| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza2 daqiqada oʻqiladi578 marta oʻqildi

Turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar

Bugungi kunda turizm koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlarning asosiy daromad manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

Turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar

Bugungi kunda turizm koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlarning asosiy daromad manbai boʻlib xizmat qilmoqda. Turizm xizmatlarini eksport qilish iqtisodiyotda qoʻshimcha talab yaratib, aholini ish bilan taʼminlaydi va xorijiy valyuta tushumini oshiradi. Shu orqali turizm sohasi iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida muhim rol oʻynaydi.

Jahon turizm tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2018 yilda jahon sayyohlik xizmatlari eksporti hajmi 4 foizga oshib, 1.7 trillion dollarni, xalqaro sayyohlik tashriflari soni esa 5 foizga oʻsib, 1.4 milliardni tashkil qildi. Bunga sabab boʻluvchi asosiy omillar sifatida rivojlanayotgan mamlakatlardagi arzon narxlar va ular tomonidan viza jarayonlarini soddalashtirilishi hisoblanadi.

Oʻzbekistonda ham 2019 yil davomida turizmni rivojlantirish boʻyicha jadal ishlar davom ettirildi. Shu jumladan, viza rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha toʻsiqlarni bartaraf etish va sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish boʻyicha qator choralar koʻrildi. Natijada, 2019 yil yakunlariga koʻra turizm xizmatlari eksporti 2018 yilga nisbatan 26.1 foizga oʻsib, 1.3 milliard dollarni tashkil qildi va sohaning xizmatlar eksportidagi ulushi 39.3 foizga yetdi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonuni 2019 yil 18 iyulda qabul qilinib, unda sohaning hozirgi rivojlanish bosqichidan kelib chiqqan holda yangi tushunchalar kiritildi, turizm sohasidagi davlat siyosatining prinsiplari va asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Shuningdek, turistik faoliyat subʼyektlari toifalarga ajratildi.

47 ta davlat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi va vizasiz rejimga ega mamlakatlar soni 86 taga yetdi. Bundan tashqari viza jarayonlarini soddalashtirish maqsadida elektron viza olish imkoniyatiga ega mamlakatlar soni 57 ni tashkil etdi. Qoʻshimcha ravishda, “Vatandosh”, “Talaba”, “Akademik”, “Ziyoratchi” va “Tibbiyot” viza turlari joriy etildi. Qilingan ishlar natijasi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan davr bilan solishtirganda 2019 yilda mamlakatimizga kelgan sayyohlar soni 26.2 foizga koʻpaydi. Vizasiz rejim joriy etilgan davlatlardan tashrif buyurgan sayyohlar sonida esa 58 foiz oʻsish kuzatildi. Natijada, sayyohlarni joylashtirish maskanlarining yuklanish darajasi 62 foizdan 84 foizga koʻpaydi.

Oxirgi yillarda turizm sohasidagi yangi tendensiyalarga mos va keng segment talablariga javob beradigan xostellar bozorini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda 2019 yilda mamlakatda kam byudjetli turizm infratuzilmasi va xostellar biznesini yanada ragʻbatlantirish uchun xostellarni majburiy sertifikatsiyalash tartibi bekor qilindi va boshqa bir qator talablar soddalashtirildi. Natijalar uzoq kuttirmadi. 2019 yilning oʻzida respublikada 161 ta yangi xostellar qurib foydalanishga topshirildi. Ular tomonidan bir vaqtning oʻzida 5666 nafar sayyohga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

2019 yilda Vazirlar Mahkamasining 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan mehmonxonalar biznesini rivojlantirishga katta urgʻu berildi. Unga koʻra, yangi qurilayotgan 3 yulduzli mehmonxonalarning xar bir xonasi uchun Davlat byudjetidan 40 million soʻm, 4 yulduzli mehmonxonalar uchun esa 65 million soʻm kompensatsiya ajratish koʻzda tutilgan. Qilingan ishlar natijasida 2019 yilda mamlakatda umumiy hisobda 277 ta yangi mehmonxona qurib, ishga tushirildi.

Turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng ommaga yoritilmoqda. Xususan, “The Telegraph” yer yuzidagi eng sarguzashtbop maskanlar roʻyxatini eʼlon qildi va Oʻzbekiston mazkur roʻyxatda birinchi oʻrinni egalladi. “The Economist” nashri tomonidan esa Oʻzbekiston yil mamlakati deya tan olindi. Bundan tashqari “Lonely Planet”, “Harpers Bazaar”, “The Spectator” va boshqa nashrlar tomonidan mamlakatning sayyohlik potensiali yuksak baholanib, kamchiliklarni kamaytirish va rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berilmoqda.

Xasan Majidov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ