Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish – oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning eng asosiy omili
Koronavirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar mutaxassislar hisobotlarida 2020 yil davomida koʻplab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotida sekinlashuv roʻy berishi prognoz qilinyapti.

Bu holat, oʻz navbatida, jahon miqyosida ishsizlik darajasi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi sonining oshishi kabi muammolar keskinlashishidan dalolar beradi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalarining toʻxtab turishi dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligi va uning xavfsizligiga doir muammolarni yanada chuqurlashtirishadi.
Istiqbolda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan va ijtimoiy ahamiyatga molik bu masalalarni hal qilish va ularga tayyor turish koʻpgina mamlakatlarning bugungi kundagi ustuvor vazifalaridan biridir. Masalan, Reuters agentligi AQSh qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) hisobotiga tayangan holda tarqatgan xabarga koʻra, Xitoy AQShdan 340 ming tonna bugʻdoy (soʻnggi ikki yildagi eng katta shartnoma), 756 ming tonna isteʼmolga moʻljallangan joʻxori (soʻnggi yetti yildagi eng katta shartnoma) hamda 110 tonna soya sotib olgan. Joriy yil fevral oyidagi kelishuvga binoan, Xitoy AQShdan 2020 yil oxirigacha qoʻshimcha 76,7 va 2021 yil davomida 123,3 mlrd. dollarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olishni moʻljallamoqda. Bundan tashqari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotiga koʻra, joriy yilning mart oyida jahon bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi fevraldagiga nisbatan 4,3 foizga pasaygan.
Hozirgi global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimizda aholi bandligi va daromadini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xoʻjaligi eng koʻp imkoniyatga ega soha hisoblanadi. Oʻzbekiston Prezidenti raisligida 14 aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu jihatlar alohida eʼtirof etildi.
Yigʻilishda meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish masalasi qoʻyildi. Bu maqsadga erishishda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ bu borada yetakchi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Ushbu vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirish maqsadida quyidagi kompleks chora-tadbirlar belgilandi:
Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish 136 ming gektardagi hosil berayotgan, 63 ming gektardagi yangi bogʻ va tokzorlarning har qator oralari, 600 ming gektar takroriy ekin maydonlaridan samarali foydalanishni taqozo etadi. 2-3 marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish barobarida foydalanishdan chiqqan, 124 ming gektar yerni toʻliq va 155 ming gektar lalmi yerni suv chiqarish orqali oʻzlashtirish ham rejalashtirilgan;
Ichki ishlar vazirligiga qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish bilan bogʻliq avtotransport vositalarining karantin qoidalariga amal qilgan holda erkin harakatlanishini taʼminlag boʻyicha topshiriq berildi;
Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamgʻarmalariga 300 mlrd. soʻm ajratiladi;
Urugʻliklar taʼminotida uzilishlar boʻlmasligi uchun ular importini markazlashgan holda tashkil etish zarur. Har yili mamlakatimizga 300 ming tonnaga yaqin kartoshka, shuningdek, 10-15 ming tonna urugʻlik kartoshka chet eldan olib kelinadi. Shu bois, Qoʻrgʻontepa, Baxmal, Zomin, Shahrisabz, Kitob, Yangiqoʻrgʻon, Bulungʻur, Boʻstonliq tumanlari urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilishi belgilandi.
Tizimdagi yana bir muammo oʻgʻit bilan taʼminlash hisoblanadi. "Oʻzkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati zimmasiga ikki hafta ichida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda oʻgʻit doʻkonlari tashkil etish vazifasi yuklatildi. Oʻgʻitlar importiga bogʻliq cheklovlar joriy yil yakuniga qadar muddatga bekor qilindi.
Bundan tashqari, karantin davrida tumanlar, shaharlar va viloyatlar orasida qishloq xoʻjaligi va umuman, ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan avtotransport, fermerlar va ishchilarning barcha qoidalarga amal qilgan holda erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish belgilangan.
Boʻsh va lalmi yerlarni oʻzlashtirish uchun Bogʻdorchilik va Uzumchilik jamgʻarmalariga 300 mlrd. soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratish, bu jamgʻarmalar hisobiga quduq qazib, tashkil etilgan bogʻ va tokzorlar, issiqxonalarni aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha lizing asosida berish, shuningdek, oʻzlashtirilgan yerning ijara huquqini aniq oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 5-10 yilga sotish va bundan tushgan mablagʻlarni yangi yerlarni oʻzlashtirishga yoʻnaltirish tartibi joriy etilmoqda.
Meva-sabzavot yetishtirish va sotib olishga xuddi paxtachilik va gʻallachilik sohalaridagi kabi alohida moliyaviy resurslar bilan taʼminlash tizimini joriy etish belgilandi. Unga koʻra, tijorat banklari klasterlarga aylanma mablagʻ uchun zarur boʻlgan moliyaviy qarzlar ajratadi. Ular mahsulot yetishtirish va eksport qilish uchun hosilni garovga qoʻygan holda qisqa muddatli (3-12 oy) kreditlar ham olishlari mumkin.
Bundan tashqari, tijorat banklari likvidlilikni taʼminlashga ajratilayotgan resurslaridan kamida 2 trillion soʻmini bosqichma-bosqich aylanma mablagʻlar krediti uchun yoʻnaltiradi.
Meva-sabzavot va issiqxona yoʻnalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy institutlarning 700 million dollar kredit liniyalarini jalb qilish va tijorat banklarining toʻxtatilayotgan loyihalar hisobidan boʻshagan mablagʻlarini qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirish vazifasi qoʻyildi.
Meva-sabzavotni eksport qiluvchilarga ham imtiyozlar koʻzda tutilyapti. Xususan, ularning avtotransportda yuk tashish xarajatining 50 foizi Eksportga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Buning uchun jamgʻarmaga qoʻshimcha 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
Ozuqa bazasi chorvachilikni rivojlantirishning asosiy omili hisoblanadi. Joriy yilda kamida 70 ta sanoat ozuqa korxonasi ishga tushiriladi. Ularni xomashyo bilan taʼminlash uchun suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan holda 38 ming gektar lalmi va yaylov yerlarni toʻliq oʻzlashtirish belgilandi.
Qoramolchilikni rivojlantirish va qoramollar bilan taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida 74 ta oilaviy kooperatsiya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Har bir viloyatda naslli qoramol tayyorlash va sotishga moʻljallangan xoʻjaliklar tashkil etiladi.
Parrandachilik — yetti xazinaning biri. Endilikda kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladi. Buning uchun goʻsht yoʻnalishidagi yirik parrandachilik xoʻ- jaliklari 100 xonadonga 500 boshdan uch kunlik joʻjalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi, veterinariya xizmatlari koʻrsatadi. Qirq kundan keyin kooperatsiyaning oʻzi goʻshtni markazlashgan holda sotib oladi.
Shu yoʻl bilan har bir oila qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishi va qishloq aholisi bandligining oshishi taʼminlanadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kooperatsiyada ishtirok etgan oilalarga parranda boqqan davri uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni amalga oshiradi.
Bu yil baliq yetishtirishni kamida 350 ming tonnaga yetkazish, sunʼiy havzalarda intensiv usulda mehnat qilayotganlarga subsidiyalar berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Foydalanish samaradorligiga qarab, yer soligʻining tabaqalashgan stavkalari qoʻllanadi. Shuningdek, har bir hududda baliqchilikka ixtisoslashgan namunali tuman tashkil etilib, ularda intensiv usuldagi 10-15 tadan baliqchilik xoʻjaligi (1 gektar maydondan oʻrtacha 100 tonna baliq ovlash), qayta ishlash korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kredit mablagʻlari ajratiladi.
Asalchilikni rivojlantirishga eʼtibor qaratilar ekan, bu yil ishlab chiqarish hajmini 5 barobar koʻpaytirish, har bir tumanda asalarichilik klaster korxonasini tashkil etish, kooperatsiya tizimini yoʻlga qoʻyish orqali xonadonlarga 20 tadan asalari uyasi tarqatish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada oʻrmon xoʻjaliklaridagi imkoniyatlarni toʻla ishga solish, 16,5 mingdan ortiq yangi asalari uyasini parvarishlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Qishloq aholisini uy sharoitida ish bilan taʼminlaydigan rezervlardan biri — ipakchilik sohasi. Joriy yilda 382 ming quti ipak qurti boqilishini inobatga olsak, bu kamida 750 ming odamni ish bilan band qilish degani. Endilikda viloyatlarda “bir xonadonga — bir quti ipak qurti” tamoyili asosida ipak qurti urugʻi tarqatilib, fermer xoʻjaliklari, paxta va gʻalla klasterlari ham ipak qurti boqishga keng jalb etiladi. Tizimni yanada rivojlantirish uchun tijorat banklarining 145 milliard soʻmlik kredit liniyalari ochiladi. Belgilangan hosilni olgan xonadonlarga Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni amalga oshirish belgilandi.
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish hamda eksportni kengaytirish imkoniyatini yaratadi. Kam taʼminlangan aholi qatlami va vaqtinchalik band boʻlmagan fuqarolarni ish bilan taʼminlashga va qoʻshimcha daromad manbaini oshirishga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlabgina qolmay, ularning narxini pasaytirishda ham muhim omil boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

