| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat5 daqiqada oʻqiladi260 marta oʻqildi

Tarixda ilk marta "yopiq mavzu" boʻlgan qambagʻallikni qisqartirish uchun kurash boshlandi

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambagʻal. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming soʻmdan oshmayapti, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Tarixda ilk marta "yopiq mavzu" boʻlgan qambagʻallikni qisqartirish uchun kurash boshlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Kambagʻallik yurtimizda koʻp yillar “yopiq mavzu” boʻlib keldi. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

"4-5 million aholining bir kunlik daromadi 10-13 mingdan oshmayapti"

Bugungi videoselektor yigʻilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

– Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambagʻal. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming soʻmdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xoʻsh bunday oilani oʻziga toʻq deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini oʻqitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima boʻlayapti, degan savol har kuni qiynaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambagʻallikni kamaytirishga masʼul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.

"Kambagʻallikni kamaytirish uchun aholini kasbga oʻqitish kerak"

Shuningdek, kuni kecha Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tashkil etildi.

– Kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kambagʻallikka qarshi kurashishning oʻrta va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Prezident haqiqiy sharoitni tahlil qilish kerakligini taʼkidladi

Yigʻilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yoʻnalishda kambagʻallikka oid real ahvol, yaʼni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida maʼlumot yigʻilishi, ikkinchi yoʻnalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.

– Odamlarning mehnat qilib, boy boʻlishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur, – dedi Prezident.

Kichik sanoat zonalaridagi yer uchastkalari tadbirkorlarga sotiladi

Qayd etilganidek, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va boʻsh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Zarur infratuzilma yaratish uchun Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratiladi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha oʻzini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qoʻshimcha 150 milliard soʻm ajratiladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hokimlar bilan birgalikda yangi kichik sanoat zonalari uchun boʻsh yer maydonlarini aniqlab, infratuzilma bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Foydalanilmayotgan yerlar kambagʻal aholiga foydalanish uchun beriladi

Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambagʻal aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish boʻyicha topshiriq berildi.

Aholini tadbirkorlikka oʻrgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambagʻallikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi.

Yoshlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 15 foizni tashkil etadi

Hozirgi kunda mamlakatimizda rasman ish bilan band boʻlmagan 1 million 400 mingga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Fargʻona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu koʻrsatkich yuqori.

Shu bilan birga, bugungi kunda qurilishda 104 ming, kommunal sohada 71 ming, xizmat koʻrsatish sohasida 68 ming, yengil sanoatda 46 ming nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud.

Yigʻilishda shu kabi talab bor joylarga malakali mutaxassislar yetkazib berish, bandlikni taʼminlash uchun har bir hududda ishsiz aholini tadbirkorlikka oʻqitish kurslari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Kasbga oʻqitishning bironta ham markazlari boʻlmagan viloyatlar keskin tanqid qilindi

Oʻqish yakuni boʻyicha Kichik biznesni rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov eʼlon qilinib, eng ilgʻor loyiha uchun “startap”ga 20 million soʻm miqdorida grant ajratiladi. Hokimlar ham mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan ilgʻor tadbirkorlik loyihalariga grantlar beradi.

Kasbga oʻqish istagini bildirgan yolgʻiz va koʻp farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori boʻlgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yoʻnalishlarda kasbga oʻrgatish kurslari tashkil etiladi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla guzarlarida kasbga oʻqitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar roʻyxatini shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Qator hududlarda kasbga oʻqitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi. Jumladan, Qoraqalpogʻistonning 11 tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryoning 7, Jizzaxning 5 tumanida birorta ham bunday markazlar yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

“Ishga marmahat” mono-markazlari tashkil etiladi

Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular oʻrtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash oʻquv dasturi boʻyicha tanlov oʻtkazib, gʻoliblarga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan grant ajratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda “Ishga marmahat” mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va koʻnikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham oʻrgatish vazifasi qoʻyildi.

Kambagʻal aholiga ish yaratib bergan korxonaga kreditlar boʻyicha qulayliklar beriladi

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi mablagʻlarning 70 foizi kambagʻal aholiga ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi kichik va oʻrta biznes loyihalariga yoʻnaltirilishi belgilandi. Shuningdek, kambagʻal kishini ishga olgan korxonalarga bank kreditlari boʻyicha qulayliklar berilishi aytildi.

“Biznes navigator” mobil ilovasi yaratiladi

Axborot texnologiyalari sohasi bir tomondan biznesga koʻmaklashuvchi vosita, ikkinchi tarafdan biznesning alohida yoʻnalishidir. Shu bois oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlganlarga tushunarli boʻlgan interaktiv mobil ilovalar, barcha savollarga javob beradigan “biznes navigator”lar yaratish zarur.

Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga tijorat banklari bilan birga sodda tilda tayyor biznes loyihalar ishlab chiqib, odamlarga taklif etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu biznes loyihalarda xarajat va daromad bilan bogʻliq barcha hisob-kitoblar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot miqdori kabi masalalar “ipidan-ignasigacha” aniq boʻladi.

Joylardagi muloqotlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu loyihalar haqida aholining barcha qatlamiga yetkazish kerakligi qayd etildi.

Tadbirkorlarga boʻlgan ortiqcha cheklovlar olib tashlanadi

Savdo-koʻngilochar markazlarni koʻpaytirish hamda koʻchma savdoni rivojlantirish, bu boradagi ortiqcha cheklovlarni olib tashlash boʻyicha takliflar bildirildi.

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda Bosh vazir qabulxonalari davlat va tadbirkor oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini bajarishi, tadbirkorlik tashabbuslarining amalga oshishiga har tomonlama koʻmaklashishi shartligi taʼkidlandi.

Reytingda past baho olgan rahbarlar jazolanadi

Joriy yil 1 martdan boshlab iqtisodiy kompleks idoralari faoliyatini reyting asosida baholash tizimi hamda Hududlarda tadbirkorlik rivojlanishi indeksi joriy etilmoqda. Aholi oʻrtasida ochiq va yashirin soʻrovlar oʻtkazish orqali ularning iqtisodiy kompleks tashkilotlariga boʻlgan munosabati oʻrganib boriladi. Natijalarga qarab, muayyan hududdagi iqtisodiy kompleks rahbarlari faoliyati “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” deb topiladi. Ijobiy baholanganlar ragʻbatlantiriladi va past baho olganlariga jazo choralari koʻriladi. Baholash natijalari bir yilda ikki marotaba Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat kengashlarida va hukumatda muhokama qilinadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ