JST va YeOII: hamkorlikning samarali istiqbollari
Ikkinchi jahon urushidan soʻng global iqtisodiy integratsiyaning kengayishi yuzaga kela boshladi. Xalqaro iqtisodiyotning chuqurlashuvi natijasida turli iqtisodiy tashkilotlarning yuzaga kelishi yuz berdi.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng global iqtisodiy integratsiyaning kengayishi yuzaga kela boshladi. Xalqaro iqtisodiyotning chuqurlashuvi natijasida turli iqtisodiy tashkilotlarning yuzaga kelishi yuz berdi.
Jumladan, Bretton-Vuds valyuta tizimining vujudga kelishi asnosida Xalqaro valyuta fondining tashkil topishi bunga misol boʻladi. Jahon savdo tashkiloti (JST) 1995 yilda tashkil etilgan boʻlsa-da, uning tarixi bevosita 1947 yilda tuzilgan “Savdo va tariflar boʻyicha umumiy kelishuv (General Agreement on Tariffs and Trade, GATT)”ning evolyusiyasi natijasida vujudga kelgan. Mazkur kelishuvning asosiy maqsadi xalqaro savdoda toʻsiqlarni bartaraf etish boʻlib, unga koʻra notarif toʻsiqlarni kamaytirish, import kvotalarini shakllantirish va savdoni subsidiyalash kabilarni oldini olishdan iborat boʻlgan.
Hozirgi kunda ham JST 1986-1994 yillarda Urugvay raundida qabul qilingan qoidalar va GATT boʻyicha meʼyorlarga amal qilgan holda savdolarni tashkil etishni kuzatib keladi. Shu boisdan, mamlakatlar oʻrtasidagi umumiy savdo kelishuvi va proteksionizm boʻyicha yagona yondoshuvga erishilmagan va bu boʻyicha Doha raundida (Qatar) muzokaralar davom etmoqda.
Taʼkidlash kerak, rivojlanayotgan mamlakatlarga savdo imtiyozlarini qoʻllash rivojlangan mamlakatlarga nisbatan koʻproq amal qiladi.
GATTning amal qilishi va JSTning tashkil topishi natijasida bojxona tariflari va notarif toʻsiqlarning bir necha barobar pasayganligini qayd etish lozim. Bu esa, mamlakatlar oʻrtasida xalqaro savdoni tartibga solish va tomonlarning manfaatlarini himoya qilishga va rivojlantirishga qaratilgan jarayonlarni oʻzida aks ettiradi.
Hozirgi kunda keng jamoatchilik va baʼzi ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlib kirishi ortidan JSTga aʼzo boʻla olmasligi yoxud jarayon qiyinlashishi mumkinligi haqida asossiz fikrlar berilmoqda. Bu borada, oʻzbek-amerika biznes forumida ham toʻxtalib oʻtildi. Yaʼni, Oʻzbekistonni YeOIIga aʼzo boʻlishi JSTga qoʻshilish jarayonini murakkablashtirishi va maʼlum bir darajada Rossiya tomonidan mamlakatimizga siyosiy bosimlar paydo boʻlishi mumkinligi haqida asossiz ravishda fikrlar bildirildi.
Taʼkidlash lozimki, JST va YeOII turli iqtisodiy tashkilotlar boʻlsa-da, ular oʻz faoliyatlari natijasida bir-birlarini toʻldirib turishlarini unutmasligimiz kerak.
Birinchidan, Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar, bunday qarash notoʻgʻri. Chunki, Hukumatimiz aholi farovonligi va tinchlik-xotirjamligini taʼminlashga xizmat qiladigan mavjud barcha xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatishga harakat qilmoqda. Yangi Oʻzbekistonni yangicha qarashlar, ochiqlik va shu kabi muhim demokratik tamoyillar asosida qayta kashf etilayotganligi – uni jahon hamjamiyatiga integratsiyasini kuchaytirish yoʻlidagi zaruriy qadamlardan biri sifatida eʼtirof etish oʻrinlidir. Bu jarayonlarni soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlardan va iqtisodiyotni bozor qonunlari asosida rivojlantirishga harakat qilinayotganligidan koʻrish mumkin.
Ikkinchidan, YeOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini taʼkidlash joizdir. Bu jihat tashkilotga aʼzo davlatlar suverenitetiga taʼsir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga iqtisodiy tazyiq oʻtkazilishi mumkin emasligi ravshan deb qarash lozim. Bu tashkilotning asosiy maqsadi oʻzaro manfaatdorlikdan iborat, shubhasiz, bu tashkilotga aʼzo boʻlish masalasini muhokama qilish oʻrinlidir.
Uchinchidan, YeOII aʼzolari boʻlishligiga qaramasdan, 1998 yildan Qirgʻiziston, 2003 yildan Armaniston, 2012 yildan Rossiya va 2015 yildan Qozogʻiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ning aʼzoligiga qabul qilingan. Tabiiy savol tugʻiladi: Oʻzbekistonnning YeOIIga aʼzo boʻlish boʻlmasligi JSTga aʼzo boʻlish boʻlmasligiga nima dahli bor?
Agar bu tashkilotga siyosiy tus berishga urinishlar boʻlsa, nega YeOII davlatlari bilan AQSh oʻrtasida ikki yoqlama strategik hamkorlik tuzilgan.
Fikrimizcha, YeOIIga aʼzolik masalasini tahlil qilishimiz bilan birga, parallel ravishda, bu tahlillarimizni Oʻzbekistonning JSTga aʼzoligiga qoʻyilayotgan muhim qadam sifatida baholashimiz mumkin. Chunki, milliy tovar-mahsulotlarimizni YeOII hududi boʻylab erkin sota olishimiz imkoni paydo boʻlishi va yurtimizga aʼzo mamlakatlar mahsulotlarining erkin kirib kelishi raqobatbardoshligimizni oshirishga xizmat qiladi.
Shuni ham qayd etish kerakki, YeOII hududida mahsulotlarga (markirovka, sifat, sanitariya normalari va boshqalar) nisbatan boʻlgan alohida meʼyorlar tizimi ishlab chiqilgan. Shu kabi talablar turli mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida turli sifat oʻzgarishlarini kiritishni talab etadi. Mazkur holat monopol deb hisoblanadigan ayrim tarmoqlarning faoliyatini xavf ostida qoldirishi mumkin. Ehtimol, bizda ham menejment va ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatdan tubdan oʻzgartirish davri yetib kelgandir. Ushbu jarayonlar, oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonni JSTga aʼzo boʻlishiga ham xizmat qilishiga asos boʻladi.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosatidagi ayrim jihatlarga toʻxtalib, jumladan quyidagilarni taʼkidladi: “...izlanishdamiz, mana, biz katta-katta integratsiyalarga qoʻshilmoqchimiz. Hamma har xil aytayapti: mustaqillikni berib qoʻyamiz... Hech kim hech qachon mustaqillikni, oʻzbek millati, kim boʻlishidan qatʼiy nazar endi bermaydi. Bobolarimiz boshlab bergan kurash hozir ham davom etadi. Lekin jilov oʻzimizning qoʻlimizda. Biz bozor iqtisodiyotida manfaat nuqtai nazaridan qaysi yoʻl toʻgʻriligini hisob-kitob qilishimiz kerak. Har kuni. Albatta, bizning eng katta harakatimiz - eng maʼqul, eng toʻgʻri iqtisodiy manfaat yoʻliga kiramiz. Kim bilan borishimizni xalqimizning oʻzi deputatlar bilan maslahat qilib... Deputat degani - u xalqimizning ovozi, xalqimizning koʻzi, xalqimizning dardi. Xalqimiz bilan maslahatlashib qilamiz. Yoʻlimizning toʻgʻriligiga ishonsak, qilamiz”.
Demak, Oʻzbekiston JST, YeOII kabi iqtisodiy tashkilotlarga aʼzo boʻlsa, bu jarayon hayotimizga katta oʻzgarishlar olib kelishi, shubhasiz. Biz uchun asosiysi, ushbu oʻzgarishlarda millatimiz manfaatini himoya qilib, halqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini taʼminlashimiz muhimdir.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonni JSTga aʼzo boʻlishi toʻgʻrisida xalqaro ekspertlar ham oʻz munosabatini bildirib oʻtganlar.
Amerikalik konsultant, AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) va Qoʻshma Shtatlarning Jahon Savdo Tashkilotidagi missiyasida uzoq yillar masʼul lavozimlarda ishlagan Mark Linskott JSTga aʼzo boʻlish Oʻzbekiston uchun nega kerakligiga uchta sababni aytdi.
Birinchidan, jahonda JSTga kirmagan davlatlar juda kam qolgan (164 ta davlat aʼzo – tahr.). Markaziy Osiyodan faqat Turkmaniston va Oʻzbekiston hozircha tashkilot aʼzosi emas.
JSTga qoʻshilishga qiziqish bildirmayotgan KXDRni hisobga olmaganda, hatto urushlardan keyin tiklanayotgan mamlakatlar – Sudan, Janubiy Sudan, Iroq kabilar ham tashkilotga kirish tomon harakat qilmoqda.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston xorijdan investitsiya jalb etishga, oʻz mintaqasidan tashqari hududlarda ham savdo aloqalarini oʻstirishga katta eʼtibor qaratmoqda. JSTga aʼzolik Oʻzbekistonga kirayotgan investorlar va mamlakatning savdo hamkorlariga kafolatlar va oshkoralikni taqdim etadi.
Uchinchidan, JSTga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonga boshqa davlatlarning oʻziga aloqador tijoriy qarorlari ustidan (masalan, chegara va bojlar masalasida) shikoyat qilish imkonini beradi. Misol uchun, Antigua va Barbuda JST orqali AQShning savdo cheklovlariga qarshi chiqqandi. Yoki Markaziy Amerika mamlakatlari Yevropa davlatlari tomonidan banan importiga joriy etilgan cheklovlarning bekor qilinishiga erishishgan edi.
Qolaversa, Oʻzbekiston JSTga qoʻshilib, uning toʻlaqonli aʼzosi sifatida xalqaro savdo qoidalarini ishlab chiqishda qatnashish imkoniga ega boʻladi. Taʼkidlash lozimki, Jahon Savdo Tashkilotiga asos solingan 1995 yildan buyon hali birorta davlat undan chiqib ketmagan.
Shuningdek, YeOII aʼzo boʻlgandan soʻng, Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlishi savol ostida qolmaydi. Sababi, 1994 yil 21 dekabrda JSTga aʼzo boʻlish yuzasidan ishchi guruh tuzilgan, lekin 2005 yilga kelib ushbu muzokaralar toʻxtab qolgan edi. Shunday boʻlsa-da, 2019 yil boshiga kelib, ushbu ishchi guruhning ishi jonlantirildi va Oʻzbekiston JSTga aʼzo mamlakatlar bilan “Tashqi savdo rejimi” kelishuvini imzolashi nazarda tutilgan. Shu kunga qadar mamlakatimiz qator JSTga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakuniga yetkazmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonni JST va YeOII kabi xalqaro iqtisodiy tuzilmalarga integratsiyalashuvi va aʼzo boʻlib kirishi mamlakatimizning tashqi savdodagi oʻrnini mustahkamlashga, har tomonlama manfaatga yoʻnaltirilgan hamkorlikni amalga oshirishga toʻliq imkon berishi bilan ajralib turadi.
Nodir Jumayev, iqtisod fanlari doktori, professor
Dilshodjon Raxmonov, iqtisod fanlari doktori
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




