Raqamli iqtisodiyot deganda, faqatgina Blokcheyn (Blockchain) texnologiyasini va ulardan xalqaro moliya bozorlarida foydalanish masalalarini yoki kriptovalyutalarni tushunish kerak emas. Raqamli iqtisodiyot (Digital Economy) deganda, raqamli kommunikatsiyalar, IT yordamida olib boriladigan iqtisodiyot tushuniladi. Deputat Nodir Jumayev bu boradagi mulohazalarini bayon etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida 2020 yil — “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi. Ushbu Murojaatnomani nafaqat joriy yilga qoʻllanma va yoʻllanma sifatida, balki yaqin oʻrta muddat uchun Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini belgilab beruvchi dastur, fundamental ahamiyatga ega boʻlgan hujjat sifatida baholash mumkin.
Ilmsiz, maʼrifatsiz jamiyat va mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilish mushkul. Yusuf Xos Hojib oʻzining “Qutadgʻu bilik” asarida “Bilimsiz kishi mevasiz daraxtdir, mevasiz daraxtni och kishi nima qilsin?!”, deb ilm-maʼrifatning oʻrni naqadar dolzarb va muhimligini koʻrsatib oʻtgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-maʼrifatga alohida urgʻu berilishi va bu orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalasi kun tartibiga qoʻyilishi iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan kuchli, bozor iqtisodiyoti qonunlari toʻliq amal qiladigan demokratik davlat qurishga qaratilgan muhim qadam ifodasidir.
Taʼkidlash lozimki, Prezidentimizning “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 19 fevraldagi Farmoni Hukumatimiz tomonidan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga va hayotga tatbiq etilishiga asos boʻldi.
Baʼzilar raqamli iqtisodiyot nega kerak va nima beradi, deb oʻylashi mumkin. Raqamli iqtisodiyot deganda, faqatgina Blokcheyn (Blockchain) texnologiyasini va ulardan xalqaro moliya bozorlarida foydalanish masalalarini yoki kriptovalyutalarni tushunish kerak emas. Albatta, Blokcheyn texnologiyasi, kriptovalyutalar ham raqamli iqtisodiyotning bir boʻlagi. Lekin raqamli iqtisodiyot (Digital Economy) deganda, raqamli kommunikatsiyalar, IT yordamida olib boriladigan iqtisodiyot tushuniladi. Bunda, yashirin iqtisodiyotga barham berish vositasi sifatida ham qarash mumkin. Chunki birinchidan, barcha operatsiyalar elektron roʻyxatdan oʻtilishiga, ikkinchidan shaffof boʻlishiga erishiladi. Qolaversa, ishlab chiqarishda yangi IT texnologiyalar qoʻllanilishi tufayli mahsulot va xizmatlarning tannarxi pasayadi.
Jahon bankining “Raqamli dividendlar” nomli tadqiqoti xulosalari mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning naqadar dolzarb va muhim masala ekanligini koʻrsatadi. Xususan, internet tezligining 10 foizga oʻsishi mamlakat YaIM oʻsishiga olib keladi. Rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 1,21 foizni tashkil etsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda 1,38 foizga teng. Demak, internet tezligi 2 barobar oshadigan boʻlsa, YaIM hajmi 13-14 foiz ortishiga erishish mumkin.
Jahondagi globallashuv sharoitida tashqi migratsiya, xalqaro savdo va kapitallar harakati, turizm, xorijiy investitsiyalar, IT rivojlanishi mamlakatlarning iqtisodiy oʻsish surʼatlariga taʼsir etadi. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ochiqlik, xalqaro iqtisodiy-siyosiy aloqalarning rivojlanishi yurtimizda sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash imkoniyatlarini yuzaga keltirdi. Bunga mamlakatimiz tashqi savdo hajmining oʻsishini misol qilib keltirish mumkin. “Elektron hukumat”, “Elektron boshqaruv”, “Telekommunikatsiya”, “Internet”, “Veb-sayt” kabi koʻplab iboralar hayotimizning ajralmas boʻlagiga aylandi. IT kundalik hayotimizning barcha sohasini qamrab olmoqda.
Raqamli iqtisodiyotda IT yordamida tannarxni kamaytirishga, natijada optimallashuvga va samaradorlik oshishiga erishiladi.
Raqamli iqtisodiyotda zamonaviy ilmiy yondashuvlar va innovatsiyalar muhim hamda ustuvor ahamiyatga ega boʻladi. Bunda ilmiy sigʻimkorlik yuqori boʻlgan tarmoqlar ravnaq topadi.
Raqamli iqtisodiyot rivojlangan davlatlarda YaIM hajmi ham, YaIMning aholi son boshiga ulushi ham yuqoridir. Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining bu masalaga katta eʼtibor qaratishi bir maqsadni koʻzlaydi, u ham boʻlsa, birinchidan, aholining yashash darajasini yuksaltirish, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirish va xalqimizni rozi qilishdir.
Ekspertlarning fikricha, 2020 yildan boshlab yirik banklarning qariyb 30 foizidan ortigʻi oʻzlarining ish faoliyatida blokcheyn texnologiyasidan foydalanishni boshlab yuborishdi. Bunga blokcheyn texnologiyasining nisbatan endigina yaratilganiga qaramasdan, uning mavjud biznes jarayonlardagi inqilobiy oʻzgarishlarni qamrab olgani moliya bozorlari ishtirokchilari orasida ulkan qiziqish uygʻotganini sabab qilib koʻrsatish mumkin.
Maʼlumki, bugungi kunda raqamli iqtisodiyot qoʻshimcha qiymat yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turli xil algoritmlar, jarayonlar va raqamli axborotlar korporativ biznesning strategik rivojlanishida asosiy hal qiluvchi kuchga ega boʻlmoqda. Raqamli nomoliyaviy omillar banklarning raqobatbardoshligini belgilab bermoqda, samaradorligiga taʼsir koʻrsatyapti.
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi oxir-oqibat nomoddiy aktivlar, yaʼni fizik jihatdan mavjud boʻlmagan nomonetar aktivlar oshishiga olib kelmoqda. Masalan, 1975 yilda Amerikaning yirik korporatsiyalari nomoddiy aktivlari 17 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019 yilga kelib, bu koʻrsatkich 85 foizdan ortdi. Aniqroq tushuntiradigan boʻlsak, buxgalteriya balansidagi moddiy va nomoddiy aktivlar oʻrni almashdi.
Raqamli aktivlar — bu moliyaviy hisobotlarni tuzishda hisobga olinadigan raqamli shakldagi nomoddiy aktivlardir.
Jahonning mashhur “McKinsey” ekspertlarining baholashi boʻyicha, bugungi kunda jahon YaIMning qariyb 10 foizi raqamli aktivlarga toʻgʻri keladi, shu bilan birga, ularni ishlab chiqish surʼati jahon iqtisodiy oʻsishining 30 foiziga teng. Raqamli aktivlarning rivojlanishi akselerator (tezlashtiruvchi) harakatiga oʻxshaydi.
Oʻz navbatida, raqamli aktivlar rivojlanishida ijtimoiy tarmoqlarning oʻrni muhim. Ijtimoiy tarmoqlar raqamli biznesning taraqqiy etishiga ham keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Raqamli iqtisodiyotning zamonaviy koʻrinishi sifatida mobil toʻlov tizimlarini koʻrsatish mumkin. Bunda hammamizga maʼlumki, mijozlarning smartfonlari bankdagi hisob raqamlarga bogʻlangan boʻladi. Bu esa mijozlarga onlayn xaridlarni amalga oshirish, mobil qurilmalar yordamida pul mablagʻlarini erkin oʻtkazish imkonini beradi.
Toʻlov tizimlari va bank axborot tizimlari raqamli aktivlardan keng foydalanadi. Raqamli aktivlarning asosiy komponentlari sifatida intellektual mulk obʼyektlari hisoblanadi. Intellektual faoliyat natijalariga egalik huquqiga faqatgina kompaniya ega boʻladi. Bunday aktivlarga misol qilib, ixtiro patentlar, kompyuter dasturlariga mutlaq huquq va maʼlumotlar bazasini keltirish mumkin.
Hozirda raqamli aktivlar bilan birga, raqamli aktivlarni boshqarish tizimi ham tez surʼatlarda rivojlanmoqda.
Raqamli aktivlar boʻyicha global ishtirokchilar sifatida “North Plains Systems Corporation”, “Open Text Corporation”, “Widen”, “Net Xposure, Inc.”, “Media Beacon, Inc.”, “Hewlett-Packard Company”, “WebDAM” kabi yirik xalqaro korporatsiyalarni misol qilib keltirish mumkin.
Raqamli aktivlarni boshqarishda axborot xavfsizligini taʼminlash muhim omil sanaladi. Bunda asosiy eʼtibor raqamli maʼlumotlarga ruxsatsiz kirish, ularni axborot vositachilaridan himoya qilgan holda xavfsizligini taʼminlash va axborotlar uzatishning soddaligini taʼminlashga qaratilishi lozim.
Raqamli aktivlarni boshqarishning muhim muammolaridan biri — bu ularning huquqiy himoyasidir. Taʼkidlash lozimki, qisqa vaqtlarda va originaldan kamroq xarajat qilib raqamli aktivlar nusxasini yaratish hamda ishga tushirish mumkin. Bu, albatta, raqamli aktivlarning umumiy daromadiga taʼsir qiladi. Raqamli aktivlarni boshqarishda bulutli texnologiyalardan foydalanish asosiy shartlardan boʻlib, texnik, huquqiy va tashkiliy jihatdan axborotlar himoyasi boʻyicha usullarni ishlab chiqish hisoblanadi.
Raqamli aktivlarning rivojlanishini raqamli tijoratning rivojlanishisiz tasavvur qilish qiyin. Raqamli tijorat esa, sodda va ishonchli raqamli toʻlov tizimlarini yaratishni talab etadi. Birinchi “onlayn” toʻlov tizimlariga xizmat koʻrsatishda aholi oʻrtasida keng tarqalganligi sababli kredit va debet kartalaridan foydalanilgan. “Visa” va “Master Card” kredit kartalari emitentlari sotuvchilardan axborot almashinuvida yuqori xavfsizlik choralarini koʻrish shartlarini talab etishgan.
Jahonda roʻy berayotgan soʻnggi trendlarni oʻrganish foydadan xoli boʻlmaydi. Chunki dunyoda buxgalteriya balansidagi moddiy va nomoddiy aktivlar oʻz oʻrnini jadal almashtirishi davrida biz ham asosiy eʼtiborni faqat mahsulotlar eksportiga qaratmasdan, balki nou-xau, blokcheyn texnologiyalari faoliyatini zamonga hamohang ravishda oʻrganib, raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan keng foydalanishni yangi bosqichga olib chiqishimiz maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Yana bir jihatga toʻxtalib oʻtish zarur. Prezidentimiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Buning sababi Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori surʼatlarda oʻsishini taʼminlash bilan birga, aholi ilmini, qarashlarini zamon bilan hamnafas qilish, qolaversa, mamlakatimizning xalqaro maydonda integratsiyasini tezlashtirish va natijada Oʻzbekistonni demokratik, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qoʻshishdan iboratdir.
Bu inqilobiy yondashuv faqatgina buyuk iqtisodiy sakrashlar orqali xalqning turmush darajasini oshirish, aholi farovonligiga birinchi darajali masala sifatida qarash — haqiqiy xalqparvar yetakchiga xosdir.