizligi (market failure) bilan izohlanadi. Bunday bozor muvaffaqiyatsizliklari davlat tomonidan moliya va kapital bozoriga oqilonalik bilan aralashuvga asos boʻladi.

Shuning uchun eksportga asoslangan iqtisodiy rivojlanish yoʻlidan borgan mamlakatlar eksport qiluvchi korxona va tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida eksport kredit va sugʻurta agentliklarini tashkil etishgan. Ushbu mamlakatlarda davlat aralashuvi ishlab chiqarish omillari narxlarini oʻzgartirib, ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirgan hamda iqtisodiyotning optimal ishlab chiqarish darajasigacha koʻtarilishiga xizmat qilgan.

Ushbu maqolada eksportni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashda savdoni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari va sugʻurta xizmatlarining roli borasida soʻz yuritiladi. Shu bilan birga, bozor muvaffaqiyatsizligi sababli eksport faoliyatini kreditlashdagi qiyinchiliklarni davlat tomonidan eksport kredit agentliklarining tashkil etilishi orqali bartaraf etish boʻyicha Rossiya tajribasi haqida maʼlumot beriladi. Shuningdek, hozirgi kunda Oʻzbekistonda eksportni moliyalashtirish amaliyoti hamda yangi tashkil etilayotgan Eksport-kredit agentligi va Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining ishlash mexanizmlari tushuntiriladi.

Eksportni moliyalashtirish va eksport oʻsishi oʻrtasidagi bogʻliklikni oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar

Eksportni qoʻllab-quvvatlash dasturlarining eksport faoliyatiga taʼsirini oʻrganish, xususan, eksport qiluvchilarning eksportni moliyalashtirish imkoniyatlari va ularning jahon bozoriga chiqishi oʻrtasidagi aloqadorlikni baholash boʻyicha koʻplab tadqiqotlar oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan baʼzi tadqiqotlar natijalariga koʻra, koʻplab firma va korxonalar, ayniqsa, kichik firmalar katta eksport salohiyatiga ega boʻlsada, ammo ularning baʼzilarigina amalda eksport qilishni oʻz zimmalariga olganlar (Yeoh va Jeong 1995). Bu esa bir qator omillar bilan birga firmalarning eksport mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur mablagʻlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelishi bilan izohlanadi.

«Oʻzmetkombinat” mahsulot eksportini yiliga 350 ming tonnaga yetkazmoqchi

Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, 2008 yilning ikkinchi yarmidan boshlab jahon savdosi kamayishining 85-90 foizi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tufayli xalqaro bozorlarda talabni pasayishi bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa, 10-15 foizi savdoni moliyalashtirish hajmining kamayishi hisobiga roʻy bergan (Auboin 2009).

Greenaway va boshqalar 1993-2003 yillar davomida Buyuk Britaniyaning 9352 ta ishlab chiqarish firmasi toʻgʻrisida toʻplangan maʼlumotlardan foydalanib, moliyalashtirish boʻyicha qiyinchiliklar firmalarning eksport bozorida ishtirok etish qarorlariga taʼsir koʻrsatadimi degan savolga javob izlashdi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarish va investitsiyalarni moliyalashtirishda “qoʻli kalta” firmalarning eksport qilish ehtimolligi kam degan xulosaga keldilar.

Rossiya tajribasi

Oʻzbekistonning ikkinchi eng yirik savdo hamkori Rossiya Federatsiyasida “Rossiya Eksport Markazi” OAJ xom-ashyo boʻlmagan mahsulotlarni eksport qiluvchilarga keng koʻlamli moliyaviy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat instituti hisoblanadi. Eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarga kompleks xizmatlarni taqdim etish uchun resurslarni optimallashtirish va samarali biznes jarayonlarini yaratish maqsadida Rossiyaning eksport kreditlari va investitsiyalarni sugʻurtalash agentligi ("EXIAR" OAJ) hamda "ROSEKSIMBANK" OAJ “Rossiya Eksport Markazi” guruhiga birlashtirilgan.

2019 yildan “Rossiya Eksport Markazi” oʻz guruhiga kiruvchi "ROSEKSIMBANK" OAJ orqali davlat tomonidan eksportni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmi – eksport kreditlarini subsidiyalashni boshladi. "ROSEKSIMBANK" OAJ tomonidan moliyalashtirilgan birinchi mijoz Rossiyaning dunyodagi 30 dan ortiq mamlakatlarga oʻz mahsulotlarini yetkazib beradigan eng yirik avtomobil kompaniyasi “AvtoVAZ” OAJ boʻldi. “Rossiya Eksport Markazi” tomonidan eksport kreditlari boʻyicha foiz stavkalarini subsiyadiyalanishi “AvtoVAZ” OAJga eksportni moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirib, xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga imkon bermoqda.

Buning natijasida “AvtoVAZ” OAJning 2019 yildagi eksport savdosi qariyb 50 mingta avtomobilga yetdi, bu esa 2018 yildagi koʻrsatkichga nisbatan 23 foizga koʻproqdir. Eng yirik eksport bozorlari Belarusiya (16 ming), Qozogʻiston (15 ming) va Oʻzbekiston (6,6 ming) boʻldi. Oʻzbekistonda Lada rusumidagi avtomobillar savdosi 2018 yilga (2,6 mingta) nisbatan 2,5 barobar oshdi.

Oʻzbekistonda eksport faoliyatini moliyalashtirish

Oʻzbekistonda ham 2020 yil va undan keyingi 5 yillikda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi xalqaro bozorlarga chiqish va eksport hajmini koʻpaytirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish 2025 yilga borib Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmini 100 mlrd. AQSh dollariga yetkazishga katta hissa qoʻshadi.

Shuning uchun, yuqorida sanab oʻtilgan mamlakatlar singari Oʻzbekistonda ham eksport hajmini oshirishda eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash muhim oʻrin tutadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda eksport qiluvchi kompaniyalarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishning yagona manbai bank kreditlari boʻlib qolmoqda. Tijorat banklari tomonidan savdo kreditlari bilan bir qatorda aylanma mablagʻlarini toʻldirish (xom-ashyo va materiallar, butlovchi qismlar va eksport faoliyati bilan bogʻliq shu kabi xaridlarni moliyalashtirish) uchun qisqa va uzoq muddatli kreditlar va kredit liniyalari taklif etilmoqda.

Shunday boʻlsada, tijorat banklarida savdo kreditlari boʻyicha foiz stavkalari va garov taʼminoti miqdorining yuqoriligi hamda kredit shartlarining murakkablikligi sababli koʻplab eksport qiluvchi korxona va tashkilotlar uchun eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Jahon banki tomonidan 2019 yil fevral-sentyabr oylarida Oʻzbekistondagi 1239 ta korxona va firmalar orasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, firmalarning faqatgina 22,2 foizida bank krediti/kredit liniyalari mavjud. Mazkur firmalarning 23,7 foizi aylanma mablagʻlarini moliyalashtirishda bank kreditlaridan foydalanadi. Kredit olish uchun zarur boʻlgan garov qiymati kredit summasining 166,1 foizini tashkil etadi.

Mazkur omillarni hisobga olib joriy yilda mamlakatimizda eksportyorlarga kafillik beradigan va eksport faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish vazifalarini bajaruvchi – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Yaʼni, mamlakatimizda eksportyorlar uchun bank kreditlaridan tashqari eksportni moliyalashtirishning yangi imkoniyatlari paydo boʻladi.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish kerakki, 2020 yil boshida eksportni sugʻurta bilan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks xizmatlar koʻrsatish maqsadida “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasining faoliyati yanada takomillashtirildi. 2019 yilda tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan eksport oldi kreditlari boʻyicha davlat tomonidan kafillik berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Yangi tashkil etiladigan Eksport-kredit agentligi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish turlaridan biri – eksport qilinadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish (eksportyorlarga eksport oldi kreditlar berish) boʻladi. Mazkur agentlik tomonidan eksportni oldindan moliyalashtirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):

  1. eksportyor xalqaro bozorda biznes rejalarini amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarish texnika-texnologiyalari va asbob-uskunalarini sotib olish, aylanma mablagʻlarini toʻldirish, chet ellarda filiallar ochish yoki ularni kengaytirish uchun eksport oldi kreditlari olish boʻyicha shartnoma tuzadi; eksportyorga “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi va (yoki) Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan kafillik beriladi;

  2. Eksport-kredit agentligi toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlash eksport qiluvchi tashkilot uchun toʻgʻri tanlov ekanligiga ishonch hosil qilgandan soʻng eksport oldi kreditlari ajratadi;

  3. olingan kreditlar eksportyorga koʻproq eksport shartnomalarini qabul qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash imkonini beradi va ushbu bosqichda, tovar va xizmatlar xaridorlarga yetkazib beriladi;

  4. xaridorlar belgilangan muddatlarda shartnomada koʻrsatilgan mablagʻni inkassa hisobvaragʻiga oʻtkazadi;

  5. Eksport-kredit agentligi taqdim etilgan qarz va ular boʻyicha foiz toʻlovlarini yigʻib olgandan soʻng, qolgan mablagʻlarni eksportyor kompaniyaga oʻtkazadi.

1-rasm. Eksport oldi moliyalashtirishni amalga oshirish jarayoni

Shuningdek, Eksport-kredit agentligi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishni xohlovchi xalqaro kompaniyalarga kreditlar berish orqali eksportyorlarni bilvosita qoʻllab-quvvatlaydi.

Bunday vaziyatda,

  1. Eksport-kredit agentligi xorijiy banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Dastlabki bosqichda eksportyor eksport shartnomasini va xorijiy mijoz toʻgʻrisida kredit maʼlumotlarini taqdim etadi va Eksport-kredit agentligi maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;

  2. Tekshiruv maʼqullangandan soʻng, Eksport-kredit agentligi xaridorga kredit shartnomasini beradi va eksport qiluvchini ogohlantiradi;

  3. Eksportyorga toʻlov odatda Eksport-kredit agentligi xaridor tomonidan tasdiqlangan hisob-fakturani olgandan soʻng amalga oshiriladi va agentlik xaridordan toʻlovlarni yigʻish va qarzni boshqarish uchun javobgar boʻladi.

Bundan tashqari, eksport qiluvchi kompaniyalar tijorat banklaridan eksport oldi kreditlar olishlari mumkin. Bunda, mazkur kreditlar va eksport jarayonlari “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi yoki Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan sugʻurtalanadi. Shuningdek, Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi eksportni moliyalashtirish, shu jumladan tashish xarajatlarining maʼlum bir qismi qoplashi mumkin.

Xulosa

Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, Oʻzbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sugʻurtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, eksport faoliyatini moliyalashtirishda baʼzida bozor mexanizmining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini hisobga olib davlat tomonidan Eksport kredit agentligi va Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tuzilishi eksportni ragʻbatlantirishga hamda eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.

Toʻliq maqola "Ekonomicheskoye obozreniye" jurnalining navbatdagi sonida chop etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi

huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Auboin M. and A. DiCaprio (2017). “Why Do Trade Finance Gaps Persist: And Does It Matter for Trade and Development”, ADBI Working Paper 702, Tokyo: Asian Development Bank Institute.

  2. Auboin M. (2009). “The Challenges of Trade Financing”, VOX Research-based Policy, http://www.voxeu.org/index.php?q=node/2905.

  3. Berman N. and Héricort J. (2010). "Financial factors and the margins of trade: Evidence from cross country firm-level data", Journal of Development Economics, Volume 93, pp. 206–217.

  4. Greenaway D. and Guariglia A. and Kneller R. (2005), “Do Financial Factors Affect Exporting Decisions?” GEP Research Paper 2005/28, University of Nottingham (2005).

  5. Hans-Peter Brunner (2015). “Testing the Link between Accessible Export Finance and Insurance, and Regional Trade Growth in Africa and Asia: A Role for Regional Export Credit and Investment Guarantee Agency (ECIGA)”, ADB Economics Working Paper Series, No. 433, June 2015.

  6. Kumarasamy D. and Singh P. (2018). “Access to Finance, Financial Development and Firm Ability to Export: Experience from Asia–Pacific Countries”, Asian Economic Journal, Volume 32, Issue 1, pp. 15-38.

  7. Manova K. (2012). “Credit Constraints, Heterogeneous Firms, and International Trade”, Stanford University, Mimeo.

  8. Manova K. and Zhihong Y. (2012). “Firms and Credit Constraints Along the Value-Added Chain: Processing Trade in China”, NBER Working Paper No. 18561.

  9. Yeoh P. and Jeong I. (1995). "Contingency relationships between entrepreneurship, export channel structure and environment: a proposed conceptual model of export performance", European Journal of Marketing, Volume 29 No. 8, pp. 95-115.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ