Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari real xavflarni keltirib chiqaradi
Koronavirus ortidagi iqtisodiy muammolar, kambagʻallik, oshayotgan tashqi qarz va YEOII — deputat Nodir Jumayev bilan suhbat.
Oʻzbekistonda koronavirus bilan zararlanganlar soni 1300dan oshdi. Afsuski, endilikda virus yuqtirib olganlarni aniqlash va ularni davolash bu – yagona muammoli masala emas. Pandemiya ortidan xuddi aysberg kabi yirik muammolarning koʻrina boshlaganiga ancha boʻldi.
U ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, taʼlim, turizm, xalqaro aloqalar va umuman, barcha sohalarga salbiy taʼsirini oʻtkazmoqda.
Ammo, shubhasiz, infeksiya bir, ikki, uch oy oʻtsin, baribir jilovlanadi. Xoʻsh, ana undan keyin biz birinchi navbatda qanday real xavflar bilan yuzlashamiz?
Kun.uz koʻpchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob olish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev bilan suhbatlashdi.
— Koronavirus pandemiyasi ortidan iqtisodiyotimizni nimalar kutib turibdi. Bu borada birlamchi, real xavflarni nimalarda koʻryapsiz?
— Bugungi global tanglik butun dunyo iqtisodiyoti kabi, Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ham yangi sinovlarni tuhfa qildi. Bu sinovlarni yengib oʻtish hamjihatlikni talab qiladi. Yaʼni davlat zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi, fuqarolar esa oʻrnatilgan tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilishi lozim. Bu oqibatlarni yumshatishga zamin yaratadi. Tan olaylik, hozircha tarozi pallasi teng emas.
Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari esa, real xavflarni keltirib chiqaradi. Yaʼni importning eksportga nisbatan keskin oʻsishiga olib keladi. Xizmat koʻrsatish sohalari – aviatsiya, temir yoʻl, turizm, mehmonxonalar tarmogʻi va boshqalar faoliyati deyarli toʻxtab qolishi oqibatida ish oʻrinlari qisqarishiga sabab boʻladi. Davlat byudjeti tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning oyligiga ajratiladigan xarajatlarni moliyalashtirishda muammolar tugʻilishi mumkin.
Shuningdek, yuqoridagi yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar davlatning alohida koʻmagiga muhtoj boʻladi. Ishlab chiqarishning deyarli toʻxtab qolishi talabning taklifga nisbatan yuqoriligini taʼminlaydi, bu esa narxlar muvozanatiga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Iqtisodiy turgʻunlik holatining davomiy boʻlishi ishsizlik darajasini oshiradi va aholining toʻlovga boʻlgan qobiliyati keskin tushib ketishiga olib keladi. Oqibatda, davlat byudjetiga tushumlarning jumladan, soliq toʻlovlarining kamayishi vujudga kelib, byudjetni shakllantirishga salbiy taʼsir etadi.
Bugundanoq, oldimizga qoʻyadigan birlamchi maqsadimiz – ilm-fan yutuqlari, raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan oqilona foydalanishimiz va odilona soliq siyosatini amaliyotga joriy etishimiz kerak boʻladi.
Tan olish kerakki, tadbirkorlar soliq organlariga jazolovchi organ sifatida qaraydi. Soliq idoralari tadbirkorlar bilan ish olib borishda eʼtiborni norasmiy ishlovchilarni hech qanday jazo mexanizmlarini qoʻllamasdan soliq toʻlovchilar safiga oʻtkazishga qaratishi lozim.
Shuningdek, bugungi kunda dunyo bozoriga moslanuvchan eksport mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadga muvofiq boʻlib, bunda ilm-fan imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur.
— Bir nechta deputatlar aholiga ishsizlik nafaqasi toʻlanishi kerakligi borasida takliflar bilan chiqyapti. Siz bu masalada qanday mexanizmlarni taklif qilgan boʻlardingiz va umuman, hozirgi iqtisodiyotimiz bu boradagi toʻlovlarga qobiliyatlimi?
— Avvalo shuni aytish kerakki, davlatimiz tomonidan ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kengaytirish va nafaqa olish muddatini uzaytirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilib, qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirilyapti. Ammo shunday qatlam borki, ular kunlik daromad hisobiga tirikchilik qilishadi. Ular yollanib ishlovchilar yoki xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat koʻrsatuvchi fuqarolar boʻlishi ham mumkin. Albatta, ularga maʼlum muddat ijtimoiy yordam paketlari taqdim qilish zarur.
Bugungi sharoitda hozircha kundalik oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy yordam berish yetarli boʻladi. Faqat buni toʻgʻri qabul qilish kerak. Negaki, biz aniq bilmaymizki, pandemiya qancha vaqt davom etadi. Bunday sharoitda barcha resurslarni birdan ishlatib qoʻyish oqibatlari yaxshi natija bilan tugamaydi. Agar karantin rejimi muddati qisqa boʻlib chiqsa, unda ortib qolgan resurslarni tiklashga sarf etish imkonini beradi.
— Aholining umumiy yordamga muhtoj qatlami haqida gapirdingiz. Bunda yaqindagina umumiy soni 4-5 mln atrofida ekanligi aytilgan kambagʻal qatlam ham bor. Ammo hanuzgacha bu qatlamga kimlar kirishi va uni aniqlashdagi jihatlar ishlab chiqilmagan. Nazarimda, bu borada faqat joylardagi MFY roʻyxatlariga asoslaniladi.
Parlament bu borada biror rejaga egami?
— Umuman olganda, bu masala murakkablik kasb etib, iqtisodchi olimlar, ekspertlar, ijro etuvchi hokimiyat va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilinib, uning huquqiy asoslari yaratilishi kerak. Unda kambagʻal qatlam tarkibi, ularni qanday hollarda bu tarkibga kiritish, yashash minimumi, isteʼmol savatchasi miqdori va boshqa shu kabi masalalarga aniqlik kiritish talab etiladi.
Tadqiqotlarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda 46 turdagi mahsulot va birlamchi xizmatlar (sartaroshxona xizmati, poyabzal taʼmirlash ustaxonasi xizmati, ayrim kommunal toʻlovlar) kiritilgan isteʼmol savatchasi 650 ming soʻm, hayot kechirishning eng quyi darajasi 810 ming soʻm atrofida hisoblab chiqilgan.
Umuman olganda, isteʼmol savatchasi yosh, jins, mavsumiylik, hududiylik nuqtayi nazaridan farqlanishi mumkin.
Yana bir fikr – fuqarolarning daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya joriy etilmas ekan, yaxlit bir tizimni yaratish qiyin masala hisoblanadi.
MFY faoliyati bevosita fuqarolarga yaqin boʻlgani uchun ham ularning roʻyxatiga asoslanamiz. Ammo bu ham samarali chora emasligini kundalik hayotda uchratyapmiz. Faoliyat davomidagi kuzatuvlar va ommaviy axborot vositalari orqali yoritilayotgan maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, ayrim fuqarolar borki, yashash uchun yetarli sharoitlarga ega boʻla turib, ijtimoiy nafaqa olishadi. Uzoqqa bormaylik, hozirgi tanglik sharoitida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga murojaat qilib, yordam soʻrayotgan insonlar orasida ham oʻziga toʻq fuqarolar uchrab turibdi. Bunday holatlar bizning diniy maʼrifat, ilm-fan va taʼlim-tarbiyadan uzoqlashganimizga ishora emasmi?
Fuqarolarning daromadlari elastikligini baholashga qaratilgan mexanizmni joriy etish bu masalada muhim yechim boʻladi, degan umiddamiz. Lekin, bu yoʻnalishdagi qonunchilik bazasini yana bir bor chuqur tahlil qilishni talab etadi. Negaki, birgina misol keltiramiz aliment toʻlovchi shaxs, qonunchilikka koʻra, daromadining kamida 25 foizini farzandi uchun beradi. Agarda uning daromadi 10 mln soʻmni tashkil etsa, tabiiyki daromadini kamaytirib koʻrsatishga intiladi. Uning daromadi 1 mln soʻm boʻlganda esa, farzand uchun 250 ming soʻm bir oyga yetadimi degan masala yuzaga chiqadi.
— Karantin davrida Mahalla vazirligi qoshidagi markaz tomonidan aholiga xayriya mahsulotlari bilan yordam koʻrsatilmoqda. Ammo bu kabi xayriyalar davomli boʻlmaydi, saxovatli tadbirkorlarning ham resurslari kamayib boradi.
Aholi daromadini oshirishning eng yaxshi yoʻli bu – ish oʻrinlarini koʻpaytirish. Siz Oʻzbekiston hukumati oldida turgan mana shu eng katta masalalardan biri boʻyicha qanday kelajakni koʻrasiz. Hukumat ish oʻrinlari yaratish borasida yaqin va oʻrta kelajak uchun nimalar qilishi kerak?
— Albatta, xalqimizga xos mehr-saxovat va xayriya tadbirlari bugungi kunda qanchadan-qancha oilalar hayotiga yorugʻlik olib kirayotgani tahsinga loyiq. Toʻgʻri aytasiz, fuqarolarimizni faqatgina bu kabi tadbirlar bilan yuzaga kelgan sharoitdan olib chiqib ketish mumkin emas.
Hozirgi sharoitda mavjud ish oʻrinlari va oylik daromadlarni saqlab qolish muhim omil hisoblanadi va bu borada davlat tomonidan amaliy chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyildi. Kasanachilik, mavjud tomorqa xoʻjaligidan oqilona foydalanish, fuqarolarni uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarishga jalb etish ham eʼtibor markazimizda boʻlishi kerak. Ishlab chiqarilgan tovarlarni markazlashgan yoki davlat xaridlari orqali sotib olish orqali aholini ragʻbatlantirish mumkin boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, chetdan import qilish mumkin boʻlgan tovarlarni oʻzimizda ishlab chiqarish bilan birga, ortiqcha mahsulotni eksport qilish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, moliyaviy resurslarni yangi investitsion loyihalarga emas, mavjud loyihalarning samaradorligini oshirishga qaratish ham muhim hisoblanadi.
Eng asosiysi, har bir fuqaro xalqimiz boshiga kelgan bu sinovni yengib oʻtishimizning asosiy qahramoni ekanini teran anglab olishi zurur boʻladi. Lekin, qanday qahramon boʻlish – salbiy yoki ijobiy bu xatti-harakatimizga bogʻliq.
Bu jarayonda Parlament va uning deputatlari oldida ham muhim vazifalar turibdi. Birinchi navbatda, mahalliy vakillik organlari deputatlari bilan hamkorlikda oʻzi saylangan okrug hududining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti barqarorligini taʼminlashga qaratilgan oʻrganishlar olib borib, tegishli takliflar tayyorlashi lozim boʻladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy tarkibi, ularning mehnat qilishga boʻlgan layoqatidan kelib chiqib, oʻrnatilgan karantin talablari asosida daromad manbalarini yaratish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish ham deputatlar oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
— Ayni sharoitda, sizningcha, davlat kimni qoʻllashi kerak – xalqning muhtojlikdan qiynalayotgan qisminimi yoki biznesni? Davlat hozirgi vaziyatda qaysi pozitsiyani tanlashi kerak va nega?
— Tasavvur qilaylik, sizning 6 kishilik (ulardan 3 kishi mehnat qilish layoqatiga ega) oilangiz tasarrufida 1 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ bor. Nomaʼlum muddatga izolyatsiyaga olinishingiz natijasida oilangiz doimiy daromaddan ayrildi. Bunday sharoitda siz mablagʻdan qanday foydalanasiz?
Oldingizda mablagʻni bankka omonat sifatida joylashtirish, aksiya sotib olish, ishlab chiqaruvchilar bilan kelishgan holda kasanachilik asosida uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarish, sarmoyani shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflash kabi bir qator variantlar yuzaga chiqadi. Shu maʼnoda, davlat oldida ham bir qator tanlovlar turibdi.
Davlatimiz rahbariyati hozirgi sharoitda toʻgʻri pozitsiyani tanladi, deb hisoblayman. Negaki, mavjud ishlab chiqaruvchi va hatto eng katta yoʻqotishlarga uchrayotgan xizmat koʻrsatish kabi sohalarga iqtisodiy instrumentlar bilan yordam koʻrsatib, davlat byudjetiga soliqlar toʻlash orqali oʻz hissasini qoʻshayotgan aholining ish oʻrinlarini saqlab qolishlariga yordam qilmoqda.
Xalqimizda «Yotib yeganga togʻ ham chidamaydi», degan naql bor. Agarda uncha katta boʻlmagan byudjetimizni xalqimiz ehtiyojlariga sarf etishga yoʻnaltirsak, noqulay vaziyatga tushib qolishimiz tayin. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan fuqarolar va migrantlar hisobidan kun kechirayotgan oilalar taqdirini ham hisobga olish kerak boʻladi.
Bunday sharoitda karantin sababli oʻrnatilgan tartib-qoidalarga toʻliq amal qilgan holda eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatiga eʼtibor qaratish muhim oʻrin tutadi. Jumladan, dunyo boʻyicha talab oshib borayotgan formatsevtika, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar faoliyatini kuchaytirish maqsadga muvofiq.
— Pandemiyaning iqtisodiy taʼsir choralarini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston hukumati tashqi qarzlarga murojaat qilmoqda. Bu borada fikringiz qanday, davlatning tashqi qarzlarga murojaat qilishi qanchalik xavfsiz?
Oʻzbekiston qanday imtiyozlar va majburiyatlar bilan qarz olyapti va bu qarzlarni qanchalik samarali sarflay oladi?
— Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2019 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning tashqi qarzi 24,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 15,8 mlrd dollar – davlat, 8,6 mlrd – xususiy sektor qarzi hisoblanadi. Bu – YAIMga nisbatan 42 foizni, davlat qarzi esa 27 foizni tashkil etadi.
Davlat qarzining tarkibida 1 mlrd AQSH dollari miqdorida Oʻzbekistonning yevrobondlari ulushiga toʻgʻri keladi. Ushbu obligatsiyalarning emissiya qilinishi bilan iqtisodiyotimiz tarixida yangi bosqich amalga oshirildi, sababi unga qadar mamlakatimiz xalqaro fond bozorlaridan mablagʻlar jalb etgan emas edi. Buning asosiy omillaridan biri – Oʻzbekistonning ochiqlik siyosatini amalga oshirayotgani bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchisi – mamlakatimizni suveren kredit reytingiga ega boʻlishi bilan izohlanadi.
Umuman, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston tashqi qarzini YAIMga nisbatan koʻra 55 foizgacha jalb etishni moʻʼtadil yoki barqaror deb baholashini maʼlum qilgan. Demak, hozirgi kunda Oʻzbekistonning tashqi qarz jalb etish imkoniyati bor.
2020 yil aprel oyida eʼlon qilingan Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «BB-» (barqaror) darajada ekanligi muhim hisoblanadi. Ushbu holat Oʻzbekistonga qoʻshimcha tashqi mablagʻlarni jalb etishga imkoniyati mavjudligini anglatadi.
Shuningdek, oltin-valyuta zaxiramiz importni kamida uch oy davomida qoplashiga yetishini inobatga olsak, biz tashqi qarzni bemalol jalb etishimiz mumkinligini taʼkidlash lozim.
Tashqi qarzni birinchi navbatda davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ayniqsa, soliq tushumlari boʻyicha berilayotgan taʼtillar davrida jalb etiladigan qarz mablagʻlarini byudjet daromadlari oʻrnini toʻldirish uchun foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi, deb oʻylaymiz.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida: «Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarur. Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablagʻlarni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy eʼtibor qaratiladi», degan edi.
Demak, tashqi qarzni makroiqtisodiy koʻrsatkichlar holatini inobatga olgan holda jalb etish davlatimiz tomonidan ham alohida eʼtiborga olinishi belgilanmoqda. Tashqi qarzni moʻʼtadil darajasini taʼminlamasak, kelajakda makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy taʼsir etishi mumkin.
Ushbu savolingizga xulosa yasaydigan boʻlsak, Oʻzbekistonning ayni paytda tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki pandemiya davridagi iqtisodiy harakatsizlik holatida yalpi talab va yalpi taklifni taʼminlash orqali iqtisodiy faollikni minimal darajasida saqlab turishga imkon beradi. Taʼkidlash lozimki, hukumat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ushbu olinadigan qarzlarni samarali ishlatilishiga kafolat boʻla oladi, deb hisoblayman.
— Oʻzbekistonning YEOIIga integratsiyalashuvi borasida koʻp gapirilmoqda. Prezident Mirziyoyev bir necha chiqishlarida Oʻzbekiston tashkilotga kuzatuvchi aʼzo boʻlib kirishi mumkinligi haqida gapirdi.
Bugun ham parlamentda bu masala muhokama qilinganidan xabarimiz bor. Ayting-chi, ayni paytdagi yaqinlashuv pandemiya tufayli ogʻir ahvolda turgan iqtisodiyotimizga qanday taʼsir oʻtkazadi?
— Albatta, prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishi borasida bir qator takliflarni oʻrtaga tashladi.
Jumladan: «Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak», deya alohida taʼkidladi.
Ushbu murojaatnoma mohiyatidan kelib chiqib, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi uchta holat bilan aks etishi mumkin. Birinchisi – hozirgi holatda davom etish, ikkinchisi – kuzatuvchilik maqomida boʻlish, uchinchisi – aʼzo boʻlib kirish.
Savolga toʻxtaladigan boʻlsak, hali Oʻzbekiston pozitsiyasini qanday boʻlishi uchun yakuniy qaror qabul qilinmadi. Buning uchun ayni vaqtda tahlillar amalga oshirilmoqda va ushbu tahlillar, olingan ilmiy-amaliy xulosalar asosida yakuniy qarorga kelinadi, deb aytishimiz mumkin.
Endi qayd etib oʻtgan holatlarimiz boʻyicha holatlarning birinchi va uchinchisi yuzasidan atroflicha toʻxtalish zarur emas, deb oʻylamaymiz. Sababi – birinchi holat boʻyicha Oʻzbekistonning xalqaro bozorga chiqishi yoki integratsion jarayonlarga qoʻshilishi oʻzgarmay qoladi. Uchinchi holat boʻyicha esa, Oʻzbekistoning integratsiyaga qoʻshilishi nazarda tutiladi. Bunda Oʻzbekistoning iqtisodiy manfaatlari, yutuqlari va shu bilan birga yuzaga kelishi mumkin boʻlgan iqtisodiy yoʻqotishlar toʻgʻrisida koʻplab fikrlar bildirildi va maqolalar eʼlon qilindi.
Navbatdagi pozitsiya – bu kuzatuvchilik maqomini olish. Agar Oʻzbekiston kuzatuvchilik maqomida faoliyatni amalga oshiradigan boʻlsa, mazkur holat aʼzo mamlakatlar bilan tashqi savdoni amalga oshirishda hech qanday iqtisodiy oqibatlar yoki kelishuvlarni yuzaga chiqarmaydi.
Shu nuqtaiy nazardan olib qaraganda, kuzatuvchilik degani tashqi savdo yuzasidan Oʻzbekistonga maʼlum majburiyatlarni olib keladi, degani emas. Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston kuzatuvchilik maqomiga erishishi hozirgi inqiroz davrida boʻladimi yoki undan keyingi davrda boʻladimi, iqtisodiy taʼsiri mavjud boʻlmaydi.
Bizningcha, pandemiya sharoitidagi inqiroz Oʻzbekistonning turli iqtisodiy ittifoqlarga yoki tashkilotlarga kuzatuvchi boʻlib kirishi bilan chuqurlashishi yoki bartaraf etilishiga shart-sharoit yuzaga kelmaydi. Vaholanki, iqtisodiy inqirozni bartaraf etilishi Oʻzbekiston tomonidan koʻrilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturi va karantin davrida ijtimoiy qoidalarga amal qilinishi bilan bogʻliq, deb hisoblaymiz.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar berishi mumkinligini qayd etib oʻtsak.
Birinchidan, kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi.
Ikkinchidan, YEOII aʼzo davlatlarining yagona qarorlarini oʻrganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi.
Uchinchidan, YEOII davlatlari majlislari maʼlumotlarini bevosita olish (kerak boʻlsa, bevosita ishtirok etish) va uni Oʻzbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi.
Toʻrtinchidan, kuzatuvchilik maqomidan soʻng YEOIIga aʼzo boʻlib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas.
Xulosa qilib aytganda, YEOII bilan munosabatlarni amalga oshirishga doir qarorning qabul qilinishi bu boradagi muzokara va tadqiqotlarni obʼyektini aniq belgilashga asos boʻladi, deb hisoblaymiz.