JST va YeOII: iqtisodiy integratsiya - taraqqiyotning muhim garovi
2019 yilning kuz oylaridan boshlab mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi masalasi aholi oʻrtasida qizgʻin muhokama va munozaralarga sabab boʻla boshladi.

2019 yilning kuz oylaridan boshlab mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi masalasi aholi oʻrtasida qizgʻin muhokama va munozaralarga sabab boʻla boshladi. Internet saytlarida va matbuot sahifalarida kimlardir mazkur ittifoq va tashkilotga kirishimizni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi boʻlyapti.
Men Oʻzbekistonning har ikkala tashkilotga kirishi manfaatlarimizga mos keladi, degan fikrdaman. Negaki, jahon iqtisodiyoti tobora globallashib borayotgan bir davrda biror bir davlatning hech qanaqa ittifoq va xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlmasdan bir oʻzi alohida holda katta iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishishi oʻta qiyin. Bu fikrim yanada tushunarli boʻlishi uchun men bu maqolada Markaziy Osiyo davlatlarining bir-birlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishlarining ular iqtisodiyotlariga qay darajada taʼsir qilishi haqida soʻz yuritmoqchiman.
Mintaqada jahon boʻyicha aniqlangan neft, gaz, oltin, uran kabi qazilma boyliklarning sezilarli qismi joylashgan. Qolaversa, Markaziy Osiyo – hajmi jihatidan nufuzli bozor va bu bozorning teng huquqli aʼzosi boʻlish beshta davlatning har biriga iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.
Bundan tashqari, masalaning yana bir jihatiga alohida eʼtibor berish lozim. Gap shundaki, mazkur davlatlar asrlar davomida yagona davlat tarkibida boʻlishgan. Toʻgʻri, beshta davlat maydonida bir paytning oʻzida bittadan koʻp davlat hukm surgan davrlar ham boʻlgan.
Lekin mazkur besh davlat tabiiy-iqlim, yer-suv, aholining koʻchmanchi yoki oʻtroq holda yashashi kabi qator omillar taʼsirida obʼyektiv ravishda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlariga ixtisoslashgan edi. Masalan, qishloq xoʻjaligini olib qaraylik. Oʻzbekiston va Tojikistonda dehqonchilik ustun darajada rivojlangan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda esa qishloq xoʻjaligining asosini chorvachilik tashkil etgan. Shu sabablarga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari bitta davlat tarkibida boʻlganmi yoki 3-4 ta davlat boʻlib yashaganmi, bundan qatʼiy nazar, ularning iqtisodiyotlari yuqorida bayon etilgan omillar taʼsiri ostida bir-birini toʻldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyosatni butkul oʻzgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish yoʻlini boshladi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsata boshladi, tobora kamayib borayotgan oʻzaro savdo aylanmasi hajmlari oxirgi yillarda yana osha boshladi.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston hududida Qozogʻiston Respublikasi kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona, Qirgʻiziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻz navbatda, Qozogʻistonda 150 ga yaqin Qozogʻiston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi, Qirgʻizistonda esa 200 dan ortiq Qirgʻiziston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.
2016-2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biri bilan oʻzaro hamkorligining kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat, yer, suv, moliya resurslaridan samarali foydalanish, hududga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini sezilarli ravishda oshishiga imkon yaratdi.
Agar Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlishsa, Ittifoq doirasida tovarlarning boj toʻlovlarisiz olib oʻtilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday toʻsiqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini taʼminlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Masalan, Oʻzbekistonda meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmlari juda katta boʻlib, uning bir qismini boshqa davlatlarga eksport qilish oʻta muhim masala hisoblanadi. Buning uchun salohiyatli va barqaror isteʼmol bozori zarur boʻladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan integratsiyalashuv hamma davlatlar uchun bu borada juda muhim imkoniyatlar yaratadi. Qolaversa, bunday integratsiya meva va sabzavotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradiki, bu katta miqdorda qoʻshimcha foyda koʻrishimizga sabab boʻladi. Meva va sabzavotni import qilayotgan davlatga ham bu juda foydali hisoblanadi.
Chorvachilik sohasida esa buning aksini koʻrishimiz mumkin. Yaʼni Oʻzbekiston hozircha chorva mahsulotlari bilan oʻzini toʻla taʼminlash imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun goʻsht mahsulotlarini hatto uzoq xorij davlatlaridan import qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Bu masalani ham qoʻshni davlatlar hisobiga hal etishimiz mumkin boʻladi. Bunday mahsulotlarni eksport qiladigan davlat ham katta miqdorda qoʻshimcha foyda koʻradi.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirgʻiziston va Tojikistondan keladi. Bu borada ular bilan mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo boʻladi.
Markaziy Osiyo davlatlari mehnat resurslariga boy ekanligi bilan ham ajralib turadi. Ularni munosib ish bilan taʼminlash oʻta muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois, agar Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida mehnat resurslaridan birgalikda foydalanishni tashkil etilsa, bu barcha davlatlarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib bergan boʻlar edi.
Mehnat resurslaridan birgalikda foydalanish davlatlar uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:
- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;
- migrantlarning bir davlatdan ikkinchi bir davlatga qonuniy yoʻl bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni taʼminlaydi;
- mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqish qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozori muvozanatligini taʼminlaydi;
- patent toʻlovlari bekor qilinadi va bu migrantlarga qoʻshimcha foyda olib keladi;
- mamlakatlarga xorijiy valyuta oqimini koʻpaytiradi, qaytib kelgan migrantlar oʻz yurtiga tayyor mutaxassis sifatida va innovatsiyalar bilan keladi va h.k.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlarining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishining va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida iqtisodiy integratsiya qilinishining ijobiy tomonlari juda katta. Yaʼni, jahon iqtisodiyoti tobora globallashib borayotgan bir davrda turli iqtisodiy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish har bir davlat uchun katta iqtisodiy manfaatlar olib keladi. Mazkur integratsiyalashuv jarayonlari mintaqada yashayotgan barcha xalqlarning manfaatlariga mos keladi va mamlakatlarning iqtisodiyoti yanada oʻsishiga sezilarli ravishda yordam beradi.
Odil Olimjonov
iqtisod fanlari doktori, professor
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




