ShHTning aqliy markazlar konsorsiumining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) koronavirus pandemiyasi davrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga masʼul boʻlgan iqtisodiy tahliliy “aqliy markaz”lar konsorsiumiga tarkibiga kirdi.

Toshkent shahri. 2020 yil 20-21 avgust kunlari Nyu-Dehli (Hindiston) mintaqaviy savdo markazi tomonidan tashkil etilgan videokonferensiya shaklida ShHTga aʼzo davlatlar iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Konsorsium Reglamentiga muvofiq, uning majlislari yiliga bir marta ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlari) ishtirokida kengashga raislik qiluvchi davlat hududida oʻtkaziladi. 2020 yilda ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yigʻilishi Hindistonda oʻtkazilish munosabati bilan Konsorsium yigʻilishi Nyu-Dehli shahrida boʻlib oʻtishi moʻljallangan edi.
Ma’lumot uchun: ShHTda iqtisodiy tahlil markazlarining oʻzaro hamkorligi masalalari boʻyicha alohida tuzilma mavjud emasligini hisobga olib, Xitoy tomonining tashabbusi bilan XXR Savdo vazirligining Xalqaro savdo va iqtisodiy hamkorlik akademiyasi vakilligida ShHTga aʼzo barcha davlatlarning iqtisodiy tahlil bilan shugʻullanuvchi aqliy markazlari konsorsiumini tashkil etish taklif qilindi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlarining Toshkent shahrida oʻtkazilgan kengashida 2019 yil 2 noyabrdagi qarori bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumini tashkil qilish Reglamenti tasdiqlangan edi.
Konsorsium ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida hamkorlikda tadqiqotlar va faoliyat olib borish hamda mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun ShHTga aʼzo davlatlar iqtisodiy tahlil markazlarining salohiyatini birlashtirishga moʻljallangan. Konsorsiumda ShHTga a’zo har bir davlatdan faqat bitta ilmiy markaz yoki tashkilot qatnashishi mumkin.
Tadbirdan maqsad, ShHT mamlakatlarining tahliliy iqtisodiy markazlari tomonidan Konsorsiumning kelgusi yil uchun ish rejasini (Dehli harakatlar rejasi – qabul qilingan shahar nomidan) muhokama qilish edi. Yigʻilishni Hindiston mintaqaviy savdo markazining rahbari, professor Ram Upendra Das olib bordi. Uchrashuvda Oʻzbekiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikistonning iqtisodiy tahlil markazlari rahbarlari va vakillari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ishtirok etishdi. ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov Konsorsium ishtirokchilariga tabrik nutqi bilan murojaat qilib, Iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumi ShHTga aʼzo davlatlar uchun yangi rivojlanish yoʻnalishi ekanligini taʼkidladi.

ShHT Bosh kotibi, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishi tashkilotning koʻplab ekspert mexanizmlari faoliyatiga taʼsir koʻrsatganligini, shu munosabat bilan ShHT mamlakatlari ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatish, shu jumladan, ShHT mamlakatlari iqtisodiyotini inqirozdan keyingi davrda tiklash bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar 8 ta mavzu boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar olib borishni koʻzda tutuvchi Harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilishdi. Bunda har bir tadqiqot bitta markaz tomonidan olib boriladi va u boshqa barcha markazlarning tadqiqot va tahliliy materiallarini jamlaydi. Natijada, loyiha oʻz yakuniga yetgach, har bir markaz barcha hisobotlarni olib foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi, bu esa ilmiy-tadqiqot markazlarining qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyatlarini oshiradi.
Tadqiqot doirasida har ikki oyda bir marotaba onlayn-seminarlar oʻtkazilib, unda tadqiqotlarning borishi va oraliq natijalar muhokama qilib boriladi, shuningdek, kelgusi ishlar boʻyicha fikrlar almashiladi. Konsorsium ishtirokchilariga soʻzlagan nutqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, shuningdek, olib borilayotgan islohotlar natijalari haqida maʼlumot berdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari ShHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida yanada yaqin hamkorlik oʻrnatishga katta ehtiyoj mavjudligi, Konsorsiumning birinchi yigʻilishi naqadar muhim ekanligidan dalolat berishini taʼkidladi.
Obid Hakimov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Konsorsiumdagi ishtiroki, shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida ShHT mamlakatlarining iqtisodiy tahlil markazlari bilan boshqa ustuvor mavzular boʻyicha ham qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish uchun foydali ekanligini taʼkidlab Konsorsiumning kelgusi davr uchun ish rejasiga qoʻshishni taklif qildi.
Xususan, kambagʻallikni qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron tijorat masalalari, tashqi savdoni ragʻbatlantirish kabi sohalarga eʼtibor qaratdi. Konsorsium ish rejasiga muvofiq tomonlar raqamli iqtisodiyot, innovatsiya va yangi texnologiyalar, transport va kommunikatsiya, turizm, kambagʻallikni qisqartirish, bojxona va savdo standartlarini uygʻunlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, kichik va oʻrta biznes, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazishga kelishib oldilar.
Yigʻilish natijalariga koʻra, bir necha kun ichida tasdiqlanadigan Konsorsiumning kelgusi yil uchun ish rejasi (Dehli harakatlar rejasi) loyihasi kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

