Zamonaviy dunyo: Ijtimoiy tarmoqlar inson resurslarini boshqaradi
Ijtimoiy tarmoqlardan mehnat munosabatlari sohasida samarali foydalanish aholi bandlikka koʻmaklashish markazlari va rekruting agentliklarining virtual, innovatsion prototipini yaratadi.

Inson resurslarini boshqarish izchillikda amalga oshiriladigan, mantiqiy asoslangan, tashkilotning oʻziga xos resurslarga ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar sifatida izlash, tanlash, rivojlantirish, oʻqitish, baholash, attestatsiya qilish, motivatsiyalash, mehnatni ragʻbatlantirish, tashkiliy rivojlantirish va karerani boshqarish vositasida amalga oshiriladi. Hozirgi sharoitlarda aytib oʻtilgan funksiyalar innovatsion texnologiyalarni qoʻllash asosida, turli axborot resurslari, jumladan, INTERNET-global tarmogʻi resurslarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
Globallashuv jarayonlarini kengaytirish yagona jahon tarmoq bozor iqtisodiyotini shakllantiradi. Globallashuv tarqalishining muhim belgilari inson resurslari bilan taʼminlash sohasida raqobatning kuchayishi, inson kapitalini, isteʼdodlarni va intellektual salohiyatini boshqarish zarurati hisoblanadi.
Globallashuv taʼsirining yaqqol namoyon boʻlishi koʻrinishlaridan biri inson resurslarini shakllantirish va ularni keyinchalik boshqarishda muhim innovatsion vositaga aylanadigan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish amaliyotining keng tarqalishidir. Ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ularning yordami bilan tilga oid, geografiy va professional toʻsiqlar yoʻq qilindi, mehnat bozorida, tashkilot sharoitida inson resurslarini boshqarish jarayoni faollashdi va umuman kadrlar sohasida bir qator oʻzgarishlarni keltirib chiqardi.
Zamonaviy tashkilotlar keng miqyosdagi tashkiliy muammolarni hal qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan: ichki muhitda aloqa kanallarini qurish uchun ham, tashqi aloqa vositasi sifatida ham faol foydalanmoqda. Oʻz faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda samarali rivojlantiradigan tashkilotlar inson resurslarini topish va jalb qilishda aniq raqobatdosh ustunliklarga ega boʻladi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar maxsus virtual makonni yaratishga imkon beradi. Unda insonlar shaxsiy va kasbiy masalalar boʻyicha bir-biri bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu ularning ishbilarmonlik muhitiga qoʻshilish darajasini oshiradi, turli xil vazifalarni hal qilish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishga yordam beradi. Yuqori darajadagi hamjihatlikni va jamoaning birligini taʼminlaydi. Shunday qilib, ijtimoiy tarmoq ham tashkilot ichidagi psixologik iqlimni shakllantirish vositasiga aylanib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardan mehnat munosabatlari sohasida samarali foydalanish aholi bandlikka koʻmaklashish markazlari va rekruting agentliklarining virtual, innovatsion prototipini yaratadi. Bu tashkilotlarning tashqi bozorga chiqishini taʼminlaydi, uning chegaralarini kengaytiradi va shu tariqa nafaqat boshqa mintaqalardan, balki boshqa davlatlardan ham «masofadan» nomzodlar jalb qilish hisobiga tashkilot shtatini kattalashtirishga imkon beradi. Ijtimoiy tarmoqlarning tarqalishi ham xodimlarning, ham tashkilotning harakatchanligini oshirishga, mustaqil amaliyotni rivojlantirishga yordamlashadi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar bazasida yaratilgan virtual ofis xodimlariga bir-biridan juda uzoq masofada joylashgan holda muvaffaqiyatli ishlashlari uchun imkon tugʻiladi. Bugungi kunda deyarli barcha zamonaviy hamkorlik yechimlari u yoki bu tarzda, ijtimoiy tarmoqlarga xos elementlardan foydalanadi.
Personal rekrutingini amalga oshirish uchun Facebook.com, Linkedin.com, Habrahabr.ru, Professionali.ru, Moikrug.ru kabi ommaviy ijtimoiy tarmoqlar foydalanilmoqda. Shuni ham taʼkidlash joizki, bugungi kunda personalni ijtimoiy tarmoqlar orqali izlash amaliyoti asosan IT-kompaniyalar xodimlari, kotibalar, sotuv, PR va marketing boʻyicha menejerlar orasida tarqalgan. Eng mashhur boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar esa — VKontakte, Odnoklassniki, Instagramm, Facebook, Twitter va boshqalar hisoblanadi.
Tashkilotlar amaliyotida quyidagi jarayonlarni amalga oshirishda ijtimoiy tarmoq texnologiyalari eng keng tarqalgan:
1) personal izlab topish va yollash;
2) oʻqitish va rivojlantirish;
3) moslashtirish;
4) innovatsiyalarni joriy qilish;
5) ish unumdorligini boshqarish.
Ijtimoiy tarmoqlar katta miqdordagi maʼlumotlarni, shu jumladan, insonlarning shaxsiy boʻlgan moddiy va maʼnaviy maʼlumotlarini umumlashtirib saqlashga imkon beradigan bulutli boshqaruv texnologiyasining bir turi hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarning formati turli xil masalalarda, shaxslarni har tomonlama baholashga imkon beradi. Shu jumladan xodimlarni boshqarish bilan bogʻliq tegishli boshqaruv qarorlarini qabul qilish, shuningdek, tashqi bozorni kuzatish orqali zarur boʻlgan xodimlarni topish, isteʼdodlarni jalb qilish imkoniyatini beradi. Ijtimoiy tarmoq vositalari tashkilotning koʻplab biznes-jarayonlariga integratsiyalashuvi ham muhimdir.
Kadrlarni izlab topish va tanlashda ijtimoiy tarmoqlarning baʼzi bir afzalliklari orasida:
katta auditoriyani qamrab olish;
maʼlumot manbalariga kirishning tezkorligi;
nomzod toʻgʻrisida kerakli maʼlumotlarni toʻplash;
arzimagan moddiy resurslarni sarflagan holda tezda mutaxassis topish imkoniyati mavjud.
Ushbu afzalliklar bilan bir qatorda, boʻsh resursga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida maʼlumotni tarmoq manbalari jalb qilgan holda joylashtirish qidiruv sifatini oshirishga, eng mos boʻlganlar bilan oʻzaro munosabatlarni samarali yoʻlga qoʻyishga imkon beradi. Bu esa boʻsh ish oʻrnini yopish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda eng yuqori tezlikni taʼminlaydi.
Superjob portal tadqiqot markazi ish beruvchilarning 1000 nafar vakillari oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi. Soʻrov davomida har ikkinchi kompaniya xodim yollashda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganligini, har uchinchi kompaniya ijtimoiy tarmoqlardan nomzodlarning akkauntlarini kuzatishi maʼlum boʻldi. Shuningdek, ish beruvchilarning uchdan bir qismi nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Yana 17% ish beruvchilar esa ijtimoiy tarmoqlardan faqat xodimlarni yollashda foydalanishini bildirgan (1-rasm).

1-rasm. Ish beruvchilarning mehnat munosabatlarida ijtimoiy tarmoqdan foydalanishi yoʻnalishlari.
Manba: SUPERJOB tadqiqot markazi portali maʼlumotlari asosida
Tekshiruv uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan yollovchilar 2012 yilda 23%ni tashkil etgan boʻlsa, 2019 yilda 48 %ni tashkil etib, oxirgi 3 yilda intensiv koʻpaygani kuzatilmoqda. (2-rasm)

2-rasm. Ish beruvchilarning mehnat munosabatlarida ijtimoiy tarmoqdan foydalanish dinamikasi.
Manba: SUPERJOB tadqiqot markazi portali maʼlumotlari asosida
Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlarda koʻpgina tashkilotlar oʻzlarining HR brendini targʻib qiluvchi, mehnat bozorida tan olinishi va nomzodlarning tashkilotga boʻlgan qiziqishini kuchaytiradigan bir qator strategik va taktik boshqaruv vazifalarini hal qilishga imkon beradigan oʻzlarining profillari, akkauntlari va sahifalariga ega.
Tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlari, resurslari tashkil qilayotgan tadbirlari tashkilot xodimlari bilim, fikr almashishlari, oʻzlarining martaba imtiyozlari va maqsadlarini namoyish etishlari va boshqalarni amalga oshirishi mumkin. Bunday holda, ijtimoiy tarmoqlar muhim ijtimoiy funksiyani bajaradi. Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan maʼlumotlar xodimlar va tashkilotlar faoliyati natijalarini baholash va boshqaruv jarayonlariga tuzatish kiritish uchun foydalaniladigan manba hisoblanmoqda.
Kerakli maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish orqali insonlar oʻzlarining kasb sohalarida oʻxshash ish tajribasiga ega boʻlgan hamkasblarini topish, bilim va koʻnikmalarni birlashtirish orqali oʻzlarining qobiliyatlari va isteʼdodlarini rivojlantirish, tashkilot ishiga gʻoyalar va takliflar bilan tanishish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishda ishtirok etish, isteʼmolchilar va sheriklar bilan munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kadrlarni qidirish, tanlash, baholash uchun qoʻshimcha vosita boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar joy almashtirish, xodimlarni oʻqitish jarayonlarida, treninglar va murabbiylik mashgʻulotlarini tashkil etishda faol foydalanilmoqda.
Toshkent davlat universiteti professori,
iqtisod fanlari doktori
G.Q.Abdurahmonova
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




