| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza7 daqiqada oʻqiladi183 marta oʻqildi

Rauf Saloxoʻjayev: Inson kapitali taraqqiyoti zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning yagona yoʻli

Ishonchsizlik muhitida odamlar biznes bilan shugʻullanish, bankka omonat qoʻyish yoki turli tranzaksiyalarni amalga oshirishdan choʻchiydi. Innovatsiyalar qilish haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Vaholanki, bunday faoliyat turi hamisha xatarli sanalgan, deydi iqtisodchi olim Rauf Saloxoʻjayev.

Rauf Saloxoʻjayev: Inson kapitali taraqqiyoti zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning yagona yoʻli

Jahon bozorida tovarlar va xizmatlar oʻrtasida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish texnologik jihatdan ortda qolishni imkon qadar qisqartirish va raqobatbardoshlikni taʼminlashning deyarli yagona yoʻli hisoblanadi. Har qanday davlatning innovatsion taraqqiyotdagi muvaffaqiyati koʻp jihatdan uning innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini nechogʻliq samarali olib borishi hamda inson kapitalini sifatli shakllantirishiga bogʻliq.

Bundan salkam bir yarim yil oldin tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadi – inson kapitalini taraqqiy ettirishdir. Mazkur hujjatda 2030 yilga kelib Oʻzbekistonni Global innovatsion indeks reytingida jahonning 50 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kiritish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

Taniqli iqtisodchi olim Rauf Saloxoʻjayev UzAnalytics saytiga bergan intervyusida Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish istiqbollari haqida oʻz fikr va mulohazalari bilan boʻlishgan.

Rauf Saloxoʻjayev dastlab Toshkent moliya institutida, keyinchalik Bingemton universiteti (Nyu York, AQSH)da tahsil olgan. U xalqaro “Scopus” mukofotining uch karra sovrindori, 2017 yilda dunyoning yuz nafar eng kuchli yosh iqtisodchilari roʻyxatiga kirgan. Ayni paytda London Vestminster universiteti doktoranti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi Amaliy tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi.

— Oxirgi bir necha yilda inson kapitali haqida koʻp gapirildi, ammo uning mazmuni hammaga ham ayon emas. Bu tushunchani siz qanday izohlaysiz?

— Avvalo, bironta ham mamlakat kapitalsiz rivojlana olmasligini aytmoqchiman. Oldinga intilish uchun siz qandaydir resursni ishga solishingiz kerak. Fizika qonuniyati ham shunday. Masalan, avtomobil benzin yordamida harakatlanadi va hokazo. Kapitalni mana shu yoqilgʻiga qiyoslash mumkin. U tabiiy (yer osti va usti boyliklari), infratuzilmaviy (bino-inshootlar, yoʻllar, boshqa turfa obʼyektlar) hamda inson kapitali koʻrinishida boʻladi.

Inson kapitali faqat intellektual qatlam va intellegensiyadan iborat emas. Bu tushunchaga odamlarning turish-turmushi, salomatligi, kayfiyati, orzu-intilishlari, bir-biriga boʻlgan munosabati ham kirib ketadi. Inson kapitalini shakllantirishda ertalab uyqudan uygʻonganda oʻzingizni qanday his qilishingizdan tortib, atrofdagilar bilan nechogʻliq xushmuomala boʻlishingizgacha — ish unumdorligini oshirishga xizmat qiladigan jamiki holatu hodisotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishonch kategoriyasini olaylik. Agar fuqarolar davlat institutlari tugul, hatto yon qoʻshnisiga ham ishonmasa, bu alaloqibat iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

— Qanday qilib?!

— Ishonchsizlik muhitida odamlar biznes bilan shugʻullanish, bankka omonat qoʻyish yoki turli tranzaksiyalarni amalga oshirishdan choʻchiydi. Innovatsiyalar qilish haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Vaholanki, bunday faoliyat turi hamisha xatarli sanalgan.

Inson kapitalini rivojlantirishga ulkan sarmoyani safarbar etish ham oʻziga yarasha xatardir. Lekin hali bironta mamlakat bundan yutqazgan emas.

Yigirma-oʻttiz yil muqaddam Osiyo va Afrika davlatlari rivojlanish boʻyicha deyarli bir xil darajada edi. Hozir esa, aytaylik, Kongo yoki Efiopiyani Janubiy Koreya va Singapur bilan qiyoslab boʻlmaydi. Oxirgilari inson kapitaliga oʻz vaqtida eʼtibor qaratgani tufayli iqtisodiy jihatdan yuksaldi.

— Inson kapitali universal konsepsiyami yoki har qaysi mamlakat uning oʻziga xos va mos modelini yaratgani maʼqulmi?

— Inson kapitalini yuzaga chiqarish ikki jihatga bogʻliq. Birinchisi, biologik omil. Millat xarakteridagi baʼzi xususiyatlar nasldan-naslga oʻtishi fanda isbotlangan. Juda kuchli qomusiy olimlarning avlodimiz. Bu esa oʻzbek xalqining genetikasi inson kapitali uchun mustahkam asos boʻla olishini anglatadi.

Ikkinchi omilga mamlakatda roʻy berayotgan jarayonlar — taʼlim sifati, ilmiy salohiyat, sogʻliqni saqlash tizimidagi ijobiy oʻzgarishlar va boshqa indikatorlarni kiritish mumkin. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar shaxsan oʻzimda optimistik kayfiyat uygʻotmoqda.

Qizigʻi, inson kapitalining yagona oʻlchovi mavjud emas. Baholash metodologiyasi va mezonlari ham ishlab chiqilmagan. Shu bois dunyoda inson kapitalining universal qolip-andazasi bor, deyolmayman. Mamlakat uni oʻzi bilganicha, ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib yaratgani maʼqul, menimcha.

— U holda boshlangʻich imkoniyatlarimiz qanday?

— Islohotlar shiddatini pasaytirmasak, 15-20 yildan keyin Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga yetib olishimiz mumkin. Birgina raqamni keltiraman: Oʻzbekiston aholisining qariyb 100 foizi savodli. Rivojlanayotgan mamlakatlarning barchasi ham bunday koʻrsatkich bilan maqtana olmaydi. Demak, yaxshi pozitsiyada turibmiz. Endi bor kuchni toʻplab, balandga sakrash qoldi. Boshqacha aytganda, bizga mamlakatni innovatsion relsga qoʻya oladigan raqobatbardosh kadrlar, sifatli taʼlim beruvchi oliy oʻquv yurtlari, zamon bilan hamnafas ilm-fan tizimi kerak. Oʻzbekiston mana shu sohalarga salmoqli investitsiya kiritish orqali inson kapitalini yuksaltirishi mumkin.

Prezident tashabbusiga koʻra, yurtimizda 2020 yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilgani shaxsan meni gʻoyat ruhlantirdi. Sababi bunday qaror ortida ilmiy salohiyat va taʼlim-tarbiyani yangi Oʻzbekistonning tamal toshiga aylantirish istagi yotibdi.

— Oʻzbekistonda inson kapitali borasidagi rejalar qanchalik aniq va toʻliq shakllangan?

— Inson kapitalini birdaniga yaratib boʻlmaydi. Bunga uzoq vaqt kerak. Axir, bir yilda yurtimizda mingta kuchli olim yetishib chiqa olmaydi-ku.

Bilasizmi, binoni qurishdan koʻra uning ichidagi jarayonlarni izga solish ming chandon mashaqqatli. Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda qabul qilgan qonun hujjatlarini tahlil qilib, davlatimiz qanday inson kapitaliga erishmoqchi ekani haqida aniq tasavvurga ega, degan xulosaga kelyapman. 2019 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, taʼlim sohasiga doir bir qator qaror va farmonlar, xususan, joriy yildan tajriba-sinov tariqasida oʻnta oliy taʼlim muassasasining oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgani va boshqa islohotlar mamlakatning inson kapitali borasidagi pozitsiyasi qandayligini koʻrsatib turibdi. Bundan buyogʻiga belgilangan vazifalarni kompleks ravishda, toʻgʻri va qunt bilan ijro etish kerak, xolos.

Hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi. Masalan, mamlakatimizda yaxshi olimlar koʻpayishi uchun oliy taʼlim tizimini kuchaytirish, ilmiy kadrlarni munosib ragʻbatlantirish, ularga stimul yaratib berish zarur. Tan olaylik, yosh avlod ongida olim boʻlgandan koʻra bozorda doʻkon ochib, savdo bilan shugʻullangan maʼqul, degan sobit tushuncha shakllanib boʻldi. Oʻzbekistonda yangicha fikrlaydigan mutaxassislar qatlami yuzaga kelmagunicha inson kapitali rivojlanmaydi. Biz shunday darajaga yetishimiz kerakki, bolangizdan kelajakda kim boʻlasan, degan savolga u muhandis, olim, mikrobiolog, deb javob bersin.

— Rasmiy doiralarda yoshlar ilm-fanga qaytayotgani, fanimiz yosharayotgani haqida gapirilyapti. Bu borada sizning fikringiz qanday?

— Darhaqiqat, yoshlarning ilm qilishga ishtiyoqi baland. Bunga iqtidori ham, irodasi ham yetadi. Faqat istiqbol masalasi ularni ikkilantirmoqda. Bugungi talaba olimlikdan hech bir naf koʻrayotgani yoʻq. Davlatning oʻzi yirik ilmiy loyihalarga buyurtmachi va xaridor boʻlishi kerak, nazarimda. Shunda olimlar yaxshi haq oladi, yoshlarda esa stimul paydo boʻladi.

Ilm-fan sohasini bugungidek faqat davlat byudjetidan, ustiga-ustak, qoldiq tamoyili asosida moliyalashtirish notoʻgʻri. Bu boʻyicha jiddiy islohotlar qilish zarur.

— Taʼlim va fandan tashqari inson kapitalining yuksalishiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan boshqa sohalar ham bormi?

— Albatta. Ulardan biri — tibbiyot. Xalq salomatligi va yashash sifati haminqadar boʻlgan joyda inson kapitali haqida gapirish mantiqsiz. Koʻpgina tadqiqotlarning koʻrsatishicha, odamlar uzoq umr koʻrmaydigan mamlakatlarda inson kapitaliga deyarli sarmoya kiritilmaydi. Chunki hadeb kasal boʻladigan, yeb-ichishida maza-matra yoʻq inson uzoq kelajak haqida oʻylamaydi. U yana oʻn-yigirma yil umr koʻrarmikanman, degan oʻy-xayol bilan yashaydi.

Bilʼaks, inson kapitali rivojlangan davlatlarda aholining oʻrtacha umr koʻrish yoshi yuqoridir. Yaponiya, Norvegiya bunga yorqin misol. Bejiz emaski, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasiga, ayniqsa, onalik va bolalik muhofazasiga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Menga qolsa, ayollar salomatligini mustahkamlash taʼlim va fandagi islohotlardan ham muhim masala, degan boʻlardim.

— Mamlakatlar iqtisodiyoti inson kapitalini yuksaltirishsiz ham taraqqiy eta oladimi?

— Keling, dunyo tajribasiga yuzlanaylik. Baʼzi Afrika va arab mamlakatlari faqat tabiiy xomashyo (neft, gaz, olmoslar)ning eksporti hisobiga aholiga toʻkin hayotni taʼminlab bermoqda. Taʼlim, innovatsiyalar haqida esa koʻp ham kuyunmaydi. Faqat bitta lekini bor — bunday davlatlar tashqi bozor konʼyukturasiga nihoyatda bogʻlanib qolgan. Boshqacha aytganda, ularning ixtiyori oʻzida emas. Jahonda energetika resurslarining narxi arzonlashdimi, tamom, tabiiy xomashyo sotuvchilari katta iqtisodiy zarar koʻra boshlaydi.

Qaysidir davlatlar inson kapitalini chetdan eksport qiladi. Biroq bu juda xatarli va serxarajat siyosat. Fors-major holatlarning yuzaga kelish ehtimoli ham yuqori.

Demak, hozircha inson kapitalini yaratishdan boshqa maqbul variant yoʻq. Holbuki, AQSH, Germaniya, Britaniya, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari aynan shu chigʻiriqdan oʻtib, rivojlandi.

— Taxminingizcha, Oʻzbekistonning inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati qachon ilk natijalarini bera boshlaydi?

— Bu savolga aniq javob berish qiyin. Chunki avval aytib oʻtganimdek, inson kapitalining tarkibiy qismlari koʻp. Masalan, ilmiy salohiyatni oʻstirishga oʻn yilliklar talab qilinadi. Onalik va bolalik muhofazasiga doir ishlar (yuqumli kasalliklar profilaktikasi, emlash tadbirlari, mamlakatda nikotin miqdorini qisqarish kabilar)ning samarasini esa nisbatan tezroq koʻrish mumkin.

Taʼlim sohasidagi islohotlarni bogʻchalardan boshlaganimiz meni alohida quvontiradi. Yurtimizda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ochilmoqda. Bora-bora ular oʻrtasida raqobat yuzaga kelib, sifat va saviyaga eʼtibor kuchayadi.

Iqtisodiy tahlillar 2030 yilgacha respublikada aholi daromadlari muttasil ortib borishini koʻrsatmoqda. Shunga mutanosib ravishda oilalarning daromadi ham ortadi. Bunday paytda ota-onalar farzandining taʼlimi, salomatligi, maʼnaviy kamolotiga koʻproq sarmoya kiritishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Ayniqsa, oila byudjetini ayol tasarruf etsa, u bolasini tez-tez shifokorlar koʻrigidan oʻtkazishga, oʻz vaqtida emlatishga, qoʻshimcha darslar yoki toʻgaraklarga olib borishga, kitoblar sotib olishga harakat qiladi.

Inson kapitaliga erishish yoʻlidagi islohotlar institutsional jihatdan sekinroq kechayotganidan xavotirdaman. Aytaylik, ilm-fanimiz Yevropadagidek rivojlanishini xohlaymiz-u, ammo negadir ilmiy-tadqiqot institutlari hali ham eski tizim boʻyicha ishlashda davom etmoqda. Qolaversa, oliy oʻquv yurtlariga mustaqillik berish kerak, deb oʻylayman. Ular professor-oʻqituvchilar va ilmiy kadrlarga yuqori talab qoʻya olsin, doktoranturaga qabulni kuchaytirsin. Shunda rivojlanish boʻladi!

— Ayni chogʻda Oʻzbekiston innovatsion ekotizimni toʻlaqonli ishlatishga tayyormi? Bu borada 2020 yilda qanday oʻzgarishlarni kutish mumkin?

— Innovatsion ekotizim ishlab ketishi uchun unda davlatning rolini minimallashtirish kerak. Innovatsiyalarni bozorga aslida vazirlik emas, xususiy sektor olib chiqadi. Hukumat qonunchilik bazasi va institutsional platformani yaratib beradi, xolos.

Statistika boʻyicha, oʻnta startap loyihadan atigi bittasi muvaffaqiyatli chiqishi mumkin. Qolgani sarmoya bilan birga “kuyib ketadi”. Davlat shuncha pulni havoga sovurolmaydi, axir. Uning boshqa xarajatlari ham talaygina.

Ikkinchidan, tadbirkorlik muhitida davlat u qadar ham samarali menejer emasligi amaliyotda koʻp bor oʻz isbotini topgan. Innovatsion biznesda-ku, ayniqsa. Ushbu turdagi faoliyat bilan kreativ insonlar shugʻullanishi zarur.

Oʻzbekistonda innovatsion ishlanmalar, startaplar asosan davlat hisobidan moliyalashtirilmoqda. Bunday ahvolda innovatsion ekotizim toʻlaqonli ishlab ketolmaydi. Shu tufayli, fikrimcha, 2020 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tadbirkorlar bilan bevosita ishlab, innovatsion faoliyatga moliyaviy tashkilotlar, jumladan, banklarni jalb qilishi, xususiy venchur fondlarini tashkil etishga koʻmaklashishi kerak.

Nargiza Umarova

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ