| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi1 640 marta oʻqildi

Oʻzbekiston Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash boʻyicha yangi loyiha boshlaydilar

Qiymati ikki million AQSh dollariga teng boʻlgan qoʻshma loyihaning asosiy eʼtibori mamlakatdagi ijtimoiy jihatdan eng zaif boʻlgan insonlarga qaratiladi

Oʻzbekiston Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash boʻyicha yangi loyiha boshlaydilar

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduxakimov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatdagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim ijtimoiy himoya boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar. Mazkur hujjat hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik maqsadida aholining ijtimoiy jihatdan eng zaif boʻlgan qatlamlariga ijtimoiy yordam koʻrsatish borasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beradi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston yillik yalpi ichki mahsulotining 6-9% foizini ijtimoiy himoya xizmatlariga yoʻnaltirib kelmoqda. Shunga qaramasdan tizimda uning samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi toʻsiqlar mavjud. Masalan, ijtimoiy himoya vazifalari hozirgi kunda bir nechta vazirliklar va idoralar zimmasida boʻlib, tarqoq holdadir. Bu esa, himoyaga muhtoj insonlar va oilalarni tang vaziyatlardan chiqarish uchun zarur boʻladigan umumiy qarashlar va kompleks yondoshuvlar yoʻqligiga olib keladi.

Dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, mamlakatda davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar baʼzi ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli kuchli taʼsirni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois bunday insonlarga kuchli ijtimoiy himoya tizimi orqali yordam koʻrsatish zarur.

Bu borada, BMT hamda Oʻzbekiston Hukumati mamlakatning ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish dasturini birgalikda amalga oshirishga kelishdilar. Dasturning maqsadi yuqori sifatli ijtimoiy himoya xizmatlari barcha insonlar uchun butun umrlari davomida koʻrsatilishini taʼminlashdan iborat. Dastur assoiy eʼtiborni quyidagi uchta ustuvor yoʻnalishlarga qaratadi:

(1) ijtimoiy himoya boʻyicha yagona davlat organini tashkil etish orqali ijtimoiy himoya vazifalari turli vazirliklar va idoralar oʻrtasida tarqoq holda ekanligi muammosini hal qilish;

(2) xalqaro standartlarga mos ravishda keng qamrovli milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish. Mazkur jarayon ijtimoiy himoya tushunchasini xayriyaga asoslangan yondoshuvdan inson huquqlariga asoslangan yondoshuv sifatida anglashga oʻtkazishga urgʻu berishi koʻzda tutilgan;

(3) nogironligi boʻlgan insonlarga ijtimoiy himoyani taqdim etishda “nafaqalar + xizmatlar” integrallashgan yondoshuvini sinov tariqasida amalga oshirish. Qoʻshma dastur Nogironligi boʻlgan insonlar huquqlari tzgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish hamda Faoliyatning xalqaro klassifikatsiyasini joriy etish orqali nogironligi boʻlgan insonlarning huquqlarini yanada kengroq taʼminlash va ularning hayotlarini sezilarli darajada yaxshilashga eʼtibor qaratadi.

Umumiy qiymati ikki million AQSh dollariga teng boʻlgan qoʻshma dastur BMT tomonidan moliyalashtiriluvchi 24 ta muvaffaqqiyatli loyihalardan biri boʻlib, ularni tanlash jarayonida jaʼmi 114 ta taklif oʻrganib chiqildi. Qoʻshma dastur keyingi ikki yil davomida amalga oshiriladi.

Qoʻshma dastur Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh Prokratura, turli vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. BMTning uchta agentligi – Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va BMT Bolalar jamgʻarmasi (YuNISEF) oʻz tajribalari va salohiyatlari doirasida ushbu loyihaning amalga oshirilishida koʻmak beradilar.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ