Tibbiyot sohasiga ixtisoslashtirilgan Ibn Sino maktablari tashkil etiladi
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni sogʻliqni saqlash xodimlari bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda aytib oʻtdi. Unga koʻra, eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari oʻrnida Ibn Sino maktablari tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda ixtisoslashgan tibbiy yordam sifatini oshirish kerakligi taʼkidlandi
Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida tibbiyot sohasidagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, adolat va raqobatni taʼminlash boʻyicha oʻz mulohazalarini bayon etgan edi.
Bugungi yigʻilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Avvalo, ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati va koʻlamini oshirish lozimligi taʼkidlandi.
10 ming aholiga 23 nafar shifokor
Qayd etilganidek, mamlakatimizda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor toʻgʻri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari koʻnikmasini oshirishga eʼtibor qaratilmayapti. Ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa oʻrtasida vertikal tizim shakllanmagan.
Order berish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi
Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat taʼminlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tibbiyotda 30 foizgacha mablagʻ samarasiz sarflangan
Sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimi tanqidiy tahlil etildi. 20-30 foiz mablagʻ samarasiz sarflanayotgani koʻrsatib oʻtildi. Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya uchun ajratilayotgan mablagʻ ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Xorijda esa bu koʻrsatkich 60 foizdan oshadi.
Majburiy tibbiy sugʻurta joriy qilinadi
Davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit, raqobat muhiti yaratilmagan. Moliyalashtirishda elektron tizimning yoʻqligi mablagʻlar unumdorligini tahlil qilish imkonini bermayapti.
Sohani moliyalashtirishni takomillashtirish, majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlar qabul qilib, uni bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi aytildi.
Endi malaka oshirish kurslari viloyatlarda ham faoliyatini boshlaydi
Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, faqat 12 ta oliy taʼlim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga ega. Hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagan.
Shu bois mazkur tizimni qayta koʻrib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Eskicha uslubdagi kollejlar yangilanadi
Eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari oʻrnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida oʻtish zarurligi taʼkidlandi.
S ogʻliqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma boʻlib qolgani tanqid qilindi
Joylardagi sogʻliqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma boʻlib qolgani, hududiy darajada kasalliklarni tahlil qilish boʻyicha tizimli ishlar yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari ayni paytda markaziy shifoxona bosh shifokori boʻlgani sababli vaqti va mablagʻning asosiy qismini kasalliklarni davolashga sarflamoqda.
Prezident piyoda yurishning sogʻlikka foydasi haqida gapirdi
Davlatimiz rahbari kasalliklar profilaktikasi masalasiga alohida eʼtibor qaratib, boshqaruv idoralari ishini aynan shunga yoʻnaltirish lozimligini taʼkidladi. Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish, toʻgʻri ovqatlanish va piyoda yurishning salomatlikka foydasini targʻib etish muhimligi qayd etildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

