Pragmatik savol: YEOIIga aʼzo boʻlish kerakmi yoki yoʻq?
"Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo boʻlishi xususida munozaralar va fikrlar koʻp bayon etilmoqda. Aytish joizki, bu masalaga qarashlar turlicha: ayrim olimlar yoki jamoat vakillari iqtisodiy manfaatlar asosida kirish tarafdori boʻlsa, ayrimlar esa bu masalaga koʻproq siyosiy urgʻu berishmoqda", deydi iqtisodiyot fanlari doktori Tursun Shodiyev.

Oʻzbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda rivojlantirishning Harakatlar strategiyasidagi vazifalarni bajarish hukumatimiz, mahalliy hokimiyatlar va jamoatchilikning doimiy diqqat markazida turibdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga Murojaatnomasida belgilangan strategik vazifalar nafaqat joriy yil, balki uzoq muddatli rivojlanish uchun, undagi qayd etilgan direktiv koʻrsatmalar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun “yoʻl xaritasi” boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur Murojaatnomada 2020 yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili deb eʼlon qilindi. Murojaatnoma aholining moddiy farovonligini oshirish maqsadida demokratik islohotlarni mantiqiy va izchil davom ettirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga tizimli yondashuvning yorqin namunasidir.
Taʼkidlash joizki, raqamli iqtisodiyot koʻp qirrali faoliyat boʻlib, unda ilm-maʼrifat va raqamli axborot ishlab chiqarishning asosiy omiliga aylanadi. Unda zaruriy makon boʻlib zamonaviy elektron axborot makoni xizmat qiladi, axborot kommunikatsion texnologiyalar esa mehnat unumdorligini oshirish va iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini optimallashtirish uchun qoʻllaniladi. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi iqtisodiyotni boshqarish jarayonlarini takomillashtirish uchun beqiyos imkoniyatlar yaratadi, murakkab iqtisodiy qarorlar qabul qilishni osonlashtiradi.
Zamonaviy kompyuter va dasturiy taʼminotlar hamda imitatsion ekonometrik modellarni qoʻllash natijasida shu tariqa va undan ham murakkab boʻlgan muammolarni samarali yechish mumkin boʻladi. Shuningdek, ular yordamida dialog tarzda ittifoqga kirish muddatlari, kirish shartlari hamda uning qisqa va uzoq muddatdagi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga taʼsirini tashqi muhit, jahon iqtisodiyotining dinamik rivolanishini inobatga olgan holda tahlil etish mumkin.
Oxirgi paytlarda OAVlarda Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzoligi xususida munozaralar va fikrlar koʻp bayon etilmoqda. Aytish joizki, bu masalaga qarashlar turlicha: ayrim olimlar yoki jamoat vakillari iqtisodiy manfaatlar asosida kirish tarafdori boʻlsa, ayrimlar esa bu masalaga koʻproq siyosiy urgʻu berishmoqda.
Bu kabi jiddiy masalalar boʻyicha jamiyat aʼzolarining turli pozitsiyalari boʻlishi va fikrlarning erkin aytilishi ijobiy holat deb qaralishi, bir tomondan, olim va jamoatchilik vakillarining mamlakat taqdiriga befarq emasligini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan esa, bunday chiqishlar demokratik jarayonlar mahsuli, soʻz erkinligi hamda fuqarolarning matbuotda fikrini bayon qilish huquqidan foydalanishini koʻrsatadi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishida fikrlar plyuralizmi millatimiz uchun har taraflama foydalidir. Shu munosabat bilan muallif ham mamlakatimizning iqtisodiy ittifoqqa boʻlish xususida fikrini bayon etmoqda. Bu oʻrinda yana shuni taʼkidlash joizki, erkin fikrni bayon qilish nafaqat imkoniyat balkim oʻz navbatida ilgari surayotgan fikrlar va tavsiyalarga nisbatan javobgarlikni ham anglatadi. Chunki professional iqtisodchi quruq balandparvoz jumlalar va fikrlar oʻrniga muayyan holatni barcha omillar taʼsirini hisobga olib oʻrganadi va iqtisodiy qarorning xalq manfaatiga mosligini tasdiqlaydi. Qolaversa, iqtisodchi soʻzining maʼnosi u xato qilishga huquqi yoʻqligidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan muammoni koʻrib chiqishni lozim topdim.
Iqtisodiy ittifoqlar nima uchun kerak?
Avvalambor, iqtisodiy ittifoqlarning nima uchun kerakligi toʻgʻrisida fikr yuritaylik. Globalizatsiya jarayonlari, ichki va tashqi raqobatning kuchayishi, innovatsiyalarni keng masshtabda joriy etilishi natijasida jahon iqtisodiyoti va mintaqaviy iqtisodiyotlarda kutilmagan tendensiyalar vujudga keladi va ularning taʼsiri iqtisodiy oʻsishga xavf tugʻdirib risk darajasini oshiradi. Natijada mamlakatlar orasidagi tovarlar, kapital, investitsiyalar va ishchi kuchi oqimlarida toʻsiqlar vujudga keladi, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-sotiq va ayirboshlash jarayonlari samarali boʻlmay qoladi.
Bunday holatda mamlakatlar ittifoqqa birlashsa sinergetik samara yaratiladi, risklarga qarshi (risk pooling) chora tadbirlar ishlab chiqiladi va natijada kutilayotgan yoʻqotishlar miqdori pasayadi. Bundan tashqari, birlashgan mamlakatlar jahon bozorida raqobat strategiyasini birgalikda belgilashadi. Ittifoq doirasida mamlakatlar orasida yagona tovarlar, kapital, investitsiya va ishchi kuchi iqtisodiy makoni yaratiladi. Ittifoq doirasida biznes, savdo va tijoratni amalga oshirish, ixtisoslashish uchun yagona “qoidalar” amal qiladi.
Siyosiy omillarga keladigan boʻlsak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taʼkidlaganidek, mamlakatimizning ittifoqlarga aʼzo boʻlishi xalqimizning manfaatlari, xohish va irodasiga binoan amalga oshiriladi. Buning uchun ittifoqqa aʼzo boʻlishning joriy va uzoq muddatdagi taʼsiri chuqur tahlil, sintez va prognoz qilinishi, barcha omillarni inobatga olgan holda uning ijtimoiy-iqtisodiy nafi, aholi turmush darajasining yaxshilanishi boʻyicha variant va senariylarini ishlab chiqish kerak boʻladi.
Koʻrinib turibdiki, mamlakatimizning ittifoqqa aʼzo boʻlishi strategik qarorlar jumlasiga kirib uni chuqur miqdor va sifat koʻrsatkichlari orqali tizimli ijtimoiy-iqtisodiy tahlil etishni taqozo etadi. Shuningdek, tizimli tahlil natijalarini umumxalq muhokamasiga olib chiqish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu ilmiy yondashuvning mohiyatini qisqacha bayon qilaylik. Kezi kelganda aytish joizki bu tizimli yondashuv rivojlangan mamlakatlarda yirik loyihalarni rejalashtirish, yirik savdo bitimlarini amalga oshirishda keng qoʻllaniladi.
Bunday strategik qarorlar zaminida zamonaviy tizimli iqtisodiy paradigma yotadi. Bu paradigma iqtisodiyotda hozirgi davrgacha hukmron boʻlgan barcha nazariyalar, jumladan, klassik, neoklassik, institutsional, evolyutsion, bilimlar iqtisodiyoti nazariyalarning muammolarni hal qilishdagi zaifligini taʼkidlab, barcha omillarning taʼsirini hisobga olgan holda tahlil, sintez va prognoz qilishni tavsiya etadi. Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy jarayonlarni statik holatda emas balki rivojlanishda, dinamik tarzda tahlil etishni ilgari suradi.
Innovatsiyalar sharoitida bunday tahlil etish reallikni kuzatish va shu asosda samarali qarorlar qabul qilishni anglatadi. Muhokama qilinayotgan jarayon yoki holat tashqi muhit, iqtisodiyotning joriy va istiqboldagi holati, jarayonlar va innovatsiyalar taʼsirida tadqiq etiladi.
Yirik loyihani qabul qilish mezoni sifatida jami marjinal ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlar (marginal social benefit) bilan jami marjinal ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlar (marginal social cost) orasidagi farq qabul qilinadi. Agar birinchi natija ikkinchisidan ortiqcha boʻlsa loyiha qabul qilinadi. Shu yondashuv nuqtai nazaridan matbuotda bildirilayotgan ayrim fikrlarni tahlil etaylik va ularning tizimli tahlilga mosligini koʻrib chiqaylik.
Muammo xususida matbuotda bayon etilgan fikrlarni oddiy kuzatish shundan dalolat beradiki, bu mualliflar ittifoqqa aʼzo boʻlish masalasiga sodda yoki faqat iqtisodiy nuqtai nazaridan yondashadilar. Tadqiqotda mamlakatlar va jahon iqtisodiyotining joriy holatini va joriy jarayonlarni tadqiq etadilar, holbuki biz kelajakdagi holatlarni, innovatsion rivojlanish taʼsirini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi natijalarini inobatga olgan holda tizimli tahlil qilmogʻimiz kerak.
Jumladan, ittifoqqa aʼzo boʻlish tarafdorlari, masalan, asosiy argument sifatida migrantlar oqimi va ulardan mamlakatimizga kelib tushayotgan valyuta miqdorini ijobiy omil deb qaraydilar. Biz ham bu fikrga qoʻshilamiz, ammo bitta istisno bilan. Tizimli iqtisodchi bu yutuqlardan ijtimoiy “xarajatlarni” olib tashlashni tavsiya qiladi. Ular bu xarajatlarga vatanimizdagi migrantlarning oilalaridagi farzandlariga ota mehri va tarbiyasining yetishmasligi, oilalarda baʼzan ajralishlarning koʻpayishi, migrantlarning ish haqi va ijtimoiy mavqeidagi dikriminatsiya, oliy maʼlumotlining past ishga qabul qilinishi, yashash sharoiti, sanitar-gigiyena talablarining pastligi va h.z.
Bundan tashqari, bu olimlar joriy holat bilan joriy holatni taqqoslaydi, modomiki gap istiqbol haqida borayapti, yaʼni dinamika, kelgusida, muqarrar hukumatimiz u migrantlarni vatanimizga qaytaradi. Bunday misollarni boshqa fikrlar va omillar xususida ham keltirish mumkin edi. Demak strategik qarorlar qabul qilishimizda ota-bobolarimiz aytganidek “yetti oʻlchab” emas balki yuz marta oʻlchab bitta qaror qabul qilishimiz darkor.
Jahon tajribasida bunday qaror qabul qilish amaliyoti “yutuqlar va xarajatlar” (cost-benefit analysis) deb ataladi va kompʼyuter dasturlari yordamida amalga oshiriladi. Respublikamizda bunday tizimli tahlilni amalga oshirish uchun joriy ilmiy tadqiqot muassasalari doirasida deputatlar, iqtisodchilar, sotsiologlar, yuristlar, ekologlar, ekonometrika fani mutaxassislaridan iborat guruh tashkil qilgan holda loyiha asosida masala tahlil etilsa yaxshi boʻlardi. Tadqiqot natijasi, guruh taqdimoti xalq va Parlament muhokamalariga olib chiqish mumkin boʻladi. Xulosa tariqasida olimlarning matbuotda chiqishlarida fikr va mulohazalari yanada samarali, pragmatik elementlarga boy boʻladi, degan niyatdamiz.
Tursun Shodiyev
iqtisodiyot fanlari doktori,
Toshkent xalqaro Vestminster
universiteti professori.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




