| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar3 daqiqada oʻqiladi539 marta oʻqildi

Oʻzbekiston kapital bozori: joriy holat va istiqboldagi vazifalar

Taʼkidlash joizki, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish moliya-bank tizimi, shu jumladan kapital bozori imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishni hamda ushbu tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishni talab qiladi.

Oʻzbekiston kapital bozori: joriy holat va istiqboldagi vazifalar

Taʼkidlash joizki, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish moliya-bank tizimi, shu jumladan kapital bozori imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishni hamda ushbu tizimni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishni talab qiladi.

Shu maqsadda, kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish 2017 - 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida asosiy vaziflaradan biri etib belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019 yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham moliya bozorlari, jumladan, fond bozorini rivojlantirish yangi iqtisodiy sharoitda asosiy maqsadlarimizdan biri ekanligi qayd etilgan.

Bu boradagi islohotlarning dastlabki bosqichi sifatida jahon davlatlari tajribasidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 14.01.2019 yildagi 5630-sonli Farmoni bilan mustaqil davlat organi - Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tuzilib, uning asosiy vazifalari etib qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish belgilangan.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda emissiya qilingan aksiyalarning umumiy nominal qiymati 100 trillion soʻmdan ortiq boʻlib, ulardan faqatgina 1,5 foizigina erkin muomalada harakat qilmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan hisoblaganda 1 foizdan kam hisoblanib, ushbu koʻrsatkich Singapurda 188 foiz, Malayziyada 112 foiz va Rossiyada 34 foizni tashkil etadi. Mazkur holat Oʻzbekistonda kapital bozori mamlakat iqtisodiyotida investitsiyalar va jamgʻarmalar oʻrtasida vositachilik rolini sifat va miqdor jihatdan yuqoriga koʻtarish uchun katta potensialga egaligini koʻrsatadi.

Buning uchun, qimmatli qogʻozlarni chiqarish va muomalada boʻlishini, investitsiyalarni keng jalb etish, korportiv boshqaruvni rivojlantirish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi kapital bozori rivojlanishining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish taqozo etiladi.

Mazkur strategiyada fond bozorini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, uni tartibga soluvchi qonun va qonun osti hujjatlarni bozori rivojlanayotgan davlatlar talablariga (“frontiers market” ) muvofiqlashtirish, tarkibiga brokerlar, pensiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari, banklar kiruvchi moliya bozorining eko-tizimini yaratish, aholining boʻsh turgan mablagʻlarini fond bozoriga jalb qilishning jahon tajribasida qoʻllanilgan samarali institutlarni shakllantirish nazarda tutilishi kerak.

Eʼtiborlisi, 2019 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa qator xalqaro ekspertlar koʻmagida 2020-2025 yillarda Oʻzbekiston kapital bozorini rivojlantirish strategiyasining loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik oʻrtasida muhokamaga qoʻyildi. Mazkur strategiyaning asosiy vazifalaridan biri - erkin muomaladagi jami qimmatli qogʻozlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatini 2025 yil oxirigacha kamida 10-15 foizga yetkazish hisoblanadi.

Belgilangan vazifalarga erishish uchun investorlar bazasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, moliyaviy savodxonlikni yaxshilash orqali qimmatli qogʻozlarga boʻlgan talabni oshirish, emitentlar sonini koʻpaytirish va yangi moliyaviy instrumentlar orqali qimmatli qogʻozlar taklifini kengaytirish, qonunchilik va nazorat tizimini takomillashtirish, kapital bozori infratuzilmasini yaxshilash va kapital bozorini muvofiqlashtiruvchi organning institutsional salohiyatini mustahkamlash strategiyaning asosiy yoʻnalishlari etib belgilanishi maqsadga muvofiq. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, kelusi yil uchun asosiy vazifalardan biri mazkur strategiyani qabul qilish va unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishning uzviyligini taʼminlash hisoblanadi.

Mazkur strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar ulushini yalpi ichki mahsulotning 10-15 foiziga yetkazish, investitsiya loyihalarni moliyalashtirishning muqobil manbasi sifatida fond bozori imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish kabi yangi mexanizmlarni keng joriy etish, iqtisodiyotning bank sektoriga bogʻliqligini va davlatning bank sektoridagi ishtirokini kamaytirish, yashirin aylanmadagi qoʻshimcha mablagʻlarni iqtisodiyotga jalb qilish va pirovardida Oʻzbekiston iqtisodiyotining jadal surʼatlarda oʻsishini taʼminlash kabi muhim va dolzarb masalalarni hal etishi kutilmoqda.

Nozimjon Ortikov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ