| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar10 daqiqada oʻqiladi168 marta oʻqildi

Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Muhsinjon Xolmuxamedov "Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri transport xizmatlari bozorini erkinlashtirish, davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish", ekanligini taʼkidlamoqda.

Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish

Investitsiya siyosatining asosiy maqsadlari:
jozibador investitsiya muhitini yaratish, kapitalga investitsiyalarni oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish,
yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ustuvor sohalarni rivojlantirish, davlatning samaradorligini oshirish, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash kabi vazifalarini hal qilishdan iborat.

Iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirishda xorijiy tajribani oʻrganish shuni koʻrsatadiki, mamlakatlar oʻz taraqqiyotining turli bosqichlarida investitsiyalar yoʻnaltirilgan va turli imtiyozlar berilgan muayyan ustuvor tarmoqlarni tanlashga tayanadilar.

Iqtisodiy diversifikatsiya asosida Oʻzbekiston Respublikasining barqaror va muvozanatli iqtisodiy oʻsishini taʼminlash va ichki moliyaviy resurslari cheklangan sharoitda uning raqobatbardoshligini oshirish vazifasini investitsiyalarni jalb etish va mavjud mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha ragʻbatlantiruvchi siyosatni amalga oshirmasdan turib erishib boʻlmaydi.

Investitsiyalar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi:

- makro darajada ular kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni tarkibiy jihatdan muvofiqlashtirish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini barqaror rivojlanishini taʼminlash, innovatsion siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini taʼminlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi;

- mikro darajada esa ishlab chiqarishni kengaytirish va rivojlantirish, uning texnik va texnologik jihatdan takomillashtirish, asosiy vositalarning maʼnaviy va jismoniy eskirib borishiga yoʻl qoʻymaslik hamda atrof-muhitga zararli ekologik taʼsirini kamaytirishni taʼminlaydi.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotni erkinlashtirish va uni tashqi dunyoga ochish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy va milliy investorlarning sarmoya kiritishi, yangi biznes yaratishi, qoʻshimcha daromad olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Xususan:

  • davlat mulki va yer uchastkalarini elektron auksionlar orqali, shu jumladan, nol qiymatda tadbirkorlik subʼyektlariga sotish boʻyicha bozor mexanizmlari joriy etildi;

  • raqobat muhitini yaxshilash, biznes yuritish uchun teng sharoit yaratish va sogʻlom raqobat muhitini yaxshilashni ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi;

  • yoqilgʻi-energetika resurslari, non, un va boshqa strategik tovarlar uchun erkin narxlarni joriy etish choralari koʻrildi;

  • mamlakat bozorlarida sogʻlom raqobatni cheklovchi yakka tartibdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilindi. Amaldagi mexanizm doirasida sanoat, faoliyat sohalari va hududlar uchun umuman soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar beriladi;

  • ichki bozorda sogʻlom raqobatni cheklovchi yakka tartibdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilindi. Amaldagi mexanizm doirasida sanoat, sohalar va hududlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar beriladi;

Transport sohasida investitsion muhitni oshirish boʻyicha islohotlar

Oxirgi yillarda transport sohasida davlat monopoliyasini qisqartirish, soha va korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy qilish, davlat-xususiy sheriklar, raqamlashtirish, tashqi savdoni kengaytirishda yangi tashabbuslarni qoʻllash, xalqaro transport logistika tizimlariga aʼzolikni kengaytirib borish kabi maqsadli yoʻnalishlar boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Transport sohasida investitsion jozibadorlikni oshirish, investorlar safini kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatdor hamkorlikni amalga oshirishda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, logistika samaradorligi indeksi (LPI) ni oʻz ichiga olgan jahon banki tomonidan yuritilayotgan logistika samaradorligi indeksi boʻyicha Oʻzbekiston 99-oʻrinni egalladi. Hisobotda 168 mamlakat oʻrin olgan boʻlib, mazkur indeks mahalliy kompaniyalarning milliy va xalqaro bozorlarga chiqishni taʼminlovchi taʼminot zanjirlarining samaradorligini oʻlchaydi. LPI shuningdek, taʼminot zanjirlarining barqarorligi, atrof-muhitga taʼsiri va malakali ishchilarga boʻlgan ehtiyoj kabi rivojlanayotgan masalalarga ham eʼtibor qaratadi. Indeksni tarkibiy qismlari boʻyicha koʻrib chiqadigan boʻlsak, Oʻzbekiston bojxona tartiblari boʻyicha 140, infratuzilma boʻyicha 77, xalqaro yuklar boʻyicha esa 120-oʻrinni egallagan. Logistika sifati boʻyicha 88-oʻrin, tovarlarni kuzatib borish imkoniyatlari boʻyicha 90-oʻrin, yetkazib berish muddatlari boʻyicha esa 91-oʻrinni egallagan.

Hozirgi kunda jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlash boʻyicha faol va keskin choralar koʻrilmoqda. Xalqaro maydonda mamlakat imidjini yaxshilash savdo, iqtisodiyot, investitsiya va ijtimoiy rivojlanish modellarini ishlab chiqish, yetakchi xalqaro tahliliy va ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, jahondagi biznes uyushmalar bilan aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalaridan biridir.

Transport sohasida investitsiyalarni keng jalb qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar

Transport sohasidagi eng muhim islohotlardan biri transport xizmatlari bozorini erkinlashtirish, davlat monopoliyasini va cheklovlarni bosqichma-bosqich qisqartirib borish, xorijiy investorlarga qulay shartlarda davlat va xususiy sheriklik tamoyillari asosida yirik obʼyektlarni taqdim etish kabi yoʻnalishlarda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020 yil 1 avgustdan xorijiy aviakompaniyalarga viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida beshinchi darajadagi “havo erkinligi”, “Navoiy” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida esa yuk tashuvchi aviakorxonalar uchun yettinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi potensial investorlarning yurtimizdagi havo tashuvlari bozoriga kirib kelishiga zamin yaratmoqda.

Shuningdek, hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xalqaro talablar asosida boshqaruvga berish boʻyicha loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Transport sohasida xalqaro savdo operatsiyalarini tezlashtirish uchun chora-tadbirlar tashabbuslari ishlab chiqildi. Eksport va import operatsiyalari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydigan milliy onlayn portali ishga tushirildi. Bunda istalgan mijoz elektron soʻrovnoma yuborish orqali barcha turdagi ruxsatnomalar, tovar kelib chiqishi sertifikatlari va fitosanitariya sertifikatlarini olish uchun toʻlov qilish imkoniga ega boʻladi. Ushbu yangi mexanizmlarni joriy etish bilan eksport hujjatlarini qayta ishlash uchun umumiy vaqt 174 soatdan 96 soatgacha qisqartirildi.

Transport tizimidagi investitsion loyihalarning amalga oshirilishi

Pandemiya sharoitida investitsion loyihalarning amalga oshirilishiga jiddiy toʻsiqlar va xavf solganiga qaramasdan joriy yilning yanvar-iyun oylarida rejalashtirilgan loyihalar boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan 2020 yil yanvar-iyun oylari yakunlari boʻyicha quyidagi loyihalar boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakunlandi.

  1. Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasining 2 – bosqichi qurib bitkazildi (2,9 km.).

  2. Toshkent shahrida yer usti halqa metropolitenini 1-bosqichi (11,4 km.) qurib bitkazildi. Bugungi kunda respublika komissiyasi tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

  3. Andijon-Savay-Xonobod temir yoʻl uchastkasi modernizatsiya ishlari tugatildi (65 km.). Mazkur loyihalarni ishga tushirish (foydalanishga topshirish) mamlakatdagi karantin choralari bekor qilingandan soʻng amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, transport tizimidagi sohalar kesimida olib borilgan oʻrganishlar natijasida investitsion dasturlarda belgilangan loyihalarning ijrosi natijalari quyidagicha:

  1. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi boʻyicha davlat byudjeti hisobidan 99 ta investitsiya loyihasi boʻyicha rejaga nisbatan 131 foiz ishlar amalga oshirilgan.

Davlat kafolati ostidagi xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan 5 ta investitsiya loyihalari doirasida mablagʻlar rejaga nisbatan 104 foiz oʻzlashtirilgan.

  1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boʻyicha investitsiyalarni oʻzlashtirish rejasi rejaga nisbatan 121 foizga amalga oshirilgan.

  2. “Uzbekistan airports” AJ tizimi boʻyicha 2 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bular umumiy qiymati 21,1 mln. dollarlik “Termiz xalqaro aeroportining yangi sunʼiy uchish-qoʻnish yoʻlagi va boshqa aerodrom qoplamalari qurilishi” hamda umumiy qiymati 62,0 mln. dollarlik “Samarqand xalqaro aeroportining qurilishi” loyihalari. Samarqand aeroportida 62 mln. dollarlik rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Qayta qurish ishlari yakunlanganidan soʻng aeroportning oʻtkazish qobiliyati soatiga 600 dan 1200 yoʻlovchiga oshishi mumkin. Hozirda 22 ta samolyot uchun toʻxtash va uchish-qoʻnish yoʻlagi qurilishi ham yakunlanmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar

Transport vazirligi tomonidan Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida 10 ta loyihalarni amalga oshirilmoqda.

Avtomobil transporti sohasida

Respublika viloyatlaridagi davlat ulushi boʻlgan jami 13 ta avtostansiyalardan birinchi bosqichda 9 tasini hamda 7 ta (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm, Namangan xamda Toshkent viloyatlaridagi) avtotransport korxonalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berish.

Aviatsiya sohasida

Respublika hududiy aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xalqaro talablar asosida boshqaruvga berish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish.

Mazkur loyiha boʻyicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan respublika aeroportlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha ishlari olib borilmoqda.

Yoʻl xoʻjaligi sohasida

“Toshkent-Andijon pullik avtomobil yoʻlini qurish” loyihasi boʻyicha Jahon banki ishtirokida “Price water House Coopers” (Polsha) va “Over Arup and Partners” (Buyuk Britaniya) konsalting kompaniyalari konsorsiumi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqildi.

Xorijiy maslahatchilar tomonidan loyihani 3 ta bosqichda (lot) amalga oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga “Qamchiq” dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasini ushbu loyiha doirasida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlashni yakunlash 2020 yil dekabr oyida rejalashtirilgan.

“Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yoʻlini qurish” loyihasi boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Spektrum” kompaniyasi (Rossiya) tomonidan loyihani moliyaviy va iqtisodiy jihatdan amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganib chiqildi va tegishli hisobotlar taqdim etildi.

Hozirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender eʼlon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.

“Taxtaqarachi pullik avtomobil yoʻlini qurish” loyihasi boʻyicha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan grant mablagʻlari evaziga loyihaning dastlabki texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun hamkorlik kelishuviga erishildi.

Joriy yil may oyida loyihaning pasport va annotatsiyalari oʻrnatilgan tartibda OTBga taqdim etildi. Bugungi kunda OTB tomonidan tegishli xulosalari taqdim etilishi kutilmoqda.

“Sirdaryo-Baxt pullik avtomobil yoʻlini qurish” loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihani “Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yoʻli qurilishi” loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarida koʻzda tutish hamda mazkur loyiha doirasida qurish taklif qilinmoqda.

Bugungi kunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun tender eʼlon qilingan. Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.

Raqamlashtirish boʻyicha qanday loyihalar amalga oshirildi?

Oʻzbekiston Respublikasi “Transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida raqamlashtirish texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga asosan jami 61 ta loyiha, shundan 2020 yilda 38 ta, 2021 yilda 13 ta va 2022 yilda 26 ta loyihalarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilning 1 yarim yilligida Transport va yoʻl xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish boʻyicha quyidagi loyihalar amalga oshirilgan.

  1. Yoʻlovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida, joriy yil 1 yanvardan Toshkent shahri jamoat transportida (avtobus va metropoliten) avtomatlashtirilgan elektron toʻlov tizimi joriy etilishi boshlandi.

Ushbu tizim 2020 yil 1 avgustdan Nukus shahri va viloyat markazlarida 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Bugungi kunda avtobuslar 1 100 ta validator bilan taʼminlanib, 29 ta metro stansiyalarida 50 ta turniketlar oʻrnatildi. Ushbu tizim toʻlov kartalarini 51 ta metro kassalari va 50 ta shoxobchalarda sotish tashkil etilib, toʻlovni “QR kod” orqali amalga oshirish uchun “ATTO” mobil ilovasi ishga tushirildi.

  1. Temir yoʻl tashuvlarida mijozlarga xizmat koʻrsatish shaffofligi, sifati va tezkorligini oshirish maqsadida “Yagona darcha” tamoyili asosida avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilib, joriy yilning iyul oyida test rejimida ishga tushirish va bosqichma-bosqich xizmatlar turi va sifatini oshirib borish rejalashtirilgan.

  2. Xalqaro tashuvlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish va shaffoflikni oshirish maqsadida, xorijiy koʻp tomonlama ruxsatnoma blanklarini taqsimlashning avtomatlashtirilgan onlayn tizimi ishga tushirildi.

  3. Yuk va yoʻlovchi tashish faoliyatini litsenziyalash toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Bu tizim orqali tadbirkorlarning masofadan turib litsenziya olish imkoniyati yaratildi.

  4. Hozirgi kunda Tovar-xom ashyo birjasi bilan hamkorlikda avtomobil transportida yuk tashish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maxsus elektron savdo maydonchasi – “mytransport.uz” yagona platformasi joriy yilning avgust oyida toʻliq ishga tushiriladi.

Ushbu platformada ichki va tashqi yuk tashuvlari xizmatlarini elektron savdo maydonchasi orqali xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

  1. Bugungi kunga qadar yoʻlovchi chiptalarni xarid qilish har bir transport turi boʻyicha alohida yaratilgan elektron tizimlar orqali amalga oshirilayotgan edi (avtobusda – avtoticket.uz, havo transportida – uzairways.com, temir yoʻl transportida – e-ticket.railway.uz).

Yoʻlovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida, avtobus, temir yoʻl va havo transporti uchun chiptalarni “onlayn” xarid qilish imkonini beruvchi yagona “Uztrans” portali yaratilib, joriy yil 1 maydan test rejimida ishga tushdi, hamda hozirda uning mobil ilovasini yaratish ishlari davom ettirilmoqda.

  1. Xalqaro, shaharlararo va ichki avtobus yoʻnalishlari uchun tender savdolarini elektron tarzda tashkil etish tizimini joriy etish.

Ushbu tizim orqali tadbirkorlar tender savdolarida masofadan ishtirok etishi hamda avtobus yoʻnalishlari taqsimlanishining shaffof va qulay mexanizmi yaratiladi.

  1. Samarqand shahri transport tizimini kompleks rivojlantirish rejalarini modellashtirish orqali ishlab chiqish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda Avvalambor bu ishlarni master-reja asosida quyidagi asosiy vazifalarni hal etish oʻrganilmoqda:

  • transport vositalari va piyodalar xavfsiz, qulay va tez harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;

  • avtomobil yoʻllari va yoʻl oʻtkazgich tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish;

  • transport vositalari va aholining yoʻlga sarflanadigan vaqti va mablagʻlari tejalishiga erishish;

  • transport vositalarining atrof muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish.

  1. Transport xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish va shaffoflikni oshirish maqsadida onlayn tarif kalkulyatorlari joriy qilinib, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rasmiy veb-saytida joylashtirilib, tizimdan roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga foydalanish imkoniyati yaratildi.

  2. Buxoro va Fargʻona aeroportlarida roʻyxatga olish (Self-Check In) tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mazkur tizim joriy yil avgust oyidan boshlab ishga tushirish rejalashtirilgan.

  3. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch aeroportlarida havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiyalash loyihasini joriy etish boʻyicha barcha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib ekspertizadan oʻtkazildi va axborot tizimini ishlab chiqish boʻyicha shartnoma imzolandi.

Transport tizimida yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar

Transport tizimi korxonalarida islohotlarni davom ettirish va ularda zamonaviy korporativ boshqaruv mexanizmlarini joriy etish choralari koʻrilmoqda. Jumladan:

  • Fuqaro aviatsiyasi sohasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish va raqobat muhitini yaratish maqsadida, «Humo Air» yangi aviakompaniyasini xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda “Humo Air” aviakompaniyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va yil yakuniga qadar faoliyatini boshlab yuborish;

  • Jahon banki bilan birgalikda aviatsiya sohasini institutsional va normativ jihatdan isloh qilish hamda “Uzbekistan airways” jamiyatini rivojlantirish boʻyicha “Biznes modeli”ni ishlab chiqish;

  • Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish konsepsiyasi tayyorlash;

  • “Airport Research Center” kompaniyasi (Germaniya) tomonidan aeroportlarning qisqa va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi tayyorlash.

Shuningdek, Rossiyaning yetakchi aviakompaniyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi bozorida yangi “loukoster” aviakompaniyasini tashkil etish muzokaralari olib borilmoqda.

Temir yoʻl transporti sohasida “Doyche Bann” kompaniyasi tomonidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” jamiyati faoliyatini isloh qilish hamda boshqaruvning samarali mexanizmlarini joriy etish.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda transport sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va investitsion dasturlarning amaliy samarasini yaqin davr ichida iqtisodiyotning barcha sohalariga hamda aholining barcha qatlamlariga sifatli va raqobatbardosh sharoitlardagi logistika va tashuv xizmatlarining taqdim etilishi hamda bu sohaning mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini keskin oshirishga katta hissasini qoʻsha olishini koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi maʼlumotlari asosida tayyorlandi.

Muhsinjon Xolmuxamedov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ