| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza6 daqiqada oʻqiladi310 marta oʻqildi

Yashirin iqtisodiyot xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa

Yashirin iqtisodiyot iqtisodiy hodisa boʻlar ekan, uning iqtisodiy ildizlarini topish kerak. Bu ildizlar pul munosabatlarining oʻzida joylashgan, pul universal toʻlov vositasi, uni hamma operatsiyalar uchun qabul qilishadi, pul boylikning timsoli, boylik toʻplashning eng qulay shakli, deydi professor Rustam Xasanov.

Yashirin iqtisodiyot xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa

Har qanday mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti mavjud ichki va tashqi imkoniyatlarga bogʻliq boʻladi. Bunday imkoniyatlarni yuzaga chiqarishda yashirin iqtisodiyotni legallashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Yashirin iqtisodiyotning mavjudligi, uning koʻlami, taʼsir doirasi, hisobga olinmagan iqtisodiy faoliyatni legallashtirish chora-tadbirlari samarasi mamlakat rivojiga ijobiy taʼsir qiladi.

2017-2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham iqtisodiy salohiyatni aniqlash va mavjud imkoniyatlarni toʻlaqonli ishga solish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish vazifalari yashirin iqtisodiyot koʻlamini qisqartirish, iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Yashirin iqtisodiyot – bu moddiy neʼmatlar va xizmatlarni iqtisodiyot subʼyektlari tomonidan yashirin tarzda ishlab chiqarish, alohida fuqarolar va ijtimoiy guruhlar oʻrtasida amalga oshiriluvchi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardir. Bu munosabatlar amalda mavjud, lekin hisobga olinmagan, qonunchilikni chetlab oʻtish mumkin boʻlgan, nolegal daromad topish usulidir.

Yashirin iqtisodiyot mavjudligining obʼyektiv va subʼyektiv sabablari bor. Obʼyektiv sabablari – bu davlatning iqtisodiyotga haddan ortiq aralashuvi, qonunchilikning nomukammaligi, turli toʻsiqlarning mavjudligi, iqtisodiy faoliyat turlarini hisobga olishning metodologik ishlanmalarini yaratilmaganligi, biznes muhitining yaxshi emasligi, soliq yukining yuqoriligi va boshqa obʼyektiv holatlardir.

Subʼyektiv sabablar – bu kishilarning iqtisodiy ongi, qarashlari, kamxarj qilib, koʻproq daromad topishga intilishi, buning uchun turli noqonuniy yoʻllarni axtarishi, soliqdan qochish, hatto maʼnaviy madaniyatning yetishmasligi, korrupsiyaga moyillik, tartib-qoidalarga bepisand qarash va shunga oʻxshash boshqa suʼyektiv holatlardir. Ushbu sabablar mavjudligi oʻlaroq, yashirin iqtisodiyot mohiyatiga koʻra bir nechta koʻrinishlarga ega boʻladi.

Yashirin iqtisodiyot koʻrinishlari qoʻyidagilarda namoyon boʻladi:

  • iqtisodiyotni soxtalashtirish, yaʼni iqtisodiy koʻrsatkichlarni mavjud holatga nisbatan boʻrttirib koʻrsatish, soxta natijalarni haqiqiy natija sifatida kiritish (qoʻshib yozishlar);

  • iqtisodiyotning norasmiy sektori, yaʼni tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish jarayonidagi norasmiy aloqalar tizimining amal qilishi. Bunda oʻzaro manfaatdor shaxslarning birgalikdagi norasmiy munosabatlari iqtisodiy tizimni qaror toptiradi;

  • pinhoniy iqtisodiy munosabatlar, yaʼni taqiqlangan iqtisodiy faoliyat turi bilan mashgʻul boʻlish, iqtisodiy faoliyat turini qonunchilik nazoratidan yashirish, rasman belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritish.

Kishilar tabiatining farqlanishi, ziddiyatli doimiy kurashning mavjudligi, jamgʻarishga boʻlgan moyillik, farovon hayot kechirishga intilish, dangasalik, kam mehnat sarflab koʻproq daromaga ega boʻlish, transaksiya xarajatlarining yuqoriligi, qonunga boʻysunish nisbiyligi, raqobat kurashining ayovsizligi, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining notekis rivojlanishi, yuqori inflyasiya, almashuv kurslarining keskin oʻzgarib turishi, soliqqa tortish tizimining nomukammaligi, ijtimoiy tabaqalashuvda «xavf guruhlari»ning mavjudligi, mehnat qonunchiligining buzilishi, muhojir ishchilar, ayollar va oʻsmirlar mehnatidan foydalanishda ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya etilmaslik, tadbirkorlar huquqining paymol qilinishi, bozordagi oʻzgarishlar bilan mavjud qonunchilik bazasining muvofiq kelmasligi, kreativ yondoshuvlarning yetishmasligi, pul-kredit siyosatidagi kamchiliklar, soliq yukining ogʻirligi, soliq maʼmurchiligining takomillashmaganligi, pul agrigatlari oʻrtasidagi nomutanosibliklar va shu kabi boshqalar yashirin iqtisodiyotni qaror topishiga omil boʻlib xizmat qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yashirin iqtisodiyot miqyosi va dinamikasini belgilovchi omillarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

  1. Antropologik omillar.

  2. Iqtisodiy omillar.

  3. Ijtimoiy omillar.

  4. Xuquqiy omillar.

  5. Axloqiy omillar.

  6. Siyosiy omillar.

  7. Moliyaviy omillar.

  8. Geografik omillar.

  9. Baynalminal omillar.

Yashirin iqtisodiyot holati, uning amal qilish xususiyatlari va muammolar yechimini yuqorida koʻrsatilgan 9 ta omillar tahlilini tizimli amalga oshirish orqali tadqiq qilish talab etiladi.

Barcha uchun bir xil oʻyin qoidalari: xufyona iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha davlat siyosati

Tadqiqot natijalari shuni belgilaydiki, agar soliq va ijtimoiy toʻlovlarning YaIMga boʻlgan nisbati 33 foiz boʻlsa, bu yashirin iqtisodiyot koʻpayishining keskin nuqtasi hisoblanadi. Dunyodagi mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotning rivojlanish tendensiyasi uning YaIMdagi ulushi 196 ­yillarda AQSh - ­6,4 foiz, Niderlandiya – 5,6 foiz, Fransiya – 5 foiz, Germaniya ­ - 4,6 foiz, Italiya – 4,4 foiz, Yaponiya, Irlandiya va Shveysariya – 1­2 foizni tashkil etgan. 1970­ yillarda yashirin iqtisodiyot koʻrsatkichlari Gollandiya va Belgiyada(12,1foiz) avj olgandi. Avstriya, Fransiya, Italiyada ham uning ulushi ortib borgan. Uning nisbatan past ulushi Angliya, AQSh, Finlandiya, Yaponiya va Shveysariya davlatlarida kuzatilgan. 1980 yili Norvegiyada yashirin daromadlarni aholining taxminan 18 foizi olgan, aholisining 37,5 foizi yashirin iqtisodiyot bilan bogʻliq sohalarda ishlagan. Keyingi yillarda yashirin iqtisodiyotning YaIMdagi ulushining eng yuqori darajasi MDH mamlakatlariga toʻgʻri kelib, 12­48 foizni va baʼzi maʼumotlarda esa 25­60 foizni tashkil etgan. Ikkinchi oʻrinda YeIga aʼzo boʻlgan sobiq oʻtish iqtisodiyoti mamlakatlari boʻlib, ularda YaIMning 10­12 foizni tashkil etishi koʻrsatib oʻtilgan.

Amalda yashirin iqtisodiyot quyidagi shakllarda amal qiladi:

  • yashirin ishlab chiqarish (noqonuniy, hisobga olinmagan, yashirin, mayda ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarishi, sifatsiz mahsulot chiqarish, ishlab chiqarish resurslaridan notoʻgʻri foydalanish va boshqalar);

  • yashirin taqsimot (daromadlarni noqonuniy taqsimlash, maxsus taqsimot, davlat mulkini talon­toroj qilish. fuqarolarning shaxsiy mulkiga qarshi jinoyatlar va h.k.);

  • yashirin ayirboshlash (gʻayriqonuniy savdo, xaridorlarni aldash, noqonuniy ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish va boshqalar);

  • yashirin isteʼmol (gʻayriijtimoiy ehtiyojlarni qondirish, noqonuniy yoʻl bilan topilgan mulkni isteʼmol qilish, xizmatlardan noqonuniy foydalanish kabilar) ajratiladi.

Bozorlar turlariga koʻra, yashirin jarayonlar isteʼmol buyumlari, ishlab chiqarish vositalari, ish kuchi va ish joylari, axborot va texnologiyalar, kapital kabilar bozorida amalga oshiriladi. Tarmoq belgisiga koʻra, yashirin iqtisodiyot sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, savdo iqtisodiyoti kabilarga ajratiladi.

Yashirin iqtisodiyot xavfsizlikka tahdid soluvchi hodisa, shu sababli yashirin iqtisodiyot iqtisodiy hodisa sifatida talqin etiladi. Yashirin iqtisodiyotning iqtisodiy mohiyati va huquqiy baholanishini farqlash zarur. Iqtisodiy jihatdan bu erkin bozor qonun ­qoidalariga mos kelmaganidan yashirin yuz beradigan munosabatdir. Bu munosabatda barcha yashirin unsurlarning manfaati uygʻunlashadi. Bu yerda ayrim shaxslar yoxud guruhlar manfaatining amalga oshishi davlat va jamiyat manfaatlariga mos kelmaslik hisobidan boʻladi. Shu sababdan buni jamiyat qabul qilmaydi, u yashirin tus oladi. Jamiyatga maʼqul hodisalarni yuridik qonunlar tartiblaydi. Shuni nazarda tutib, yashirin iqtisodiy faoliyatni huquqiy jihatdan gʻayriqonuniy, qonunlar man etadigan iqtisodiy faoliyat deb aytish mumkin. Yashirin iqtisodiyot ­ global hodisa, undan zarar koʻrmagan mamlakat yoʻq, lekin yashirin iqtisodiyot darajasi har xil boʻladi. Bu yashirin iqtisodiyot ildizlari chuqur boʻlishidan guvohlik beradi. Yashirin iqtisodiyot sabablari har xil talqin etiladi. Ular obʼyektiv va subʼyektiv boʻlishiga eʼtibor beriladi. Ular orasida qonunchilikning nomukammalligi, demokratiya tamoyillari va uning institutlari rivojlanmaganligi, davlatning kuchsizligi ajratiladi. Yashirin iqtisodiyotniig mavjudligini iqtisodiy tizimning oʻzidan qidirish kerak.

Yashirin iqtisodiyot iqtisodiy hodisa boʻlar ekan, uning iqtisodiy ildizlarini topish kerak. Bu ildizlar pul munosabatlarining oʻzida joylashgan, pul universal toʻlov vositasi, uni hamma operatsiyalar uchun qabul qilishadi, pul boylikning timsoli, boylik toʻplashning eng qulay shakli. Puldagi eng yuksak likvidlik xususiyati uni koʻproq topishga intilishdir, pulni saqlash xavfsiz, uni xoxlaganicha jamgʻarish mumkin. Pul likvidligi eng yuqori boʻlgan aktivdir, likvidlikni esa pulning qadr-­qiymati taʼminlaydi. Pul koʻzdan yashiringan moliyaviy aloqalar oʻrnatish imkonini beradi.

Bozor tizimi hozirchalik toʻla mukammal emas, uning mexanizmlarida uzilishlar boʻlib turadi va bu yashirin iqtisodiyotga qulay sharoit hozirlaydi. Demak, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning eng maʼqul yoʻli bu bozor munosabatlarining oʻzini takomillashtirishdir.

Yashirin iqtisodiyotni lobbizm ham keltirib chiqaradi, biroq har qanday lobbizm bunga olib kelmaydi. Ruxsat berilgan, jamiyat tan oladigan lobbizm borki, bu ochiq bozor aloqalariga tayanadi. Bunda u yoki bu guruh shaxslar yoki firmalar manfaatiga mos keladigan, lekin jamiyat uchun zararsiz boʻlgan qarorlarni davlat idoralari tomonidan qabul qilish zarurligini asoslash va bunga koʻmaklashish bilan bogʻliq lobbizm yashirin iqtisodiyotni tavsiflamaydi, chunki bu yerda bozor qoidalariga binoan lobbistik xizmatlardan ochiqchasiga ularni haqini toʻlagan holda foydalanish yuz beradi. Ammo shu bilan birga yashirin lobbistik xizmatlar borki, ular individual va korporativ manfaatlarni himoya qilgani holda boshqalar manfaatiga zid ishlarni amalga oshirilishini bildiradi. Shunday boʻlganda gʻayriqonuniy lobbizm paydo boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, yashirin iqtisodiyotning koʻlamini qisqartirishda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:

  • yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga sabab boʻlayotgan barcha omillarni kompleks oʻrganish;

  • yashirin iqtisodiyot oldini olish mahalliy va xorijiy tajribalarni oʻrganish asosida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash milliy strategiyasi va taktikasini ishlab chiqish;

  • yashirin iqtisodiyotni pasaytirishga xizmat qiladigan yangi qonunlar ishlab chiqish va mavjudlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

  • yashirin xoʻjalik yurituvchilar kapitallariga amnistiyani qoʻllash;

  • biznes uchun qulay huquqiy va xoʻjalik muhiti, birinchi navbatda, soliq rejimini yaratish va qoʻllab-­quvvatlash;

  • iqtisodiyotning real sektoriga investitsiya kiritish uchun qaratilgan pul mablagʻlarining legallashtirilishini tasdiqlovchi yuridik institutlar mexanizmini ishga tushirish;

  • elektron hukumat, tijorat, xizmat, toʻlov va shu kabilarni tezkor joriy etish va rivojlantirish uchun shart­-sharoitlarni yaratish, ularni amaliyotga tatbiq etilishini kengaytirish.

Professor Rustam Xasanov,

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari

Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyat yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ