Eksportni moliyalashtirish: eksport oldi kreditlari va eksport jarayonlarini sugʻurtalash
Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, Oʻzbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan, eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sugʻurtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardan hisoblanadi.

Jahon savdo tashkilotining (JST) soʻroviga koʻra, eksport moliyalashtirishning yetishmasligi savdoni rivojlantirishdagi eng katta toʻsiqlardan biri sifatida qayd etildi (WTO (2019)). Ayniqsa, kichik va oʻrta biznes vakillari moliyaviy mablagʻlarni olishda koʻplab qiyinchiliklarga duch kelishlari oʻz isbotini topdi. Savdoni moliyalashtirish boʻyicha rad etilgan arizalarning 75 foizi mazkur korxonalarga tegishlidir.
Shu bois, har bir mamlakat oʻzining tashqi savdo siyosati boʻyicha strategiyasini ishlab chiqishda eksportni moliyalashtirish, shu jumladan eksport oldi kreditlari berish, eksport jarayonlarini sugʻurtalash hamda ushbu maqsadlarda davlat tomonidan eksport kredit agentliklarini tashkil etish va eksportni sugʻurtalash mexanizmlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratadi.
Darhaqiqat, eksport qiluvchi firmalar eksport faoliyatlarini moliyalashtirish imkoniyatlariga ega boʻlishlari, shuningdek eksport qilish jarayonlarida sugʻurtalash xizmatlariga murojaat qilish imkoniyatlarining paydo boʻlishi ularning eksport bozoriga kirish boʻyicha qarorlariga hamda eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar miqdoriga taʼsir koʻrsatadi (Berman va Héricort (2010)).
Savdoni moliyalashtirish mexanizmlari yaxshi ishlaydigan davlatlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora kengayib borayotgan global qiymat zanjiriga (Global Value Chain (GVC)) qoʻshilish imkoniga ega boʻladi hamda bandlik va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qoʻshadi (Auboin va DiCaprio (2017)).
Aksincha, eksportni oldindan moliyalashtirish, aylanma mablagʻlarni toʻldirish imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli eksportyorlar ishlab chiqarish uchun eng yuqori mavsumda yoki kutilmaganda buyurtma kelib tushganda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun etarli pul oqimi yoʻqligidan xavotirlanadi.
Savdo kreditlari olishdagi qiyinchiliklar tufayli narx va sifat jihatidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qila oladigan kichik firmalar faqat ichki bozorda savdo qilishga majbur boʻladi va raqobatdosh importga nisbatan “himoyasiz” boʻlib qoladi (Hans-Peter Brunner (2015)).
Bundan tashqari, tashqi moliyalashtirish xarajatlarining yuqori boʻlishi raqobatdosh firmalarning eksportiga toʻsqinlik qiladi (Manova (2012)). Global qiymat zanjirida (GVC) ishtirok etuvchi firmalar kredit olish imkoniyati cheklangan boʻlsa, bu ularning GVCda yuqoriroq pogʻonalarga koʻtarilish imkoniyatlarini cheklaydi (Manova va Zhihong (2012)).
Odatda eksport qiluvchilarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklarga uchrashi moliya va kapital bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi, ushbu bozorlarda raqobatning nomukammalligi va maʼlumotlarning teng taqsimlanmaganligi bois bozor muvaffaqiyatsizligi (market failure) bilan izohlanadi. Bunday bozor muvaffaqiyatsizliklari davlat tomonidan moliya va kapital bozoriga oqilonalik bilan aralashuvga asos boʻladi.
Shuning uchun eksportga asoslangan iqtisodiy rivojlanish yoʻlidan borgan mamlakatlar eksport qiluvchi korxona va tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida eksport kredit va sugʻurta agentliklarini tashkil etishgan. Ushbu mamlakatlarda davlat aralashuvi ishlab chiqarish omillari narxlarini oʻzgartirib, ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirgan hamda iqtisodiyotning optimal ishlab chiqarish darajasigacha koʻtarilishiga xizmat qilgan.
Ushbu maqolada eksportni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashda savdoni moliyalashtirish, xususan eksport oldi kreditlari va sugʻurta xizmatlarining roli borasida soʻz yuritiladi. Shu bilan birga, bozor muvaffaqiyatsizligi sababli eksport faoliyatini kreditlashdagi qiyinchiliklarni davlat tomonidan eksport kredit agentliklarining tashkil etilishi orqali bartaraf etish boʻyicha jahon tajribasi haqida maʼlumot beriladi. Shuningdek, hozirgi kunda Oʻzbekistonda eksportni moliyalashtirish amaliyoti hamda yangi tashkil etilayotgan Eksport-kredit agentligi va Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining ishlash mexanizmlari tushuntiriladi.
Eksportni moliyalashtirish va eksport oʻsishi oʻrtasidagi bogʻliklikni oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar
Eksportni qoʻllab-quvvatlash dasturlarining eksport faoliyatiga taʼsirini oʻrganish, xususan eksport qiluvchilarning eksportni moliyalashtirish imkoniyatlari va ularning jahon bozoriga chiqishi oʻrtasidagi aloqadorlikni baholash boʻyicha koʻplab tadqiqotlar oʻtkazilgan.
Oʻtkazilgan baʼzi tadqiqotlar natijalariga koʻra, koʻplab firma va korxonalar, ayniqsa kichik firmalar katta eksport salohiyatiga ega boʻlsada, ammo ularning baʼzilarigina amalda eksport qilishni oʻz zimmalariga olganlar (Yeoh va Jeong (1995)). Bu esa bir qator omillar bilan birga firmalarning eksport mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur mablagʻlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelishi bilan izohlanadi.
Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, 2008 yilning ikkinchi yarmidan boshlab jahon savdosi kamayishining 85-90 foizi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tufayli xalqaro bozorlarda talabni pasayishi bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa, 10-15 foizi savdoni moliyalashtirish hajmining kamayishi hisobiga roʻy bergan (Auboin (2009)).
Greenaway va boshqalar (2005) 1993-2003 yillar davomida Buyuk Britaniyaning 9352 ta ishlab chiqarish firmasi toʻgʻrisida toʻplangan maʼlumotlardan foydalanib, moliyalashtirish boʻyicha qiyinchiliklar firmalarning eksport bozorida ishtirok etish qarorlariga taʼsir koʻrsatadimi degan savolga javob izlashdi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarish va investitsiyalarni moliyalashtirishda “qoʻli kalta” firmalarning eksport qilish ehtimolligi kam degan xulosaga keldilar.
Tadqiqotchilar Kumarasamy va Singh (2018) tomonidan Jahon bankining Korxonalar soʻrovi (World Bank Enterprises Survey) maʼlumotlari asosida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish va bank-moliya tizimining rivojlanganlik darajasi firmalarning eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlariga qanday taʼsir qilishi oʻrganildi. Ushbu tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, mamlakatlar moliya tizimining rivojlanishi hamda xususiy sektorning moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish darajasining oshishi (bank sektori qamrovining oʻsishi) poytaxt yoki yirik shaharlardan uzoqda joylashgan firmalarga eksport bozoriga osonlik bilan kirib borish imkonini beradi. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar firmalarning eksportini ragʻbatlantiruvchi va uzoqda joylashgan firmalarning moliyaviy resurslarga kirishini osonlashtirishga qaratilgan siyosat olib borilishini qoʻllab-quvvatladilar.
Xalqaro tajriba
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) davlatlarining bozor muvaffaqiyatsizliklarini bartaraf etish boʻyicha tajribalariga nazar soladigan boʻlsak, mazkur mamlakatlar eksport qiluvchi kompaniyalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, xususan eksport oldi kreditlari berish, xorijiy bozorlarni topish, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati masalalarida koʻmaklashish, xalqaro tovarlar koʻrgazmalari hamda savdo yarmarkalarini tashkillashtirishga yordam koʻrsatish maqsadida eksport-kredit agentliklarini tashkil etishgan.
Masalan, Kanadaning eksport kredit agentligi – Export Development Canada (EDC) 1944 yildan beri kanadalik eksportyorlar va investorlarga 200ga yaqin xalqaro bozorlarda bizneslarini kengaytirishga yordam berib kelmoqda. EDCning mahsulot va xizmatlari xaridor davlatdagi tijoriy va siyosiy xavflarni sugʻurtalash, Kanada kompaniyalari va ularning mijozlari uchun moliyalashtirish xizmatlari, obligatsiya yechimlari hamda xalqaro bozorlardagi imkoniyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
2018 yilda EDC tomonidan eksportyorga ajratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlar hajmi 27,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. EDC oʻzi eksport qiluvchilarga kreditlar berish bilan birga tijorat banklarini ham Kanada eksportini qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻproq kredit berishga ragʻbatlantirish uchun bank kreditlarini kafolatlaydi.
Shuningdek, EDC Kanadaning dunyoning yirik iqtisodiyotlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishda asosiy rol oʻynaydi. Masalan, mazkur agentlik 2018 yilda Xitoyga eksport qiladigan yoki investitsiya kiritadigan 1000 ta Kanada kompaniyasining 600 dan ortigʻini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.
AQSh rasmiy eksport kredit agentligi AQSh Eksport-import banki (Ex-Im Bank) 1934 yilda tashkil etilgan. Ex-Im Bankning asosiy vazifasi AQShda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni xalqaro xaridorlarga sotishni moliyalashtirish orqali ish oʻrinlarini yaratish va saqlab qolishdir.
AQSh eksportini qabul qiluvchi davlatlardagi siyosiy yoki tijoriy risklar sababli xususiy tijorat institutlari eksport qiluvchi tashkilotlarga kredit bera olmagan yoki kredit berishni istamagan sharoitda, Ex-Im Bank eksport operatsiyalarini moliyalashtirish yoki sugʻurta qilish (kredit kafolatlari, sugʻurta qoplamasi, toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish yoki aylanma mablagʻlarni kafolatlash koʻrinishida) choralarini koʻradi. Bu alohida bir kompaniya uchun xalqaro bozorlarda savdo qilish xavfini kamaytiradi va bu bilan AQSh eksportini rivojlantirishga yordam beradi.
Germaniyada 2008 yil 1 yanvardan boshlab KfW IPEX-Bank Germaniya Federativ Respublikasi va KfW nomidan ERP eksportni moliyalashtirish dasturini (The ERP Export Financing Programme) boshqarib keladi.
ERP eksportni moliyalashtirish dasturi rivojlanayotgan mamlakatlarga Germaniya eksportini kreditlashni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu dastur doirasida Germaniyaning ishonchli banklari xorijiy xaridorlarga va xaridor mamlakatdagi banklarga OECD tomonidan belgilangan minimal foiz stavkasida (CIRR - Commercial Interest Reference Rate) kreditlar berishi mumkin.
Xorijiy xaridor odatda Germaniyaning yuqori qoʻshilgan qiymatli tovar va xizmatlarini sotib olish uchun qarz kapitaliga ehtiyoj sezganligi sababli KfW IPEX-Bank tomonidan berilgan kreditlar nemis eksportyorlari uchun oʻz mahsulotlarini sotishni osonlashtiradi.
Shuningdek, rivojlangan davlatlarning oʻz eksportlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tajribasini ularning eksport kredit agentliklarining xaridor kreditlari Oʻzbekiston bozoriga ham kirib kelganligida koʻrish mumkin. Xususan, Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkor davlatlarida (Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya) eksport kredit agentliklari hisoblangan banklar oʻz davlatlarida ishlab chiqarilgan tovar, asbob-uskuna va xizmatlarni Oʻzbekistonga eksportini moliyalashtirish uchun kreditlar taqdim etib kelmoqda.
Masalan, Koreya Eksimbanki mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga Koreyada ishlab chiqarilgan tovar, texnika-texnologiya va xizmatlarni sotib olishni (shartnoma qiymatining 85 foizgacha) moliyalashtirish uchun xorijiy kredit liniyalarini taklif etib kelmoqda. Shuningdek, Germaniyaning Landesbank Baden Vurtemberg, Kommerzbank AG, AKA moliya tashkilotlari, Turkiya Eksimbanki, Xitoyning Xitoy davlat taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatimizda xuddi shunday kredit turlarini taqdim etmoqda.
Oʻzbekistonning ikkinchi eng yirik savdo hamkori Rossiya Federatsiyasida “Rossiya Eksport Markazi” OAJ xom-ashyo boʻlmagan mahsulotlarni eksport qiluvchilarga keng koʻlamli moliyaviy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat instituti hisoblanadi. Eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarga kompleks xizmatlarni taqdim etish uchun resurslarni optimallashtirish va samarali biznes jarayonlarini yaratish maqsadida Rossiyaning eksport kreditlari va investitsiyalarni sugʻurtalash agentligi (("EXIAR" OAJ) hamda "ROSEKSIMBANK" OAJ “Rossiya Eksport Markazi” guruhiga birlashtirilgan.
2019 yildan “Rossiya Eksport Markazi” oʻz guruhiga kiruvchi "ROSEKSIMBANK" OAJ orqali davlat tomonidan eksportni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmi – eksport kreditlarini subsidiyalashni boshladi. "ROSEKSIMBANK" OAJ tomonidan moliyalashtirilgan birinchi mijoz Rossiyaning dunyodagi 30 dan ortiq mamlakatlarga oʻz mahsulotlarini yetkazib beradigan eng yirik avtomobil kompaniyasi “AvtoVAZ” OAJ boʻldi. “Rossiya Eksport Markazi” tomonidan eksport kreditlari boʻyicha foiz stavkalarini subsiyadiyalanishi “AvtoVAZ” OAJga eksportni moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirib, xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga imkon bermoqda.
Buning natijasida “AvtoVAZ” OAJning 2019 yildagi eksport savdosi qariyb 50 mingta avtomobilga yetdi, bu esa 2018 yildagi koʻrsatkichga nisbatan 23 foizga koʻproqdir. Eng yirik eksport bozorlari Belarusiya (16 ming), Qozogʻiston (15 ming) va Oʻzbekiston (6,6 ming) boʻldi. Oʻzbekistonda Lada rusumidagi avtomobillar savdosi 2018 yilga (2,6 mingta) nisbatan 2,5 barobar oshdi.
Oʻzbekistonda eksport faoliyatini moliyalashtirish
Oʻzbekistonda ham 2020 yil va undan keyingi 5 yillikda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi xalqaro bozorlarga chiqish va eksport hajmini koʻpaytirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish 2025 yilga borib Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmini 100 mlrd. AQSh dollariga yetkazishga katta hissa qoʻshadi.
Shuning uchun, yuqorida sanab oʻtilgan mamlakatlar singari Oʻzbekistonda ham eksport hajmini oshirishda eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash muhim oʻrin tutadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda eksport qiluvchi kompaniyalarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishning yagona manbai bank kreditlari boʻlib qolmoqda. Tijorat banklari tomonidan savdo kreditlari bilan bir qatorda aylanma mablagʻlarini toʻldirish (xom-ashyo va materiallar, butlovchi qismlar va eksport faoliyati bilan bogʻliq shu kabi xaridlarni moliyalashtirish) uchun qisqa va uzoq muddatli kreditlar va kredit liniyalari taklif etilmoqda.
Masalan, 2018 yildan boshlab “Oʻzsanoatqurilishbank” va Tojikistonning “Oriyon” banklari tomonidan Oʻzbekistondan Tojikistonga tovarlar va xizmatlar eksporti bilan bogʻliq bitimlarni moliyalashtirish uchun kreditlar taqdim etib kelinmoqda.
Shunga qaramasdan, tijorat banklarida moliyaviy resurs bazasining yetishmasligi tashqi savdoni kreditlash imkoniyatlarini cheklamoqda. Shuning uchun, moliyaviy toʻsiqlarning mamlakatimiz eksport salohiyatiga taʼsirini yumshatish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlaridan moliyaviy mablagʻlar jalb qilinmoqda. Xususan, 2019 yilning soʻnggi choragida paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblarni moliyalashtirish uchun Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasining 100 mln. AQSh dollarigacha miqdordagi kreditlari jalb qilindi.[1]
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Savdoga koʻmaklashish dasturi doirasida 20 mln. AQSh dollari qiymatidagi kredit liniyasi orqali Oʻzbekistondagi eksportyor va importyorlar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xalq banki tomonidan Oʻzbekistonda savdo hajmini kengaytirish hamda moliyalashtirish maqsadida Polshaning «Gospodarstwa Krajowego banki»dan 20 million yevro miqdorida va Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma banki «Aziya-Invest Bank» aksiyadorlik tijorat bankidan 4 mln. AQSh dollari miqdorida kredit olindi.
Shunday boʻlsada, tijorat banklarida savdo kreditlari boʻyicha foiz stavkalari va garov taʼminoti miqdorining yuqoriligi hamda kredit shartlarining murakkablikligi sababli koʻplab eksport qiluvchi korxona va tashkilotlar uchun eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.
Jahon banki tomonidan 2019 yil fevral-sentyabr oylarida Oʻzbekistondagi 1239 ta korxona va firmalar orasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, firmalarning faqatgina 22,2 foizida bank krediti/kredit liniyalari mavjud. Mazkur firmalarning 23,7 foizi aylanma mablagʻlarini moliyalashtirishda bank kreditlaridan foydalanadi. Kredit olish uchun zarur boʻlgan garov qiymati kredit summasining 166,1 foizini tashkil etadi.[2]
Mazkur omillarni hisobga olib joriy yilda mamlakatimizda eksportyorlarga kafillik beradigan va eksport faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish vazifalarini bajaruvchi – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Yaʼni, mamlakatimizda eksportyorlar uchun bank kreditlaridan tashqari eksportni moliyalashtirishning yangi imkoniyatlari paydo boʻladi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish kerakki, 2020 yil boshida eksportni sugʻurta bilan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks xizmatlar koʻrsatish maqsadida “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasining faoliyati yanada takomillashtirildi.[3] 2019 yilda tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan eksport oldi kreditlari boʻyicha davlat tomonidan kafillik berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.[4]
Yangi tashkil etiladigan Eksport-kredit agentligi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish turlaridan biri – eksport qilinadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish (eksportyorlarga eksport oldi kreditlar berish) boʻladi. Mazkur agentlik tomonidan eksportni oldindan moliyalashtirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):
1) eksportyor xalqaro bozorda biznes rejalarini amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarish texnika-texnologiyalari va asbob-uskunalarini sotib olish, aylanma mablagʻlarini toʻldirish, chet ellarda filiallar ochish yoki ularni kengaytirish uchun eksport oldi kreditlari olish boʻyicha shartnoma tuzadi; eksportyorga “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi va (yoki) Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan kafillik beriladi;
2) Eksport-kredit agentligi toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlash eksport qiluvchi tashkilot uchun toʻgʻri tanlov ekanligiga ishonch hosil qilgandan soʻng eksport oldi kreditlari ajratadi;
3) olingan kreditlar eksportyorga koʻproq eksport shartnomalarini qabul qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash imkonini beradi va ushbu bosqichda, tovar va xizmatlar xaridorlarga yetkazib beriladi;
4) xaridorlar belgilangan muddatlarda shartnomada koʻrsatilgan mablagʻni inkassa hisobvaragʻiga oʻtkazadi;
5) Eksport-kredit agentligi taqdim etilgan qarz va ular boʻyicha foiz toʻlovlarini yigʻib olgandan soʻng, qolgan mablagʻlarni eksportyor kompaniyaga oʻtkazadi.

Shuningdek, Eksport-kredit agentligi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishni xohlovchi xalqaro kompaniyalarga kreditlar berish orqali eksportyorlarni bilvosita qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday vaziyatda,
1) Eksport-kredit agentligi xorijiy banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Dastlabki bosqichda eksportyor eksport shartnomasini va xorijiy mijoz toʻgʻrisida kredit maʼlumotlarini taqdim etadi va Eksport-kredit agentligi maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
2) Tekshiruv maʼqullangandan soʻng, Eksport-kredit agentligi xaridorga kredit shartnomasini beradi va eksport qiluvchini ogohlantiradi;
3) Eksportyorga toʻlov odatda Eksport-kredit agentligi xaridor tomonidan tasdiqlangan hisob-fakturani olgandan soʻng amalga oshiriladi va agentlik xaridordan toʻlovlarni yigʻish va qarzni boshqarish uchun javobgar boʻladi.
Bundan tashqari, eksport qiluvchi kompaniyalar tijorat banklaridan eksport oldi kreditlar olishlari mumkin. Bunda, mazkur kreditlar va eksport jarayonlari “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi yoki Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan sugʻurtalanadi. Shuningdek, Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi eksportni moliyalashtirish, shu jumladan tashish xarajatlarining maʼlum bir qismi qoplashi mumkin.
Xulosa
Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, Oʻzbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sugʻurtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, eksport faoliyatini moliyalashtirishda baʼzida bozor mexanizmining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini hisobga olib davlat tomonidan Eksport kredit agentligi va Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining tuzilishi eksportni ragʻbatlantirishga hamda eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi
huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 04 oktyabrdagi 845-sonli “Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi mablagʻlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori.
[2] https://www.enterprisesurveys.org/en/data/exploreeconomies/2019/uzbekistan?deliveryName=DM50663#1.
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 46-sonli ““Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori.
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi PQ-4337-sonli “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat: avtomobil narxiga nima taʼsir qiladi?

Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqatlar narxida qanday oʻzgarish boʻldi?

Oʻtgan haftada oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi

