Markaziy Osiyo2 daqiqada oʻqiladi239 marta oʻqildi
Qozogʻistonda suv toshqinidan jabrlanganlarga uy qurib beriladi
Boshpanasidan mahrum boʻlgan qozogʻistonliklarga 1000 dan ziyod uy qurib beriladi.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻoni oʻprilishidan soʻng yuzaga kelgan suv toshqinidan jabrlangan Qozogʻistonning Turkiston viloyati aholisi uchun 1000 dan ziyod uy qurib beriladi. Bu haqda prezident Kasim-Jomart Tokayev oʻzining Twitter sahifasida maʼlum qildi.
"Hukumat Oʻzbekistondagi suv omborida roʻy bergan avariyadan keyin suv toshqini natijasida boshpanasidan ayrilib qolgan fuqarolar uchun Turkiston viloyatida mingdan ziyod uy qurishga kirishdi", deb yozdi Tokayev .
Pravitelstvo pristupit k stroitelstvu boleye tisyachi domov v Turkestanskoy oblasti dlya grajdan, lishivshixsya jilya v rezultate podtopleniya posle avarii na vodoxranilishe v Uzbekistane.
6 may kuni hukumat komissiyasi raisi, Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Roman Sklyar Turkiston viloyatining Maqtaaral tumaniga kelib, suv ostida qolgan qishloqlar aholisi bilan uchrashdi.
Viloyat rahbari taklifi bilan davlat komissiyasi suv ostida qolgan qishloqlarning har bir aholisiga 100 ming tenegedan (237 dollar) tovon toʻlashga qaror qildi, deyiladi Qozogʻiston bosh vaziri saytida.
Mirzakent yaqinida yangi mikrarayon qurilib, Dostiq, Janaturmis va Jenis posyolkalari aholisi koʻchiriladi. Yangi turar joy mavzesiga barcha kommunikatsiyalar oʻtkaziladi, bolalar bogʻchalari va maktablar quriladi.
Orgebas va Ferdousi qishloqlari aholisiga esa turar joy masalasining uch yechimi taklif qilindi:
yangi uylar qurilgan boshqa aholi punktlariga koʻchish;
uylarni qayta tiklash;
turar joylar qurilishi va tiklanishi uchun xarajatlarni qoplab berish.
Qishloq xoʻjaligi va chorva mollari boʻyicha yetkazilgan zarar hukumat zaxiralaridan qoplab beriladi, fermerlarga kreditlar boʻyicha toʻlovlarda tanaffus taqdim etiladi.
2 may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanida texnogen tusdagi favqulodda holat eʼlon qilingan edi. Aholi punktlari Oʻzbekistondagi suv ombori toʻgʻoni oʻprilganidan keyin suv ostida qoldi.
5 may holatiga koʻra, Maqtaaral tumanida 845 ta uy suv ostida qolgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 7639 ga ekin maydonini suv bosgan. Yetkazilgan zararlarning aniq miqdori keyinroq maʼlum qilinadi, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Qozogʻistonda yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun Oʻzbekiston tomonidan 209 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xoʻjaligi, muhandislik va yongʻin-qutqaruv texnikalaridan iborat qoʻshimcha kuch va vositalar mazkur hududga yetib bordi.
Shuningdek, 6 may kuni Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Sklyar Roman Vasilevich boshchiligidagi delegatsiya Sardoba suv ombori toʻgʻonining buzilishi va keyinchalik Qozogʻiston hududini suv bosishi holati oʻrganish hamda vaziyat yuzasidan Oʻzbekiston bilan umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish maqsadida Sirdaryoga tashrif buyurdi.