Qurilish sanoati – pandemiya sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyotining lokomotiviga aylanadi
Qurilish sanoati iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega boʻlgan sohalardan biri hisoblanadi. Boisi, qurilish sohasi koʻplab sanoat tarmoqlari uchun talab yaratadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hisob-kitoblariga koʻra, qurilish sohasining iqtisodiyot uchun multiplikator effekti 1,8ga teng.

Qurilish sanoati – pandemiya sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyotining lokomotiviga aylanadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining toʻliq ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlisda taʼkidlaganidek, qurilish sanoati koronavirus pandemiyasi taʼsirini yumshatish, aholi bandligini taʼminlash va iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega boʻlgan “drayver” sohalardan biri hisoblanadi.
Shunday ekan, qurilish sohasining bugungi kundagi tendensiyalari, uning Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni, pandemiya sharoitida sohani qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari va kutilayotgan natijalar haqida toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq.
Qurilish sanoati rivojlanishining global tendensiyalari
Qurilish sanoati global iqtisodiyotning muhim sohalaridan biri hisoblanadi. Qurilishga kiritiladigan investitsiyalar qisqa muddatda yangi ish oʻrinlarini ochishga yordam bersa, oʻrta va uzoq muddatda esa qurib foydalanishga topshirilgan infratuzilmaviy obʼyektlar transport harajatlarini qisqartiradi, odamlar hayotini yaxshilaydi va eng muhimi iqtisodiy oʻsish surʼatlarini jadallashtiradi.
Koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri: Oʻzbekiston uchun xulosa va tavsiyalar
Virusning keng tarqalishi natijasida joriy yil dunyo iqtisodiyotida faollik pasayib, qurilish sohasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Soʻnggi tahlillarga koʻra, 2020 yilda global qurilish sohasida oʻsish yil boshida kutilgan 3,1 foizdan 0,5 foizga pasayishi kutilmoqda[1]. Uzoq muddatda esa qurilish sohasi dunyo iqtisodini harakatga keltiruvchi soha sifatida oʻz oʻrnini saqlab qoladi. PricewaterhouseCoopers kompaniyasining maʼlum qilishicha, 2030 yilga kelib dunyo miqyosida qurilish sanoati umumiy miqdorda 85 foizga oʻsib, uning hajmi 17,5 trln. AQSH dollarga yetadi.
Shuningdek, dunyo boʻyicha infrastruktura loyihalarini moliyalashtirishda davlatning roli saqlanib qoladi. Oʻtgan yillarda jahon mamlakatlari davlat sektori investitsiyalarining 70-80% aynan qurilish sohasiga toʻgʻri kelgan. Bundan tashqari, qurilish normativ talablarini bajarilishini nazorat qilish orqali davlat mazkur sohani tartibga solishda ham muhim rol oʻynaydi.
Qurilish sanoati va iqtisodiy rivojlanish
Koʻplab davlatlar misolida oʻtkazilgan epirik tadqiqotlar koʻrsatmoqdaki, qurilish sohasi va iqtisodiy rivojlanish oʻrtasida kuchli bogʻliqlik mavjud. Mashina yoki ishlab chiqarish vositalariga kiritiladigan investitsiyalar bilan birga, qurilish sohasi orqali amalga oshiriluvchi infratuzilmaviy loyihalar – yoʻllarning qurilishi, elektrenergiya bilan taʼminlash, kommunikatsiya vositalarining barpo etilishi uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi. Boʻ yoʻnalishdagi dastlabki tadqiqot 1969 yilda D.Turin tomonidan oʻtkazilgan boʻlib, unda 87ta davlatning iqtisodiy oʻsishi va mazkur davlatlarda qurilish sohasiga kiritilgan investitsiyalar oʻrtasida kuchli chiziqli bogʻliqliq aniqlangan. Yaʼni, qurilish sohasiga kiritilgan investitsiyalarning ortishi bilan jon boshiga Yalpi ichki mahsulotning oʻsishi ham kuzatilgan. Mazkur bogʻliqlik, shuningdek, Strassman (1970), Vells (1986) va Jahon bankining (1994) tadqiqotlarida ham oʻz tasdigʻini topgan.
Oʻzbekiston iqtisodiyotida qurilish sanoatining roli
Qurilish sanoati Oʻzbekiston iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishi sifatida milliy iqtisodiyot tarmoqlari orasida barqaror oʻsish surʼatlarini qayd etayotgan sohalardan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va qabul qilingan 2017-2021 yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida bino-inshootlar, yangi sanoat obʼyektlarini barpo etish, temir yoʻl va avtomobil, turar-joylar qurishni jaddalashtirish boʻyicha qurilish sanoatiga iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi kuch – lokomotivi sifatida alohida urgʻu berilgan.
Turar joy majmualarini, ijtimoiy soha va muhandislik infratuzilma obʼyektlarini qurish va kapital rekonstruksiya qilish, shuningdek, sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalarini qurish va modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida qurilish ishlari hajmi 2018 yil bilan taqqoslaganda 19,0 foizga oʻsdi. Qurilish tarmogʻining YAIM oʻsishidagi ijobiy hissasi 1,0 foiz bandni tashkil qildi. Shuningdek, uning YAIMdagi ulushi ham 2017 yildagi 5,7%dan 2019 yilda 6,4%ga yetdi (1-rasm). Mazkur holatni koʻplab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda ham kuzatish mumkin (2-rasm).

Qurilish sanoatidagi oʻsish, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar uchun kapital qoʻyilmalar hajmining ortishi bilan bogʻliq. Xususan, Oʻzbekistonda 2019 yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 21,5 mlrd. AQSH doll. yoki 2018 yilga nisbatan 133,9 % asosiy kapitalga investitsiyalar oʻzlashtirildi. Bu esa, oʻz navbatida, qurilish ishlari va qurilishi materiallari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga olib keldi.

Qurilish sohasi - iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish kafolati
Maʼlumki, pandemiyaning tarqalishi ortidan butun dunyo davlatlari iqtisodiy inqirozga yuz tutmoqda. Global hamjamiyatning bir boʻgʻini sifatida global inqirozning salbiy taʼsiri Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmaydi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining maʼlum qilishicha, pandemiya natijasida global iqtisodiyot bu yil 3,0 foizga pastlashi kutilmoqda.

Shuningdek, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlari iqtisodiyotida pasayish sodir boʻladi. Mana shunday koʻlamdagi inqirozning sodir boʻlishiga qaramay, xalqaro moliyaviy tashkilotlar 2020 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotida past boʻlsada oʻsish kuzatilishini prognoz qilmoqda (3-rasm). Keyingi yilda esa iqtisodiy oʻsish oʻzining inqirozdan oldingi trendiga qaytadi.

Bunday ijobiy koʻrsatkichlarga erishishda hukumat tomonidan ishlab chiqilgan inqirozga qarshi choralarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi talab etiladi. Shu maqsadda, hukumat tomonidan qurlish sohasiga inqirozning salbiy taʼsirini yumshatuvchi va iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi asosiy soha sifatida qaralmoqda.
Qurilish sanoati iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega boʻlgan sohalardan biri hisoblanadi. Boisi, qurilish sohasi koʻplab sanoat tarmoqlari uchun talab yaratadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hisob-kitoblariga koʻra, qurilish sohasining iqtisodiyot uchun multiplikator effekti 1,8ga teng. Yaʼni, qurilish sohasiga kiritilgan 1 birlik investitsiya yalpi ishlab chiqarish hajmining 1,8ga koʻpaytiradi. Shuningdek, bu sohada 1 325 ming nafar aholi ish bilan band.
Iqtisodiy faollikning pasayishi qurilish ishlarini kamaytirishi, bu esa, oʻz navbatida, qurilish materiallariga boʻlgan talabni pasayishiga va ishsizlik miqdorini koʻpayishiga olib keladi. Shu sababli, karantin davrida qurilish hajmlari kamayishiga yoʻl qoʻymaslik va sohani qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 5969-sonli farmoni bilan qurilish sohasiga qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm mablagʻ ajratildi.
Shu maqsadda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qurilish sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish borasida aniq yechim va yoʻnalishlar koʻrsatib berildi. Mazkur chora-tadbirlar qurilish sanoatining uchta eng yirik tarmoqlari – qurilish ishlari, qurilish materiallarini ishlab chiqish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishini qamrab oladi.
Qurilish ishlari qanday jadallashtiriladi?
Joriy yilda 86 trillion soʻmlik yoki oʻtgan yilga nisbatan 10 foizga koʻp qurilish ishlari bajarilishi kerak boʻlib, shu maqsadda:
- karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi;
- qurilish korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning obʼyektlarga borishi uchun toʻsiqsiz harakatlanishiga sharoit yaratiladi;
- qurilish ishlarida samaradorlik, mablagʻlarni optimizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratiladi va 3,6 trillion soʻm hisobidan bajariladigan loyihalarda ortiqcha sarf-xarajatlar qisqartiriladi;
- 2020 yilda 30 ming xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilib, oʻz egalariga topshiriladi.
Shuningdek, inqiroz sharoitida uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish va aholining uyga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida qoʻshimcha chora tadbilar amalga oshirish belgilandi. Xususan:
- Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etiladi;
- yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilga uzaytiriladi va shu orqali ipotekaga olingan uy-joyning oylik toʻlovi miqdori kamaytiriladi;
- uy sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini qayta koʻrib chiqiladi, bozor talablari asosida koʻpaytiriladi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish qanday oʻzgaradi?
Qurilish ishlarini koʻpaytirish qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini ham oshirishni taqozo etadi. Shu maqsadda, quyidagi ishlarni amalga oshirish belgilandi:
- import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish. Bunda DSP ishlab chiqarish 1,5 baravarga, santexnika va gazobeton bloklarni 2 baravarga, gulqogʻozni 3 baravarga oshirilsa, keramik plitalar ishlab chiqarish esa 18 million kvadrat metrga yetkaziladi. Shuningdek, “Kvars” korxonasida yiliga 22 million kvadrat metr oyna ishlab chiqarish loyihasi ham 1 iyulgacha ishga tushishi kutilmoqda.
- pandemiya davrida sementni eksport qilishdagi cheklovlar bekor qilinadi, qurilish materiallarini eksport qilishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tomonidan yukni tashish jarayonida chegirmalar berilishi masalasi ham koʻrib chiqiladi;
- 275 ta istiqbolli kon oʻzlashtiriladi. Xususan, joriy yil aprel-may oylarida Gʻozgʻonda 52 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilsa, Shargʻunda gips, Chimboyda keramzit, Paxtachida granit kabi materiallarni oʻzlashtirish jadallashtiriladi;
- energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishda 7 ta loyihani ishga tushirish orqali, gazobeton blok ishlab chiqarishni 1 350 ming kub metrga, bazalt plitalar 73 ming tonnaga, oyna ishlab chiqarish esa 40 million kvadrat metrga yetkaziladi.
Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishida ishlarni kuchaytirishning nostandart choralari
Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishida ishlarni jadallashtirish maqsadida inqirozga qarshi jamgʻarmadan qoʻshimcha 1,5 trillion soʻm, xususan suv taʼminoti boʻyicha 55 ta loyihaga 500 milliard soʻm va yoʻl qurilishi boʻyicha 1 547 ta loyihaga 1 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Mazkur mablagʻlar yordamida orqali joriy yil 1 400 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 6 ming kilometr yoʻl qurilishi va taʼmirlash ishlari bajariladi.

Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari real xavflarni keltirib chiqaradi
Mazkur tarmoqda ishlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun yuqoridagi loyihalar zudlik bilan boshlanishi, xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlarini oʻzlashtirishni tezlashtirish, shuningdek yoʻl qurilishiga mahalliy pudrat tashkilotlarini jalb qilish belgilandi. Shu bilan birga, kechikkan loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun uch smenali ish tashkil etilgan holda ikkinchi chorakda jami amalga oshirilishi belgilangan loyihalarni 60 foizga bajarishga erishiladi.
Eng muhimi, joriy xarajatlarni optimallashtirish orqali ushbu sohalarning samaradorligini oshirish koʻzda tutilmoqda. Samarasiz nasoslarni yangilash, xarajat va yoʻqotishlarni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olinmoqda. Buning oʻzidan elektr energiyasi va boshqa xarajatlarni yiliga 7 milliard soʻm miqdorida kamaytirishga erishish mumkin boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, qurilishi sohasi qisqa muddat yangi ish oʻrinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish orqali inqirozning salbiy taʼsirini yumshatadi, uzoq muddatda esa yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi “oʻsish nuqtasi” va odamlar hayot farovonligini yuksaltirishning muhim omilidir.
Ortiqov Nozimjon
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi ilmiy xodimi
[1] Research and Markets’ tahlil institutining prognozi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

