| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar6 daqiqada oʻqiladi66 marta oʻqildi

S&P kredit reytingi nimani anglatadi?

S&P Global Ratings reyting agentligi Oʻzbekiston boʻyicha kutilmani «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi ilmiy xodimi Nozimjon Ortiqov Oʻzbekistonga berilgan reyting nimani anglatishi, reytingning oʻzgarishiga qanday omillar taʼsir etishi, kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgarishining asosiy sabablariga toʻxtalib oʻtdi.

S&P kredit reytingi nimani anglatadi?

5 iyun kuni S&P Global Ratings (S&P) xalqaro reyting agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro kredit reytingi boʻyicha navbatdagi hisobotini eʼlon qildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston reytingi «BB-» darajada tasdiqlangan. Shuningdek, S&P agentligi Oʻzbekiston boʻyicha kutilmani «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirgan. Bundan avval, Fitch Ratings agentligi mamlakat suveren reytingini «BB-» (barqaror) darajada tasdiqlagan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi ilmiy xodimi Nozimjon Ortiqov Oʻzbekistonga berilgan reyting nimani anglatishi, reytingning oʻzgarishiga qanday omillar taʼsir etishi, kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgarishining asosiy sabablariga toʻxtalib oʻtadi.

S&Pning kredit reytingi nima va u qanday maqsadlarda ishlatiladi?

S&Pning suveren reyting metodologiyasida qayd etilishicha, agentlik tomonidan mamlakatlarga ikki turdagi reytinglar berilishi mumkin: umumiy va aniq bir moliyaviy majburiyatlar boʻyicha. Umumiy turdagi reyting qarzdor davlat oʻzining barcha moliyaviy majburiyatlarini oʻz vaqtida bajara olish qobiliyati boʻyicha agentlikning fikrini aks ettirsa, ikkinchi turdagi reyting maʼlum bir turdagi yoki alohida moliyaviy majburiyat boʻyicha kredit riskini oʻlchashga xizmat qiladi.

Moliyaviy bozor ishtirokchilari mazkur reytingdan emitent davlatning toʻlovga layoqatli ekanligini, qarz boʻyicha asosiy toʻlov va foizlarni oʻz vaqtida qaytara olish imkoniyatini hamda defolt boʻlish ehtimolligini aniqlash maqsadida foydalanadi.

Shuningdek, davlatlarga beriladigan suveren kredit reytingi uzoq muddatli shkala va reytingning kelgusidagi ehtimoliy yoʻnalishidan iborat. S&Pning reyting shkalasi «AAA» dan «D»gacha boʻlib, «AAA» eng yuqori bahoni anglatsa, «D» esa davlat oʻzining moliyaviy majburiyatlarini bajara olmasligini (defolt) bildiradi. Shkalaga qoʻshimcha ravishda «AA»dan «SSS»gacha boʻlgan reytinglar oldida «+» yoki «-» belgilari ham ishlatiladi.

Reytingning kyelgusidagi ehtimoliy yoʻnalishi ham, oʻz navbatida, ikki xil boʻlishi mumkin — kutilma (outlook) va nazorat roʻyxati (CreditWatch). Mamlakat boʻyicha beriluvchi kutilma uning uzoq muddatli reytingi oʻrta muddatda (odatda 6 oydan 2 yilgacha) qanday oʻzgarishi mumkinligini koʻrsatadi.

Kutilma toʻrt xil — «ijobiy» (reyting koʻtarilishi mumkin), «salbiy» (pasayishi mumkin), «barqaror» (oʻzgarmaydi) va «rivojlanuvchi» (kelgusida reytingning koʻtarilishi yoki pasayishi noaniq). Berilgan kutilma boʻyicha reytingning oʻzgarish ehtimolligi 1/3 ga teng.

Nazorat roʻyxatiga kiritilish esa agentlik mamlakat toʻlov qobiliyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi hodisa yoki tendensiyalar natijasida uning reytingini oʻzgartirishni koʻrib chiqayotganligini anglatadi. Roʻyxatga kiritilish natijasida reytingning oʻzgarish ehtimolligi 50%ga teng. Shuni taʼkidlash kerakki, kelgusidagi ehtimoliy yoʻnalish (kutilma yoki nazorat roʻyxati) suveren reytingni kelajakda albatta oʻzgarishini anglatmaydi.

Nima uchun S&P Oʻzbekiston boʻyicha kutilmani «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirdi va bu nimani anglatadi?

S&P hisobotida qayd etilishicha, kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirilishiga sabab sifatida quyidagilar keltirib oʻtilgan:

  • Oʻzbekistonning davlat tashqi qarzi agentlik kutganidan yuqoriroq surʼatda oʻsayotganligi;

  • Investitsiya dasturlari, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va Sovid-19ga qarshi kurashish asosan davlat mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi natijasida tashqi qarz jalb etishning ortishi va toʻlov balansining joriy hisobvaraqlari boʻyicha defitsit yuqori darajada qolishining kutilayotganligi.

Yuqorida qayd etilganidek, kutilmaning «barqaror»dan «salbiy»ga oʻzgartirilishi albatta kelgusida Oʻzbekistonning reytingi xozirgi
«BB-» darajadan «B+»ga tushinini anglatmaydi. Agentlik kutilmani «barqaror» holatga qaytishi uchun oʻrta muddatda davlat qarzi oʻsishining sekinlashishi asos boʻlishini taʼkidlab oʻtgan.

Davlat qarzi, byudjet va joriy hisobvaraqlar boʻyicha defitsitning agentlik kutayotganidan tezroq surʼatda oʻsishining sababi nimada?

Covid-19 pandemiyasining tarqalishi natijasida iqtisodiy oʻsish surʼatining pasayishi va sogʻliqni saqlash hamda iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha fiskal xarajatlarning paydo boʻlishi 2020 yilda Oʻzbekistonda davlat byujdeti defitsitining kutilganidan koʻproq darajada boʻlishiga olib kelmoqda.

Mamlakat toʻlov balansi holatining yomonlashuviga asosiy sabab esa pandemiya natijasida mamlakatning asosiy savdo hamkorlari iqtisodiyotidagi pasayish va eksport qilinuvchi xom-ashyo tovarlari narxining keskin tushishi hisoblanadi.

Boshqa rivojlanayotgan davlatlar singari Oʻzbekistonning davlat qarzi asosan xorijiy valyutada va inflyasiya surʼatining kuchayish xavfi fonida defitsitni faqatgina ichki manbalar orqali moliyalashtirishning imkoni yoʻq. Sababi, qoʻshimcha fiskal xarajatlar valyuta kursiga bosim oʻtkazishi, inflyasiya jarayonlarini kuchaytirishi va oxir oqibatda makroiqtisodiy barqarorlikka putur yetkazishi mumkin. Shuning uchun, davlat byudjeti defitsitining ortishi kutilganidan koʻra koʻproq tashqi qarz jalb etishni taqozo etadi.

Aynan shu sababga koʻra, Oʻzbekiston Prezidentining 19 martdagi farmoni bilan inqirozga qarshi kurashish maqsadida maxsus jamgʻarma tashkil etilib, unda 10 trln soʻm yoki 1 mlrd AQSh dollari shakllantirilishi va mablagʻlarning asosiy manbasi etib xalqaro moliyaviy tashkilotlardan jalb etiladigan qarzlar koʻrsatib oʻtildi. Shu kunga qadar, inqirozga qarshi kurashish maqsadida Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan (XVJ) 375 mln va Jahon bankidan 295 mln AQSh dollari miqdorida qarz mablagʻlari oʻzlashtirildi.

Oʻrta muddatda Oʻzbekistonning davlat qarzi qanday oʻzgaradi?

Davlat qarzining soʻngi yillardagi oʻsishi dinamikasiga qaramay, xalqaro meʼyorlarda qabul qilingan toʻlovga layoqatlilik va likvidlilik koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekistonning jami davlat qarzi (YaIMga nisbatan 30,5 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan 27,1 foiz) moʻʼtadil darajada saqlanib qolmoqda.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining (XVJ) 19 may kuni eʼlon qilgan Oʻzbekistonning joriy va kelgusi yillar uchun yangilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va qarz barqarorligi tahliliga oid soʻnggi hisobotida xorijiy kreditlar boʻyicha imzolanadigan shartnomalarning yillik qiymati belgilangan chegaradan (4 mlrd dollar) ortmasa, davlat qarzining miqdori oʻrta muddatda barqaror saqlanib (YaIMga nisbatan 35%), qarz boʻyicha havf-xatar past darajada qolishi qayd etilgan.

Bazaviy ssenariyda XVJ tomonidan davlat qarzi barqarorligi koʻrsatkichlari quyidagi farazlar asosida hisoblangan:

Iqtisodiy oʻsish boʻyicha. Iqtisodiy oʻsish surʼati COVID-19 taʼsirini inobatga olgan holda, 2020 yilda oʻsish surʼati 2019 yildagi qarz barqarorligi tahlilida kutilgan 6%dan 1.5%ga pasaytirilgan. Uzoq muddatda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 5.2%ni tashkil etadi deb qabul qilingan.

Fiskal defitsit boʻyicha. Umumiy fiskal defitsit 2020 yilda Yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 5,5%ga yetishi prognoz qilingan. 2019 yilgi qarz barqarorligi tahlilida mazkur koʻrsatkich 1,75% boʻlishi kutilgan. Oʻrta muddatda esa fiskal defitsit YaIMga nisbatan 2% boʻlishi aytilgan.

Toʻlov balansi holati boʻyicha. 2020 yilda joriy hisobvaraqlar boʻyicha defitsit pandemiyaning taʼsirini hisobga olgan holda avvalgi prognoz 4,5%dan 9,5%ga (YaIMga nisbatan) oʻzgartirilgan. Oʻrta muddatda esa defitsit boʻyicha oldingi prognoz oʻzgarmasdan qoladi va 4,25%ni tashkil etadi.

Tashqi qarz dinamikasi, YaIMga nisbatan %da. Manba: Xalqaro valyuta jamgʻarmasining hisoboti, 2020 yil 19 aprel

Mazkur farazlar asosida, XVJ hisob-kitobiga koʻra, bazaviy ssenariyda davlatning tashqi qarzi moʻtadil ravishda oʻzgarib boradi va oʻrta muddatda YaIMga nisbatan 35%dan pastroq koʻrsatkichni tashkil etadi.

Oʻzbekistonning davlat tashqi qarzi boʻyicha toʻlovga layoqatlilik va likvidlilik koʻrsatkichlarining kelgusidagi dinamikasi

№

Barqarorlik koʻrsatkichlari1

2020

2021

2022

2023

2024

2025

2030

2040

1

Davlat tashqi qarzining YaIMga nisbati (%)

24.7

29.5

30.9

30.9

30.8

29.9

29.5

25.5

2

Davlat tashqi qarzining eksport hajmiga nisbati (%)

84.1

117.8

114.4

110.7

109.3

103.3

100

86.4

3

Davlat tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarining eksport xajmiga nisbati (%)

4.5

6.8

8

7.9

7.8

9.7

7.4

9

4

Davlat tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarining byudjet daromadlariga nisbati (%)

4.6

6.9

8.6

8.7

8.7

11

8.4

10.3

1 Rivojlanayotgan davlatlar uchun qabul qilingan diskont stavkasi (5%) orqali mazkur koʻrsatkichlarning joriy qiymati topilgan. Manba: Xalqaro valyuta jamgʻarmasining hisoboti, 2020 yil 19 aprel

Shuningdek, qarz yuki va unga xizmat koʻrsatish koʻrsatkichlarida ham minimal oʻsish kuzatilishi prognoz qilinmoqda (yuqoridagi jadval). Toʻlovga layoqatlilik indikatori — davlat tashqi qarzi joriy qiymatining YaIMga nisbatan koʻrsatkichi 2020 yildagi 24,7%dan 2021 yilda 30,0%ga yetib, oʻrta muddatda pasayish tendensiyasiga ega. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston singari davlatlar uchun qabul qilingan meʼyor — 55%dan past. Tushumlar miqdoriga normallashtirilgan boshqa koʻrsatkichlar ham joriy yilda biroz koʻtarilsada, oʻrta muddatda ular barqarorlashadi.

XVJ tomonidan turli ssenariylar asosida oʻtkazilgan stress-test natijalari koʻrsatmoqdaki, yuqorida aniqlangan qarz barqarorligi koʻrsatkichlari kelajakdagi kutilishi mumkin boʻlgan turli shoklar taʼsirida ham havfsiz nuqtadan ortmaydi. Bunda, davlat qarziga taʼsir etuvchi makroiqtisodiy va fiskal omillar (real YaIM oʻsish surʼati, byudjet taqchilligi, ayirboshlash kursi, foiz stavkalari, tashqi savdo koʻrsatkichlari) eng katta salbiy oʻzgarishi asosida kelgusi davr uchun ssenariylar hosil qilingan hamda davlat qarzining kelajakda ushbu ssenariylar taʼsiri ostida rivojlanish dinamikasi hisoblangan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi

ilmiy xodimi Nozimjon Ortiqov

Gazeta.uz

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ