Toshkent hokimligi bepul avtopark yopilishiga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz, Istiqlol koʻchalari va Amir Temur shoh koʻchasi kesishmasida (aholi orasida “UCELL roʻparasidagi avtoturargoh”) oʻrnida amalga oshirilayotgan loyiha yuzasidan koʻplab muhokamalar paydo boʻldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz, Istiqlol koʻchalari va Amir Temur shoh koʻchasi kesishmasida (aholi orasida “UCELL roʻparasidagi avtoturargoh”) oʻrnida amalga oshirilayotgan loyiha yuzasidan koʻplab muhokamalar paydo boʻldi.
Ushbu maqolamiz muhokamalar mavzusiga, xususan, mazkur loyiha kimning tashabbusi bilan va qaysi maqsadlarda amalga oshirilayotganiga aniqlik kiritishga bagʻishlangan.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning 2018 yilning bahor mavsumida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi davomida iqtisodiy va investitsion sohalarda qator kelishuvlarga erishilgan.
Tashrif natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ 3717-sonli qarori qabul qilingan.
“Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, Turkiyaning "Çalık Enerji"kompaniyasining 400,0 mln. dollar investitsiyasi asosida “Turkiya biznes markazi va zamonaviy mehmonxona tashkil etish” loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
“Yoʻl xaritasi”ni bajarish doirasida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi “Toshkent shahrining markaziy qismida koʻp tarmoqli kompleks qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 991-sonli qarori bilan loyihaning asosiy parametrlari va amalga oshirish manzili belgilangan.
Loyihaning amalga oshirilishi jarayonida uchta zamonaviy 15 qavatli binoning qurilishi koʻzda tutilgan. Ular mehmonxona va ikkita biznes markazidir. Ular ostida ikki qavatli yer osti avtoturargohi hamda binolar atrofida sayr qilish uchun yashil hudud barpo etilib, loyiha umumiy 2.5 gektar maydonda, 400 mln. dollar miqdorida kiritilayotgan investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida 200 ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda boʻlayotgan muhokamalarda, poytaxtliklarni mazkur hudud ostidan oʻtgan metro, u yerda oʻsayotgan daraxtlarning taqdiri, qurilish ishlarini yakunlash muddati va boshqa masalalar xavotirga solmoqda.
Ushbu savollarga aniqlik kiritish maqsadida, hokimlik matbuot xizmatning muxbiri loyiha tashabbuskori vakillari bilan uchrashdi.
Shunday qilib, investor tomonidan taqdim qilingan loyihaga koʻra, metro ustida yashil hudud barpo etiladi. Shu bilan birga u daraxtlarni kesish uchun ruxsat berishga nisbatan amal qilayotgan moratoriydan xabardor ekanligini va daraxtlarni ziyonsiz koʻchirib oʻtkazish masalasi koʻrib chiqilayotganligini maʼlum qildi. Birlamchi rejaga koʻra, loyihani amalga oshirish muddati uch yilni tashkil qilmoqda.
Kelgusida, shahrimiz aholisini internet manbalarida shu kabi xavotirga sabab boʻlayotgan masalalarga oydinlik kiritish hamda birinchi manbadan aniq maʼlumot olish uchun, tuman yoki shahar maʼmuriyati yoki boshqa mutasaddi idoralarga murojaat qilishlarini soʻrab qolamiz.
Toshkent shahar hokimligi
Matbuot xizmati
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

