| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza5 daqiqada oʻqiladi230 marta oʻqildi

Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtgan isteʼmolchilardan kelib tushgan 11 mingta murojaat yechimi nima boʻlgan oʻzi?

Prezident tomonidan taʼkidlangan fuqarolardan kelib tushgan 11 mingdan ortiq murojaatning salkam 90 foizi federatsiya ulushiga toʻgʻri kelayotgani Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutining nechogʻli rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtgan isteʼmolchilardan kelib tushgan 11 mingta murojaat yechimi nima boʻlgan oʻzi?

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan alohida yigʻilish oʻtkazdi.

Prezidentimiz taʼkidlab aytganidek, Oʻzbekistonning hozirgi sharoitida monopoliyadan chiqarish, raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga kompleks va yakdil yondashuv zarur, chunki raqobat rivojlangan bozor iqtisodiyotining qatʼiy talabi va prinsipial shartidir.

Bugun isteʼmolchilarimiz foydalanayotgan minglab tovar va xizmatlar tannarxini pasaytirish, sifatini oshirish, foydalanishga yanada qulay qilish uchun, hech shubhasiz, sogʻlom raqobat muhiti kerak boʻladi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasida hali koʻp ish qilinishi kerak.

Hozirgi kunda isteʼmolchilar manfaatini himoya qilish borasida respublikamizda ikkita tizim ish olib boryapti.

Birinchi tizim soʻnggi yillarda faoliyatini keng jamoatchilik eʼtirof etayotgan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasidir. Uning tizimida ayni paytda 14 ta hududiy birlashma va ular negizida 197 ta tuman (shahar) jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda va 1200 dan oshiq xodim mehnat qilmoqda.

Shuningdek, tashkilot, korxona, muassasa, oʻquv yurtlarida federatsiyaning 2497 ta tayanch guruhi tashkil etilgan. 2015 yildan isteʼmolchilar shikoyat va murojaatlarini qabul qilish boʻyicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Federatsiya 2018 yilda Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining (Consumers International) toʻlaqonli aʼzoligiga (MDHga aʼzo mamlakatlardagi davlat va nodavlat isteʼmolchilar tashkilotlari orasida birinchilardan boʻlib) qabul qilingan edi. Ayni hol federatsiyaga, birinchidan, ushbu xalqaro tashkilotga aʼzo boʻlgan mamlakatlar isteʼmolchilar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatish va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, ikkinchidan, Oʻzbekiston isteʼmolchilari manfaatlarini oʻsha mamlakatlarda, oʻsha mamlakatlar fuqarolari manfaatlarini esa Oʻzbekistonda himoya qilish imkoniyatini bermoqda.

Bundan tashqari, 15 dan ortiq mamlakatning davlat va nodavlat milliy va mintaqaviy isteʼmolchilar tashkilotlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzilib, aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Bunga turizm sohasida bir-birining sayyohlarini himoya qilish boʻyicha Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Tojikiston isteʼmolchilar tashkilotlari bilan imzolangan oʻzaro hamkorlik bitimiga koʻra oʻzbekistonlik turist va isteʼmolchilarining manfaatlarini oʻsha mamlakatlarda, ular sayyohlari va fuqarolarining manfaatlarini Oʻzbekistonda himoya qilish boʻyicha hamkorlik qilinmoqda.

Bugungi kunda federatsiya aholi oʻrtasida ratsional isteʼmol madaniyatini targʻib etishga qaratilgan20 dan ortiq tuman va shaharda «Isteʼmolchilar uyi» qurmoqda. Ushbu binolarda tashkil etilayotgan «Isteʼmolchi kutubxonasi», birinchidan, Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish tashabbusiga federatsiyaning «labbay» degan javobi boʻlsa, ikkinchidan, fuqarolarimizning isteʼmolchi sifatidagi huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tizim 2019 yil sentyabrida tashkil etilgan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligidir. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga qarashli tuzilma boʻlib, uning tuman va shaharlarda alohida boʻlinmalari mavjud emas. Shu bois kecha muhtaram Davlatimiz rahbari uning vakolatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Shuni qayd etish lozimki, rivojlangan mamlakatlarda isteʼmolchilar manfaatlarini koʻplab nodavlat tashkilotlari samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali himoya qiladi.

Shu maʼnoda oʻtgan yili tashkil topgan agentlikning vakolatlari kengayishini federatsiyaga raqobatchi, bir-birining funksiyasini takrorlovchi tashkilot sifatida qaramaslik kerak. Aslida har ikki tuzilmaning ham maqsadi yagona va mushtarak. Faqat biri – davlat tashkiloti, ikkinchisi esa nodavlat tashkilotidir. Ular bir-birini toʻldiradi.

Faqat masalaning bir nozik jihat bor – federatsiya nodavlat tashkiloti boʻlgani uchun jarima qoʻllash huquqiga ega emas. U isteʼmolchilar murojaatlarini jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganadi va qonun buzilish holatlari yuzasidan vakolatli davlat organlariga (soliq inspeksiyasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va «Oʻzstandart» agentliklari va h.k.) shuningdek, bevosita sudlarga murojaat qilish orqali hal etadi. Bunday holatda ishi sudda koʻriladigan isteʼmolchilar davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi esa isteʼmolchilar huquqini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Ularning ham sudga kiritiladigan daʼvo arizalari davlat bojidan ozod qilingan.

Yigʻilishda taʼkidlangan fuqarolardan kelib tushgan 11 mingdan ortiq murojaatning salkam 90 foizi federatsiya ulushiga toʻgʻri kelayotgani Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutining nechogʻli rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

2019 yilda federatsiyaga yoʻllangan mazkur ariza va shikoyatlarning 9736 tasi, yaʼni 94,9 foizi ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 10 174 967 565 (oʻn milliard bir yuz yetmish toʻrt million olti yuz toʻqson yetti ming besh yuz oltmish besh) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Federatsiya va uning hududiy birlashma va jamiyatlari isteʼmolchilardan tushgan 175 ta murojaat asosida ular manfaatini koʻzlab, sud organlariga daʼvo arizalari kiritgani va oʻsha arizalar ijobiy hal etilishi natijasida 441 113 714 (toʻrt yuz qirq bir million bir yuz oʻn uch ming yetti yuz oʻn toʻrt) soʻm moddiy va maʼnaviy zarar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Aslida bu ikki tashkilot hamjihatlikda faoliyat koʻrsatsa, 34 million isteʼmolchining huquqlari yanada yaxshiroq himoya qilinishi tayin.

Qolaversa, kechagi majlisda urgʻu berilganidek, agentlik kelgusida Oliy Majlisga hisobdor etib belgilanishi kutilmoqda.

Men galdagi vazifalarni hal qilish uchun quyidagi takliflarni oʻrtaga tashlamoqchiman.

Avvalambor, sohaga oid normativ huquqiy hujjatlar bazasini tanqidiy nuqtai nazardan qayta koʻrib chiqish kerak. Unda xalqaro tajribadan kelib chiqib, nodavlat tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilanishi va mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ustuvorlik berish maqsadga muvofiqdir.

Respublikada isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishida parlamentga nafaqat agentlikning, balki jamoatchilik tashkiloti sifatida federatsiyaning ham hisobot berish amaliyotini joriy qilishni maqbul deb hisoblaymiz. Mazkur yoʻnalishda qonun chiqaruvchilarning federatsiya qoʻli yetmayotgan, biroq yechimini kutayotgan muammolarga birgalikda amaliy yechim topishga koʻmak berishiga erishish dolzarb boʻlib qolaveradi.

Shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakatini yanada rivojlantirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida federatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qarorini qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlat rahbarining oldimizga qoʻyayotgan vazifalarini hal qilish uchun aslida har bir fuqaroning yuksak isteʼmolchilik huquqiy bilimlarga egaligi birlamchi ahamiyat kasb etadi.

Bizningcha, maktab oʻquvchilari oʻrtasida isteʼmol madaniyatini shakllantirish maqsadida «Yosh isteʼmolchi» qisqa fakultativ darslarini tashkil etish maqsadga muvofiq.

Yana bir jiddiy muammo bor.

Taassufki, na federatsiya va na agentlik ixtiyorida mahsulotlar sifatini tekshirib beradigan mustaqil laboratoriyalar mavjud emas. Taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi bunday laboratoriyalarga ega boʻlmasdan turib, bozorga chiqarilayotgan tovarlar sifatini yaxshilab boʻlmasligini koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda fuqarolardan mahsulot sifati yoki sifatsizligi boʻyicha kelib tushgan shikoyatlar asosida mazkur mahsulotlar «Oʻzstandart» agentligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi laboratoriyalarida tekshirilmoqda. Mahsulot va xizmatlarga muvofiqlik sertifikati hamda tegishli ruxsatnomalarni aynan shu tashkilotlar berishi hisobga olinsa, ushbu jarayonda har doim ham shaffoflik boʻlmayotganini bemalol taxmin qilish mumkin.

Bir soʻz bilan aytganda, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida mavjud tuzilmalar hamkorligida faol ijtimoiy sheriklik munosabatlari oʻrnatilishi oxir-oqibat aholining umumiy ravnaqi va farovonligiga xizmat qiladi.

Sherali Sattorov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ