Oʻzbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: mamlakat va xalq manfaatlari yoʻlidagi integratsiya toʻgʻrisidagi fikrlar
YeOIIga kuzatuvchi maqomini olish, kelajakda ittifoqqa aʼzo boʻlish majburiyatini yuklamaydi va u belgilangan muddat bilan cheklanmagan.

Soʻnggi uch oy davomida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalalariga oid muhokamalar ham hukumat, vazirlik va idoralar darajasida, ijtimoiy tarmoqlarda va ham keng jamoatchilik orasida qizgʻin davom etmoqda.
Ushbu dolzarb mavzu boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bir necha marotaba toʻxtalib oʻtdi. Xususan, Prezident Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida Oʻzbekiston YeOIIga kuzatuvchi davlat maqomi olishini taklif etdi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yigʻilishidagi nutqida “Integratsiyalashuv haqida ikki ogʻiz aytsam. Mustaqilligimizni berib qoʻyamiz, degan gaplar shunchaki hoyu-havas gaplar. Kim berib qoʻyadi mustaqillikni? Bunaqa boʻlmaydi. Bundan tashqari kuzatuvchi degani, aʼzo degani ham emas. Biz kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz. Asosiy oʻrinda xalq manfaatlari turadi” deyildi.
Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlar parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan takliflarni berishlari kerakligi aytildi.
Hukumatga esa tarmoqlar kesimida olib borilgan tahlillar natijalari asosidagi kompleks baholashlarni yakunlab uning natijalarini Oliy Majlis palatalari muhokamasiga taqdim etish topshirigʻi berildi.
Kuni kecha Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi Qudratulla Rafiqov YeOIIga aʼzo boʻlishning ustunliklari va kamchiliklarini tahlil qilgan holda, xozirgi sharoitda Oʻzbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlishi bu mantiqiy va maqbul qadam ekanligini taʼkidladi. “Kuzatuvchi maqomi ittifoqning “ichidan qarash” imkoniyatini beradi. Faqat shu yoʻl bilan biz yuqorida aytib oʻtilgan integratsiya birlashmasida ishtirok etishdan mamlakatimiz qanday afzalliklar va salbiy oqibatlarga olib kelishini sinchkovlik bilan oʻrganishimiz mumkin” dedi kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi.
Taʼkidlash joizki, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi dastlab Bojxona ittifoqi koʻrinishida tashkil topgan, unga aʼzo davlatlar oʻzaro savdo olib borishda hamkorlikni kuchaytirish, toʻsiqlarni kamaytirish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va raqobatbardoshligini oshirish orqali aholining turmush darajasini yaxshilash va barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan.
Bugungi kunda mazkur tashkilotga Armaniston, Belarusiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi aʼzo. Shuningdek, Moldova Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. 2019 yil 29 may kuni Moldova Prezidenti Igor Dodon ushbu maqom olinganiga bir yil munosabati bilan qilgan nutqida: “Albatta biz integratsion jarayonlar, imkoniyatlar, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini rivojlantirish muammolari va istiqbollari xaqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldik” dedi. Bir yil ichida Moldova va YeOII orasidagi tovar aylanmasi
10 foizga ortdi.
Davlatlarning kuzatuvchilik maqomi “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi toʻgʻrisida”gi nizomi bilan tartibga solinadi. Bunda aʼzo mamlakatlar tomonidan imzolangan mazkur nizomga asosan, Ittifoq bilan hamkorlik qilish maqsadida boʻlgan davlat Ittifoqning Oliy Kengashi raisi nomiga kuzatuvchi maqomini berish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma yuboradi va bu bilan YeOII taʼsis shartnomasining 109 moddasi doirasida faoliyat yuritishini kafolatlaydi.
Xususan, kuzatuvchi davlatning vakolatli vakillari YeOII taklifiga binoan, Ittifoq organlari yigʻilishlarida ishtirok etish, qabul qilingan qarorlar bilan tanishish (maxfiy hujjatlar bundan mustasno) huquqiga ega. Kuzatuvchi maqomi ittifoq organlarida qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi.
Kuzatuvchi maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror tashkilotning Oliy Kengashi tomonidan qabul qilinadi. Kuzatuvchi maqomini olgan davlat YeOII taʼsis shartnomasida koʻrsatilgan maqsad va yoʻnalishlarga zid, ittifoq va uning aʼzo davlatlari manfaatiga zarar yetkazadigan hatti-harakatlar yoʻl qoʻyilmasligi shart.
YeOIIda kuzatuvchi maqomini olgan davlat hukumati, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatxonasiga oʻzining doimiy vakilini yuboradi. Ushbu shaxs kuzatuvchi davlat nomidan Komissiya va uning organlari bilan doimiy aloqa oʻrnatish vakolatiga ega boʻladi.
Ushbu doimiy vakil oʻzining davlatidagi Hukumat bilan Ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar boʻyicha doimiy aloqalarni oʻrnatish va qoʻllab-quvvatlashga masʼul boʻladi. Shuningdek kuzatuvchi davlat va aʼzo davlatlar uchun oʻzaro manfaatli sohalarda ikki tomonlama va koʻp tomonlama muloqot oʻrnatish
va hamkorlik qilish masalalarida faoliyat koʻrsatadi.
YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomi nima va u nimalarni beradi?
Birinchidan, YeOII tashkiloti hali yosh tashkilot boʻlib hozirda tashkilotning shakllanish jarayonida qatnashish bizga asosiy savdo sheriklarimiz toʻgʻrisida muhim maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyatini beradi. Gravitatsiya modellariga asoslangan holda shuni aytishimiz joizki, yuqori ehtimollik bilan ushbu mamlakatlar kelajakda ham bizning asosiy savdo sheriklarimiz boʻlib qoladi.
Ikkinchidan, Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlishi taʼsiri bir qancha aqliy markazlar tomonidan har tomonlama oʻrganib chiqildi. Hozirda integratsiya jarayonlarini u yoki bu iqtisodiy sohalarga taʼsiri boʻyicha aniq hisob-kitoblar mavjud. Shu bilan birga, aytish joizki, bu hisob-kitoblar qandaydir farazlar asosida amalga oshirilgan. Kuzatuvchi maqomida ushbu farazlarning haqiqatga qanchalik yaqinligi qayta koʻrib chiqiladi. YeOIIda qarorlar qabul qilish jarayoni mukammal oʻrganiladi. Oddiy til bilan aytilganda, qaror qilishdan oldin yetti marta oʻlchab bir marta kesiladi.
Uchinchidan, YeOIIga aʼzo davlatlar Oʻzbekistonning yaqin qoʻshnilari hisoblanadi. Qoʻshnilarimizning u yoki bu qarorlari albatta bizning iqtisodiy rivojlanishimizga taʼsir qilmay qolmaydi. Bunday sharoitda, kuzatuvchi maqomi YeOII Oliy Kengashida turli mavzularda olib borilayotgan muhokamalarda ishtirok etish, qabul qilingan qarorlardan oʻz vaqtida xabardor boʻlish va unga asosan oʻz iqtisodiyot tarmoqlarimizda tizimli oʻzgartirishlar kiritish va kamchiliklarni bartaraf etib borish imkoniyatini beradi.
Toʻrtinchidan, Har bir integratsiya jarayoni iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqobat muhitini keskin kuchaytiradi. Kuzatuvchi maqomida biz sanoatimizning lokomotiv korxonalarini keskin raqobat muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash uchun muhim maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
YeOIIga kuzatuvchi maqomini olish, kelajakda ittifoqqa aʼzo boʻlish majburiyatini yuklamaydi va u belgilangan muddat bilan cheklanmagan.
Xamidulla Normuradov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




