| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar10 daqiqada oʻqiladi2 791 marta oʻqildi

Yangi professional taʼlim — yangi missiya

Yangi professional taʼlim muassasalarida taʼlim mazmuni, soni va sifati, taʼlim dasturlari, texnologiyalarining isloh qilinishi oqibatida bir qancha oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi esa iqtisodiyotni taraqqiy ettirish, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlarning hayotda munosib oʻrin topishi, natijada xalqimiz turmush farovonligini oshirish masalalarining ijobiy hal etilishini taʼminlaydi, deydi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Murodullo Xolmuxamedov.

Yangi professional taʼlim — yangi missiya

Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz!

Shavkat MIRZIYoYeV

Prezidentimizning “2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonida “Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi” deb alohida taʼkidlangan.

Harakatlar strategiyasida mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini taʼminlash, mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini toʻliq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ishchi kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash tizimini kengaytirish vazifalari belgilangan.

Shu asosda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar fonida Oʻzbekiston iqtisodiyotida sezilarli yuksalish kuzatildi, koʻlam va sifat jihatdan jiddiy tarkibiy oʻzgarishlar yuz berdi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga zamonaviy innovatsion texnologiyalar jadallik bilan kirib kelmoqda. Sanoatda, qishloq xoʻjaligida, transport va xizmat koʻrsatish sohalarida yuqori qiymat, yuqori hosildorlik, unumdorlik va tejamkorlikni taʼminlovchi intensiv texnologiyalar, ishlab chiqarish sohasida juda keng koʻlamdagi zamonaviy innovatsiyalar joriy etilmoqda. Mazkur jarayonlarga milliardlab AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda va minglab yangi texnologik ish oʻrinlari yaratilmoqda.

Birgina 2019 yilning oʻzida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 220,7 trillion soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirildi, shundan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 189,9 trillion soʻm ekanligi va bu 2018 yilgi koʻrsatkichlariga nisbatan 1,3 barobar oʻsganligi yaqin kelajakda mazkur loyihalar yuqori malakali professional kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqishi zarurligini belgilab bermoqda.

Shu bilan birga, xalqaro mehnat bozori talablari, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davrida zamon talablariga mos malaka va koʻnikmalarga ega raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashni, kasb-hunar taʼlim sohasida yangi tizimni — xalqaro andozalarga mos professional taʼlim tizimini talab qildi.

Natijada kasb-hunar taʼlimi sohasida ham davlat siyosati tubdan oʻzgardi.

Prezidentimiz tomonidan sohada tub islohotlarni amalga oshirish va zamonaviy professional taʼlim tizimini barpo etishning maqsad va ustuvor vazifalari, bir soʻz bilan aytganda, sohaning yangi missiyasi belgilab berildi.

Ushbu missiya mohiyati yangi sifat va formatda inson resurlarini rivojlantirish, yoshlarda ichki va tashqi mehnat bozori talab qilayotgan amaliy kvalifikatsiyalarni shakllantirish, ularning Vatanga muhabbatini, xalqiga sadoqatini yuksaltirishdan iboratdir.

Shu tariqa tizim oldiga quyidagi vazifalar qoʻyildi:

— hududlar va sohalar kesimida iqtisodiy taraqqiyotga munosib hissa qoʻsha oladigan oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash;

— yoshlarni malakali mehnat orqali oʻz hayot farovonligini taʼminlashga oʻrgatish;

— oʻz mehnat faoliyatiga innovatsion va kreativ yondashish, yaratuvchanlik, intellektual, madaniy, maʼnaviy potensialni rivojlantirish kabi kompetensiyalarni shakllantirish metodologiyasini yaratish.

Ana shu missiya va maqsadlarni koʻzlab, Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrda “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon Oʻzbekiston tarixida yangi professional taʼlim tizimini tashkil etishga asos boʻlgan boʻlsa, 2020 yil 24 yanvarda davlatimiz rahbari oʻz Murojaatnomasida “Joriy oʻquv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar tashkil etiladi” deb mazkur tizimning ahamiyatini yana bir bor alohida taʼkidladi.

Bunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari barobarida tadbirkorlik, kichik biznes, oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat koʻrsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tez surʼatlarda ravnaq topayotgan sohalar uchun ishchi kasblar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanishi koʻzda tutildi.

Oʻz navbatida, yangi tizimning barcha huquqiy-meʼyoriy asoslari yaratildi. Jumladan, yaqinda “Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hukumat qarori eʼlon qilindi.

Qaror bilan uzluksiz boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim toʻgʻrisidagi nizom, Boshlangʻich professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktablarining namunaviy ustavi, Oʻrta professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlarning namunaviy ustavi hamda Oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlarning namunaviy ustavi tasdiqlandi.

Ushbu hujjatlar asosida oʻquv jarayoni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladigan 3 ta toifadagi taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Joriy etilayotgan yangi tizim xalqaro andozalarga toʻla mos boʻlishi uchun 14 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalari oʻrganildi.

Germaniya, Shveysariya, Koreya, Turkiya va Xitoy hamda YuNESKO, Britaniya Kengashi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa taʼlim fondi, Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning Universitetlar uyushmasi kabi qator xorijiy davlat va tashkilotlardan 200dan ortiq nufuzli xalqaro ekspertlar jalb etildi va ulardan salmoqli xulosalar olindi.

Yangi professional taʼlim muassasalarida taʼlim mazmuni, soni va sifati, taʼlim dasturlari, texnologiyalarining isloh qilinishi oqibatida quyidagi tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirildi:

Birinchidan, 2020/2021-oʻquv yilida professional taʼlim tizimida respublika boʻyicha jami 725 ta taʼlim muassasasi, yaʼni 339 ta kasb-hunar maktabi, 200 ta kollej va 186 ta texnikum faoliyat koʻrsatishi belgilandi.

1-toifa — kasb-hunar maktablarida taʼlimning xalqaro standart tasniflagichining 3-darajasiga mos keluvchi 2 yillik taʼlim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilari boshlangʻich professional taʼlim oladi.

Kasb-hunar maktablarida ustuvor yoʻnalish sifatida oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat koʻrsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi iqtisodiyotimizda muhim oʻrin egallagan 200 dan ortiq ishchi kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

Kambagʻallikka qarshi kurash doirasida, avvalo, kam taʼminlangan oilalar farzandlarida tadbirkorlikka, biznesga, pirovard natijada daromad olishga yoʻnaltiruvchi bilim, malaka va koʻnikmalar hamda kompetensiyalar shakllantiriladi.

2-toifa — kollejlarda taʼlimning xalqaro standart tasniflagichining 4-darajasiga mos keluvchi, kasblarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, 2 yilgacha boʻlgan muddatlar davomida oʻqitishga moʻljallangan taʼlim dasturlari asosida oʻrta professional taʼlim mutaxassislari tayyorlanadi.

Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tasarrufida faoliyat koʻrsatadigan va shu sohadagi aniq ish oʻrni uchun mutaxassislar tayyorlaydigan ushbu kollejlarga maktablarning 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.

Kollejlarda Germaniya tajribasida yaxshi samara bergan “dual” taʼlim prinsiplari joriy etiladi: oʻquvchilar haftaning maʼlum kunlarida kollejda nazariy bilim oladi, boshqa kunlari korxonaning oʻzida biriktirilgan usta rahbarligida toʻgʻridan-toʻgʻri kelajakda ishlaydigan ish oʻrnida amaliyot oʻtaydi.

3-toifa — texnikumlarda taʼlimning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos keluvchi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bilan integratsiyalashgan, kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida kamida 2 yil muddatga moʻljallangan taʼlim dasturlari asosida 11-sinfni tugatgan yoshlar oʻqitiladi.

2 yillik tahsildan soʻng bitiruvchilar oliy taʼlim muassasasida oʻqigan kasbi boʻyicha suhbat asosida oʻqishga qabul qilinishi mumkin.

Bu tizim oliy maʼlumot olish niyatida boʻlgan koʻp sonli maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini yaqin kelajakda 50-60 foizga yetkazish uchun xizmat qiladi.

Ikkinchidan, kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqildi. Oʻzbekistonda ilk bor Milliy kvalifikatsiya ramkasi, tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar boʻyicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan taʼlim standartlari va dasturlari tasdiqlanib, joriy etilmoqda.

Uchinchidan, oʻqitish muddatlari oʻzgardi. Xususan, ilgarigi 3 yillik bir xil qolipdagi standartdan toʻliq voz kechildi. Mutaxassisliklarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan oʻqitish muddatlari joriy qilindi. Qoʻshimcha ravishda professional taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlarimizga kelgusida oliy taʼlimda oʻqishini davom ettirish va butun umr davomida oʻz malakasini oshirib borish imkoniyati berildi.

Toʻrtinchidan, taʼlim dasturlari va shakllari oʻzgardi. Endi taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashgan va mehnat bozori talablari asosida moslashuvchan kadrlar tayyorlash yangi professional taʼlim dasturlari asosida joriy etiladi.

Oʻz navbatida, ishchi kasblar bilan oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash tizimi bir-biridan toʻliq ajratildi va alohida oʻquv reja hamda dasturlar asosida oʻqitilishi belgilandi.

Kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shaklida 2 yilgacha muddatda oʻqitish tizimi joriy etiladi. Misol uchun, oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bilan integratsiyalashgan xalqaro “Associate degree” darajasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha kamida 2 yil muddatga moʻljallangan taʼlim dasturlari amaliyotga joriy etiladi.

Taʼlim dasturlari yakunlari boʻyicha bitiruvchilarga razryad koʻrsatilgan sertifikat, guvohnoma va diplom beriladi.

Beshinchidan, taʼlim texnologiyalari oʻzgaradi. Bunda, yuqorida taʼkidlaganimizdek, avvalo, Germaniya tajribasida yaxshi samara bergan “dual” taʼlim prinsiplari joriy qilinadi.

Professional taʼlimning sifat va samaradorligini taʼminlash maqsadida oʻquvchilar egallagan bilim, koʻnikma va malakalarini bevosita kundalik hayotida qoʻllashga oʻrgatadigan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan taʼlim dasturlari yaratildi va yangi oʻquv yilidan tadbiq etish boshlanadi.

Professional taʼlim muassasalari bazasida zamonaviy agrotexnologiyalarga oʻqitishni joriy qilish, “simulyasion markazlar” faoliyatini yoʻlga qoʻyish amalga oshiriladi.

Yana bir muhim jihat, bundan buyon professional taʼlim muassasalari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari imkoniyatlaridan kelib chiqib, oʻquvchilarni jalb qilgan holda issiqxona, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, bogʻdorchilik, limonchilik, sabzavot yetishtirish, ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish sohalarida tadbirkorlik va kichik biznes tarmoqlari tashkil etiladi.

Oltinchidan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab, kollejlar va texnikumlar mehnat bozorining xususiyatlari, ish beruvchilarning texnologik jarayonlarini hisobga olgan holda taʼlim jarayonida foydalaniladigan fan (modul) va amaliyot dasturlarini ish beruvchilar bilan birga mustaqil ishlab chiqadi hamda amaliyotga joriy etadi. Bu degani, endi oʻrta boʻgʻin mutaxassislari oldindan aniq ish oʻrniga ish beruvchi qoʻygan malaka talablari asosida tayyorlanadi va kelgusida oʻsha ish oʻrniga borib joylashadi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda ilk marta joriy oʻquv yilidan boshlab, professional taʼlim muassasalarida tadbirkorlikka yoʻnaltirilgan oʻquv rejalari tajriba sinov-tariqasida joriy etiladi.

Yettinchidan, davlatimiz rahbarining “Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi”, degan soʻzlaridan kelib chiqib, Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida innovatsion muhit, yangi makon yaratildi.

Tizimda ishlaydigan xodimlarni islohotlar ijrosiga shay holatga keltirish, bilim, ong va tafakkurni rivojlantirish maqsadida innovatsion yondashuv asosida oʻquv kurslari tashkil etilmoqda. Ushbu yangi muhitda taʼlim muassasalari direktorlari va oʻrinbosarlari orasidan strategiya, innovatsiya va sifrovizatsiya mohiyatini anglagan, islohotlar ijrosini taʼminlashga, ongini oʻzgartirishga qodir boʻlgan zaxira kadrlar, kuchli metodist oʻqituvchilar maʼlumotlar banki, portfoliolar banki yaratilmoqda.

Malaka oshirishning yangi 18 ta moduli joriy qilindi. Pedagogika prinsiplaridan androgogika prinsiplariga oʻtiladi.

Malaka oshirishga kelgan tinglovchilar uchun taʼlimni innovatsion rivojlantirishga doir 17 ta taqdimot tayyorlanib, taqdim etildi. 200 dan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron taʼlim resurlari bazasi yaratildi.

Bu muhitda oʻqish, anglash, tafakkur qilish, bunyod etish, yangi gʻoyalar, kreativlik, tashabbuskorlikka ragʻbat uygʻotish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud.

Sakkizinchidan, taʼlim tizimini jahon andozalariga toʻliq moslashtirish, ishchi kasblarning nufuzi va jozibadorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston “WorldSkills” xalqaro harakatiga qoʻshildi va ushbu tashkilotga aʼzo boʻldi.

Ayni paytda “WorldSkills” Oʻzbekiston assotsiatsiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.

Bu tashkilot bilan hamkorlik yoshlarimizda zamonaviy kasbiy koʻnikma va malakalarini rivojlantirish hamda xalqaro mehnat bozorida tengdoshlari bilan barobar raqobat qilishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir jiddiy oʻzgarish. Bugun butun dunyoda XXI asr kompetensiyalari sifatida talqin etilayotgan “yumshoq” (soft) kompetensiyalarni shakllantirishga alohida urgʻu beriladi.

Bu borada bir qator nufuzli xorijiy tadqiqot markazlari, jumladan, Butunjahon iqtisodiyot forumi tomonidan taqdim etilgan 2020 yil uchun eng muhim 10 ta kompetensiya, Yevropa uchun ustuvor tayanch kompetensiyalar, Yevropa standartlari doirasidagi Dublin deskriptorlari, Rossiya uchun ustuvor tayanch kompetensiyalar chuqur tahlil qilingan holda milliy mentalitetimizga xos va mos kompetensiyaviy yondashuv joriy etiladi.

Yangi tizim uchun yaratilayotgan oʻquv adabiyotlari, kitob va darsliklar, elektron taʼlim resurslari, innovatsion, raqamlashtirilgan taʼlim texnologiyalari, ochiq elektron resurslar tarmogʻi, oʻquv adabiyotlarini xorijiy davlatlardan olib kelish, qayta ishlash, chop etish va tarqatish, kelajak kutubxonalari, kelajak auditoriyalarini yaratish jarayonlarida shu kabi muhim vazifalar doimiy diqqat markazimizda boʻladi.

Professional taʼlimning yangi tarmogʻida faoliyat koʻrsatadigan direktorlar, direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchi pedagoglar, ishlab chiqarish ustalarini saralash, tanlash, tayinlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish, ularning maqomini belgilash va mehnatini ragʻbatlantirishning yangi tartiblari ishlab chiqiladi.

Professional taʼlim jarayoniga soʻnggi yillarda milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish natijasida Oʻzbekistonda ishga tushirilgan innovatsion ishlab chiqarish quvvatlari, sanoat, ishlab chiqarish, agrar sohalaridagi yirik korxonalar, innovatsion biznes va tadbirkorlik subʼyektlari, AKT, turizm va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida zamonaviy texnologik liniyalarni boshqarishda katta tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar, ish yurituvchilar, injener-texnologlar, agronomlar va masterlar jalb etiladi.

Aytish kerakki, umuman, taʼlim tizimini takomillashtirish, uni yangilash uchun yana bir muhim omil yuzaga keldi. Bu — pandemiya. Endi biz ana shu sharoitda taʼlim tizimini masofaviy shaklga oʻtkazishga jiddiy tayyorgarlik koʻrishimiz lozim. Chunki yaqin kelajakda onlayn taʼlim nafaqat uzoq muddatli tendensiyaga, balki hayotimizning muhim qismiga aylanadi.

Koronavirus nafaqat bizdan, butun dunyo aholisidan ham mislsiz raqamli oʻzgarishlarni talab qilmoqda — onlayn hayotga moslashish, jumladan, konvergent onlayn/offlayn muhitda ishlashni taqozo etmoqda.

Albatta, toʻsatdan boshlangan kasallik va karantin davrida butun mamlakat taʼlim tizimi onlayn oʻqitishga ommaviy oʻtishga tayyor emasdi. Ammo eng muhimi, pandemiya davrida biz shu yoʻl bilan oʻqituvchi va talabalarning koronavirus kasalligidan ishonchli himoyalanishiga erishdik.

Bugun esa onlayn taʼlim tizimiga oʻtishning barcha imkoniyati toʻliq oʻrganilmoqda. Endi biz xuddi internet magazindan onlayn xaridni amalga oshirganimiz kabi onlayn oʻqitish tartiblariga ham moslashishimiz vaqti keldi.

Ayniqsa, professional taʼlim sohasida biz koʻproq oʻqishimiz va oʻrganishimiz talab etiladi. Chunki zamonaviy mehnat bozorida kadrlar malakasiga boʻlgan talablar muttasil va tez oʻzgaruvchandir. Bu qoʻshimcha va mustaqil taʼlim olishni talab qiladi.

Umuman, bu davr taʼlim oldiga ham oʻziga xos talablar qoʻymoqda.

Birinchi navbatda, taʼlimni toʻliq raqamlashtirish kerak. Bunda dars ishlanmalari, onlayn taqdimotlar, animatsion darslar, videoinstruktorlar kabi raqamli kontentlar yaratilishi lozim.

Ikkinchidan, bu kontentlarni joylashtirish va barchaga qulay boʻlgan elektron platformalar yaratilishi kerak.

Uchinchidan, oʻqituvchilarda raqamli kontent bilan ishlash, uni boyitish, oʻquv dasturlariga moslashtirish, oʻquvchilarga yetkazish, ular bilan teskari aloqa oʻrnatish kabi yangi kompetensiyalarni shakllantirishni talab qiladi.

Oʻquvchilarning internet tarmogʻiga ulanganligi holatida onlayn, internet tarmogʻiga ulanmagan oʻquvchilar kontingenti bilan offlayn rejimlarida saboqlar tashkil qilish lozim boʻladi.

Bularning barchasi taʼlim muassasalarining moddiy texnika bazasining infrastukturasini takomillashtirish, jumladan, optik tolali aloqa, yuqori tezlikka ega internet trafiklari bilan taʼminlash kabi oʻta dolzarb masalalarni yechishni talab qiladi.

Ushbu vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi esa iqtisodiyotni taraqqiy ettirish, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlarning hayotda munosib oʻrin topishi, pirovard natijada xalqimiz turmush farovonligini oshirish masalalarining ijobiy hal etilishini taʼminlaydi.

Murodullo XOLMUHAMEDOV,

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ